Fojialarni koʻrsatuvchi koʻzgu

yoxud qalb va qiyofa muvozanati

 

Qalb va qiyofa… Bu tushunchalar hamisha yonma-yon keladi. Qiyofa zohir, tashqi koʻrinish, umuman, real hayotda koʻrish mumkin boʻlgan belgilarni ifodalasa, qalb botinda, ichkarida boʻladi; u koʻzga koʻrinmaydi, uning shaklini, hajmini, oʻlchamini ifodalab boʻlmaydi. Biroq uni har kim oʻz dunyoqarashi, tafakkuri doirasida idrok etishi mumkin.

Yoqimli chehra, kelishgan qomat – bular qiyofaga nisbatan ishlatiladigan sifatlar.

Qiyofa singari qalb ham oʻz sifatlariga ega. Baʼzi insonlar haqida gap ketganda, ularni “sof qalb”, “qalbi daryo”, “otash qalb”, “qalbi goʻzal” deya eʼtirof etamiz. Magarki qalb botinda boʻlsa, uni koʻrishning imkoni boʻlmasa, xoʻsh, undagi sifatlarni kim koʻribdi? Qalb goʻzalligi, sofligi, otashinligi nimalarda namoyon boʻladi?

Albatta, insonlararo munosabatlarda, insoniy fazilatlarda koʻrinadi bu goʻzallik. Har kuni choy qaynatadigan choynagimizni maʼlum vaqt ichida tozalab turmasak, qurum bosib, joʻmragidan suv chiqmay qoladi. Qalb ham xuddi shunday: vaqti-vaqti bilan poklanib, tozalanib turmasa, kirlanib, ifloslanib ketadi. Kirlangan choynakni-ku, yuvib tozalasa boʻlar, ammo kirlangan qalbni-chi? Uning chorasi nima? Buyuk faylasuf Aristotel aytgan katarsis (poklanish) hodisasi faqatgina sanʼat, adabiyot orqali amalga oshadimi? Insonlar qalbini poklashni faqatgina sanʼatning zimmasiga yuklash toʻgʻrimikan? Albatta, yoʻq. Bunday jarayonlar, avvalo, har bir insonning ichki olami bilan bogʻliq. Baʼzilar bor – sanʼatdagi, adabiyotdagi eng buyuk goʻzalliklardan zavqlanmaydi, qalbi jumbushga kelmaydi. Yana baʼzilar bor – bittagina yaproq uzilsa, qalbi titrab ketadi…

Qurum bosgan choynak birgina dilni xira qilsa, kirlangan qalb butun boshli insoniyat, jamiyat boshiga ofatlar yogʻdirishi mumkin. Buning oddiygina misoli sifatida, fashizm istilolari va sadizm gʻoyalarini olaylik. Ana shunday buzgʻunchi gʻoyalar kirlangan qalb va ong mahsulidan boshqa narsa emas.

Koʻpincha yurak, koʻngil, dil kabi soʻzlarni uning maʼnodoshlari sifatida ishlatamiz. Biroq bu tushunchalar qalb oʻrnini bosa olarmikan? Masalan, yurak barcha jonzotlar, hayvonlaru parrandalarda mavjud boʻlgan aʼzodir. Misol uchun, mushuk yuragi deyish oʻrniga mushuk qalbi yoki mushuk koʻngli degan iborani ishlatib boʻlmaydi. Chunki qalb faqat insongagina xos. Agar inson yuragi insongagina xos nozik sezimlar, goʻzal his-tuygʻular, mehr-muhabbat va hokazolarni his etmasa, demak, bu yurakning hayvon koʻksida urib turgan bir parcha goʻshtdan farqi boʻlmaydi.

