Ishqing bilan

Diloromning botini yashin urgan daraxtdek kuyib ketdi. Bu azob suymaganiga erga bermoqchi boʻlishganida boshlangan, hamon ichu tashi yonadi. Oʻsha kundan mungli koʻzlari yoshga toʻlib yurdi. Nigohini odamlardan olib qochishga oʻrgandi, ammo ixtiyorsiz harakatlari yuragida lovullab turgan olovni oshkor qilib qoʻyayotgandek boʻlaverdi.

Toʻy hamshiralik kollejini bitirishi arafasida boʻldi. Qoʻl-oyogʻini bogʻlagudek qilib qoʻshni qishloqlik Zafar degan yigitga erga berishdi. Onasiga zor-zor yigʻlab dardini aytdi: “Umar akamni yaxshi koʻraman, u kollejimizda bogʻbon”, dedi. Toʻtinisa opa tushungandek boʻlgandi. Otasi qahr bilan gapni kesdi: “Qizingni oʻqishga yuborganman, yigit topishgamas!”. Otasining gapi uyda qonun. Unga hech kim qarshi borolmadi.

Toʻy oʻtganiga bir hafta boʻldi. Zafar – uning eri, toʻy arafasida uchrashganlarida yaxshi koʻrishini aytgan. Dilorom ham unga oʻrganib qolgandek edi. Kecha uylariga, ota-onasini koʻrgani borganida dardi qayta yangilandi. Uyida oʻzining xonasiga kirib qayta dunyoga kelgandek boʻldi: kitoblari, qizlik kiyimlari begʻubor kunlarini yodiga soldi. Hammadan yashirib yurgan otash tuygʻulari yana lovullab yondi. Rohatbaxsh onlar arimasligini istab koʻzlarini yumdi. Bir tomchi qaynoq yosh yonogʻiga yumaladi. Boshini koʻtarib, koʻzini ochganida shirin xotiralari vaqt puchmoqlariga singib ketdi… Lekin mudom roʻyoga qaytmoq bor… Endi taqdiridan qocholmaydi…

Dilorom xona oʻrtasida tik turganicha koʻzini ochdi. Nigohi kichik javon ustidagi oq-qoʻngʻir ayiqchaga qadaldi: bu ayiqchani Umar akasi tugʻilgan kunida sovgʻa qilgan. U ayiqchani olib, begonalar koʻrib qoladigandek qoʻrqa-pisa atrofiga alanglab, bagʻriga bosdi. Momiq yungiga yuzini qoʻyib, Umar akasi bilan oxirgi uchrashgan kunlarini esladi.

…Dilorom kollejga yoʻlovchi avtobusda qatnardi. Bugun juda erta keldi. Kollejning keng yoʻlagidan yurib borayotganida chap tarafda shitirlagan ovoz eshitildi. Choʻchib oʻsha tomonga qaradi. Naʼmatakzorda tokqaychi ushlagan boʻydor, bugʻdoyrang, qotma yigit, kollejlarining bogʻboni – Umar akasi turardi.

– Dilor, buyoqqa qara, – dedi u yoqimli jilmayib.

– Yoʻq.

– Bir zumgina.

– Birov koʻrsa uyat boʻladi.

– Bir zum dedim-ku?

Dilorom atrofga alanglay-alanglay Umar akasi tomon burildi. Koʻklamda boshliqlar bogʻbonga naʼmatakzorni yoʻqotishni buyurishgandi. Umar gulga kirgan butalarga achindi. Qoʻliga qoʻlqop kiyib, bolta, tokqaychi bilan bir hafta ishladi. Tikanli butalarni chilpib, qoʻrgʻon shakliga keltirdi. Oq, pushti gullarga burkangan yashil qoʻrgʻonning kirish, chiqish “eshik”lari ham bor edi. Bu ajoyibotni koʻrgan boshliqlar vajohatlaridan tushishdi. Shundan buyon Umar naʼmatakzorini mehr bilan parvarishlaydi. Doira shaklidagi yashil qoʻrgʻonning oʻrtasidagi maydon ajriq bilan qoplangan. Umarni koʻpda shu yerdan topish mumkin edi.

Dilorom qisinib-qimtinib Umar akasiga yaqinlashdi. U qizni naʼmatakzorning ichkarisiga boshladi.

– Bugun qanday kun, bilasanmi? – dedi erkalovchi ovozda.

– Yoʻq.

– Tugʻilgan kuning, oʻn sakkizga toʻlding.

– Voy, siz ham bilasizmi?!

– Sen haqingda hamma narsani bilaman, seni yaxshi koʻraman!

– Uyat!

