Girdibod

-1-

1981 yil. Dehli. Hindiston.

Professor Rakesh Chopra qoʻlidagi qorayib, hilvirab ketgan bosh chanogʻiga hayronu mustar boqqancha, boshi-keti yoʻq xayollar girdobiga koʻmilib ketdi. Nahotki, uning shuncha yillik izlanishlari, ilm yoʻlidagi mashaqqatlari besari somon ketgan boʻlsa…

Bosh chanogʻini ehtiyotkorlik bilan aylantirib, yonoq suyagidagi oʻrik danagi sigʻar kattalikdagi teshikka uzoq termulib qoldi. Keyin esa stol ustidagi zanglab ketgan bir parcha temirga razm soldi. Koʻzlariga ishonmay zarrabin ortidan sinchiklab qaradi. Oddiy temir, yoʻq-yoʻq, oʻtochar qurolning oʻqi. U bechora boshchanoq egasining qovogʻi ostidan kirib, miyasining titigʻini chiqargancha ensa suyagiga sanchilib qolgan ekan. Oʻsmirning boshmaldogʻidek keladigan bir parcha zang bosgan temir yigirma besh – oʻttiz yoshlardagi navqiron yigitni bir zumda murdaga aylantirgan boʻlsa kerak. Zero, bunday jarohat, olgan nafasini chiqarishga ulgurmay, uning ruhini osmonu falakka uchirib ketgandir… Professor bu oʻq qanaqa quroldan ajralib chiqqanini judayam bilgisi keldi. U temir parchasini avaylab pinset bilan ushlagancha kichkina yogʻoch qutiga joylashtirib, arxeologik qazilmalarda topilgan metallarni tadqiq qiluvchi laboratoriya tomon yoʻl oldi. Laboratoriyalar yertoʻlada joylashgan edi.

Professor Rakesh Chopra yoshi oltmishga yaqinlashib, tanasining ogʻirligi oyoqlariga malol kela boshlagan, buning ustiga keyingi paytlarda shaharning boʻgʻiq havosidan nafas olishga qiynaladigan boʻlib qolgandi. Shuning uchunmi u ikki kundan beri buzilgan liftni tuzatishni eplolmayotgan banoraslik liftyorga norozi nigoh tashlagancha zinapoya tomonga ogʻir qadamlar bilan yurib ketdi. Ikkinchi qavatdan yertoʻlagacha boʻlgan qirq sakkiz zinapoyani bosib oʻtgunicha oppoq koʻylagi jiqqa terga botib hansirab qoldi. Qaysidir axmoq farrosh ertalab zinapoyani tozalayotib derazaning bir tavaqasini ochiq qoldirgan, shu ochiq derazadan esa tandirdek qizib turgan, bilqillagan asfalt koʻchalarida qaynab, tutun va turfa gazlarga toʻyingan badboʻy havo butun zinapoya maydonini egallab olgan edi. Professor yertoʻlaning biroz zax hidini aytmasa namxush va salqin daxliziga kirganida yelkasidan togʻ agʻdarilgandek yengil tortdi. Oʻng qoʻlidagi qutini mahkam ushlagancha chap koʻli bilan shimining choʻntagidan dastroʻmolini olib terlagan boʻynini, peshonasini artdi. Biroz nafasini rostlaganidan keyin esa dadil yurib tanish laboratoriya eshigining mis tutqichini tortdi.

…– Professor, mabodo biror narsani faromush qilmayapsizmi? – yupqa koʻzoynagi ortidan koʻzlarini pirpiratdi, hali oʻzining yarim yoshidan endigina oʻtgan Laʼl Kumar – oʻt ochar qurollar tarixi boʻyicha bir necha yildan beri yozayotgan ilmiy ishini tugata olmay xunob boʻlib yurgan laborant, oʻttiz yoshlardagi novchadan kelgan oriq yigit.

Professor unga norozi nigoh tashladi. Sochlari oqarib, bugʻdoyrang yuzini yanada qoramtirroq qilib koʻrsatadigan, salobatli professorning chehrasi tirisha boshlaganidan Kumar oʻngʻaysizlandi. Axir, Hindistondagi yagona Arxeologiya akademiyasining jahon arxeologlari orasida ham oʻz mavqeiga ega professoriga shunaqa tuturiqsiz savol berib, keyin uning chimirilgan qoshlari ostidagi norozi nigohiga dosh berishning oʻzi boʻladimi?!

– K-kechirasiz, Chopra sohib, men aytmoqchiydimki…

– Nimani aytmoqchi edingiz Kumar-ji, – chehrasi yorishdi Professorning, – bemalol aytavering. Mulohazalaringizni jon qulogʻim bilan eshitaman.

Laʼl Kumarning ham xavotiri bosilib, allaqanday suyuqlik yordamida zangdan xalos boʻlgan temir parchasiga yana diqqat bilan qarab, uning orqa-oldini zarrabin bilan qayta-qayta koʻzdan oʻtkazgach, boshini koʻtarib, uning harakatlarini sabr bilan kuzatib turgan Professorga qaradi. U bir toʻxtamga kelib, oʻz fikriga toʻla ishonch bilan gapira boshladi.

– Chopra sohib, janob professor, – u fikrini qanday ifodalashni bilmay, bir zum ikkilanib qoldi. Keyin miyasiga kelgan fikr yiltiroq oynak ostidagi yirik-yirik qoʻy koʻzlarida akslanib, tez-tez, soʻzlarini yamlab gapira boshladi. – Sizga bitta savol bersam, maylimi? – Professor rozilik maʼnosida bosh irgʻatish bilan davom etdi. – Agar sir boʻlmasa bu oʻqni qayerdan topganingizni aytib bersangiz?

Professor buni oʻzi, laborant soʻramasidanoq aytib berishi lozimligini eslab jilmayib qoʻydi.

– Bu mutlaqo sir emas, Kumar-ji. Men, xabaringiz boʻlsa kerak, Boburshohning Hindistonga yurish qilgan davrini tadqiq qilmoqdamen. Yakinda mashhur Panipat jangi boʻlib oʻtgan adirda qazish ishlarini oʻtkazgan edim. Buni oʻsha joydin topdim. Menimcha Ibrohim Loʻdiy qoʻshinining navkari boʻlsa kerak, bu oʻq uning bosh chanogʻini teshib, ensa suyagiga sanchilib qolgan ekan. Laʼl Kumarning koʻzlari kattalashib, kichkina koʻzoynagini burnining ustiga surib yuborgandek boʻldi.

– Y-yoʻgʻ-ye. B-boʻlishi mumkin emas!

– Tushunmadim, Kumar-ji?

– B-bilasizmi, professor janoblari, bu oʻq, nima desam ekan, sizga, – Kumar hayajonlanganidan duduqlanar, kerakli soʻzni topa olmay qiynalardi, – b-bu-b-bu oʻq, toʻrt asr oldin tayyorlanmagan! Balki siz faromush qilayotgandirsiz.

…Kumar-ji, siz mening skeletlar qoldiqlarining yoshini aniqlash boʻyicha Qirollik Akademiyasida tan olingan sanoqli ekspertlaridan biri ekanligimga shak keltirmoqchimisiz?! – Qoshlari chimirildi professorning, keyin peshonasini tirishtirgancha takrorladi. – Tushunmayapman sizni, Kumar-ji?

– Muhtaram professor sohib, sizning skeletlar boʻyicha benazir ekspertligingizga zarracha shubhalanmayman. Ammo bu oʻqning oʻn oltinchi asrga mutlaqo aloqasi yoʻq!

Laborantning anchayin dadil gapi unchalik oʻtirishmagan boʻlsa-da, biroq professor uning oʻz fikrini aytishga monelik qilmadi. “Qani davom etaver-chi”, degandek, stulga qulayroq oʻtirib, tinglashga tayyor ekanligiga ishora qilgancha, qoʻlini chakkasiga tiradi. Kumar professorning izzattalabligi oʻrnini qiziqish egallaganini sezib oʻzini bosib oldi va fikrini bayon qila boshladi.

– Professor sohib, oʻn oltinchi asrda sarkarda Bobur qoʻshinida bor-yoʻgʻi bir necha oʻn dona toʻfang boʻlgan. Ular ham Usmonlilar orqali Ovroʻpadan keltirilgan ibtidoiy mushketlar edi, xolos. Buni oʻzingiz ham tasdiqlaysiz, shundaymi?

Professor, indamay, bosh irgʻab qoʻydi.

– Ular tumshugʻidan oʻqlangan va ularning oʻqi mayda qoʻrgʻoshin soqqalar boʻlgan. Oʻsha oʻqlar ellik qadam naridan otilganda ham bunday jarohat yetkazishi amrimahol.

– U chaqqon oʻrnidan turdi va xona kunjidagi kattakon temir javonning oldiga bordi. Undan bir kichik qutichani olib, professorning oldiga qoʻydi. Qopqogʻini ochdi. Qutichada turli oʻlchamda va shaklda qorayib ketgan qoʻrgʻoshin parchalari yotardi. Biri gilos danagidan sal kattaroq, dumaloqroq boʻlsa, yana biri esa jiyda danagidek choʻzinchoq edi. Kumar ularning yoniga professor keltirgan oʻqni qoʻydi. U esa bu ikkalasidan toʻrt-besh baravar katta, buning ustiga konussimon shaklda edi.

– Professor sohib, bular oʻsha, oʻn beshinchi asrda, Ovroʻpada yasalgan mushketning oʻqlari. Ularning oʻrtasidagi farqni koʻrib turibsiz. Bu oʻqqa eʼtibor bering. Uning sirti poʻlatdan, ichiga esa vaznini oshirish uchun qoʻrgʻoshin quyilgan. Mana, bunisi esa judayam qiziqarli dalil. Poʻlatning tarkibida volfram bor! Eʼtibor bering, volfram! – Kumar qizishib ketganidan ogʻzidan tupuk sachratib, ovozini baralla qoʻygancha gapirardi. – Bu metall haqida oʻn oltinchi asrda mutlaqo bilishmagan. U oʻn toʻqqizinchi asrda topilgan metall.

– Bu bilan nima demoqchisiz? – Professor ham uning joʻyali dalillariga qiziqib qolgandi. Biroq Kumarning asosiy gapni aytmay kirish qismini choʻzib yuborganidan betoqlandi.

– Nima demoqchiman? Shuni aytmoqchimanki, professor sohib, mening xulosamni eshitib, siz meni telbaxonaga joʻnatib yubormasangiz, deb qoʻrqaman.

Professor miyigʻidan jilmayib qoʻydi.

– Ha-ha, Chopra sohib, mening xulosamda mantiq ipi uzilgan. Yoxud bu xulosa mutlaqo mantiqqa asoslanmagan. Aytaveraymi?

Professor uning gapini eshitishdan yelkasi tirishdi.

– Ayting!

– Boʻlmasa eshiting. Bu oʻq ruslarning 7,22 kalibrli Kalashnikov avtomatidan otilgan. Ishlab chiqarilganiga besh yil ham boʻlmagandir, balki.

Professor unga hayron boʻlib qaradi.

– Haqiqatan ham telba emasmikan, – xayolidan oʻtdi uning.

Xuddi fikrini oʻqib turgandek laborant unga qarab jilmaydi.

– Professor sohib, aytmadimmi, meni telbaga chiqarib qoʻymang tagʻin. Men buni sizga isbotlab berishim mumkin. – U professorning bu isbotga ehtiyoji bor-yoʻqligini aniqlamay turib, qoʻliga zarrabinni olib joyiga kelganda tek qotdi. – Professor sohib, manavinga eʼtibor bering, sizningcha bu belgilar nima?

Professor barvasta gavdasini egib laborant koʻrsatgan qismiga eʼtibor bilan razm soldi.

– Menimcha raqamlarga oʻxshaydi.

– Toʻgʻri raqam ham bor. Boshlanishidagisi harf. Menimcha lotincha”A” keyingisi esa “K” mana bu birning teskarisiga oʻxshab turgani esa “M” boʻlishi kerak, harfning bir qismi oʻchib ketgan. Keyingi ikki belgi esa raqam boʻlishi kerak. Birinchisi “7” ga oʻxshaydi. Toʻppa-toʻgʻri. Ikkinchisi esa yo “3” yoki “8”. Shunday qilib unga “AKM-78”deb yozilgan. Harflar mening fikrimni tasdiqlab turibdi. Bu Kalashnikov avtomatining oʻqi. Buni tasdiqlaysizmi, sohib?

– Shunaqaga oʻxshaydi, – Professorning ovozi biroz shubhali chiqdi. – Biroq Kumar-ji, skelet oʻn oltinchi asrga taalluqli ekanligiga yuz foiz ishonaman! Boshchanoq tegishli boʻlgan odamni shu oʻq oʻldirganligi ham fakt!

– Bu ham toʻgʻri ekanligiga guvohlikka oʻtishim mumkin, professor sohib. Bu oʻq uzilganiga, yaʼni gilzadan ajralib chiqqanicha toʻrt yuz yildan koʻproq vaqt oʻtganligini ilmiy asosda isbotlash mumkin…

– Bas qiling maynavozchilikni, Kumar! – qichqirib yubordi Rakesh Chopra. – Besh yil oldin ishlab chiqarilgan oʻq toʻrt asrdan koʻproq vaqt oldin otilgan demoqchimiz?! Rostdan ham aqldan ozganmisiz!

Professor jahl bilan oʻrnidan turdi va etagini bir silkib laboratoriyadan chiqib ketdi.

Namxush koridordan yurib borar ekan, nogoh liftning goʻngʻillaganini eshitib, shu tomonga yurdi. Tugmani bosganidan keyin eshikni sharaqlab ochilgan tovushi qulogʻiga yetib kelguncha bir necha soat oʻtgandek tuyuldi. Ichkariga kirib “2” raqami porlab turgan tugmani bosganidan keyin xayoliga bir necha kundan beri lift ishlamayotganligi kelib, yelkasini qisib qoʻydi.

