Toshkent – non shahri

Shonli oʻtmishi, farzandlari barpo etgan bebaho maʼnaviy xazinasi, goʻzal meʼmoriy obidalari bilan takrorlanmas qiyofa kasb etgan oʻzbek xalqi insoniyat tarixining muayyan davrlarida, ayniqsa, odamzod boshiga tushgan ogʻir kunlarda insoniylik bobida ham oʻzini namoyon etdi, muhtojlarni qoʻllash yoʻlida har qanday ogʻir yukni koʻtarishga qodirligini isbotladi.

Poytaxtimizda turli haykallar qad koʻtargan. Ulardan biri Mehr haykali boʻlib koʻrinadi. Mehr haykali poyida, beixtiyor, Ikkinchi jahon urushi yillari esimizga tushadi. Muayyan kunlarda haykal poyiga guldastalar qoʻyiladi.

Aytmoqchi, nega muayyan kunlardagina mashʼum yillarni, mashʼum yillarga bogʻliq voqealarni eslaymiz? Ota-bobolarimizning insoniyatga ibrat boʻlguvchi mardonavor harakatlari, hayot yoʻllari aks etgan asarlar muayyan kunlardagina emas, har doim xayolimizda boʻlishi lozim emasmi?

Bugungi dorilamon kunlarga osonlikcha yetib kelmaganimiz, tinchlik va farovon hayotimiz oʻz-oʻzidan boʻlmayotgani, shu qatorda, qanday xalq farzandi ekanimizni hamisha yodda tutishimiz, shunga munosib amal qilishimiz uchun ajdodlarimizning ibratli hayot yoʻllariga har doim nazar solishimizni, ularning Mehr haykali oldida taʼzim bajo keltirib turishimizni muhim deb oʻylaymiz.

…Qonli jang maydonlarida hayot-mamot uchun kurash avj olmoqda. Qarovsiz qolgan goʻdaklarni oʻlim va muhtojlik balosidan qutqarish masalasi yechimini kutyapti. Urush alanga olgan gʻarbiy rayonlardan ayollar, qariyalar, shu qatorda taniqli ziyolilarni Sharqqa evakuatsiya qilish amalga oshirilmoqda.

Doʻst ogʻir damda bilinadi, deganlaridek, urush jafosini chekkan, Oʻzbekistonga koʻchirib keltirilgan rus, ukrain, belorus va boshqa millatlarga mansub turli yoshdagi aholi ogʻir kunlarda oʻzbekning qay darajada bagʻrikengligini yurakdan his etdi.

Askarlarimiz frontga otlanmoqda. “Yigitlarni frontga joʻnatish”, “Sharqdan oʻarbga ketayotgan doʻstga” kabi sheʼrlar yozgan Hamid Olimjon urushning dastlabki oylaridan, evakuatsiya qilinganlar orasida adabiyot va sanʼat arboblari ham borligi bois, tunu kunini vokzalda poyezd kutish bilan oʻtkazardi. Toshkent koʻp millatli adabiyotning katta markaziga aylangan edi.

Yurtimizda panoh topganlar tom maʼnodagi Mehr va Shafqatni, Doʻstlik va Muhabbatni Toshkent timsolida kashf etdilar.

Kiyim-kechak, qand-shakar, meva-cheva ortilgan eshelonlar Rossiyaga joʻnatib turilgan boʻlsa, u yerdan Toshkentga kelayotgan poyezdlar ota-onasi, boshpanasi, bolalik ertaklariyu begʻubor onlarini yoʻqotgan yetim-esirlarga toʻla edi. Toshkentning yarim million nafar aholisi yarim yil ichida bir millionga yetdi.

Gʻafur Gʻulom qalbi oʻksiklarga “Sen yetim emassan!” deb xitob qilar ekan, mehru shafqat, harorat, jasorat va olijanoblik aslida qanday boʻlishini yorqin ifoda etdi.

Oilasini yoʻqotgan bolalar orasida Dilya (Dolores) ismli qizaloq ham bor edi. U ham shu yerda, oʻzbek zaminida, “oʻz uyingdasan”, degan mehrga toʻla, muhabbatga toʻla sadoni eshitdi. Oʻz oilasini, mehribon ota-onasini topganday boʻldi.

