Kuldirgich

 – Qancha boʻldi kasal boʻlganingga, Kuldirgich?

– Uch yil.

– Birinchi kasal boʻlgan kuning zoʻr-a!? Hamma seni koʻrgani keladi!

– Ha, haqiqatan ham, zoʻr boʻladi… rosa koʻpchilik keladi birinchi kunlari. Sendayam shunaqa boʻlganmi, Boyboʻta?

– Ha, shunaqa boʻlgan, hamma qarindoshlarimiz kelgan. Bir kunda yetti-sakkiz kishi kelardi. Opkelgan narsalardan maza qilardim.

– Menga kichkina ammam qarardi, oʻzi ham kasal edi, lekin roʻzgʻorni eplay olardi. Turmushi boʻlmagani uchun biznikida yashardi, siqilaverib, menga oʻxshab kasal boʻlgandi… Xarakteri zoʻr edi-da, ammo-lekin… Keyinroq kasal koʻrgani kelgan odamlar kamayadi. Agar kasaling birdan yomonlab qolsa, qarindoshlaring yana yangitdan kelishni boshlaydi.

– Mendayam xuddi shunaqa boʻlgan! Borib-borib hech kim kelmay qoʻyadi. Aytding-ku, qachon ogʻirlashib qolsang, odamlar yana har kuni kelishni boshlaydi. Oxiri zerikadi shekilli, kam keladi, kelganlari ham faqat quruq non koʻtarib keladi. Bir kuni ancha ogʻir yotganimda birdaniga koʻp qarindoshlarimiz kelgan. Yarim tungacha oʻtirishgan. Ularning gaplarini eshitib yotardim, koʻnglim aynib, qayt qilaverganimdan hech narsa yemaganman kun boʻyi. Ular dasturxon atrofida oʻtirishib poʻrr-poʻrr ovoz chiqarib koʻk choy ichar, allanarsalarni gʻoʻngʻillab gapirardi: uyga xuddi qovoqari qamalib qolganga oʻxshardi. Baʼzan hamma jimib qolardi: qovoqari oynaga urilib, deraza tokchasida turgan gultuvak ichiga quladi deb oʻylardim oʻzimcha. Onam shunda jimlikni buzib, toʻxtovsiz: “Dasturxonga qarab oʻtiringlar, mehmonlar, olinglar, olinglar!” derdi. Keyin otam ham qoʻshilib “Olinglar, olinglar,” deb qoʻyardi. Enamning koʻzi kechqurun yaxshi koʻrmasdi, lekin u ham mehmonlarga “Qani, olmaysizlarmi? Qaranglar dasturxonga!” derdi. Shunda mehmonlarning ham “Qani? Qani? Olib oʻtiringlar-chi!” degan ovozi kelardi. Men yarim tunda ular nima yeyishyapti ekan deb bosh oʻgirib qaraganimda, dasturxonda qoʻshnimiz Soyib tegirmonchi kuydirib chiqargan achimsiq-taxir undan yopilgan qora nonning qotgan boʻltamlaridan boshqa hech narsa yoʻq edi. Nonga hech kim qoʻl uzatmas, lekin hamma “Ha, olyapmiz!” deb bosh irgʻab qoʻyardi, xolos. Faqat shaharlik togʻam uyalganidan qoʻliga non olib, tishi oʻtmaganidan choyga ivitib yeb oʻtirardi. Shunda togʻam nonning gardishini tishlab oʻtirganini koʻrdim. “Ha, togʻam endi shahardan emas, qishloqdan uylanar ekan”, deb oʻyladim. Bilasanmi, Kuldirgich, nonning chetini tishlasang, qishloqning chetidan uylanasan, oʻrtasidan tishlasang, oʻrtasidan. Shuni togʻamga aytmoqchi boʻldim, lekin oʻshanda tilim aylanmagan. Ichim yomon achib, yana qayt qilib yuborganman.