“Tuzatishibdi-da, nihoyat”.

Ikkinchi qavatda lift eshigi sharaqlab ochilgach professorning nigohlari ilk bor gʻalati kiyingan oʻrta boʻyli kimsaga tushdi. U besaranjom, nuqul yer tepinar, yelkasini uchirib barmoqlarini oʻynatar, ammo butun tanasining aksi oʻlaroq koʻzlari bir nuqtaga tikilgan, soʻqir nigohidek boʻm-boʻsh va oʻlik edi. Shunda bexos professor uning yuziga oniy lahzada razm soldi-yu seskanib ketdi. Uning chap yuzi oʻngiga qaraganda biroz choʻziq, salqiganroq, oʻngi esa dumaloqdan kelgan, tarang, chap koʻzi ostidagi xaltachalari osilgan, qirgʻiz qovoq, oʻngi esa dumaloq va chaqchaygan. Nazarida, chap qoʻli oʻngiga qaraganda uzunroq tuyuldi.

Gʻalati kimsa liftdan chiqib kelayotgan professorga koʻzi tushishi bilan, qiyshanglagancha qoʻllarini juftlashtirib, “salomlashish” belgisini bergancha, yaltoqlanib ikki odim yurganida, professor uning oʻng oyogʻi chapiga nisbatan kaltaroq ekanligini sezib qoldi. Bu turqi sovuq odam ilk lahzadayoq professorning koʻnglida ikkita bir-biriga mutlaqo oʻxshamaydigan tuygʻuni uygʻotib yubordi. Birinchisi nafratomuz irganish boʻlsa, ikkinchisi jilovlab boʻlmas qiziqish edi. Professor xayoliga kelgan fikrdan goʻyoki Arximed qalbaki toj sirini topganidagi yangligʻ kashfiyot qilgandek toʻlqinlanib ketdi. “O, muqaddas Braxma, bu axir ikki odamning bir jismdagi inʼikosi-ku… Chap tomoni baland boʻyli ozgʻin odam boʻlsa oʻngi kaltabaqay, kulcha yuz kimsa…”

 

– 2-

1527 yil. Qobul. Afgʻoniston.

Qobul hukmdori Zahiriddin Muhammad Bobur hazratlarining xos navkarlari oʻrdusi. Lashkar hind azimati oldidan jang hadisini olmoq uchun mashq bilan band. Qobul sharqidagi adirda chang-toʻzon qoʻpub, lashkar ikkiga ajralgan. Biri asosiy gʻanim Ibrohim Loʻdiy qoʻshini boʻlib, ikkinchisi oʻz lashkari maqomatida “soʻgʻish” qilib, qora terga botgancha tishlari arra boʻlib ketgan mashq shamshirini sermab, yogʻoch nayzani silkib, “jang”ni qizitmoqdalar. Bosh sarkarda Boburshohning oʻzlari-da baland qirga saroparda tikib xos aʼyonlari bilan oq argʻumoqda “jang”ni diqqat bilan kuzatib turganliklari olis-olislardan ham koʻzga tashlanadi. Saropardali qirning panasidagi chogʻroq tepalikda esa sarkardaning ishongan togʻi, saralangan, tajribali bahodirlardan tuzilgan “xossa tobin”i, yaʼni zaxiradagi xos navkarlar sardori Avazbek qoʻrboshi qora arabi tulporda bosh sarkardaning ishorasiga mahtal boʻlgancha “janggoh”dan koʻzini uzmay har lahzada “gʻanim” qoʻshiniga tashlanarga shay turibdi. Tepalik ortida ming nafar otliqlar sardor ishorasini kutishar, toqatsizlanayotgan bedovlar esa soʻliqni chaynab, yer tepinib turardilar. Nihoyat, “gʻanim”ning soʻl qanoti “oʻz”larining oʻng qanotini yorib oʻtib toʻlgʻama qilgancha qoʻshinning ortiga oʻta boshladi. Saropardada qora bayroq koʻtarilib, uch marta silkindi. Bu “xossa tobin”ning jangga qoʻshilishiga ishora edi. Avazbek oʻng qoʻlini koʻtardi va qilichini yalangʻochladi.

Saralangan chavandozlar bir zumda xuddi koʻkdan tushgandek paydo boʻlib, “toʻlgʻama” qoʻllab, ortga oʻtishga urinayotgan “gʻanim” otliqlarining yoʻlini kesib chiqishdi va ularni ortga surib tashlashdi. Bundan ruhlangan qoʻshin “hindiylar”ni ikki chaqirim ortga chekinishga majbur qilishdi. Shu payt saroparda tomonda ulkan dovulning gumburlagan ovozi eshitilib, mashq yakunlanganini bildirgach, Avazbek otliqlarini ortga, oʻz oʻrdulariga qaytardi.

Bobur hazratlari mashqdan, navkarlarining jonbozliklaridan koʻngli toʻlgan chogʻi, har bir navkarga uch tangadan mohona va barcha lashkar oʻrdularigʻa oshliq tarqatishga farmon beribdurlar. Kun peshindan ogʻib, “savash” paytida taftini ayamay sochgan oftob ham oʻz manzili sari safarni boshlab yuborgan, changga botib, terlab-pishgan yigitlar ham Qobul atrofidagi bogʻlarni yashnataturgʻon, kengligi moʻjaz daryoni uyaltiraturgʻon Mirzo ariqning zilol suvigʻa hopitib chiqib, charchogʻini tarqatgach, oʻz oʻrdulari tomon kelayotqon gʻaznachining va bovurchilarning arobasini koʻrib nigohlari yashnab, turfa olam koʻzlarigʻa firdavsmonand rang ila koʻrina boshladi. Bir muddat oʻtub, yer oʻchoqlarda eritilayotgan quyruq moyining jaz-buziga kissalardagi tangalarining mayin jingir-jingiri omuxta boʻlub, koʻngillarga tanbur navosidan-da totliroq kuy yangligʻ oʻrnoshdi.

Avazbek tepalik ustidagi oʻz chodiri soyasida turgan egarga oʻtirib, olis-olislardagi, xuddi xira bulutdek, hoshiyalari elas-elas koʻzga tashlanib turgan Hindikush togʻlariga qarab uzoq oʻtirib qoldi. Hindikush. Undan norisi esa bepoyon Hind diyori. U yurtni ollohning bir moʻjizasi, deb aytishgan. Yil oʻn ikki oy yoz. Tufrogʻi zaʼfaron kuz neligini, qahraton qish neligini bilmagʻon. Qovunlari daraxtda pishadurgʻon, yongʻogʻi otning kallasidek keladurgʻon diyor…

Bu eshitgʻonlarining qanchasi rost, qanchasi oʻtruq, bundin gʻofildur, ammo bul yurt taʼrifining yarmi rost boʻlsa ham, Boburshoh hazratlarining eng tirraqi navkarining ham ostonasi tillodin boʻlub ketgusi…

Shu payt Qobul yoʻlida ikki suvoriy qorasi koʻrindi. Avazbekning oʻtkir koʻzlari ularning bu yerlik emasligini angladi. Ular navkarlardin emasligi aniq. Ammo yerlik aholiga ham oʻxshamaydir. Sardor xos navkarini chorlab kelguvchilarni oʻz yoniga boshlab kelishini buyurdi…

– Biz Boburshoh qabatigʻa navkarlikka oʻtish uchun keldik, taqsir, – dedi oʻrta boʻy, ammo keng yelkali, mushakdor, hamrohiga nisbatan yosh va baquvvat koʻrinadurgʻon, qora magʻiz yigit.

– Ore, – deb boshini likillatib tasdiqladi, ikkinchi gʻalati koʻrinishdagi, yoshini aniq aytish mahol boʻlgan, bir oyogʻi ikkinchisidan kaltaroq boʻlganidanmi, ogʻirligini goh unisi goh bunisiga tashlab, betinim yelkasini uchirib, qoʻllarini oʻynatib turguvchi, oʻng beti dumaloq, chapi choʻzinchoq, oʻng koʻzi koʻk, chaqchaygan, chapi esa qisiqligidan gʻilayroq koʻrinadurgʻon kimsa.

Uning xuddi mushuk pixillagandek pang ovozi ham sardorga oʻtirishmadi. Ammo koʻnglida gʻaroyib kimsaning qay goʻrdan paydo boʻlganligini bilishga boʻlgan kuchli istak uygʻonib, ularni tovachilarga uchrashishga maslahat berib, joʻnatib yuborishdan qaytardi.

– Oʻlturingiz, – dedi sardor ularga joy koʻrsatib, – maqsadingiz navkarlik ekan, nechun tovachilargʻa roʻbaroʻ boʻlmadingʻiz?

Kimarsa indamadi. Yigit soʻzlashga ogʻiz juftladi.

“Bul kimarsa yo shul yigitning yelkasiga minib olgʻon bir tekinxoʻr, yo bul yigit uning aqli bilan yurub, ish qiladurgʻon, bilagi miyasidan koʻra kuchliroq kas. Har ikki holatda ham u ayyorliqda iblisqa dars beraturgʻon, tullakdur”.

– Tovachilar bizni avval oʻrgamchiklargʻa, keyin piyoda navkarlar safiga qoʻsharlar…

– Ihi, qoʻshinning nizomi shul turur. Bugun qaysi bir ovuldin ushlab olib ertan ponsodliqqa qoʻyilmaydir, hech qayerda!

– Bizgʻa ponsodliq kerakmaydir, – pixilladi kimarsa. Shunda Avazbekning nigohi uning koʻzlari bilan toʻqnashdi. Kimsaning oʻng koʻzi qora, chapi esa toʻq mallarang, yaʼni qoʻy koʻz edi. Koʻzlarida milt etgan nur yoʻq, goʻyo oysiz tundek zim-ziyo va tubsiz edi.

– Yo, alhazar, bundaychikin kasni ilk bora koʻrishim, uni tengri ne maqsadda bunyod etdiykin? – xayolidan oʻtdi sardorning.

– Xoʻsh unda ne istarsiz? – soʻradi ovozini chiqarib sardor.

– Bizni qabatingizga olsangʻiz.

– Bizni oʻrdu hazratimning xossa tobini ekanligʻidin xabaringʻiz bormu?! – ovozi bir bahya baland, qahr zardobidan boʻtanalashib chiqdi.

– Ore, – yana pixilladi kimarsa, – xabarimiz bortur, taqsir. Sardor ikkalasigʻa yana bir qur nazar soldi. Yigitning qizgʻish yuzi, xaridek yoʻgʻon boʻyni, chaqaloqning boshidek keladigan mushti birinchdin qoʻyilgandek yaltirab turardi.

– Ozroq mashq koʻrib, jang hadisini olsa, ajoyib jangchi chiqadir, biroq hamrohi… – ichidan kulib qoʻydi sardor.

Lekin botinini zohir qilmay, hamon qovoqlarini solgancha soʻroqladi.

– Bir shartim bordur. Bizning bahodirlar bilan olishasiz. Gʻolib chiqsangiz xossa tobinda qolursiz. Magʻlub boʻlsangiz, bunda qorangizni ham koʻrsatmagaysiz Maʼqulmi?

– Maʼqul, – dedi yigit ishi oʻngidan kelgani uchunmi, koʻzlari yolqinlanib.

– Ore, – deb qoʻydi xamrohi ham pixillab.

– Boʻlmasa taomdan soʻng yalanglikda soʻgʻish qiladursiz, – dedi sardor va oʻrnidan turdi. Ular ham turishganidan soʻng xos navkariga buyurdi. – Bovurchilargʻa ayt, bulargʻa ikki korson taom bersun.

Navkar ikkala hamrohni ergashtirib pastga, yer oʻchoqlar tizilib turgʻon yonbagʻirga boshlab ketdi.

Navkarlar taomni yeb, ustidan qumgʻon choyni ermak qilgʻancha yonboshlab, istirohat qilayotganlarida sardorning xos navkari barchani yalanglikka chorladi.

– Ikkita bahodirlikka daʼvogar kelganmish. Sardor ularni biz bilan olishtirib, sinab koʻrmoqchi emish.

Bu gap zumda ogʻizdan-ogʻizga koʻchib, ming pahlavonning bari savashga shay holatga keldilar. Ikki moʻjaz tepa bir-biriga uyqashgan joyda jomgʻa mengzaydurgʻon chuqurlik hosil boʻlgʻon, uning tubida aylanasi ikki yuz qulochlik sayhonlik boʻlub, bul sayhonlik savash qiladurgʻonlargʻa, tikkalab ketgan yonbagʻirlik esa savashni tomosha qiladurgʻonlargʻa xoʻb qulay edi. Bahodirlar oʻz mavqelariga qarab, yuqori-past boʻlib, yonbagʻirlarga chordona qurub oʻltirib oldilar. Sardor ikki daʼvogarni sayhonga chiqarib qoʻllariga ikki qulochdan kelaturgʻon kaltakni tutqazdi.

Oldinda turgʻon yigitda hech bir noqislik koʻrmasalar-da, uning ortidagʻi anjimat kimsaning badburush yuziga, buning ustigʻa biri uzun, biri kalta oyoqlari ustida zoʻrgʻa turgʻondek, munkib-munkib yurishiga qarab oldin bir-ikki kimsa, ularning ortidan butun yonbagʻirga choʻkkalagan navkarlarning bari bir ovozdan xoxolab yubordilar.

Oʻzining ustidan kulishayotganini anglagʻon badburush kimsaning peshonasidagi qat-qat ajinlarning soni yana bir karra oshib oʻng koʻzi battarrok chaqchayib, chapi esa bilʼaks qisila borib, bor-yoʻgʻi bir yoysimon egri chiziqqa aylandi.