– Nimasi uyat, yaxshi koʻrish uyatmi? Kollejni bitiryapsan, baribir senga uylanaman. Faqat…

– Nima?!

– Uyingdagilar berisharmikin? Otam rais boʻlgan, deganding. Biz onam bilan yolgʻiz yashaymiz, otam ham oʻtib ketgan, – Umar biroz jimib qoldi. – Men oddiy bogʻbon boʻlsam, boʻsh paytimda ustachilik qilaman. Sen bularni bilasan…

– Baribir yaxshisiz.

– Rostdanmi?!

– Rostim.

– Kel, bitta oʻpay!

– Voy! – Dilorom oʻzini orqaga oldi.

– Toʻxta, Dilorom, senga sovgʻam bor.

Yurib borayotgan Dilorom oʻgirildi. Umar oʻtloqning bir chetidan katta sellofan olib uzatdi:

– Bu tugʻilgan kuningga sovgʻa.

Dilorom sellofanni ochib, quvonchdan qiyqirib yubordi:

– Voy, ayiqcha-ku!

– Ayiqcha.

Dilorom oq-qoʻngʻir ayiqchani sellofandan chiqarib mahkam quchoqlab oldi. Momiq yungli ayiqchaning toʻshi, yelkasi qoʻngʻir, qolgan joylari oppoq edi.

– Bu – men, – dedi Umar ayiqchaning qoʻngʻir yelkasini dagʻal kafti bilan silay turib, – bu esa sen, – ayiqchaning oppoq boshiga qoʻlini qoʻydi.

– Nega? – Dilorom koʻzlarini pirpiratib unga qaradi.

– Meni qara, qoravoyman, oyim erkalatib shunday deydilar. Sen boʻlsa oppoqqinasan.

Dilorom uyalib koʻzini olib qochdi.

– Meni unutmaysanmi, Dilor?

– Unutolmayman.

– Ozgina sabr qil, yana biroz yigʻinay, oyimni uyinglarga yuboraman. Kutasan-a?

– Kutaman…

Ammo, u kutolmadi, kutgani qoʻyishmadi, qarshilik koʻrsatgani kuchi yetmadi… Hozir Dilorom shularni eslab ayiqchani yanayam qattiq quchoqladi.

Xonasidan oq-qoʻngʻir ayiqchani koʻtarib chiqqanida eri Zafar hayron boʻldi.

– Meniki… dugonalarim sovgʻa qilishgan, – dedi xomush boʻlib qolgan Dilorom. – Olib ketamiz.

Uylariga qaytganlarida ham Diloromning chehrasi ochilmagandi. Qaynonasi Xadicha xola buni tugʻilgan uyining xumoriga yoʻyib indamadi. Qaynotasi Erkin aka kelinga azza-bazzada eʼtibor beravermasdi.

Yotayotganlarida Dilorom oʻziga alohida joy soldi. Eri ajablanib qaragandi:

– Kasalman, – dedi. – Ertalab diplomimni olib kelgani boraman.

Zafar, shunday boʻlishi kerakdir-da, degan xulosa chiqardi, indamadi. Dilorom tunda tinch uxlolmadi. Ayiqcha yuragidagi kulga koʻmmoqchi boʻlgan choʻgʻni alangalatib yuborgandi. Umar akasining boʻy-basti koʻz oʻngidan ketmadi. Tush koʻrdi: Umar akasi uni naʼmatakzoriga chaqirarmish. Dilorom u tomonga talpinarmish-u, oyogʻiga tosh bogʻlangandek sira joyidan jilmasmish. Qoʻrqqanidan ovozi ham chiqmay qolibdi. Umar akasining oʻzi u tomonga yura boshladi, ammo sira yetib kelolmadi…

Dilorom shu alfozda tunni bir amallab oʻtkazdi, oʻrnidan turib hovliga chiqdi, yuz-qoʻlini yuvib yana uyga kirdi. Eri Zafar tinchgina uxlab yotardi. U oq-qoʻngʻir ayiqchasini mahkam quchoqlab darvozadan chiqib ketdi.

 

* * *

Erkin aka – past boʻyli, suyagi yoʻgʻon bu kishining yoshi oltmishga yaqinlagan boʻlsayam uzzukun tinmaydi. Erta saharda eski “Jiguli”sida kiraga chiqib ketgandi. Kun yoyilganda achchiq koʻk choyini qoʻmsab uyiga keldi. Hovli jimjit. Sepoyaga osilgan suzma xaltadan tomayotgan zardob suvning “chak-chak” tovushi eshitildi. Ayvonda Xadicha xola xamir qorardi.

– Kelin qani? – soʻradi dabdurustdan Erkin aka.