– Komaga tushishingdan avval shunaqa boʻlar ekan, doʻxtir aytishicha, qonda atseton koʻtarilib ketib, butun badanni zaharlar ekan. Boyboʻta, oʻzi sen qachon birinchi marta komaga tushgansan?

– Ikki yil boʻldi. Bir kun komada yotganman. Sen komada yotganingda nimalar boʻlishini bilasanmi? Men hech narsa eslay olmayman. Keyin boshqalar senga nima boʻlganini gapirib beradi-a?

– Ha, shunaqa. Komaga tushsang hech narsani eslolmaysan. Men ertalab soat oʻnda komaga tushganman. Yetti soat komada boʻlib, kechga borib oʻzimga kelganman. Menga ham boshqalar gapirib berishgan nima boʻlganini. Oʻshanda men juda koʻp yugurib yuborganman-da oʻzi. Qanaqa kasalga chalinganimni doʻxtirdan eshitgan otam bilan onam tuni bilan yigʻlab chiqqan. Men boʻlsa ertalab turib chopaverganman. Adirga chiqib olib yugurganman. Shuvoqlarni shatiratib, chirtillatib uzib chopganman, qomgʻoqlarning ustidan sakrab-sakrab oʻtganman, oyoqlarimni yantoqqa yumtalatib yugurganman. Shimimning pochasidan tizzamgacha qoʻytikanga toʻlib ketgan. Men betoʻxtov chopaverganman. Shamoldan, quyundan ham tez chopayotgandek edim oʻshanda. Chopaversam tuzalib ketaman, deb oʻylagan boʻlsam kerak-da! Oyoqlarim qontalash boʻlib uyga yetib kelganman-da, komaga tushganman. Ammo-lekin kasalxonada gʻira – shira bir gavda koʻzimga koʻringanda, xudo boʻlsa kerak, deb oʻylaganim esimda bor. Koʻp yugurganim uchun mening oldimga keldi, deb oʻylaganman. Keyin bilsam, u doʻxtir ekan. Komadan chiqqan paytim yonimga kelib: “Meni koʻrib kulganing esingda qoldimi?” deb soʻragan.

– Senga Kuldirgich deb emas, “Yugurongʻich” degan laqab qoʻyish kerak ekan. Lekin ukol olganingda ham kulasan-a, nega?

– Ogʻrimasin deb kulaman. Kulaverganimdan koʻkragimga kateter qoʻymoqchi boʻlgan hamshiralar yomon qiynaladi, bir gal bittasi jahli chiqib kateterni oyogʻimdagi tomirimga qoʻygan.

– Hozir kateterni qoʻldagi tomirga ham qoʻyadi. Oxirgi marta reanimatsiyada yotganimda plastik ignali kateter qoʻygan, egiladigan, yumshoq boʻlgani uchun qimirlab ketsang ham ogʻrimaydi, temir igna oʻsha plastik igna ichiga tiqiladi. Bu yerni reanimatsiyasi yaxshi ekan, doʻxtirlari ham yaxshi. Men oʻzimizning tumandagi kasalxonada yotganimda onam tuni bilan derazadan qarab oʻtirgan ekan. Ertalab nega uyga ketmaganini soʻrasam, onam “Bolam, komada yotganlarning qonini oʻgʻirlab sotishadi, deb eshitganim bor edi, qoningni, joningni oynadan qarab qoʻriqlab turdim,” degan. Odamning jonini oʻgʻirlasa boʻladimi-a, Kuldirgich?

