Sheʼrlarida tuproq isi bor

Yigirma yillar narida, aspirantlar uyidagi adabiy suhbat asnosi gap Muhammad Yusufga taqalganida, suhbatdoshlardan biri uni “qoʻshiqchi shoir” deya mensimayroq tilga oldi, sheʼrlarini havaskor mashq darajasida, deb baholadi. U paytlar sheʼriyatimizning ifoda bobidagi yangicha izlanishlariga, xususan, modernistik oqimlarga mahliyo boʻlib yurgan vaqtlarim, bunga eʼtiroz qilmadim, rosti, qay bir darajada oʻzim ham shu fikrga moyil edim. Endi oʻylasam, oʻshanda oʻzimni “sof sanʼat”ni tushunaturgan xoslar qatoriga qoʻyib kibrga berilgan, nazarga ilmay turganim “joʻn” sheʼrlar muallifining shuhrati muttasil ortib borayotganiga gʻayirlik qilgandekman. Holbuki, karvon oʻtaverarkan… Yoʻqsa, adabiyotni hech kim bizcha tushunmasligiga qatʼiy inongan davramizning nopisand munosabatiyu bahosiga qaramay, Muhammad Yusuf shuhrati muttasil ortib borarmidi?! Koʻpchiligimiz adabiyot haqida hatto oʻylashga ham fursat topolmay, endi kitob oʻqiydirgan odam qolmaganiga deyarli inonib qolgan vaqtlar toʻplamlari ming-minglab nusxalarda chop qilinarmidi?! Axir, shularning oʻziyoq xalqning shoiriga beqiyos mehr-muhabbatidan darak emasmi?! Muhammad Yusuf fenomeni hikmatini anglashga urinarkan, beixtiyor yana ortga oʻgirilaveraman, yaqin oʻtmishdagi oʻzimni, oʻy-qarashlarimni taftish qilmoqqa berilaman… Chorak asrlar muqaddam, ish bilan poytaxtga borib qolganda, adabiy gurunglar poygagida vujudim quloq boʻlib oʻtirish muyassar boʻla boshlagan paytlar, birinchi marta “er shoiri” degan taʼrifni eshitganman. Bilsam, hali rasmiy doiralar domiga tushmagan, koʻngillarida erk sogʻinchi soʻnmagan yosh ijodkorlar davrasida bu bir baho – “teran tomirlaridan uzilmagan”, degani… “xalqdan chiqqanman” deya birushta koʻksiga mushtlashiga qaramay, xalqdan “chiqib qolgan” shoirlardan emas, degani ekan. Menga qolsa, xalqning shoirga mehrini toblab turgan bosh omil shu – to oxirgi nafasi qadar “er shoiri” boʻlib qolgani, degan boʻlardim. Oʻziga gʻoyat qisqa vaqt berilganini sezgan kabi, u ijodda yangi yoʻllar qidirib yurmadi – eski yoʻlga tushdi-da, bir darvesh misoli avval xalqining dard-hasratini, soʻng kulib boqqan toleini xirgoyi qilganicha oxir manzil tomon ohista boraverdi…

Xullas, Muhammad Yusuf “er shoiri” degan bahoga har jihatdan loyiq desak, ayni haqiqat aytilgan boʻladiki, goʻyo eʼtirozga oʻrin yoʻqdek. Shunga qaramay, yubiley bahona shunday oʻylashga asos beruvchi omillarni yana bir sidra koʻrib oʻtish bizni fikrimizda sobit, boshqa birovlarni hamfikr etishi mumkinligi jihatidan maqsadga muvofiq koʻrindi.

 

***

Mazkur omillar ichida birinchi oʻringa hech ikkilanmasdan shoirning oʻz Vatani, xalqiga muhabatini qoʻyish lozim boʻladi. Negaki, aynan shu his, aniqrogʻi, har bir satri qatiga degudek singdirilgan ruh Muhammad Yusuf sheʼriyatining poetik oʻziga xosligini taʼminlagan belgilovchi xususiyatdir. Muhimi, shoirdagi bu hisning oʻzi boʻlakcha, yana ham toʻgʻrirogʻi, unga doyalik qilgan Vatan, xalq oʻzgacha:

 

Tuproq yurtim mening,

Toʻpori yurtim.

Koʻzimga toʻtiyo gʻubori yurtim.