– Qay biringʻiz birinchi boʻlib chiqasiz? – soʻradi sardor oʻzini zoʻrgʻa kulgudan tiyib.

– Biz ikkalamiz-da bir paytning oʻzida savashurmiz. Bizgʻa toʻrt harifni chiqaringʻiz, – dedi kimarsa past ovozda. Ajab, bul dafʼa uning tovushida pang pixillash nuqsi yoʻq edi.

– Anglamadim. Ne istarsiz? – Qulogʻiga ishonmay qayta soʻradi sardor.

– Biz ikkimiz yelkama-yelka turib olishuvgʻa oʻrganganmiz. Bizgʻa qarshi toʻrt navkaringizni davragʻa solsangʻiz-da rozimiz, – tushuntirdi yigit baland ovozda.

Masxara tovushlari tingib oʻrniga gʻazabnok visir-visir egalladi. Shu payt bir barvasta kelbatli navkar oʻrnidan sapchib turdi.

– Sardor, mangʻa izn beringʻ, bul ikki mahmadonani yergʻa qoziqdek qoqib qoʻyay!

– Shoshma Xarsang, sen ular bilan savashsang suyaklarini qumdek maydalaysan. Alarni soʻgʻin kim yigʻishtirib olur?! – baqirdi kimdir roʻbaroʻdagi yonbagʻirdan. Alar bilan oldin men olishurman. Ijozatmi, Sardor?

Sardor miyigʻidan kulgancha Xarsangni joyiga oʻtqazub, qotmadan kelgan, naynov va dasti uzunligidan panjalari naq tizzalari yonida osilib yurganidanmi, Hamduna (maymun) laqabini olgan navkarni yonigʻa chorladi.

– Hamduna toʻgʻri aytadur. Sendan soʻng alardin nom-nishon qolmaydir. Bizlarni-da tomoshadin benasib qoldirursan. Hamduna, sening galing!

Sardorning iznidan soʻgʻin Hamduna ikki hatlaganda moʻjaz sayhonlikning qoq markazida paydo boʻldi. Xos navkar ham unga gavronni tutqazdi. Hamduna tayoqni ilib olib, bosh ustidan va qoʻltiqlari orasidan viz-viz aylantirib koʻkka otdi va bir umbaloq oshib uni ilib oldi.

– Bale, Hamduna! Tengri seni faromushligʻda bashar qiyofasinda yaratmish. Aslida maymun boʻlib ochungʻa kelishing adolatdin boʻlur erdi.

Davrani tark etayozgan xushchaqchaqlik yana qaytib yigʻilgʻonlarining lablarigʻa tabassum indi.

Sardor “boshlangʻiz” degan yangligʻ qoʻl silkidi. Hamduna yana aql bovar qilmas chaqqonlik bilan gavronni orqa-oldi, boshi-yonboshi uzra aylantirib telba girdibod kabi raqiblari ustigʻa bostirib bora boshladi.

– Taqsir, – dedi yigit sardorga oʻgirilib, – ikkinchi navkaringiznida chorlangʻiz. Bul adolatdan emas. Biz ikkitamiz, ul esa yolgʻiz.

– Ikkinchisi sengʻa ne darkor. Oldin shundan joningni omon saqlogʻil!

– Shundoqmu?

– Shundoq, taqsir, – sardor “taqsir”ni yigitga taqlidan talaffuz etdi. Barcha kulib yubordi.

Yigitning koʻksida yovvoyi, oʻljasiga tashlanayotgan yoʻlbarsnikidek sovuq alanga chaqnadi. Gavron choʻpni mahkam ushlagancha Hamdunaning roʻparasidan chiqdi. Uning aylantirayotgan gavroniga gavronini qarshi qoʻydi. “Qars” Gavron aylanishdan toʻxtadi. Shu payt badburush kimsaning tayogʻi Hamdunaning tizzasi ortiga yengilgina kelib tegdi va Hamduna oyogʻi osmondan kelib yiqildi. Badburush mushukdek chaqqonlik bilan uning ustiga chiqib gavronini uning boʻyniga tiradi – qoidaga binoan Hamduna endi “murda”.

– Bas, – dedi Sardor.

Kimsa gavronni boʻynidan oldi. Hamduna nomiga monand chaqqonlik bilan oʻrnidan sakrab turdi va alam aralash gʻazab bilan, uzun dastini choʻzgancha harifining boʻynidan boʻgʻib oldi. Bu adolatdan xorijda ekanligini sardor ham, tomoshatalab navkarlar ham bilib turishardi. Lekin Sardor paysalga solgani uchun ham “miq” etmay bu holni intihosi ne bilan tugashini sabrsizlik bilan kuta boshladi. Bu hol uzoqqa choʻzilmadi.

Badburush kimsa nafasi qaytib xirilladi va gavdasi chayqalib ortga ena boshladi. Oʻz-oʻzidan Hamduna ham u bilan birga engashdi. Shuni kutib turgan kimsa uzun chap oyogʻi bilan raqibining chotiga zarb berdi va kalovlanib qolgan Hamdunani ustidan oshirib tashladi. Koʻkragiga minib olib jagʻiga musht tushirdi. Hamduna choʻzilib qoldi.

Avazbek sardor nomi chiqqan pahlavonning shalvirab qolganini koʻrib pisandiga ilmagan bul yigitlar anoyilardan emasligini sezib endi maydonga ikki pahlavonni chiqardi. Davraga talpinayotgan Xarsangni yana yelkasidan bosdi. “Shoshma”.

Ikki navkar gavron choʻplarini oʻynatib ularga ikki tomondan yaqinlashdilar. Bir-biriga yelka tirab turgan raqiblar ularning yaqinlashishiga imkon bergancha jim oʻtirardilar. Pahlavonlar esa ularni koʻz ochishga qoʻymay, yashin tezligida mahv etish uchun, vahimali hayqirgancha tayoqni oʻynatib yeldek chopib kela boshladilar. Shunda kutilmagan hodisa yuz berdi. Ikki tomondan bostirib kelayotgan pahlavonlar qimirlamay turgan raqiblariga yetishlariga ikki qadamlar chamasi qolganida badburush oʻngga, yigit chapga oʻzlarini otdilar. Ikki pahlavon urishqoq qoʻchqorlarday bir-biriga kalla qoʻyib shilqillagancha ortga quladilar. Ularning koʻkragiga gavron choʻp tirashning ham hojati yoʻq edi. Ular zarbning zoʻridan allaqachon hushdan ketgandilar.

Garchi oʻz oʻrtoqlarini sharmandayi sharmisor qilgan boʻlsalar-da, lekin kelgindilarning bahamjihat, chiroyli harakat qilishlari tomoshatalablarga maʼqul boʻlgandi. Ular bor ovozlari bilan gʻoliblarni olqishlashar, lekin oʻzlari jangga talabgor ekanliklarini ham qistirib oʻtishni unutmasdilar.

Sardor endi Xarsangni ushlab oʻtirishdan maʼni yoʻqligini angladi. Uning yoniga yana uch pahlavonni ajratib, baqamti qoʻydi. Bundan Xarsangning dili ogʻridi, lekin sardorning raʼyini qaytargisi kelmadi. “Kelaverishsin, mayli. Bu jinqarchalarni yerga qoziqdek qoqib qoʻyganimda bular sugʻurib olishga yararlar”.

Xarsang uch yigitni uch tomonga qoʻyib, oʻzi oʻrtadan raqiblariga hamla qilib boraverardi. Unga yigit roʻbaroʻ boʻldi. Badburush chaqqonlik bilan gavronni oʻynatgancha uch pahlavonning zarbalarini bir oʻzi daf qilib, shu orada ularga bir ikki qarshi zarba berishga ham ulgurdi. Uning zarbalari belgilangan joyga bexato tekkanidan boʻlsa kerak, bir navkarning burnidan qon sharillab oqa boshlagan boʻlsa, ikkinchisining esa oʻng koʻzi doʻmbira boʻlib shishib ketgan edi.

Yigit ustiga balo-qazodek bostirib kelayotgan Xarsangning keng yelkalari ortidan qizarib botayotgan oftob shuʼlasi koʻzlarini qamashtirib esankirab qoldi. Shu lahzada zuvillab kelayotgan gavronning tovushi qulogʻiga chalinib, qoʻli bilan gardaniga moʻljallangan zarbdan ihotalandi. Gavron bilagiga qarsillab urilib, simillagan ogʻriqni his qildi. Oʻylab oʻtirishga vaqt yoʻq edi. U gavron choʻpga tayangancha oyoqlarini juftlab Xarsangning boshiga zarba berdi. Oyoqlari yerga qaytib tegar-tegmas gavron bilan zarbdan gangib turgan raqibining boʻyniga tushirib qoldi. Xarsang qalqib ketdi, ammo yiqilmadi. Oʻzini oʻnglab olib, balo-qazodek bostirib kela boshladi. Uni shunchaki zarbalar bila qulatib boʻlmasligini his qilgan yigit raqibining gavron sermayotgan qoʻliga zarb bilan tepdi. Gavron uchib ketdi. Qurolsizlangan pahlavonga ketma-ket ikki zarba oʻng va chap yelkasiga tushdi. Xarsangning koʻzi qonga toʻldi. Cheksiz gʻazabdan koʻzlari soʻqir, quloqlari botil boʻldi. Shamshirini qinidan sugʻurdi. Bu mashqlarda ishlatadigan tigʻi arra boʻlib ketgan vazni ogʻir oʻrgamchik shamshir emas, balki Qobulning eng zoʻr pichoqchi ustasi yasagan ikki tigʻli keskir qurol edi. Xarsang xuddi bu jinqarchani nimtalab tashlashga qasd qilgandek, qulayotgan togʻ yangligʻ ustiga bostirib kelardi. Uning bahaybat yelkasi barkashdek qizarib, gʻurub qilishga chogʻlanayotgan quyoshni qoʻrgʻoshindek qop-qora abr singari toʻsib oldi. Sermayotgan shamshiri chaqindek yaltirar, ajaldek badvahima va ilon tangachalarining toʻlinoy nurida akslanishi yangligʻ sovuq edi. Yigit bu olishuvning intihosi qonli tus olishi muqarrarligini his qilib shamshir tigʻiga chap bera-chap bera belbogʻini boʻshataverdi.

Bu paytda Badburush kimsa esa ikki harifini allaqachon jangga yaroqsiz holga keltirgan, ularning biri koʻzini ushlagancha, choʻkka tushib olgan boʻlsa, ikkinchisi nozik joyidan zarba yeb, bukchayib qolgandi. Uchinchisi esa hech boʻyin bergisi kelmas, zarbalarga chaqqonlik bilan chap berar ekan, qarshi zarba yoʻllab qolishni-da uddalardi.

Yigit salqi belbogʻining soʻnggi tugunini yechishga urinayotganida Xarsang bir zarb bilan raqibining boshini sapchadek uzib olishni maqsad qilib shamshirni baland koʻtardi. Yigit yashindek kelayotgan shamshir tigʻiga chap berib uning yoʻliga gavronni toʻgʻanoq qildi. Keskir tigʻ gavronni sarimoyni kesgandek ikkiga boʻlib oʻtib ketdi. Xarsang shamshirni ikkinchi zarbaga yoʻnaltirguncha yigit qoʻlida qolgan ikki qarichlik choʻltoq gavronni merganlik bilan otib raqibining burniga tekkiza oldi. Atigi bir lahzagina Xarsang gangidi. Shu yigit uchun yetarli boʻldi. U belbogʻini ochib tashladi. Tomoshatalablar “oh” tortib yuborishdi. Yigitning qoʻlida ham shamshir paydo boʻlgandi.

Endi har ikkalasi ham qilichbozlik qila boshladilar. “Jarang-jurung” tovushlar tomoshabinlarning gʻalagʻovurini bosib tushdi. Xarsang payt poylab, yanada kuchliroq zarb bilan tigʻ sermadi. Yigit uning yoʻnalishiga shamshirini tutdi. Bu endi gavron choʻp emas, axsikatlik ustalar yasagan ajabtovur xislatli poʻlat shamshir edi. Xarsangning qilichi qoq oʻrtasidin choʻrt uzilib dastasi qoʻlida qoldi. Tigʻi shuvillab aylangancha botayotgan quyoshning alvon nurlarida olrang yiltirab uchib ketdi. Paytdan foydalangan yigit uni chalib yiqitdi va koʻksiga shamshirni tiradi. Bu paytda Badburush kimsa ham uchinchi raqibini yer tishlatib ulgurgandi.

Sardor qoʻlini koʻtardi. Bu “jang” tugaganini bildirardi. Yigit shamshirini belbogʻiga oʻrab, beliga bogʻlab oldi. Yigit biroz lapanglab lat yegan bilagini uqalagancha, hamrohi esa uzunroq chap oyogʻini sudrab bosib, iloji boricha oqsoqlanmaslikka harakat qilib, sardorga roʻbaroʻ keldilar.

– Balli, jang qilishning ancha hadisini olgan ekansizlar. Kimsizlar, qay yurtdan boʻlasizlar?

– Mening otim Qilich. Bu kishi ustozim boʻladilar. Ibn Sotuna.

– Arabmi? – soʻradi Sardor ismi ham oʻziga oʻxshash gʻalati kimsaga ajablanib qaradi.

– Toʻgʻrisini aytsam, bilmayman. Qoshgʻarda uchrashib, tanishib qolgʻonmiz. Bu kishi mengʻa dast jangi qoidalarini oʻrgatib, mashq qildirdilar. Shundin yaqinlashib ketdik.

– Asli qayerdansan, yigit?

– Axsikatdanman.

– Hm… – sardor uning qilichi Xarsangning shamshirini choʻrt uzib tashlaganining sirini topqondek boʻldi.