– Kerak boʻlsa joningni ham oʻgʻirlaydi-da! Men oʻtgan yili oʻzimizda reanimatsiyaga tushganimda sakson yoshli bir momo yonimda yotgandi. Oʻsha momo nuqul: “Indamay tursang, joningni ham oʻgʻirlaydi bular”, deb baqirardi. Menga koʻzi tushib qolsa: “Sen tirrancha, nima qilib yotibsan beyda? Tur oʻrningdan, borib enangni oʻchogʻiga oʻt qala, mushtdek boshing bilan pishirib qoʻyibdimi senga bu yerda yotishni?” derdi. Oʻsha payt meni yana yugurgim, shartta koʻchaga chiqib keng dalaga qarab chopgim kelardi. Dim edi-da havo, agar gʻizillab chopaversam, koʻylagimning etaklaridan koʻtarilgan shamol havoni qoʻzgʻatib yuboradi, deb oʻylaganman. Lekin oʻrnimdan turolmaganman. Momo ertasiga oʻlgan. Hech kim bilmay qolgan oʻlganini. Bitta yangi ishga kelgan hamshira bor edi, oʻsha kelib momoning bilagiga ukol qilmoqchi boʻlgan, ammo lekin terisiga igna kirmagan sira. Oxiri u katta hamshirani chaqirib kelgan. “Joning chiqqur, kampir oʻlib boʻpti-ku, endi terisiga igna kirarmidi”, degan boʻtqa hamshira kichkinasiga baqirib. Oʻshanda momoning jonini tunda kimdir oʻgʻirlagan boʻlishi mumkinmikin, deb oʻylayman baʼzan. Chunki reanimatsiyadan kimdir oʻlib chiqadi, kimdir tirik chiqadi. Xudoyim oʻzi bilib kimnidir jonini boshqa bir zoriqqanroq kimsaga berib yuborarmikin… Kinolarda borku, kimningdir joni qaytib keladi yoki birovning joni boshqasiga oʻtib qoladi. Toʻgʻrimi, Boyboʻta?

– Ha, baʼzan hayvon yoki qushlarga ham oʻtadi, deb eshitganman. Men qachon qoʻrqib ketsam, odamni joni oʻlganidan keyin sher yoki yoʻlbarsga oʻtsa zoʻr boʻladi-da, deb oʻylardim. Chunki keyin u hech narsadan qoʻrqmaydi-da.

– Qoʻrqadi baribir. Ovchidan qoʻrqadi. Men tez yuguraman-ku, shunga jonim shamolga oʻtsa zoʻr boʻlardi, lekin shamolning joni boʻlarmikin, deb oʻylab qolaman. Qushga oʻtsayam yomon boʻlmasdi, pirr etib uchasan-da ketasan, hech kim tutolmaydi. Xohlagan tomoningga qarab uchasan.

– Joning qushga oʻtsa shoʻring quriydi, Kuldirgich! Anovi paloponga oʻxshab, ana, qara! Anovi mushukni qara, chumchuq bolasini tutib olibdi. Uyidan olib tushdimikin?

– Chumchuq emas, olaqanotning bolasi shekilli. Mushuk daraxtning uchigacha chiqolmasa kerak. Kechasi rosa shamol boʻldi-ku, shunda uyasidan tushib ketgan. Mushukka tekin ovqat boʻpti-da endi.

– Qara, bizdan qizgʻanyapti. Darrov yeb qoʻya qolsa boʻlmasmikin, hammaga tomosha qildirmay.

– Koʻzini qara, qoʻrqinchli-a, Boyboʻta? Nima boʻlsayam joning shu mushukka oʻtmasa boʻldi. Etim jimirlab ketyapti… Xayriyat ketdi, hoʻv oshxona ortidagi katta temir oʻchoqning tagiga borsa kerak endi. Qushning joni chiqib boʻlgandir hozirgacha, qayerga ketdiykin, kimga oʻtdiykin?..

– Sen bunaqa gaplarga ishonaverma, faqat kinolarda boʻladi bunaqasi… Lekin joningni birov oʻgʻirlab olsa, seni ham oʻgʻirlaydi-da!? Joning bilan bittasan-ku axir… Hali kechqurun Nasiba opash gʻirchillatib dumbangga igna sanchganda gʻiltillab koʻzingdan yosh chiqarsang, demak, joning oʻzingniki boʻladi, hi-hi-hi…

– Ha, oʻl-a, kul-a! Men har gal oʻzimga insulin urganimda jonim oʻzimda ekanimni bilib turaman.

– Sen yaxshi ekansan, Kuldirgich, insulinni oʻzing olasan. Uyda menga hali ham oyim ukol qiladi.