 

Bolalik davridagi dahshatli voqealarni eslab…

– Ne azoblar bilan Toshkent vokzaliga yetib kelganimizni bilsangiz edi, – deya ogʻir xoʻrsinadi Dolores momo. – Poyezddan tushdik. Yetimxonalar toʻla ekan. Bizni Oʻzbekistonning turli goʻshalariga yuborishdi. Men bir muddat Buxoro viloyatidagi bolalar uyida yashadim, keyin qismat Namanganga yetakladi. Qumri aya degan jannati ayolga duch keldim. Namozshom edi. Fonus yorugʻida menga onalik mehri bilan qaragan bir ayolning yuz-koʻzi koʻrindi. Bombardimon qurboni boʻlgan onajonim koʻz oldimda jonlandi. Yoʻq, u tirik. Koʻzlari charaqlab turibdi! Ayolning qaltirab turgan qoʻllari boshimni siladi-yu, butun vujudimda allaqanday huzurbaxsh hayajonni his etdim. “Oyijon!” deb qanday boʻyniga osilganimni bilmay qoldim.

Mehridaryo oʻzbek ayoli… Eri urushda jon olib-jon berayapti. Front ortida esa “Non, non” deb jon taslim etayotganlar talay. Bolalarini ochlik balosidan qutqarish uchun mehnat qilishi kerak. Mehnat… Mashaqqatli mehnat evaziga topgan bir burda nonini esa… kim bilan baham koʻrmoqchi bu himmati baland? Quchoq ochib tagʻin kimlarni bola qilib olmoqchi?

 

Eshelonlarning oxiri koʻrinmayotgandek…

Yana qancha kishilar boshiga boshpana bera olasizlar, deb soʻralganda, qancha zarur boʻlsa, shuncha kishini bagʻrimizga olamiz, deb javob beradi bagʻri keng oʻzbek.

Yetimparvarlikning oliy namunasi Shomahmudovlar oilasida qanday boʻy koʻrsatgani oʻtgan asrning qirqinchi yillaridanoq hammaga maʼlum boʻldi. Toshkentlik chilangar Shoahmad Shomahmudov va turmush oʻrtogʻi Bahri Akromova oʻn toʻrt yetimning boshini silab, bagʻriga sigʻdira oldi.

Turli millatga mansub shuncha bolani farzandlikka qabul qilgan bu xonadonga bagʻishlab atoqli adibimiz Rahmat Fayziy “Hazrati inson” romanini yozdi. Ana, Mahkam aka (Shoahmad aka) bolalar uyiga boryapti. Undan soʻraydilar: “Oʻgʻil bola olmoqchimisiz yo qiz bolami? Yoshroq boʻlsinmi yo eslirogʻimi?”

Nima, bola tanlashi kerakmi? U mol bozoriga kelmadi, inson bolasini soʻroqlab keldi!

Yoʻq, tanlaydi. Eng nimjon, eng holi xarob bolani bola qilib oladi.

Koʻchalarda tilanchilik qilib yurgan Sarsanbay, oʻqqa tutinganlar orasida tirik qolgan Abram, vokzalda singlisi Lesyani adashtirib qoʻygan Ostap… Yana Marika, Sasha, Lyosha, Galya, Renat, Dzidra va boshqalar.

Turli joylardan Mahkam akalar bagʻriga kirib kelgan norasidalar, ismlaridan maʼlum boʻlib turibdi, turli millat va elatga mansub shaxslarning zurriyoti. Odamiylik dini, insoniylik taomili bir hovlida ularni birlashtirdi.

Keyinchalik “Hazrati inson” asosida “Sen yetim emassan” kinofilmi yaratilib, nafaqat yurtimiz, balki jahonning bir qator mamlakatlarida namoyish etildi. Unda chinakam insoniylik mavzusi oʻz mukammal ifodasini topgan. Bu film avlodlar tarbiyasida bebaho ahamiyat kasb etdi.

– Oʻn toʻrt nafardan ikki qiz va bir oʻgʻil qoldik, xolos, – deydi Shomahmudovlar asrab olgan farzandlardan biri Xolida opa (uning asl ismi Olga). – Akam Krasnodarda yashaydi…

Sulola davomchilaridan biri Tohir Shomahmudovga yuz tutamiz. U xonadon toʻngʻichining oʻgʻli, yaʼni Shoahmad akaning nevarasi.

– Evaralar katta bobolari va buvilari nomi bilan faxrlanadi, – deydi tabassum bilan Tohir aka. – Bobom va buvim asrab olganlarning koʻpchiligi olamdan oʻtgan boʻlsa-da, ularning farzand va nabiralari bilan aloqadamiz. Turli joylarda yashasak-da, bir-birimizni, ayniqsa, hayit kunlari yoʻqlab, mehr va oqibatning kanda boʻlishiga yoʻl qoʻymaymiz.

Xolida opa (Olga Shoahmadovna) urush davrini, shu xonadonda oʻtgan bolalik damlarini yuragi entikib eslaydi. Ota bagʻrini, ona mehrini qoʻmsar ekan, “adamlar, oyimlar…” deydi-yu, koʻziga yosh oladi. Goʻyo uning otasiday ota, onasiday ona yoʻq edi dunyoda.