– Padaring temirchi boʻlgʻonmi?

– Ore, taqsir, padarim Axsikatning eng zoʻr qilichsoz ustasi boʻlgʻon erkanlar. Shul birgina shamshir menga ul kishidan yodgorlik boʻlib qolgʻon. Shul sababli ham otim Qilich boʻlubdur.

– Maʼqul. Sizlar bu tun mening chodirimda uxlaydursiz, ketdik.

Sardor ularga azbaroyi hurmat yuzasidan emas balki, yengilgan pahlavonlarning alam ustida bulardan qasd olishlari mumkinligidan xavotirlanib, shu yoʻlni tutgan edi. Darhaqiqat, bunday olishuvlarda gʻalaba nashidasini surib oʻrgangan Xarsangning avzoyi buzuq edi. Undan har narsani kutish mumkin.

Avazbek ularni xos chodir oʻrnashgan tepalikka boshlab chiqar ekan, bu ikkala jangchining jang usullaridan xayratga tushgani haqida mulohaza qilardi. Kirishimli, biroz soddadil Qilich koʻngliga oʻtirishgan, Ibn Sotuna deganlari Qilichga qaraganda mahoratli boʻlsa-da, pixini yorgan tullaklardan ekanligi iblisona basharasidan bilinib turardi. U yoʻlini topib ikkalasini ajratishni, Qilichni oʻz yoniga qoldirib, Sotunani oʻrdusidan badargʻa qilishni diliga tugdi.

– Sardor, biz bir-birimizdin ajralmaslikka qasamyod qilgʻonmiz, – pixilladi Sotuna, xuddi sardorning dilidagini oʻqib turgandek.

Sardor yalt etib unga qaradi. Shunda uning nigohi yana Sotunaning oʻngirdek qop-qora, tubsiz, boʻm-boʻsh koʻzlari bilan toʻqnashdi. Hech qanday maʼnini zohir qilmaydurgʻon bul nigohlar uning koʻnglida allaqanday, tushuniksiz vahm uygʻotdi. U minbaʼd bul dahshatli nigohlarga qaramaslikka ont ichdi.

 

– 3-

1981yil. Toshkent. Oʻzbekiston.

Shahar militsiyasining jinoyat-qidiruv boʻlimi inspektori, katta leytenant Abdurasul Joʻrayevning moʻjaz ishxonasidagi shaloq telefon kun boʻyi jiringlayverib holdan toygan shekilli, endi jiringlashga ham madori yetmay “qitir-qitir” qilib qoʻyadi, xolos. Katta leytenatning ham goʻshakni koʻtarib, telefon bechorani bu cheksiz azobdan xoli qilishga qoʻli bormaydi. Goʻyo butun shahar bir jonu bir tan boʻlib, uni kuzatayotgandek, topshirilgan ishni bajara olmay, sharmanda boʻlishini besabrlik bilan kutayotgandek edi. Buning ustiga boshliqning doʻq-poʻpisasi, keyin sohasidagi katta-yu kichik rahbarchalarning bari ish oʻz nazorati ostida ekanligini aytib qoʻyish uchun qoʻngʻiroq qilishlari, har biriga erinmay nechanchi martadir ishning borishi toʻgʻrisida hisobot berishi, ularning esa qayta-qayta ijikilab soʻrashlari, toʻgʻrisi bari achigan oshdek meʼdasiga urdi. Telefon bechora ovozi xippa boʻgʻilganidan nolakor xirillardi. Joʻrayev noiloj goʻshakni koʻtardi. Narigi tomondan oʻspirinning hayajonli ovozi kelardi.

– Allo, salomalaykum. Siz tergovchimisiz, amaki.

“Endi sen yetmay turuvding soʻramagan, jinqarcha!”

– Ha, tergovchiman. Senga nima kerak? – dedi qoʻrslik bilan Joʻrayev.

– Siz kerak edingiz. Men oʻldirilgan professorning qoʻshnisi boʻlaman.

– Shoshma, shoshma oʻldirilgan professor, deysanmi?

– Ha, shunaqa. Siz shu ishni tergov qilayapsizmi?

– Ha, men olib boryapman. Biron narsa bilasanmi, shu haqda? – shoshilib soʻradi Joʻrayev.

– Men Jamshid Abdullayevman. 112-maktabning 9-sinfida oʻqiyman. Oʻsha kuni professorning uyiga bir gʻalati kimsa kelib ketgandi.

– Shoshma, shoshma, Jamshidjon. Sen oʻsha odamni aniq koʻrdingmi?

– Ha.

– Yaxshi, Jamshid. Kechga yaqin uylaringga oʻtaman. Aytgancha uyinglarning raqami nechchi edi?

– 17. Professorning roʻparasida turamiz. Ularniki 18. Bilasiz-a?

– Yaxshi kechqurungacha boraman. Kutib turasan-a.

– Boʻpti.

Joʻrayev goʻshakni qoʻyib, stoli ustida sochilib yotgan qogʻozlarni tartibga soldi va chetga surib qoʻyib, qalingina papkani qoʻliga oldi. Qogʻoz papkaning ustiga qizil siyohda, “Miryunusov Mirmaqsud Mirolimovich” deb yozib koʻyilgandi. Abdurasul Joʻrayev papkaning bogʻichini yechib, taxlanib turgan qogʻozlarga koʻz yugurtira boshladi. Bu qogʻozlar bir insonning tugʻilganidan tortib, to oʻldirilgunicha bosib oʻtgan hayot yoʻlini oʻzida aks ettirardi.

Mirmaqsud Miryusupovich Miryunusov 1940 yilda tugʻilgan. 1957 yilda oʻrta maktabni, 1963 yilda Unversitetning tarix fakultetini tugatgan. Bobur va boburiylarning Hindiston tarixida tutgan oʻrni mavzusida 1967 yilda nomzodlik ishini yoqlagan. 1974 yilda esa doktorlik darajasini olgan. Professor. Sharqshunoslik institutida kafedra mudiri, Uylangan, xotini ham oʻz kafedrasida ishlaydi. Bittagina qizlari bor. 112-maktabda oʻqiydi…

112-maktab, shoshma, hozir telefon qilgan yigitcha ham shu maktabni aytgandi. Toʻgʻri.

Joʻrayev professorning qizi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qaytadan hijjalab oʻqiy boshladi.

“Nafisa Miryunusova 1965 yilda tugʻilgan. 112-maktabning 9-sinfida oʻqiydi.

Shu ikki satr Joʻrayevga koʻp narsani aytib turardi. Jamshid bu qizchagayam, demak shu xonadongayam befarq emas…

… Mirmaqsud Miryunusov

2 iyun kuni soat 18 larda oʻldirilgan. Uch xonali kvartirasida, oʻz ish kabineti va kutubxonasi xisoblangan toʻrdagi moʻjaz xonasida, oʻzi yaxshi koʻradigan, oʻrganib qolgan oromkursisida, peshonasidan oʻq yeb, oʻlib yotgan holda koʻrishgan. Toʻgʻrirogʻi, xotini Rahima Akbarovna koʻrib, hushdan ketib qoladi… Shu payt nimadir soʻrab chiqqan qoʻshni xotin, qoʻngʻiroqqa hech kim javob bermayotganidan ajablanib (chunki Raxima Akbarovnaning uyga kirganini oʻz koʻzi bilan koʻrgan edi-da) eshikni tutqichidan tortsa, eshik ochiq ekan. Kirsa, Rahima Akbarovna koridorda yiqilib yotibdi. Qoʻshni xotin uning yuziga suv sepish uchun toʻgʻridagi xonaga kirsa…

U shosha-pisha podʼyezdga chiqib shovqin koʻtaradi. Ish vaqti boʻlganligi uchunmi, butun boshli besh qavatdan bor yoʻgʻi bitta erkak, u ham pensioner Salom chol chiqadi. Chuvillashayotgan xotinlardan professorga bir balo boʻlganini anglab ichkariga kiradi. U bilan kirgan xotinga Rahima Akbarovnaning yuziga suv sepishga shoshadi. Professorning tirishgan, basharasiga, chaqchaygan koʻzlariga, guldor palas ustidagi qonli xalqobga nazar tashlab, hammasiga tushunadi. U koridorga chiqib avval militsiyaga, keyin hamon oʻziga kelmayotgan bechora xotinga qarab “tez yordam”ga qoʻngʻiroq qiladi. Rahima Akbarovna hamon ogʻir ahvolda kasalxonada yotibdi. Mayitni esa ukasi Mirmahmud Miryunusovning Eski shahardagi hovlisidan chiqarishdi.

Sudmedekspertizada murdani yorib koʻrishganida, peshonasidan kirib, miyasining qatigʻini chiqargancha, ensa suyagiga sanchilib qolgan oʻqni chiqarib oladilar. Ballistik ekspertiza natijasida oʻq “Makarov” toʻpponchasidan uzilganligi aniqlanadi. Bu toʻpponchadan asosan organ xodimlari va harbiy ofitserlar foydalanishadi.

Qotil shu oʻqdan boshqa hech qanaqa iz qoldirmagan. Uning qoʻli tegish mumkin boʻlgan barcha ashyolarni kriminalistlar diqqat bilan tekshirganlarida ham hech qanaqa barmoq izlari qolmaganligining guvohi boʻldilar. Bittagina oʻq bilan uning iziga tushish, hattoki Sherlok Xolmsning ham qoʻlidan keladigan ish emas. Agar qurolning oʻzi boʻlganida boshqa gap edi.

Shunda anchadan beri harbiy prokuraturada ishlaydigan tanishi Murod esiga keldi. Oq-sariqdan kelgan, xushfeʼl bu yigit unga yoqardi. Bir paytlar telefon raqamini ham qoldirgandi. Joʻrayev stol tortmasidan semiz telefon kitobini olib varaqlay boshladi. Nihoyat, topdi shekilli, raqam tera boshladi. Bir muddat oʻtib narigi yoqdan Murodning ovozi eshitildi.

– Salom, Murod. Abdurasulman. Yaxshimisan? Ogʻayni, bir ishda yordaming kerak boʻp qoldi. Bu sal mujmalroq… Bir qotillikni tekshirayotgandim. “Makarov”dan otishgan… oʻqi bor, ammo qurolning oʻzi yoʻq. Maboda qurol yoʻqolgani toʻgʻrisida biror maʼlumot yoʻqmi, sizlarning sohangizda. Shuni soʻramoqchiydim… Ogʻayni bir yordam qil. Kechgacha deysanmi… Mayli. Agar tuzukroq maʼlumot bersang ikki shisha pivoga eriyman. Nima deyapsan? Men soʻzimning ustidan chiqaman. Sen mening aytganimni bajarsang boʻldi. Esingdan chiqmasin. “Makarov”. Boʻpti. Koʻrishguncha.

Joʻrayev goʻshakni qoʻyganidan keyin, biroz oʻylanib qoldi. Murod qurmagʻurda bir gap bor. Boʻlmasa birdan suyunchi soʻrab oʻtirmasdi.

Katta leytenant soatiga qarab millar 5 tomonga siljiyotganini koʻrib shoshgancha qogʻozlarni yigʻishtirib oʻrnidan turdi. Koʻchaga chiqqanida kuni boʻyi shaharni tandirday qizdirgan quyosh gʻarbga ogʻib, tafti pasaygan boʻlsa-da, asfaltdan koʻtarilayotgan hovur odamni lohas qiladigan darajada yoqimsiz edi. Joʻrayev terga botib, halloslagancha professor oʻldirilgan mashʼum uyga yetib kelganida, issiq asfalt ustida yalangoyoq toʻp tepayotgan bolakaylarga sinchiklab nazar tashladi. Nazarida ular orasida Jamshid oʻynab yurgandek edi. Lekin bolalar militsioner amakiga ishlari boʻlmay, toʻp ortidan shataloq otgancha yuguraverdilar. Joʻrayevning hafsalasi pir boʻlib, podʼyezd tomon yurdi va ikkinchi qavatga koʻtarilib, “17” raqami urilgan eshikning qoʻngʻirogʻini bosdi. Ichkaridan 40-45 yoshlardagi ayol eshikni ochdi. Qoʻshnilari oʻldirilganidan beri bunaqa tashriflarga oʻrganib qolgan shekilli, ayol uni ichkariga taklif ham qilmadi. “Xoʻsh, xizmat” degandek unga qosh chimirdi.

– Salomalaykum, opa. Jamshidjon uydami?

Ayol biroz taraddudlandi.

– Jamshidda nima ishingiz bor edi?

– Qoʻshningizning qotilini u koʻrgan ekan. Shu masalada…

Ayolning qoshlari yana chimirildi.

– Yoʻq. U hech narsani koʻrmagan. Yolgʻon aytgan, qirilib ketgur!

– Opa, men jinoyat qidiruv boʻlimining inspektori Joʻrayevman. Guvohning oʻzi bilan gaplashishga haqqim bor. U choʻntagidan qizil muqovali guvohnomasini olib koʻrsatdi. – Agar shu yerda oʻgʻlingiz bilan suhbatlashishga ruxsat bermasangiz, ertaga boʻlimga chaqirishga majbur boʻlaman. Keyin ovora boʻlib yetaklashib borasizlar.

Ayol noilojlikdan qovogʻini solgancha eshikni ochib yoʻl berdi.

– Kiring, – keyin ortiga oʻgirilib ovozini koʻtardi. – Jamshid!

Ichkaridan jingalak sochlari oʻziga yarashib turgan, 16-17 yoshlardagi ozgʻingina oʻspirin chiqib keldi.

– Salom, oʻrtoq katta leytenant, – dedi u yoshiga yarashmagan sipolik bilan. – Yaxshisi, mening darsxonamda suhbatlashsak. Maylimi, oyi?