– Avvallari insulin ukolni menga kichkina ammam qilardi. Oʻtgan yili kelganimda shu yerdagi hamshiralar oʻrgatdi. Oʻshandan beri oʻzimga oʻzim ukol qila olaman.

– Menga ham oʻrgatishmoqchi, lekin men sal qoʻrqyapman.

– Qoʻrqma, Boyboʻta, bu yerning doʻxtirlari yaxshi, birpasda oʻrganib olasan. Bu yerda ovqatlari ham yaxshi. Menga ayniqsa kotleti yoqadi. Nega bizda hech kim shunaqa kotlet pishira olmas ekan-a? Agar kichkina ammam ham shu yerda davolana olganda edi, balki kotlet pishirishni ham oʻrganib olgan boʻlarmidi?

– Nima, ammang bu yerda davolansa boʻlmaydimi?

– Kattalar uchun davolanish pulli, qimmat-ku. Menga bir yilda bitta tekin bron beradi. Otam qishda obkemoqchi edi, koʻnmadim. Bahorda yo yozda boraman dedim. Qishda sovuqni yomon koʻraman, yozda issiqqa chidolmayman, shamol boʻlmaydi-da umuman. Mana hozir shabadani qara, maza. Agar shunaqa shabadaga qarshi yugursang yanayam maza qilasan. Qani endi hozir dalaga chiqib chopolsam, ortimdan kichkina ammam qichqirib qolardiyov: “Kuldirgichim kuldirgichmas kuydirgich boʻldi”, deb.

– Nega senga Kuldirgich degan laqab qoʻyishgan? Men yoshligingdan hammani kuldiraverganingdan seni hamma Kuldirgich desa kerak deb yurardim. Betingda kulgiching ham yoʻq-ku.

– Yoʻq, meni emas, kichkina ammamning yuzida kulgichi bor. Menga koʻp aytardi: “Shu kulgichim boshimga bitgan balo boʻldi”, deb. Pochcham ammamni koʻp urgan-da, nimaga begonalarga kulib qaraysan deb. Lekin ammamning yuzida xudo bergan kulgichi boʻlsa, unda nima ayb, toʻgʻrimi, Boyboʻta? Aslida bizda kuldirgich deb boshqa narsani aytadi. Sen oʻzi kuldirgich nimaligini bilasanmi?

– Yoʻq, nima edi oʻzi u?

– Kuldirgich adirda boʻladi, toʻpigʻinggacha botib ketadigan boʻrsildoq mayin tuproqda. Pista sotadigan kampirlar daftarning varagʻini voronka qilib oʻraganini koʻrganmisan? Ha, xuddi shunaqa shaklda boʻladi kuldirgichning ini. Chumoli kelib inga sirgʻalib tushib qolganda u tuproq tagidan chiqib chumolini pastga, tuproq ichiga tortib ketadi. Oʻsha yerda yeb bitiradi chumolini.

– Zoʻr ekan-u. Chumoli indamay kelib tushib qolaveradimi tuzoqqa?

– Hamma chumoli ham tushavermaydi. Ajali yetgani tushadi-da. Chumoli kelib pastda bir nima bor ekanmi, deb paypaslab koʻradi. Shunda in labidagi tuproq toʻkilib, ichiga chumoli qulab tushadi. Chiqmoqchi boʻladi, lekin mayin zarra tuproq oʻpirilib tushaveradi. Qizgʻish chumolilarning baʼzisi rosa epchil, kuchli boʻladi. Oyogʻi va beli uzunligi uchun tuzoqdan chiqib ketishi ham mumkin. Bu payt kuldirgich tirs-tirs qilib boshi bilan chumoliga tuproq otadi. Tuzoqdan endi chiqaman degan chumoli yana pastga sirgʻalib-qulaydi. Biz chumoli terib kelib kuldirgichning uyasiga tashlab poylab oʻtirardik. Kuldirgich yer tagidan chiqib kelib chumolini oyogʻidan pastga torta boshlaganda uya atrofidagi tuproqni shartta hovuchlab, qorasaqichi issiqdan bilqillab turgan asfalt yoʻlga olib chiqib toʻkardik. Keyin kichkina ammam eskirgan unning mitasini terganga oʻxshab tuproqni kaftimiz bilan yoyib, kuldirgichni qidirardik. Topish qiyin edi, kanaga oʻxshash, lekin kesakrang, kalta oyoqlari ipdek ingichka, rosa xunuk narsa boʻladi. Kim birinchi topib olsa, oʻsha darrov kuldirgichni tovoniga ezgʻilab surtib olardi. Tez chopadigan qiladi-da u odamni. Keyin katta yoʻlda kimoʻzarga chopardik.