– 1978 yili shu oilaga kelin boʻlib tushganimda qaynotam – padarimiz Shoahmad aka olamdan oʻtgan edilar, – deydi Jamila Shomahmudova. – Qaynonam siymosida onam suratini koʻrdim. Bolaning begonasi boʻlmaydi, deb urush yillari qalbi oʻksiklarga favqulodda mehribonlik koʻrsatgan Bahri ayaning xonadoniga tushishim-u, mehridan bahramand boʻlishimdan, shunday ulugʻ zot bilan endi ona-bolaligimdan boshim osmonda edi.

Oʻsha davrda Toshkent koʻp millatli adabiyotning markaziga aylangani toʻgʻrisida taʼkidlab oʻtdik. Murgʻak qalb jarohatlariga malham boʻlib, inson qadri va izzatini yuksaklikka koʻtargan Shoahmad aka va Bahri ayalarning olijanob ishi Toshkentda vaqtincha istiqomat qilgan Vladimir Lugovskiy, Nikolay Ushakov, Yakub Kolas, Edi Ognetsvet, Anna Ahmatova va boshqa mashhur adiblarning ham qalbini toʻlqinlantirib, yangi-yangi asarlar yaratilishiga sabab boʻldi.

Ha, bu mavzu koʻp yoritildi. Biroq bugungi avlod Shomahmudovlar haqidagi eng oliy insoniy tuygʻularga limmo-lim mehr dostonidan kerakli darajada xabardormi? Toshkentning non shahri, tinchlik shahri, doʻstlik shahri deymiz. Uning, ayni chogʻda, Mehr shahri ekanini bilamizmi?

– Milliy qadriyatgina odamlarni buyuk doʻstlik sari chorlab, qalb va tafakkurga sadoqat va jasorat tuygʻusini hadya etadi, odamiylikni ulugʻlashga imkon yaratadi, – der edi shoira Anna Ahmatova. – Insonparvarlikning yuksak darajasi Shoahmad ota va Bahri ayalarning qonidamasmidi? Dunyo ostin-ustun boʻlayotgan bir pallada shu qadar mehrga zor norasidani yaxshi insonlar qilib yetishtirolgan bu ikki zotni eng ulugʻ Ota va eng ulugʻ Ona degimiz kelmaydimi?!

Evakuatsiya qilingan bolalar orasida Oʻzbekistonga kelgan, mehr degan tuygʻuning naqadar hayotbaxshligini shu zaminda anglagan Dolores xonimning vujudi ham minnatdorlik hissiga limmo-lim.

– Boshqa oʻlkada tugʻildim, lekin Oʻzbekiston – mening Vatanim, – deydi u. – Oʻzbekiston – yagona Vatanim! Men Anna Ahmatovaning Shoahmad ota va Bahri aya haqidagi fikriga qoʻshilaman – ular haqiqatan eng ulugʻ Ota va eng ulugʻ Ona! Ikki ulugʻ vatandoshimning urush yillaridagi koʻrsatgan fidoyiligi bugungi osoyishta davrda ham barchaga ibrat.

Rus ayoli Antonina Pavlovna Xlebushkina Toshkentdagi 22-bolalar uyida koʻp yillar direktor boʻlib ishlagan. Shunday qalbi daryo insonga ham har tomonlama oʻrnak Shoahmad ota va Bahri ayalarning insonparvarlik sanʼati boʻlganligiga zamondoshlari guvoh.

…Qaniydi, shu toychoqlarga oʻzim taqa boʻla olsam, der ekan umri temirchilik bilan oʻtgan Shoahmad ota, gurs-gurs bosgan qadamlarining ovozi quloqlarimga kirib tursa.

 

Birovning bolasini ham shu darajada yaxshi koʻradimi inson?

Erkalash barobarida Bahri aya nojoʻya ish qilib qoʻygan bolalarni urishardi. Oʻz bolalarini urishganday urishardi titrab-qaqshab. Bolalar esa onaizor qalbining qat-qatidagi mehrni anglashardi, bu qattiq soʻzlardan. Mehrni! Hatto oʻz farzandiga mehr bera olmagan ayollarni ham bilardi-da, ular.

E-ha, kimlarni maftun etmadi, oʻzbekning inson farzandiga boʻlgan sadoqati, ogʻir zamonlarda koʻrsatgan jasorati.

Gurs-gurs qadamlar tovushi eshitilyapti bamisoli. Oʻzbek bagʻrikengligi, ulugʻvorligi va olihimmatligini ifoda etuvchi ulkan MEHR haykalida yuraklar uryapti.

 

Muhammad ShODIY

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/suhbat/toshkent-non-shahri-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x