Ayol chimirilgancha bosh irgʻab qoʻyib, oshxonaga kirib ketdi. Jamshid Joʻrayevni oʻz xonasiga boshladi.

Abdurasul Joʻrayev xonaga kirib, eng avvalo shkafda taxlanib turgan kitoblarga eʼtiborini qaratdi. Qalin-yupqa kitoblar tartib bilan taxlab qoʻyilgandi.

– Oʻtiring, oʻrtoq katta leytenant, – dedi unga kursi surib qoʻyarkan Jamshid.

– Meni Abdurasul aka, deyaver, – dedi inspektor, uning hadeb, “oʻrtoq katta leytenant” deyaverishi ochiq suhbatlashishiga xalaqit berishini his qilib.

– Mayli, Abdurasul aka.

– Shularning barchasining oʻzing oʻqiganmisan? – kitoblarga diqqatini qaratdi inspektor.

– Ha, qariyb hammasini oʻqib chiqayozdim. Bularning koʻpchiligi detektiv kitoblar. Konan Doyl, Cheyz, Simenon, Agata Kristi…

– Yaxshi… Demak bizning sohadan xabaring borga oʻxshaydi. Qoʻshnilaringiznikida boʻlgan voqea yuzasidan bilganlaringni bir boshdan gapirib ber-chi.

Jamshid qoʻlini iyagiga tirab, biroz oʻylanib turdi.

– Bilasizmi, Abdurasul aka, oʻsha kimsa judayam gʻalati edi. Bir oyogʻi kalta, bir qoʻli ikkinchisidan ancha uzun. Tinimsiz qiyshanglab, yelkalarini uchirib turadi. Men pastda yoʻlak oldidagi oʻrindiqda oʻtirgandim. Uni koʻrib seskanib ketdim. U menga bir koʻzini chaqchaytirib, birini qisib qaradi va tepaga koʻtarila boshladi…

– U oldin ham kelarmidi?

– Aytyapman-ku, bunaqa badbashara kimsani hech qachon koʻrmagandim. Shuning uchun ham seskanib ketdim-da.

– Davom etaver-chi…

– Keyin u odam tepaga koʻtarila boshladi. Qadam tovushi ham gʻalati edi: “gurs-taq”, “gurs-taq”. Nazarimda, ikki oyogʻi ikki xil tovush chiqarardi. Birozdan soʻng Nafisalarning eshigini taqillatdi. Oradan 10 daqiqalar oʻtib bir narsa paqillab ketdi.

– Oʻsha odamning qaytib chiqqanini koʻrdingmi?

– Yoʻq. U qaytib chiqqani yoʻq. Chiqsa koʻrardim. Chunki tushayotganida qanaqa qadam tovushi chiqishiga qiziqib qolgandim.

– Yaxshi, – dedi Joʻrayev oʻylanib turib. – Keyin uni qaytib koʻrmading, shundaymi?

– Ha.

– Balki, u professorni otgach tepaga chiqib, chordoq orqali boshqa podʼyezddan chiqib ketgandir, nima deysan?

– Abdurasul aka, paqillagan tovushdan keyin, Nafisalarning eshigi ochilib yopilganini eshitmadim, – dedi Jamshid, keyin fikri qatʼiylashdi shekilli, Joʻrayevga tik qaradi. – Siz menga ishonmayotgan boʻlsangiz, yuring koʻrsataman…

Ular yetaklashib yoʻlakka chiqishdi.

– Sizda ularning uyining kaliti bor-a?

– Nega bu uyning kaliti menda boʻlishi kerak? – oʻsmoqchiladi inspektor.

– Chunki bu ishni siz olib borayapsiz. Kutilmagan bir fikr tugʻilib qolsa, xohlagan paytda kelib, uyni tintuv qilish uchun-da.

Molodets, – xayolidan oʻtdi Joʻrayevning, – kallang ishlaydi sen bolaning. Boqsa odam boʻlar choʻting bor…

Abdurasul Joʻrayev choʻntagidan kalit olib Miryunusovlarning eshigini ochdi. Ogʻir eman eshik qattiq gʻichirlab ochildi. Eshik tutqichini qoʻyib yuborganida ichkaridan prujina oʻrnatilgan, shekilli, qarsillab yopilib, oʻz-oʻzidan qulflanib qoldi.

– Mana koʻryapsizmi, Abdurasul aka, bu tovushni koʻchadan ham eshitsa boʻladi. Endi pastga tushaylik, men qayerda turganimni koʻrsataman.

Ular pastga tushishdi. Bir-biriga roʻpara qilib qurilgan toʻrt qavatli uylarning umumiy hovlisida oʻrnatilgan qator oʻrindiqlarni biriga borib oʻtirishdi. Bu yerdan uyning har toʻrtala podʼyezdi ham koʻrinib turardi.

– Agar u xohlagan podʼyezdidan chiqqanida ham koʻrgan boʻlardim. Demak…

– Demak, u hech qayerga chiqib ketmagan demoqchimisan?

– Shunday, Abdurasul aka. U hech qayerga chiqib ketmagan. U Nafisalarning uyida yashirinib turgan…

– Agar shunday boʻlsa, murdani oʻlikxonaga, Rahima Akbarovnani kasalxonaga olib ketishgach, kriminalistlar barmoq izi-yu, suratga olish ishlarini tugatgach, hamma joy tinchib qolgach, shom qorongʻisida sekin chiqib, juftakni rostlavorgan, demoqchimisan?

– Shunaqaga oʻxshaydi…

– Eshikning gʻichirlashi-chi? Agar eshik ochilib yopilsa butun podʼyezd eshitgan boʻlardi. Keyin shuncha payt qayerda yashirinib turgan boʻlishi mumkin. Xonadonga yigirmadan ziyod odam kirib chiqib turdi. Birining boʻlmasa birining koʻzi tushardi…

– Qayta tintuv oʻtkazishingiz kerakmikan, nima deysiz?

– Balosan-ku, Jamshidvoy! Buncha narsani kimdan oʻrganding?

– Boya siz koʻrgan kitoblardan. Ayniqsa, Sherlok Xolmsdan.

Abdurasul Joʻrayev ertaga albatta kriminalistlar bilan tintuv oʻtkazishga qaror qilib, oʻrnidan qoʻzgʻaldi.

– Boʻpti, Xolmsning shogirdi. Ertaga tushdan keyin shu yerda boʻlib tursang. Tintuvda qatnasharding.

– Yaxshi, Abdurasul aka. Darslarim soat birda tugaydi. Xayr.

Abdurasul Joʻrayev avtobus bekati tomonga oʻychan odimlarkan, yigitchaning tiyrak aqliga, izquvarlik isteʼdodiga qoyil qolib borardi. Bundan yaxshigina izquvar chiqadi, degan gap xayolidan oʻtdi.

… Ular boshlashib qahvaxonaga kirishganda, shom qoʻnib havo anchagina salqinlab qolgan edi. Ikki bokal pivo buyurishdi. Kun boʻyi shaharning issiq va dim havosida rosa terlab ishlaganlari uchunmi, muzdek pivo rohatijon boʻlib tuyuldi.

– Bilasanmi, Abdurasul yaqinda bir “Ish” qoʻlimga tushib qolgandi. Afgʻondagi bir qismimizda anchadan beri qurolfurushlik bilan shugʻullanib kelgan ikki ofitser – harbiy ombor boshligʻi boʻlgan mayor va uning xodimi praporshchik janjallashib qolishadi mayor xodimini otib yarador qiladi. Shu voqeani surishtirish jarayonida qurolfurushlik jinoyati ochilib ketadi. Ular afgʻonlarga katta pulga qurol sotishar, kamomadni esa ustalik bilan “Akt” tuzib yopib yuborisharkan. Agar ikkalasi janjallashib qolmaganlarida hech kim bundan xabar topa olmasdi. Bu savdoda asosiy ishni praporshchik bajargan. U mijoz topgan, savdolashgan, qurolni chiqarib berib pulni olib kelgan. Biroq mayor pulning kattaroq qismini olib, ozrogʻini praporshchikka bergan. Soʻnggi safargi savdoda bitta “Makarov” toʻpponchasi va 100 dona patroni, bitta “Kalashnikov” avtomati, ikkita oʻqdoni yana 500 dona patronni sotadi. Qaytib kelib mayorga pulni bermaydi. Yoʻqotib qoʻydim, deydi. Tabiiyki, mayor bunga ishonmaydi. Oʻrtada janjal koʻtariladi va mayor xodimini otib qoʻyadi. Buning qiziq tomoni shundaki, praporshchik tergovda mijozni shunday tasvirlaydi: uning bir oyogʻi va bir qoʻli kalta, yuzining bir tomoni choʻziq, bir tomoni dumaloq, yurganda lapanglab, kalta oyogʻi tomonga ogʻib yuradi. Eng qizigʻi uni praporshchik emas, mayorning oʻzi topgan. Chunki bu gʻalati odam rus tilida bemalol gaplasha olarkan. Lekin mayor bunday odamni koʻrganim yoʻq, deb turib olgan. Praporshchikni tomi ketib qolganlikda ayblagan. Shunaqa gaplar, doʻstim.

Abdurasul Joʻrayev hatto pivo hoʻplash ham esidan chiqib, oʻylanib qoldi. Jamshid tasvirlagan qotil bilan praporshchik tasvirlagan mijoz bir kishi ekanligi bilinib qolgandi. Biroq mijoz qanday qilib Afgʻonda qurol sotib olib, Toshkentda qotillik qildiykin. Bu muammoni yecha olarmikin. Yechimi bormikan, oʻzi…

– Ha, oʻrtoq oʻylanib qolding, – dedi Murod pivodan bir hoʻplab qoʻygancha Joʻrayevga tikilib.

– Haligi sening praporshchiging tasvirlagan mijoz bilan bugun bir guvoh tasvirlagan qotil bir kishi boʻlib chiqayapti-da.

Murod unga hayrat bilan tikilib qoldi…

 

– 4-

1981 yil. Dehli. Hindiston.

– Namaste, Chopra sohib, – deya qiyshanglagancha taʼzim qildi u. – Sizni anchadan beri izlab yurgandim. Va nihoyat, topa olganimdan boshim koʻkda!

Professor uning pixillagan pang ovozidan, irkit basharasidan koʻngli ozib ketgandi. Shunday boʻlsa-da, qon-qoniga singib ketgan olijanobligi va tarbiyasi bu tuygʻuni zohiriga chiqarishga yoʻl qoʻymasdi.

– Keling, qanday tashvish yuzasidan ovora boʻlib kaminani izlab yuribsiz?

– Dunyodagi eng zoʻr qadimshunosligingizni eshitganimdan beri, siz bilan uchrashishni koʻnglimga tukkan edim. Bir gal kelganimda Londonga safar qilgan ekansiz, – pixillab kulib qoʻydi kimsa.

– Siz tarixchimisiz?

– E, yoʻq. Zakovatimiz bu ilm oldida ojizdir, sohib. Ajdodlarimizdan meros qolib kelayotgan bir qadimiy kitob bordir. Unda nelar yozilganini bilmoq istagida sizni izladim.

Professorning qalbini, bu kimsaga nisbatan uygʻongan jirkanish hissi oʻrnini qiziqish egalladi.

– Qani yuring, xonada gaplashamiz. Bu yer issiq.

Professor kimsani konditsioner betinim ishlab salqinlatib turgan xonasiga boshlab kirdi. Kimsa qoʻynidan qadimiyligi shundoq ham bilinib turgan qalingina kitobni chiqarib, yaltoqlanishga oʻxshagan chuchmal taʼzim bilan professorga uzatdi.

Professor oldidagi irkit kimsani butkul unutib, kitobni koʻzdan kechira boshladi. Kitobni ochib sahifalariga koʻz yugurtirar ekan, borgan sari hayrati oshib borardi. Kitob boshida arabiy nastaʼliq xatda bitilgandek tuyulsa-da, ammo unda zeru zabar yoʻq. Baʼzi harflari ham arabiyga oʻxshamaydi. Gʻalati imlo! Nahotki “Xatti Boburiy” shu boʻlsa?! Axir, Bobur zamonidan keyin bu imlo butunlay yoʻq qilib yuborilgan-ku…

Shu payt kimsa stulni gʻichirlatib surib, burnini tortib qoʻydi. Professor boshini ilkis koʻtarib, kimsaga yiltiroq koʻzoynagi ostidan sinovchan tikildi.

– Siz bilan hali tanishmadik-a, sohib?

Kimsa yelkasini bir uchirib olib, uzun chap qoʻli bilan qulogʻini qashidi.

– Sohib, sizni butun jahon taniydi. Biz faqir kishi panada, qabilida kun koʻruvchi odam… Otim Sotuni. Darbadar umr kechiraman.

Professor uning gaplariga unchalik ishonmadi.

– Darbadarlikda umr kechirsangiz, unda bu kitob qanday qoʻlingizga tushib qoldi?

– Sohib, bilsangiz men bir joyda olti oydan ortiq yashay olmayman. Koʻch-koʻronim otamdan qolgan bir sandiqqa joy boʻladi. Bu shahar badimga ursa, sandiqni orqalayman-u ikkinchisiga yoʻl olaman. Bir yilcha oldin Ahmadoboddan chiqib ketish tadorigini koʻrayotganimda sandiq tubidan shu kitobni topib oldim. Otamga tegishli tuguncha ichida ekan. Uni oʻqiy olmadim. Men arab yozuvini ham sanskrit xatini ham oʻqiy olaman. Biroq bunga tishim oʻtmadi. Keyin bir ikkita ilmdor kishilarga koʻrsatdim. Ular oʻqiy olishmagach, sizni tavsiya qilishdi. Men sizni izlab kelaverdim. Bor gap shu, sohib.