Qalb va qiyofa… Surat va siyrat… Bular bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Shakl va mazmun birligi singari ularni bir-biridan ayro tasavvur etib boʻlmaydi. Qalbsiz qiyofa bekor. Qiyofasiz qalb ham xuddi shunday… Ammo qiyofa moddiy, qalb esa ruhiy olamga oid. Qiyofani har lahza, har soat, har kuni koʻrishimiz mumkin. Undagi oʻzgarishlar, turlanishu tuslanishlar, hayajon, qoʻrquv, quvonch, qaygʻu, baxt va hokazo kayfiyatlar yuz-koʻzlar, chehralar, harakatlar, yurish-turish, hatto kiyinishda ham namoyon boʻlib turadi. Uni istagan vaqtimizda istagancha oʻzgartirishimiz, turli joylarda turlicha koʻrinishimiz mumkin (ayniqsa, hozirgi zamonda bujmaygan yuzlarni bir zumda tekislashga, qarilarni yoshartirishga qodir plastik operatsiyalar avj olib ketgan). Masalan, uyda odmigina chit koʻylakda, pardoz-andozsiz yurgan ayolni toʻy yoki ziyofatda koʻrsak, tanimasligimiz turgan gap. Negaki, uning asl qiyofasi bilan toʻydagi koʻrinishi orasida yer bilan osmoncha farq boʻladi. Garchi uyida yoʻqchilik, notinchlik hukmron, eri har kuni ichib kelib janjal qiladi, egnidagi koʻylagi ham qoʻshnisiniki… Shunday boʻlsa-da, ayol oʻzini hayotdan xursand, baxtliday koʻrsatadi. Koʻrgan-koʻrishgan odamlarga jilmayib qaraydi, ichidan yigʻlab, oʻkinib, xoʻrligi kelib turgan boʻlsa-da, kuladi, kulaveradi… Demak, qiyofani oʻzgartirish unchalik qiyin emas, uni bir lahzada amalga oshirsa boʻlar… Qalbni esa oʻzgartirish mushkul. Qalbdagi jarayonlar, his-tuygʻular koʻrinmagani, yashirinligi uchun ham ularni koʻpda anglab boʻlmaydi. Hozirgina qarshimizda mutlaq magʻrur koʻringan inson oʻz maqsadi yoʻlida kimlarningdir oldida tiz choʻkishi ham hech gapmas. Ana shunday paytda qalb va qiyofa oʻrtasidagi muvozanat buziladi. Muvozanat buzilgan joyda esa nomutanosiblik yuzaga keladi.

Odamzod, oʻzi sirtdan qaraganda, sipogina koʻrinadi. Oʻzimiz ham har kuni oppoq koʻylaklarda, galstuklar taqib, toza kiyinib, yuvinib-taranib ishga boramiz. Koʻcha-koʻyda, odamlar orasida, ishxonada oʻzimizni xushmuomala, oppoqqina qilib koʻrsatamiz. Hamkasbimizga shirin soʻzlar aytib, koʻnglini koʻtaramiz yoki amalga oshirgan ishlarini maqtab qoʻyamiz… Aslida, oʻsha damda qalbimizda nimalar kechayotgani faqatgina oʻzimizga ayon… Ehtimol, u erishgan yutuqlar, muvaffaqiyatlardan qalbimizda hasad olovi lovullab yotgandir… Balki, ichimizda oʻsha hamkasbimizning tezroq biror falokatga yoʻliqib, boshiga ofatlar yogʻilishini, unga nasib etgan omadlar esa, bir zumda bizga kulib boqishini istayotgandirmiz… Balki hali inson zoti tasavvur ham eta olmaydigan yovuzliklar yashirindir ichimizda. Ha, bularni aniq aytolmaymiz, oshkor etolmaymiz. Yaxshiyamki ichimizdagi, qalbimizdagi manzuru manfur istaklar: yovuzlik, qabohat, hasad va hokazolar boshqalarga koʻrinmaydi. Qalb aksini namoyon etuvchi koʻzgu yaratilganda, ana undan buyukroq fojia, falokat boʻlmasdi. Dunyoyi dun naq chappasiga aylanib, qiyomat qoyim roʻy berardi. Eng yaqin insonlar bir-biri bilan qirpichoq boʻlib, aql bovar qilmaydigan xunrezliklar sodir boʻlardi… Yaxshiyamki… Yaxshiyamki, shunday koʻzgu yoʻq. Yaxshiyamki, biz boshqalar qalbini, boshqalar bizning qalbimizni koʻra olmaydi. Hatto baʼzan oʻz qalbimizdagi tuygʻular, kechinmalar ham oʻzimizga anglamsiz tuyuladi.

Nima boʻlganda ham, INSONmiz. Olloh bizga QALB atalmish buyuk xilqatni ato etibdimi, uni oʻz mohiyatidan uzoqlashtirmasligimiz lozim. Kirlangan qalblarimizni MAʼNAVIYAT suvlari bilan poklab, buyuk burchimiz – INSONligimizni oqlashimiz shart. Zero, Yaratuvchi bizni boshqa maxluqotlardan yuksak qilib yaratgan ekan, qalb va qiyofamiz muvozanatini saqlay bilaylik.

 

Zarina RAHMONOVA,

OʻzMU tadqiqotchisi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 7–8-son

https://saviya.uz/hayot/nigoh/fojialarni-korsatuvchi-kozgu/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x