KIM PEN XVA (1905, hoz. RF Primorye oʻlkasi Krounovka qishlogʻi — 1974.7,5, Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumani) — q. x. ishlab chiqarishi tashkilotchisi, dehqonchilik amaliyoti novatori. 2-marta Mehnat Qahramoni (1948; 1951). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan paxtakor (1964). 1939-y. dan to umrining oxirigacha Toshkent viloyati Oʻrta Chirchiq tumanidagi «Polyarnaya zvezda» k-zi (hoz. Kim Pen Xva nomidagi shirkat xoʻjaligi) raisi boʻlib ishlagan. U rahbarlik qilgan xoʻjalik respublikada eng ilgʻor va iqtisodiy baquvvat xoʻjaliklardan biriga aylandi, koʻp yillar mobaynida paxta, sholi, kanop va b. ekinlardan yuqori hosil olishga erishdi. «Paxtadan moʻl hosil yetishtirish tajribasi» (1953), «Maʼmurchilik yoʻlida» (1954) kitoblari bosilib chiqqan.
Shirkat xoʻjaligining «Qutb yulduzi» markaziy qoʻrgʻonida kim Pen Xva faoliyatiga bagʻishlangan «Zamin va inson» muzeyi bor, bronza byusti oʻrnatilgan (1961).