– Buni menga qoldirib keta olasizmi? – dedi professor biroz oʻylanib turgach. – Mutaxassislar bilan maslahatlashib bir yechimini toparmiz…

– Sohib, sizga ishonaman, – dedi u mingʻillagancha, kalta oʻng qoʻli bilan iyagini qashidi. Keyin kitobni menga qaytarasizmi?

– Bu kitob sizniki. Biroq agar rozi boʻlsangiz akademiya buni yaxshigina narxga sotib olishi ham mumkin.

Professor bu taklifni bildirib, undagi oʻzgarishni kuzata boshladi. Axir, bir nochor daydi boʻlsa, unga kitobdan koʻra pul koʻproq zarur emasmi… Oʻzini Sotuni deb atagan kimsa yelkasini uchirib oyogʻini tipirlatib polga urib olganidan soʻng oʻlik koʻzlarini professorga qadadi.

– Yoʻq, sohib. Uni sotmayman. Qaytarilishiga kafolat bersangiz, oʻzingiz aytgan muddatgacha qoldirib ketishim mumkin.

– Ixtiyoringiz, – dedi professor uning qatʼiy gapidan hayratini yashira olmay. Menimcha uch oyga qoldirsangiz, yetarli boʻlardi, chamamda. Tilxat beraymi?

– Ie, nimalar deyapsiz, Chopra sohib! Men sizdek odamdan tilxat olib, oʻlibmanmi! Sizga ishonaman! Uch oydan keyin kelaman, xayr sohib.

U oʻrnidan turib, kalta oyogʻi tomonga biroz munkigancha chiqib ketdi.

Professor esa stoli ustida turgan bu jumboq kitobni varaqlab chuqur oʻyga botib qoldi. Shunda xayoliga bir necha yil oldin akademiyaning qadimgi qoʻlyozmalar boʻlimida koʻrishib qolgan, oʻzini Bobur yurtidan deb tanishtirgan yosh olim kelib qoldi. U bir oycha bu yerda ishlagan, tanishganlaridan keyin qariyb har kuni uchrashib, suhbatlashib turgan edilar. U Bobur va Boburiylar tarixi boʻyicha ilmiy ish qilayotgan ekan. Oʻshanda “Xatti Boburiy” toʻgʻrisida ham gaplashgandilar.

Professor oʻrnidan turib, akademiya chop ettirgan, Bobur va boburiylar tarixi haqida yozilgan ilmiy ishlar va bu ish bilan shugʻullangan olimlar toʻgʻrisidagi katalogni shkafdan oldi. Uni varaqlab kerakli sahifani topdi va koʻz yugurtira boshladi.

“d-r Miryunusov Mirmaqsud. Toshkent. Oʻzbekiston. Toshkent Sharqshunoslik instituti kafedra mudiri. Ilmiy maqolalari: “Boburnoma”da tarixiy haqiqatning aks ettirilishi”, “Boburning Hindiston madaniyatiga koʻrsatgan taʼsiri”, “Xatti Boburiy”…”.

Professor qolganini oʻqib oʻtirmadi. “Xatti Boburiy”… Shu jumlaning oʻziyoq uni hayajonga solgandi. Qoʻlidagi kitob “Xatti Boburiy” imlosida bitilganini koʻngli sezib turibdi…

U ilmiy kotibini chaqirib, Toshkentga, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasiga xat joʻnatib, oʻzining nomidan doktor Mirmaqsud Miryunusovni Hindistonga ilmiy safarga joʻnatishlarini iltimos qilishni topshirdi. Xatda Boburiylar tarixiga oid noyob qoʻlyozma topilganini bildirishni ham tayinladi.

 

– 5-

1527 yil. Panipat. Hindiston.

Bobur hazratlari Ibrohim Loʻdiy bilan boʻladigan asosiy jang uchun Panipat yaqinidagi yassi tepalikni tanladi. Bunday holatda Loʻdiyning yuz ming kishilik qoʻshini va fillari pastlikda, Bobur hazratlarining qirq ming kishilik qoʻshini esa yuqorida qolardi. Bu hol Bobur hazratlarining chavandozlariga biroz noqulaylik tugʻdirar, chunki tepalikka chopib chiqishdan koʻra, undan tushish qiyinroq. Asosiy ustunligi, uchqur otlari va Movarrounnahrning abjir chavandozlaridan iborat boʻlgan har ikki qanotdan bir vaqtda zarba berib, toʻlgʻama usulida, yashin tezligida yovni qurshab oladigan otliq qoʻshin bu yassitepalikda ish bermay qolishi mumkin.

Amirlashkarlar shuni oʻylab, jang maydoni notoʻgʻri tanlandi, degan shubhaga borishardi. Biroq hech kim bosh sarkardaga buni aytishga jurʼat qila olmas, Boburshohning oʻzlari ham bu haqda birovga ogʻiz ochmasdi. Oradan bir necha kun oʻtganidan keyin, belgilangan jang maydoniga usmonlilar tomonidan qoʻyilgan ogʻir mis zambaraklar keltirilganidan keyin nega bosh sarkarda yassi tepalikni tanlagani ayon boʻldi. Mustahkam arobalarga oʻrnatilgan zambaraklar tepalikka sudrab chiqilib, bir safga tizib, bir-birlariga xoda va charm qayishlar bilan birlashtirildi. Bosh sarkardaning ishorasi bilan barcha ellik zambarak bir vaqtning oʻzida oʻq uzib, pastga bir qator boʻlib harakatlanishi, bir vaqtning oʻzida toʻpchilar uni qayta oʻqlab, dushmanga yaqinlasha borib yana oʻq uzishlari lozim edi.

Birinchi mashq koʻngildagidek boʻlmadi. Arobalar bir vaqtning oʻzida harakatlana olmay, birining charm qayishi uzilib, birining birlashtiruvchi xodasi sinib ketib, bir-birlari bilan ayqashib ketishdi. Bosh sarkarda yana toʻplarni tepalikka olib chiqib mashqni qaytarishini buyurdi. Toʻpchiboshiga kimlar qayerda xato qilganini tushuntirdi.

Bobur hazratlarining bu usulni tanlashiga Loʻdiyning yuzta jangovar fili qoʻshinning boshida jangga kirishi sabab boʻldi. Jang oldidan mast qiladigan ichimliklar ichirilgan fillar quturib, raqib qoʻshinini piypalab tashlashini koʻp bor eshitgan Boburshoh, shu fillarga oʻzining yashirin quroli boʻlgan zambaraklar va toʻfanglarni qarshi qoʻymoqchi edi. Agar fillar ustiga olov sochib, gumburlagan tovushlar chiqarib bostirib kelayotgan toʻplardan qoʻrqib ortiga oʻgirilsa, oʻz qoʻshinini yanchib oʻtib ketadi. Bosh sarkarda shunga umid qilib mashqqa zoʻr bermoqda edi. Nihoyat uchinchi kuni ellik aravaning birortasi ham ortda qolmay, qayishlar uzilmay, xodalar sinmay bir tekisda pastga tusha oldi.

Jang kuni Boburshoh pastdagi Ibrohim Loʻdiyning qoʻshiniga qarshi ellik zambarakni qoʻshinning markaziga joylashtirdi. Toʻpchilarning ikki qanotiga yuztadan toʻfangdozlarni qoʻydi. Bular Loʻdiyning fillarini safdan chiqarishi va otliq qoʻshinning pasttekislikka tushib olib bemalol toʻlgʻama qoʻllashi uchun imkoniyat yaratib berishi kerak edi. Avazbek sardor boshchiligidagi “xossa tobin” esa bosh sarkardaning zaxirasi sifatida bosh qarorgoh yonida qoladigan boʻldi. Ibn Sotuna bilan Qilich ham shu navkarlar ichida edi.

Quyosh nayza boʻyi koʻtarilganida Loʻdiy qoʻshinida dovul va sur ovozi eshitildi. Ulkan qoʻshin harakatga tushdi. Qoʻshin oldida jangovar fillar naʼra tortib balo-qazodek bostirib kela boshladi.

Bobur hazratlari yassi tepalikning choʻqqisida, oʻzining sevimli saman tulporida, zirhli jangjomada turardi. Loʻdiyning jangovar fillari tepalikka oʻrlay boshladi. Fillar ortidan yuz ming kishilik qoʻshin jangovar hayqirib vahima bilan kelishardi. Oraliq ikki yuz qadam qolgan bosh sarkarda toʻpchiboshiga ishora qildi. Gʻildiraklar orasiga suqib qoʻyilgan xodalar sugʻurilib, ellik arava birdan qoʻzgʻaldi. Shu asnoda zambaraklar yalpisiga oʻq uzdi. Bir nechta fil gumburlab yiqildi. Baʼzilari ortga oʻgirilib, oʻz askarlarini piypalab, bosib-yanchib qocha boshladi. Zambaraklarning yana oʻqlab olishga vaqt kerak edi. Shunda Boburshoh toʻfangdozlarga oʻt ochish buyrugʻini yetkazishni topshirdi.

– Toʻfangdozlar filni emas, ustidagi filbonlarni nishonga olishsin!

Avazbek sardor buyruqni yetkazishni Qilich bilan Sotunaga topshirdi. Omon qolgan fillar qoʻshinga juda yaqinlashib qolgan edi. Sotuna ot choptirib borar ekan xurjundan “Kalashnikov”ni olib, unga oʻqdonni oʻrnatdi. Zatvorni sharaqlatib tortdi.

– Hazrati oliylari oʻt ochishga amr qildilar! Filni emas, filbonni nishonga olinglar! – bor ovozi bilan baqirdi Qilich toʻfangdozlar safiga yetib kelganlarida.

Paq-puq, gumbur-gumbur quloqni qomatga keltira boshladi. Sotuna esa shoshilmay avtomatni yaqinlashib kelayotgan fillarga oʻqtalib tepkini bosdi. Ta-ta-ta-ta! Bir zumda ikkita fil quladi. Uchinchi-toʻrtinchilari esa filbonsiz qolib ortiga oʻgirildi. Ortdan chopib kelayotgan piyoda askarlar bir pas toʻxtab qoldilar. Qoʻrqib ortiga burilgan quturgan filning oyogʻi ostida qolmaslik uchun oʻzlarini chetga olmoqchi boʻlishar, biroq tiqilinchda joylaridan qimirlay olmay, filning ulkan oyoqlari ostida toptalib ketardilar. Toʻfangdozlar toʻfanglarini oʻqlab olish uchun biroz sukut saqladilar. Shunda dushman yana oʻz saflarini tiklashga urinayotganda yana avtomat tarillab qoldi. Viz-viz uchib kelayotgan oʻqlar bir nechta navkarni va safni tiklashga urinayotgan sardorni yerga qulatdi. Bu orada toʻplar yana gumburladi. Loʻdiyning ulkan qoʻshini tartibsiz olomonga aylanib duch kelgan tomonga oʻzini ura boshladi. Endi bu olomonni Ibrohim Loʻdiydek noqis sarkarda tugul, hatto buyuk Amir Temur, yo Iskandar Zulqarnayn ham boshqara olmasdi.

Boburshoh ikki qanotdagi otliq qoʻshinni harakatga keltirdi. Ular tepalikda tushib, chekinayotgan Loʻdiy qoʻshinini toʻlgʻama usulida aylanib oʻtib, Panipat qalʼasiga kirish yoʻlini toʻsishi kerak edi. Bosh sarkarda Avazbekni yoniga chaqirib, qochayotgan Ibrohim Loʻdiyni taʼqib qilishni va uning qalʼaga kirib olishiga yoʻl qoʻymaslikni buyurdi.

Avazbek saralangan navkarlardan iborat “xossa tobin”ni jang maydoniga boshlab kirdi va qoq markazdan Loʻdiy qarorgohi tomon yaqinlashib bora boshladi. Shu payt qarorgohdan bir toʻp otliq ajralib chiqdi va katta tezlikda qalʼa tomonga yelib ketadi. Otliq qoʻshin toʻlgʻama qilib qalʼa yoʻlini toʻsib ulgurgani yoʻq. Shoshilishmasa Loʻdiy qalʼaga kirib, darvozalarni tambalashga ulguradi. Agar shunday boʻlsa, qalʼani qamal qilishga toʻgʻri keladi. Bugungi gʻalaba tatimaydi.

– Shunqorlarim! – Hayqirdi Avazbek qonga botgan qilichini yuqori koʻtarib. – Ibrohim Loʻdiy qochmoqda! Kimki uning tirigi yo oʻligini olib kelsa Hazrati oliylarining marhamatiga noil boʻlgʻay! Saralangan navkarlar Loʻdiyning ortidan ot surdilar. Oldinda Qilichning zulukdek qop-qora oti yelib borar, uning ortida esa Hamduna, Xarsang va Avazbek sardor borishar, ular bilan izma-iz borayotgan Sotuna avtomatning oʻqdonini almashtirayotib biroz sekinlagandi. Nihoyat, quvgʻinchilar qochayotganlar toʻpiga yuz qadamcha yaqinlashdilar. Sotuna otiga qamchi bosib, Avazbek sardorning toʻpiga qoʻshildi. Qilich hamon oldinda borardi.

– Qilich! Qilich! Chetga oʻt! – baqirdi Sotuna avtomatni qochayotgan otliqlar toʻpiga toʻgʻirlar ekan.

Qilich uning nima qilmoqchi ekanligini tushunib otini oʻngroqqa burdi. Shunda avtomat yana tarillab, Loʻdiyning xos navkarlari tutdek toʻkila boshladi. Qilich esa tillarang sovut kiygan otliqqa yaqinlashib qolgandi.

