O, ONA…
Zulfiyaga
Koʻz ochib olamga kelgandan beri
Nelarni koʻrmadi bu boshim mening.
Ozmi-koʻp tanidim hayotning sirin,
Qirqqa ham yetibdi bu yoshim mening.
Yildan-yil orttirdim talay doʻstu yor,
Hurmatlab dedilar, “doʻstim”, “oʻrtogʻim”,
Ulgʻaydim: koʻksimga bosh qoʻyib dildor,
U dedi: “Baxtimsan, suyangan togʻim!..”
O, ona, hech biri emasdur shirin
“Bolam!” deb bir ogʻiz aytgan soʻzingdan!
O, ona, mehringda quyosh yashirin,
Ne ajab gul unsa har bir izingda!
TOʻRTLIK
Dunyoda eng yaxshi, mehribon ona,
Bu mening onamdir, biling, yoronlar!
Ey, oʻgʻil-qizlarim, boʻling parvona
Onamda qolmasin dardu armonlar!
Shuhrat
https://saviya.uz/ijod/nazm/onamda-qolmasin-dardu-armonlar/