– Rostdan ham oʻsha narsa odamni tez yuguradigan qiladimi?

–… Rost boʻlsa kerak. Tovonimga juda koʻp kuldirgich surganman, chopagʻonligim shundan-da. E, shunaqa chopardimki, shamoldan ham tez yugurganga oʻxshardim. Shunga meni avval oʻrtoqlarim, keyin hamma Kuldirgich deb chaqiradigan boʻldi. Chopagʻon boʻlsang yaxshi edi-da, qoʻylarni qaytarib kelishga ham ulgurarding. Birovning paykaliga qoʻying kirib ketib, keyin soʻkish eshitmasding-da. Birinchi marta kasal boʻlgan kunim ham rosa koʻp kuldirgich tutganmiz, keyin rosa yugurganmiz. Kechqurun oʻzimni bilmay toʻshakka yotib qolganimda qulogʻimga faqat yelkamdan gʻizillab oʻtayotgan shamolning ovozi gʻiz-gʻiz etib eshitilardi, xolos. Shunda kichkina ammam aytib yigʻlagandi “Kuldirgichim kuydirgich boʻldi” deb…

– Ha, zoʻr narsa ekan bu kuldirgiching. Yaxshiyam mayda narsa, odamlarni tortib ketmaydi.

– Endi esimga tushdi, qara, Boyboʻta! Komaga tushganimda nima boʻlganini birinchi marta eslayapman, shekilli… Ha, oʻshanda men kuldirgich emas, boshi aylanib tuzoqqa tushib qolgan chumolidek edim nazarimda. Tepaga emaklab chiqmoqchi boʻlaman, biroq pastga sirgʻalib tushaveraman. Barmoqlarim orasidan shuvillab tuproq toʻkilaveradi, hech narsani ushlab boʻlmaydi. Pastga qarashga qoʻrqaman. Kalta, ipdek ingichka qoʻllar oyogʻimdan tortayotgandek boʻladi. Men chumoli emas, Kuldirgichman deb baqirmoqchi boʻlaman, lekin tilim aylanmaydi. Qoʻllarimda tuproqni gʻijimlab ushlamoqchi boʻlaman, lekin ushlaydigan hech narsa yoʻq. Tepada gʻira-shira sharpalar koʻrinadi, lekin tortib olish uchun hech kim qoʻlini uzatmaydi, chaqirasan, eshitmaydi. Rosayam choʻzilib ketadi bu, keyin, qani endi hammasi tezroq tugasa edi deysan. Ha, shunaqa, xuddi shunga oʻxshash boʻlgandi.

– E, qoyil! Sen nimanidir eslayapsan-ku, meni esimda hech narsa qolmagan… Kuldirgich, qara! Anovi naynov kelyapti, hozir bir shumlikni boshlamasa boʻldi…

– Hey, pandavaqilar! Haliyam shoʻtta valaqlashib oʻtiribsanlarmi? Kettu, qizlarni oynasidan moʻralaymiz.

– Ketdik, ketdik! Chop, Kuldirgich! Oʻzib ket-chi undan!

– Chopdik, Boyboʻta! Qani, kim menga yetib olarkin!?

 

Muhammad ShARIF

 

“Sharq yulduzi”, 2012–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/kuldirgich/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x