Shivaning olov otuvchi qurolini qoʻlga kiritgan bu kasofatlardan qochib qutulib boʻlmasligiga aqli yetgan Ibrohim Loʻdiy, ajalini boʻyniga olib, shahid boʻlmoq uchun jang qilishga ahd qildi. Otining jilovini tortib, qilichini yalangʻochlagancha ortidan izma-iz kelayotgan Qilichga roʻbaroʻ boʻldi. Qilich shamshirini bir sermab, Loʻdiyning qilichini qoq oʻrtasidan boʻlib yubordi. Ikkinchi bor sermaganda Ibrohim Loʻdiyning sersoqol boshi otining tuyogʻi ostiga dumalab ketdi. Shu onda allaqanday bir quyun paydo boʻlib, xas-xashakni chirpirak qilib aylantirgancha, osmonu falakka oʻrlab ketdi. Qilichning eti jimirlab ortiga oʻgirildi. Ortidan kelayotgan Sotuna yer yutgandek, yoʻqolib qolgandi.

Bu orada Avazbek sardor boshchiligida otliqlar ham yetib kelib Loʻdiyning qolgan xos navkarlarini qilichdan oʻtkaza boshlashdi.

Qalʼaga boradigan yoʻl har ikkala qanot otliq jangchilari bilan toʻsilganidan keyin, sarkardasiz qolgan qoʻshin magʻlubiyat muqarrar ekanligini tushunib, taslim boʻldi. Jang tugadi.

Avazbek sardor gʻalati quroli bilan dushmanni tutdek toʻkkan Sotunani izlab topolmadi. Jang maydonidagi jasadlarni bittalab qarab chiqdilar. Biroq Sotunaning oʻligi ham tirigi ham topilmadi.

Avazbek Loʻdiyning qonli boshini nayza uchiga oʻrnatib, Qilichni ergashtirgancha Bobur hazratlarining huzuriga joʻnadi.

 

– 6-

1981 yil. Toshkent. Oʻzbekiston

Miryunusovning kvartirasini ikkinchi bor tintuv qilgan Abdurasul Joʻrayev u yerdan ishga aloqasi boʻlgan tuzukroq dalil topa olmadi. Qotil hojatxonadan boshqa joyda yashirinib tura olmasdi. Biroq qovugʻida muammosi boʻlgan keksa fotograf jinoyat joyini suratga olayotib, bir necha marta bu yerga kirib chiqqani Joʻrayevning esida.

Jumboqning yechimini bu xonadondan izlash befoydaligini sezgan inspektor hafsalasi pir boʻlib tashqariga chiqdi.

– Balki, institutga borarsiz, Abdurasul aka, – dedi unga ergashib kelayotgan Jamshid.

Ha-ya, institutga albatta borish kerak, xayolidan oʻtdi Joʻrayevning. Keyin buni esiga tushirgan yigitchaga minnatdor nigoh tashladi.

– Maktabni bu yil tugatasanmi?

– Ha, 10-sinfda oʻqiyapman.

– Maktabni tugatganingdan soʻng menga bir uchrash. Izquvar boʻlmoqchisan-ku, Toʻgʻrimi?

– Toʻgʻri, Abdurasul aka, – dedi Jamshid yoyilib iljaygancha.

Ular qoʻl tashlashib xayrlashdilar. Abdurasul Joʻrayev avtobusga oʻtirib Sharqshunoslik institutiga yoʻl oldi.

– Mirmaqsud boburshunoslikda benazir olim edi, – xoʻrsinib gap boshladi Miryunusov rahbarlik qilgan kafedraning keksa professori Obid Qodirovich. – Hatto, Angliya, Hindiston, Turkiya olimlari ham muammoli masalalarda uning fikrlariga tayanishganiga koʻp bora guvoh boʻlganman. Yaqinda Hindiston akademiyasi yangi topilgan bir qoʻlyozma masalasida uni Dehliga taklif qilishgandi. Bir oy Hindistonda safarda boʻlib qaytdi. Uning aytishicha, qoʻlyozma “Xatti Boburiy” imlosida yozilgan ekan. Darvoqe, siz “Xatti Boburiy”ni bilasizmi? – professor savoliga javob kutmay tushuntira ketdi. – Zahiriddin Muhammad Bobur shoh, buyuk sarkarda, shoir, tarixchi boʻlishdan tashqari, zoʻr musiqashunos ham boʻlgan. Yana arab imlosini soddalashtirib, baʼzi harflarni oʻzgartirib, yangi imlo ixtiro qilgan. Buni “Xatti Boburiy” deb atagan. Biroq johil ulamolar muqaddas Qurʼon bitilgan yozuvni oʻzgartirish Xudoga shak keltirish, deb, bu yozuvga tish-tirnoqlari bilan qarshilik koʻrsatganlar. Bobur oʻlimidan keyin bu imloda yozilgan barcha kitoblarni kuydirib tashlashgan. Yaqinda Hindiston akademiyasi “Xatti Boburiy”da bitilgan bir qoʻlyozmani topadi. Bu imloni biladigan jahonda yagona mutaxassis oʻzimizning Mirmaqsud edi. Shuning uchun ham uni Dehliga taklif qilishgan. U yerda bir oy ishlab Mirmaqsud qoʻlyozmani ingliz tiliga oʻgirib beradi. Qoʻlyozmaning mikrofilmini olib keladi. Uni oʻz yozuvimizga oʻgirib kitob holida chop ettirmoqchi, uning ustida ilmiy tadqiqot olib bormoqchi edi. Afsus…

– Obid Qodirovich, Miryunusov Hindistondan kelganidan keyin biror bir oʻzgarish sezilmadimi? Aytaylik, yurish-turishi, gap-soʻzi, deganday…

Professor inspektorga, bu bilan nima demoqchisiz, degandek savol nazari bilan qaradi.

– Mirmaqsud biror kattaroq ishni tugatganidan keyin, hazilkash, shoʻx yigitga aylanib qolardi. Latifa aytib kuldirib yurardi. Ilmiy ish bilan shugʻullanayotgan pallada jiddiylashib qolar, butun borligʻini ishga bagʻishlaganidan boʻlsa kerak, ichimdagini top qabilida oylab yonidagi odam bor-yoʻqligini ham sezmay, indamay yuraverardi. Hindistonga borib kelganidan keyin ham shunaqa holatda edi. Yangi topilgan qoʻlyozma ustida jiddiy ish boshlagan edi, – Obid Qodirovich bir zum sukut saqlab turdi, baroq qoshini yuqori koʻtarib, ajin bosgan peshonasini tirishtirgancha Joʻrayevga termildi. – Aytgancha, bu voqeaning sizga nafi tegib qolishi mumkin. Bir kuni kafedraga kirsam, Mirmaqsudning yonida bir kishi oʻtiribdi. Bunaqa turqi sovuq odamni shu yoshimgacha koʻrmaganman…

– Gapingizni boʻlganim uchun uzr, domla, – dedi Abdurasul Joʻrayev uzrxohlik bilan jilmayib. – Uning bir oyogʻi, bir qoʻli kalta, yuzining bir tomoni dumaloq, ikkinchisi esa choʻzinchoq, tinimsiz qiyshanglanib, qashinib oʻtiradi. Ovozi pixillab chiqadi, shunaqami?

– Xuddi shunday. Demak siz uni koʻrgan ekansiz-da?

– Yoʻq, koʻrmaganman. Bir nechta guvohlarning koʻrgazmasiga asoslanib aytyapman. Davom etavering, domla.

– Men kirganimdan keyin u bezovtalanib qoldi. Tezda xayrlashib, chiqib ketdi. Mirmaqsudning esa basharasidan qoni qochib, qalt-qalt titrardi. “Tinchlikmi?” soʻradim undan. U esa yarim piyola sovuq choyni ichib sal oʻziga keldi. “Bu odam anavi qoʻlyozmada tasvirlangan kimsaning xuddi oʻzi! Qoʻlyozmaning xuddi shu joyini oʻqib turganimda osmondan tushgandek paydo boʻldi. Professor Rakesh Chopra ham qoʻlyozmani olib kelib bergan kimsani xuddi shunday tasvirlagan edi. Siz ham uni koʻrdingiz-a?” soʻradi u mendan. “Ha, koʻrdim,” dedim. “Agar siz ham koʻrmaganingizda koʻzimga jin-pin koʻrindimikan, degan oʻyga borgan boʻlardim”, dedi u hamon qaltirogʻini bosa olmay. Oradan bir hafta oʻtmay uni otib ketishibdi, degan sovuq xabarni eshitdim. Bor gap shu…

– Domla, Miryunusov qoʻlyozmani, mikrofilmni qayerda saqlardi?

– Hech qayerda saqlamasdi. Doim yonida, portfelida olib yurardi.

Tintuv paytida hech qanaqa qoʻlyozma ham mikrofilm ham topilmagandi. Demak qotil shularni olib ketgan.

– Domla, bu mening telefon raqamim, – dedi Abdurasul Joʻrayev bir parcha qogʻozga ism-sharifi va telefon raqamini yozib uzatarkan. – Yana bironta, bizni qiziqtiradigan gap esingizga tushib qolsa, qoʻngʻiroq qilarsiz…

– Siz qotilni topishingizga ishonasizmi? – dedi ishonchsizlik bilan inspektorga tikilarkan keksa professor.

– Toʻgʻri, bu murakkab ish. Biroq qotilning topilishiga ishonmasam, ovora boʻlib bu sohada ishlab yurmasdim.

Abdurasul Joʻrayev professor bilan xayrlashib xonasiga qaytganida, quyosh ufqqa yaqinlashib qolgan, oqshom salqini tusha boshlagan edi. U qogʻozlar uyulib ketgan stolini tartibga solib, kursiga choʻkdi. Bugun uchinchi odamdan taʼrifini eshitgan kimsani oʻzicha tasavvur qilib koʻrdi. Kim boʻlishi mumkin bu ustomon? U bir paytning oʻzida Afgʻonistonda, Hindistonda, Toshkentdayam paydo boʻla oladi…

Keyin xayoliga yana Murod keldi. Shaloq telefonning goʻshagini koʻtarib uning raqamini terdi. U joyida yoʻq shekilli, telefonni hech kim koʻtarmadi.

Joʻrayev parishon holatda oʻrnidan turib, xonasini qulfladi va uyiga ketdi. U oʻzini juda charchagan, holdan toygan his qilardi.

Ertalab ishga chiqqanida kayfiyati kechagiga qaraganda yaxshiroq edi. Biroq boshligʻi shu kayfiyatini ham dabdala qildi.

– Qotilni qachon qoʻlga olasiz? – dabdurustdan masalani koʻndalang qoʻydi u.

– Shu, baʼzi bir dalillarni qoʻlga kiritdik. Guvohlar…

– Bilaman, nima qilib yurganingizni. Ogʻzidan ona suti ketmagan goʻdak bilan, miyasi suyulgan ezma choldan nimayam olardingiz?! Ishga jiddiy kirishmasangiz, boʻshatib qoʻying oʻrningizni, qoʻlidan ish keladiganlar ishlasin! Boʻpti, sizga yana uch kun muhlat beraman.

Joʻrayev boshliqning xonasidan miyasiga qon tepib chiqdi. Oʻz joyiga kelib oʻtirganida telefon jiringladi. U istar-istamas goʻshakni koʻtardi.

– Allo, Joʻrayevmi?

– Ha, eshitaman.

– Men professor Obid Qodirovichman. Telefon raqamingizni qoldirgandingiz-ku.

Abdurasul Joʻrayev birdan tetiklashib, qaddini koʻtardi.

– Esimda, tinchlikmi domla?

– Bilasiz, bizning institutga sharq mamlakatlaridan kitoblar, gazeta-jurnallar kelib turadi. Bugun qoʻlimga Hindistondan kelgan bir gazeta tushib qoldi. Unda Mirmaqsud bilan birga ishlagan professor Rakesh Chopra oʻldirilgani haqida maqola bor ekan…

– Domla, siz kafedrada boʻlib turing, iltimos. Men hozir yetib boraman.

Abdurasul Joʻrayev institutga yetib kelganida Obid Qodirovich assistent yigitga nimalarnidir diktovka qilib yozdirayotgan ekan.

– Bir daqiqa sabr qilib turasiz-da, Abdurasuljon, – dedi u inspektorga oʻtirishga joy koʻrsatarkan.

Birozdan keyin professor ishini tugatdi. Assistent ham yozuv mashinkasidan qogʻozni chiqarib, professorga uzatdi. U ikki qogʻoz matnni sinchiklab oʻqib, baʼzi joylariga qalam ham tekkizib boʻlgach, tilla gardishli koʻzoynagini olib, Joʻrayevga tikildi. Keyin stoli ustida turgan ingliz tilidagi gazetani olib, kerakli joyini topdi va inspektorga koʻrsatdi. Unda qora ramkaga olingan nuroniy professor Rakesh Chopraning surati va maqola bosilgan joyga nuqidi.

– Mana bu yerda Chopraning qanday oʻldirilgani yozilgan. Keyin qotilni koʻrgan guvohning koʻrsatmasi ham berilgan. Sizga oson boʻlsin uchun, maqolani tarjima qilib, mashinkalatib qoʻydim.

U hozirgina assistent yigit bergan qogʻozlarni inspektorga uzatdi.

– Agar mumkin boʻlsa, gazetani ham…

– O, bemalol, bemalol, – dedi professor gazetani uzatarkan. – Hali maqolani oʻqib, oʻzingiz ham xulosa chiqararsiz, mening fikrimcha, bu ikkala olimning oʻldirilishida boshqa bir gap borga oʻxshaydi.

– Nega bunaqa fikrga keldingiz, domla?

– Mana qarang, Mirmaqsud ham, Rakesh Chopra ham bir vaqtning oʻzida, bir xil holatda, buning ustiga bir kishi tomonidan oʻldirilgan. Bu yerda, – professor qogʻozga ishora qiladi, – Chopraning xizmatkorining koʻrsatmasi ham bor. U qotilning koʻrinishini tasvirlab bergan. Kimni tasvirlaganini esa sezib turgan boʻlsangiz kerak…

Abdurasul Joʻrayev gazeta va qogʻozlarni olib papkasiga soldi va Obid Qodirovichga minnatdorchilik bildirib, xayrlashdi.