Xadicha xola, odatda, nafaqat kelin, uy-ichilarining ham qayerga borgani bilan ishi boʻlmaydigan erining soʻrogʻidan ajablandi.

– Qayerda boʻlardi, uyida, hali turgani yoʻq, uxlayapti, mayli uxlasin, yosh-da, – Xadicha xola keliniga yon bosdi. – Xamir qorish ham ish ekanmi, oʻzimdan ortmaydi. Zafar oʻgʻlingiz boʻlsa choy ham ichmasdan ishiga ketibdi.

Erkin aka xotinining javrashlariga eʼtibor bermasdan, ayvonning bir chetiga kelib oʻtirdi:

– Kelinni uydan yolgʻiz chiqarma… Bugun ertalab yoshgina bir kelinni mashina urib yuboribdi.

– Voy oʻlay, tirikmi?! – Xadicha xola koʻzini ola-kula qilib labini tishladi.

– Tirik deyishdi. Kasalxonaga olib ketishganmish.

– Hozirgi yoshlar xayol bilan yurishadimi-yey…

– Kir, keliningni uygʻot.

– Nega?

– Qara, kun peshinga yaqinlashyapti, billa oʻtirib choy ichaylik.

Xadicha xola sirlangan guldor xitoyi togʻorada qorgan xamirini dasturxonga oʻradi, toza koʻrpachaning qatiga oldi. Oʻrnidan turib, “Diloromxo-on, xo-o Diloromxo-on”, deganicha kelinning uyiga kirib ketdi. Bir dam oʻtmay ayvonga qaragan ikki tavaqali eshik taraqlab ochildi. Ostonada roʻmoli yelkasiga tushib, rangi quv oʻchgan Xadicha xola koʻrindi:

– Voy oʻlay-y, kelin yoʻq!

Hamon ayvon chetida oyogʻini osiltirib muvaqqat oʻtirgan Erkin aka gavdasiga yarashmagan chaqqonlik bilan sapchib oʻrnidan turdi:

– Nega?!

– Men qaydan bilay…

Er-xotinning oralaridagi masofa uzayib ketgandek boʻldi. Xadicha xola ham, Erkin aka ham bir fursat jimib qolishdi. Xadicha xolaning yuragi xonaga qamalib qolgan qushdek pitirlardi. Erkin aka – tik turganicha gʻoʻlabirday gavdasi qotib qolgan, hozir uning xayoli ming bir vahimali koʻchalarga kirib chiqayotgandi. Shu payt darvoza ochilib, Zafar kirdi. Erkin aka bilan Xadicha xola yalt etib unga qarashdi. Zafar bir-biriga roʻpara ikki uyning ayvonida bir ahvolda turgan dadasi bilan ayasiga qaradi-da, sekin yurib kelib hovlining oʻrtasida turib oldi:

– Diloromni mashina urib ketibdi, – dedi oʻzinikiga oʻxshamagan palagʻda ovozda.

– A-a?! – Xadicha xola koʻrsatkich barmogʻini tishladi.

Erkin aka oʻzi turgan ayvonning ustuniga suyanib qoldi:

– Qachon chiqib ketgandi, nega?!

– Saharda, diplomini olib kelmoqchi edi.

– Tirikmi?! – Xadicha xola ostonadan yugurgilab tushib, oʻgʻlining oldiga kelib oldi.

– Tirik.

– Nima qilibdi?!

– Meni ishxonamdan kasalxonaga chaqirtirishdi, – Zafar duduqlanib tushuntira boshladi. – Borsam…

– Nima-a?! – Erkin aka baqirib yubordi. – Mijgʻovlanmasdan gapir!

– Miyasi chayqalibdi, oʻng qoʻlidagi barmoqlarini kesib tashlashibdi, – alam bilan baqirdi Zafar.

– Kirdingmi? – Erkin aka bunga oʻgʻli aybdordek oʻdagʻaylab, vajohat bilan uning oldiga keldi.

– Yoʻq! – Zafar otasiga tik qaradi. – Kirmadim!

– Nega?

– Menga invalid xotin kerakmas! Oʻrtoqlarim nima deyishadi, ularning oldida qanday bosh koʻtarib yuraman, dada?!

– Voy shoʻrim-m, – Xadicha xola yuzini qoʻllari bilan berkitib choʻk tushib oʻtirib oldi. – Endi nima boʻladi, qudalarni oldida…

 

* * *

Kasalxonaning nimqorongʻi yoʻlagida ikki ayol gaplashib turishardi.

– Meni kechiring quda, – dedi Xadicha xola koʻziga yosh olib. – Qizingizni asrolmadim.

