O, dilim!
Dilim, sendan oʻtar barcha yozmishlar,
Kelar, ketarlarga ochiq darchasan.
Senga aksin chizar bahorlar, qishlar,
Goh butunsan, gohi parcha-parchasan.
Goh xazon boʻlasan kuzning poyida,
Goh gʻuncha ochasan shoxning uchida.
Goho egilasan soʻzning poyida,
Choʻkasan gʻussayu ohning ichida.
Men noshud gʻamkashing, noshud hamrohing,
Seni asray olmay gʻamlarga berdim.
Soʻz boʻlib toʻkilsa, chekkan har ohing,
Ilhom degan oʻtli damlarga berdim.
Seni ezaverib soʻz topdim faqat,
Oʻzing yigʻlab, nomim burkading shonga.
Ming yillik armoning boʻlsa-da qat-qat,
Men yana bagʻringni toʻldirdim qonga.
Bilaturib boshing kundaga qoʻydim,
Muhabbatga berdim, men seni dilim.
O, uni oʻzimdan ortiqroq suydim,
Ayriliqdan seni ayladim tilim.
Ishq dardi kunba-kun aylarkan asir,
Sendan ayrilaman zarrama-zarra.
Taqiqlar, taʼnalar qilmaydi taʼsir,
Yigʻlataman seni million karra.
Sevgining jabrini sen tortasan dil,
Yosh boʻlib tomasan kipriklarimdan.
Men tashiyveraman ishq qoʻliga gul,
Ayrilsam-da, najot koʻpriklarimdan.
Bilaman, qilichin qayraydi qismat,
Bilaman, aytganin qildiradi kuz.
Gʻiybat bozorida yayraydi, qismat,
Baxtga tik boqmoqqa qolmaydi ham yuz.
Tushdan soʻng
Men endi bilaman, bu umr shitob,
Koʻkdagi quyoshday ketib bormoqda.
Bulutlar poylaydi hasratda tutab,
Kunlar orzularni yutib bormoqda.
Endigi qoʻshiqlar yana dardliroq,
Muhabbat (bor boʻlsa) qadrliroqdir.
Endigi tunlarni bezaydi firoq,
Joʻshqin xitoblar ham faqat soʻroqdir.
Ey doʻst, ginalashib yurmaylik, kuyib,
Arazlab ketmoqqa yetmaydi fursat.
Bizni Gʻarbu Sharqda kuttirib qoʻyib,
O, oʻzi kutmaydi, kutmaydi fursat.
Endi tarqab ketdi oʻjarliklarim,
Yillarga yengildim, bosilib qoldim.
Bu koʻngil mehrga muhtoj va yarim,
Daraxtga yaproqday osilib qoldim.
Gul boʻlgim keldi
Qorga bergan edim ildizlarimni,
Nega seni koʻrgach, gul boʻlgim keldi?
Bulut yashirgandi yulduzlarimni,
Seni koʻrgach, yorugʻ kun boʻlgim keldi.
Bagʻishlagim keldi qirqta jonimni,
Bilmam, imkonimda qanchasi qoldi?
Qizgʻaldoqlar kirib olib qonimga,
Tashrifingni kutib buncha chayqaldi.
Tushunarmikanlar yillar tilimga,
Menga tizginini tutqazarmikan?
Yomgʻirlar yogʻmagan sahro dilimga,
Bir tupgina nihol oʻtqazarmikan!?.
Yana toshga
Sellar bilar ekan sening tilingni,
Kelsalar loylanib, toshib, eshilib,
Oʻshalarga darrov berding qoʻlingni,
Nomaʼlum tarafga ketding qoʻshilib.
Yellar bilar ekan sening tilingni,
Yelsalar, ming yillik oʻrning unutding.
Ming yil ichga yutib yurib tilingni,
Birdan hayqirgancha yumalab ketding.
Tilsizlar bilarkan sening tilingni,
Yasharlar yoningda ular tosh boʻlib.
Toʻrt yoningdan toʻsib olib yoʻlingni,
Ming yil uxlaydilar, senga bosh boʻlib.
Dilsizlar bilarkan sening dilingni,
Na unga, na senga kerak emas, ishq.
Oddiy tosh bilarkan sening feʼlingni,
O, senga shart emas ekan kuy, qoʻshiq.
Ayt, netsam, men sening tiling bilaman,
Yana qancha toshga urib chiqay bosh?
Voh, nechun cajdaga takror kelaman,
Qachon toshligingdan kechasan, ey tosh?
Tilak
Sizga yetgan har bitta ozor
Vujudimga tikandek botar.
Shodligingiz koʻrganim damlar
Yuragimda oppoq tong otar.
Yoʻlingizga intiq koʻzlarim,
Sogʻinaman: har lahza, har on.
Sizga mehrim, sizga hurmatim
Men sogʻ boʻlsam, yashaydi omon.
Dilingizning zanjirlariga
Butun umr bogʻligʻingizman.
Sola olmas hech kim xavf-xatar
Men sogʻ boʻlsam sogʻligʻingizga.
Xosiyat BOBOMURODOVA
“Sharq yulduzi”, 2012–5
https://saviya.uz/ijod/nazm/yuragimda-oppoq-tong-otar/