Xonasiga kelib professor bergan qogʻozlarni sinchiklab oʻqiy boshladi.

 

– 7-

1981 yil. Dehli. Hindiston.

Dehlidagi issiq iqlim, buning ustiga mashinalar tirbandligi, ulardan havoga chiqayotgan tutun yoshi qaytib qolgan professor Rakesh Chopraning sogʻligiga yomon taʼsir qila boshladi. U boshi ogʻrishidan, nafasi qaytib qolishidan aziyat chekardi. Natijada Mirmaqsud Miryunusov tarjima qilib bergan qoʻlyozma ustida olib borayotgan tadqiqoti oʻlda-joʻlda qolib ketayotganidan asabiylashardi. Oxir-oqibat, ishini shaharda davom ettira olmasligiga koʻzi yetib, barcha hujjatlarni olgancha Jamna daryosi boʻyidagi dala hovlisiga chiqib ketdi. Dala hovlida Jamnaning salqin havosi ufurib turar, hovliga tutashib ketgan oʻrmonzorda qushlarning sayrashi, maymunlarning shoʻx qiyqiriqlari eshitilib turardi. Dala hovlida keksa xizmatkori bangalorlik Bhishan Sinxdan boshqa hech kim yoʻq. U ham faqat ovqat, yo choy olib kirishini demasa, xoʻjayinini hadeb bezovta qilavermaydi. Xullas, mazza qilib ishlaydigan joy.

Chopra sohib qoʻlyozmani berilib oʻqirkan, baʼzi joylarini boshqa matnlarga solishtirar, qalin daftariga qayd qilardi. Sotuni olib kelgan qoʻlyozma kitob Boburshohning Ibrohim Loʻdiy ustidan gʻalaba qozongan Panipat jangi haqida edi. Unda Boburshoh lashkarining “xossa tobin”i, yaʼni xos gvardiyasi safida boʻlgan ibn Sotuna degan jangchining koʻrinishi tasvirlangan bobga kelganida Chopra sohibning ichi chumoli oʻrmalagandek jimirlab ketdi.

“Shu payt, Qobul yoʻlida ikki suvoriy qorasi koʻrindi. Avazbekning oʻtkir koʻzlari ularning bu yerlik emasligini angladi. Ular navkarlardin emasligi aniq. Ammo yerlik aholiga ham oʻxshamaydir. Sardor xos navkarini chorlab kelguvchilarni oʻz yoniga boshlab kelishini buyurdi…

– Biz Boburshoh qabatigʻa navkarlikka oʻtish uchun keldik, taqsir, – dedi oʻrta boʻy, ammo keng yelkali, mushakdor, hamrohiga nisbatan yosh va baquvvat koʻrinadurgʻon, qoramagʻiz yigit.

– Ore – deb boshini likillatib tasdiqladi, ikkinchi gʻalati koʻrinishdagi, yoshini aniq aytish mahol boʻlgan, bir oyogʻi ikkinchisidan kaltaroq boʻlganidanmi, ogʻirligini goh unisi goh bunisiga tashlab, betinim yelkasini uchirib, qoʻllarini oʻynatib turguvchi, oʻng beti dumaloq, chapi choʻzinchoq, oʻng koʻzi koʻk, chaqchaygan, chapi esa qisiqligidan gʻilayroq koʻrinadurgʻon kimsa.

Uning xuddi mushuk pixillagandek pang ovozi ham sardorga oʻtirishmadi. Ammo koʻnglida, gʻaroyib kimsaning qay goʻrdan paydo boʻlganligini bilishga boʻlgan kuchli istak uygʻonib, ularni tovachilarga uchrashishga maslahat berib, joʻnatib yuborishdan qaytardi…”

– Bu xuddi oʻsha, qoʻlyozmani olib kelgan kimsaning tasviri-ku! – xayolidan oʻtdi professorning. – Nahotki, bu navkar oʻshaning oʻzi boʻlsa…

Professor, qoʻlyozmaning davomini oʻqirkan, hayrati oʻn chandon oshib ketdi. Oʻzining yaqinda Panipat tepaligi yonida oʻtkazgan qazish ishlarida topilgan kalla suyagi, unga sanchilib qolgan oʻq, Laʼl Kumarning aytgan gaplari esiga keldi. Oʻshanda laborant yigitdan bekorga xafa boʻlganligiga, muammoning yechimi ushbu kitobda ekanligiga amin boʻldi.

– Nahotki, shunday buyuk zot, oʻz qoʻshinida shayton ham birga yurganini his qilmagan boʻlsa… Farishtalarga muallimlik qilgan bu kasofat vaqt tizginini tortish ilmini suv qilib ichib yuborgan-ku…

Professor chuvalashib ketgan fikrini tartibga solib ulgurmasidan, Jamnaning salqin epkini kirib turishi uchun ochib qoʻyilgan derazaning bir tavaqasi taraqlab yopilganidan professor choʻchib tushdi. Tashqarida allaqanday girdibod xas-xashakni osmonga uchirib oʻynardi.

– Qiziq, bu faslda, ayniqsa bu yerlarda bunaqa quyun boʻlmasdi-ku, – xayolidan oʻtdi professorning va oʻrnidan turib deraza yoniga keldi.

Qarasa, girdiboddan darak ham yoʻq. Soniya ichida hamma joy tinchib qolgan, oʻrmondan qushlar va maymunlarning shovqini ham eshitilmasdi.

Shu payt dahlizda Bhishan Sinxning ohista tashlagan qadam tovushlari eshitildi.

– Sohib, sizning huzuringizga bir kimsa kirmoqchi. Aytishicha, uch oy oldin uchrashishga kelishib olgan ekan.

Professorning xayoliga birdan oʻzini Sotuni deb atagan odam keldi.

– Ismi Sotuni ekanmi?

– Shundoq, sohib.

Professor stoli ustida turgan, “Xatti Boburiy” imlosida bitilgan qoʻlyozma kitobni qoʻliga oldi. Koʻngliga koʻp gʻulgʻula solgan bu kitob bilan ajrashish fursati yetganidan gʻalati bir tuygʻuni his qilib uning charm muqovasini siypalab qoʻydi.

– Mayli, kirsin, – dedi professor, hamon eshik boʻsagʻasida qoʻl qovushtirib turgan bangalorlik xizmatkoriga.

…Laʼl Kumar yertoʻladagi oʻz laboratoriyasidan chiqarkan, yoʻlakda bir tomonga ogʻib, lapanglab kelayotgan, gʻalati koʻrinishdagi irkit kimsaga ajablanib qaradi. Bu kimsa toʻgʻri uning oldida oyoq ildi. Qoʻlini juftlashtirib, salom alomatini qilgach, qiyshanglagancha, yelkalarini uchirib, pang ovozda soʻrashgan boʻldi.

– Professor Chopra sohibni qayerdan topsam boʻladi, janob? – soʻradi u.

Bu irkit kimsaning jahon tan olgan olimda qandaydir yumushi boʻlishini aqliga sigʻdira olmagan Kumar bir zum jim qoldi.

– Professor sohib hozir yoʻq, – dedi Kumar birozdan soʻng. – Dala hovlisida ishlayapti.

– Shunaqami, – pixilladi kimsa. Keyin qaddini biroz koʻtardi. – Professor topib kelgan boshchanoqdagi oʻq esingdami? – bu safar ovozi pixillamay, aniq va ravon eshitildi. – Oʻshani men otganman.

Kimsa hang-mang boʻlib qolgan Laʼl Kumarni yoʻlakda qoldirgancha, bir zumda koʻzdan yoʻqoldi. Kumar hovlida oʻz-oʻzidan paydo boʻlgan va bir pasdan keyin yoʻqolgan quyunga eʼtibor qaratish ham esiga kelmay, shalvirab turaverdi.

Ertasi kuni esa ishga kelayotib, sotuvchi boladan tonggi gazetani xarid qilib, birinchi sahifasiga koʻzi tushgach, gandiraklab ketib, simyogʻochga suyanib qoldi. Birinchi sahifada professor Rakesh Chopraning katta surati bosilgan va oʻqlovdek harflar bilan yozilgan tagsoʻzni zoʻrgʻa oʻqidi.

“London Qirollik akademiyasining aʼzosi, arxeologiya professori Rakesh Chopra oʻz uyida nomaʼlum kimsa tomonidan otib oʻldirildi”.

Keyingi sahifada esa suiqasd sodir etilgan vaqt va professorning xizmatkori Bhishan Sinxning koʻrgazmasi yozilgan edi. Sinxning qotilni tasvirlagan joyini oʻqiyotib Kumarning ichi muzlab ketdi. Bu oʻsha kecha yoʻlakda uchratgan irkit kimsa edi.

 

– 8-

1981 yil. Toshkent.

Oʻzbekiston.

Abdurasul Joʻrayev professor Obid Qodirovich tarjima qilgan matnga ingliz tilidagi gazetani ilova qilib ishga tikib qoʻydi. Keyin Murodga telefon qilib, qurolfurushlar “Ish”idan oʻsha praporshchikning koʻrgazmasidan nusxa olishga koʻmaklashishni soʻradi. Tushdan keyin Murod yetkazib bergan qogʻozlarni ham olgach, bemalol oʻtirib xulosani shoshilmay yozib, Mirmaqsud Miryunusovning “Ish”iga tirkagach, semizgina papkani qoʻltiqlagancha, boshliqning xonasiga yoʻl oldi. Shu payt tashqarida nimadir taraqlagandek boʻldi. Derazadan osmonga boʻy choʻzgan teraklarni shamol silkitayotgani koʻrinib turardi.

– Qiziq, – xayolidan oʻtdi Joʻrayevning, – bu paytda shamol boʻlmasdi-ku…

Abdurasul Joʻrayev boshliq qabulxonasi eshigini endi tortgandi ham, ichkaridan chiqib kelayotgan kotiba qizga urilib ketishiga sal qoldi.

– Ie, sizmisiz, Abdurasul aka, hozirgina boshliq sizni yoʻqladi, – dedi kotiba qiz bidirlab. – Shunga sizni chaqirishga chiqayotgandim.

Inspektor boshliqning xonasiga kirgach, oldin uning yonida oʻtirgan kimsaga eʼtibor bermadi. Qoʻlidagi papkani boshliqning stoliga qoʻyib, u koʻrsatgan joyga oʻtirganidan keyingina kimsaga nazar tashladi-yu, qotdi-qoldi. Bu oʻsha, taʼrifini necha bor eshitgan, badburush kimsa edi!

– Xoʻsh Joʻrayev, – dedi boshliq unga qattiq tikilarkan. – Qotilni topdingizmi?

Joʻrayev yalt etib badburush kimsaga qaradi.

– Ha, oʻrtoq boshliq, u roʻparangizda turibdi!

Boshliq kalovlanib, bir kimsaga, bir Joʻrayevga qaradi.

– Hoziroq uni qamoqqa olishga buyruq bering. Unga qarshi dalillar yetarli!

Kimsaning choʻzinchoq chap yuzi dirillab ucha boshladi. Oʻng tomoni esa qisilib ketdi.

– Bu qanaqasi, kamandir, – pixilladi kimsa, oʻrnidan turarkan.

Abdurasul Joʻrayev bir sakrab uning yoniga oʻtdi va uning uzun chap qoʻlini orqasiga qayirdi. Bu orada boshliq asli operativ xodimlikdan chiqmaganmi, uning oʻng qoʻlidan ushladi va chaqqonlik bilan kishanni oʻtkazdi. Abdurasul Joʻrayev uning yelkasidan bosib, stulga oʻtqazdi.

– Bu yerda, – dedi Joʻrayev hozirgina stolga qoʻygan papkasiga ishora qilib, – buning barcha kirdikorlari bitilgan. Barcha dalillar, guvohlar yetarli. Endi bemalol tergovni boshlashimiz mumkin.

Boshliq tugmachani bosib, navbatchi militsionerlarni chaqirdi. Ular yetib kelgunlaricha papkani ochib, birinchi varagʻini qiziqsinib oʻqiy boshladi.

Shu payt deraza tavaqasi taraqlab ochilib, quyun oʻzini ichkariga urdi. Boshliqning oldidagi qogʻozlar birdan sochilib ketdi. Abdurasul Joʻrayev hali nima yuz berganini anglamay turib, qoʻli shilimshiq narsaga tegib ketgandek eti jimirladi. Shu payt kimsa havoda eriy boshladi. Oniy lahzada uning qoʻllarida poʻlat kishanni qoldirib kimsa daydi girdibodga qoʻshilib xonani tark etdi. Girdibod orasida uning badburush yuzi koʻrindi va xunuk qahqahasi eshitildi, deraza taraqlab yopilib, xona bir zumda tinchib qoldi.

Joʻrayev kishanni hamon ushlab turar, boshliqning stoli ustidagi Miryunusovning “Ish”i yer yutgandek gʻoyib boʻlgandi.

Bu ajabtovur ish Abdurasul Joʻrayevning ham, uning boshligʻining ham boshiga ogʻir savdolarni soldi. Har ikkalalarining koʻrgazmalarini eshitgan rahbarlar ularni jinnixonaga joʻnatib yuborishlariga sal qoldi. Boshliq nafaqaga chiqib qutulgan boʻlsa, Abdurasul Joʻrayev poytaxtdan olisdagi bir choʻl tumani jinoyat-qiduv boʻlimi boshligʻi vazifasiga, surgunga joʻnatildi.

 

Bahodir ABDURAZZOQ

https://saviya.uz/ijod/nasr/girdibod/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x