Undan yoshrogʻi – Toʻtinisa opa boshini chayqadi:

– Sizda ayb yoʻq. Qizimning peshanasi shoʻr ekan.

– Unday demang, oʻrgilay, hali yaxshi boʻlib ketadi.

– Joni omon qolganiga shukr.

– Oʻgʻlim, Zafar…

– Hammasini eshitdim, taqdir shunday ekan, sizlarni ham ayblamayman… Hamma ayb oʻzimda.

Xadicha xola qudasining bu gapiga tushunolmay, tikilib qoldi. Oraga sovuq sukunat choʻkdi.

– Men oʻgʻlim bilan gaplashaman, – Xadicha xola bu gapni pichirlab aytdi.

– Keragi yoʻq, qiynamang oʻgʻlingizni.

Xadicha xola javob qilmadi, boshini egib, eshik tomonga yurib keta boshladi. Yoʻlakda boʻydor, qotma bir yigitga urilib ketishiga bir bahya qoldi. Yigit oʻzini chetga olib, yoʻl berdi. Shoshib Toʻtinisa opaning oldiga keldi. Boshini egib, biroz jim turdi. Toʻtinisa opa Dilorom yotgan xonaga ishora qildi:

– Kiring, oʻgʻlim.

Yigit shoshilib eshikni ochdi. Oʻrinda yotgan Dilorom yalt etib qaradi:

– Umar aka!

– Men keldim, Dilorom!

Dilorom avval suyunib ketdi, keyin koʻzlarini chirt yumdi:

– Endimi? Endi… kech, – Diloromning yonogʻiga yosh oqib tushdi.

Yigit ikki qoʻlini koʻksiga qoʻyganicha unga yaqinlashdi:

– Sendan boshqa kimim bor, Dilorom, bilasanmi jonim, kimim bor… Onam, yolgʻizgina onajonim bor. Sen boʻlsang, sen qoʻngʻiroqlarimga javob bermay qoʻyding. Toʻyingni eshitganimda adoyi tamom boʻldim, Dilorom! Uyingga kelmoqchi, seni olib ketmoqchi edim. Onam, onajonim ostonaga yotib oldilar, “senga bir narsa boʻlsa, oʻzimni oʻldiraman”, dedilar. Men boshimni devorlarga urib oʻkirdim, Dilorom, yigʻlamadim, ovozim osmonlarga yetib bordi. Sen eshitmadingmi, Dilorom?! Tunda izlaring qolgan naʼmatakzorga borib yotdim. Ajriqzorni mushtlab “dod” dedim, Dilorom, ohlarimni eshitmadingmi?! Endi seni tashlab ketmayman, ketolmayman. Menga boshqa hayot yoʻq, Dilorom, tushunyapsanmi, hayot yoʻq… Qara, ayiqchamiz ham shu yerda ekan… Sen… unutmabsan-da!

– Qanday unutay, Umar aka, unutish mumkinmi? – Dilorom piqillab yigʻlay boshladi. – Ayiqchamni quchoqlab uydan chiqdim… Kollejga bormoqchi, sizni koʻrmoqchi edim… Yoʻlda mashina urib yubordi… Bu qanday boʻlganini bilmayman, xayol bilan ketayotgandim. Kasalxonada oʻzimga keldim. Hamshira aytib berdi, ayiqcha tufayli tirik qolibman. Boʻlmasa boshim majaqlanib ketarkan… Endi barmoqlarim yoʻq, eshityapsizmi, Umar aka, nogironman! Endi ularga kerakmasman, u kelmadi, hech kimga kerakmasman.

– Sen menga keraksan, Dilorom!

– Sizga munosibmasman, qanday, axir…, – Dilorom yigʻlab yubordi. – Nogironman men, Umar aka!

– Men senga barmoqlarimni beraman!

Dilorom boshini chayqab teskari qarab oldi.

– Ishqing bilan ado boʻldim, Dilorom, menga bir qara!

Dilorom sekin boshini u tomonga burdi. Jilmaydi.

– Siz oʻsha-oʻshasiz, faqat ozibsiz, koʻzlaringiz… muncha chiroyli!

– Ular seni koʻrish uchun yaralgan.

– Shunaqamisiz?

– Sensiz yasholmayman, endi menikisan!

– Shu ahvolda-ya? – Dilorom bu gapni ohista, xotirjam aytdi.

– Ha!

Xonaga Toʻtinisa opa kirib keldi.

– Oyi, bu kishi Umar akam, – dedi Dilorom.

Toʻtinisa opa indamadi.

 

Abdujalol RAHIMOV

 

“Ijod olami”, 2017–4

https://saviya.uz/ijod/nasr/ishqing-bilan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x