 

Shoirning ilk ijodiga oid ushbu satrlarda oʻsha paytlari jamiyatda yetilib kelayotgan ijtimoiy kayfiyat zuhur etadi. Bu kayfiyat esa, deylik, Erkin Vohidovning mashhur “Oʻzbegim” qasidasi yoxud Abdulla Oripovning “Oʻzbekiston” sheʼridagi kayfiyatdan farqli, hatto, aytish mumkinki, ularga zid (albatta, bu oʻrinda dialektik maʼnodagi, yaʼni butunni tashkil qiluvchi ziddiyat nazarda tutilmoqda). Zidlik shundaki, avvalgi ikkala sheʼrning lirik qahramonlari ulugʻvor bir xilqat qarshisida (nuqtai nazar pastdan yuqoriga qaratilgan) tursa, keyingisida lirik qahramon Vataniga mushfiq nigoh tashlaydi (nuqtai nazar yuqoridan pastga qaratilgan). Sababi, avvalgi ikki sheʼrda milliy gʻururning qaddini rostlash zarurati anglangan davr ijtimoiy kayfiyati aks etgan, ikkinchisida – Vatan taqdiri uchun masʼullik teran his etila boshlangan davr kayfiyati. Aytmoqchimizki, avvalgi ikki sheʼr ulugʻ Oybekning “Bir oʻlkaki…” xitobi bilan boshlanuvchi anʼana yoʻlida – ularda Vatanning gʻururimizga oziq beruvchi nuqtalari urgʻulanadi; keyingi sheʼr “Buzilgan oʻlkaga” anʼanasida: Choʻlponning: “Kel, koʻzingning yoshlarini soʻrib olay” xitobida shafqat toʻlib toshgani kabi, Muhammad Yusufning: “Tuproq yurtim mening” satrida ham shu his ustuvordir. Albatta, “tuproq”ni faqat “xokisorlik” maʼnosidagina tushunish toʻgʻri boʻlmaydi. Negaki, sheʼrning davomidagi: “Eng baland togʻlardan yuqori yurtim” kabi satrlar “tuproq” zamiridagi “toptalgan” maʼnosiga zidlanmoqda. Demak, ilk misradagi “tuproq” soʻzi, bir tomondan, shoirning xokisor yurtiga mushfiq munosabatini, ikkinchi yoqdan, uni toptaganlarga qarshi isyonini ifodalaydi ekan… Soʻzning maʼno qirralari haqida shu aytilganlar bilan kifoyalansa ham boʻladigandek-u, lekin koʻngil koʻnmaydi, nedir qoniqmaslik qoladi. Sababi, shoirning quyidagi kabi satrlarni bitgani:

 

Shoir shunday koʻpki, ularga yer tor,

Hammasi mashhur va hammasi nomdor,

Ulugʻvor, ularga yetmoq koʻp dushvor,

Ammo ular oyga bosib yuzini

Turganda samoning bagʻriga ilk bor

Biz olib boramiz tuproq isini.

 

Avvalo, keltirilgan parchada shoirning ijodiy kredosi aks etganini aytmoq kerak. Ijodiy aʼmolini belgilash uchun u “yuzini oyga bosib turgan” shoirlarga oʻzini qarshi qoʻyib, ulardan farqlanishi, farqi “samo bagʻriga ilk bor tuproq isini olib chiqishi”da ekanini taʼkidlaydi. Yaʼni, aytish mumkinki, yarim asrlar keyingi voqelikda Muhammad Yusuf 20-yillarda urf boʻlgan “er shoiri” – “koʻk shoiri” tarzidagi ayirmaga keladi. Biroq oʻz davrida Choʻlponning “koʻk shoiri” deb malomat qilinganini yodga olsak, Muhammad Yusuf bunga oʻzgacha maʼno yuklayotganiga shubha qilmasa boʻladi. Zero, parchadagi “nomdor”, “ulugʻvor”, “mashhur” soʻzlari zimnidagi kinoyaga qarasak, gap sheʼr ahliga xos taxayyul parvozi toʻgʻrisida emas, Vatanini “jannatdan reportaj” qabilida taʼriflagan, shunday yozgani uchun har turli ragʻbat olgan va, pirovardida, ragʻbat uchungina yozishga odatlanganlar haqida ekani anglashiladi. Ularning talqinidagi Vatanda “inson eng hur yashaydi”, “inson qadri gʻoyat yuksak…” bunda dala yoʻq, “mardlar maydoni” bor, doʻppisiga paxta terayotgan bolakaylar yoʻq, “paxtazor polvonlari” bor… Ularning nazdida, shunchaki mehnat yoʻq, “paxta fronti” bor, bas, qurbonlar boʻlishi ham tabiiy, koʻz yumib tursa boʻladi… Xullas, shu toifani “yuzini oyga bosib turgan”, yaʼni hayotdan uzilgan shoirlar deganida Muhammad Yusuf ayni haqiqatni aytgan. Bularga zid oʻlaroq, uning oʻzi hayotda bor odamlarni, ularning asl dardu quvonchlarini, yurtining haqiqatda mavjud manzaralarini qalamga oldi – Vatanni boricha koʻrmoq va bor holicha sevmoq aqidasi bilan ijod qildi. Shu bois ham turgʻunlikning biqiq sharoitida shoir mudom ona qishlogʻi – asl odamlaru asl tuygʻularni sogʻinib, ularga talpinib yashadi:

 

Xiyobonda lola,

Tuvakda lola,

Fontanlar qiqirlab kulaveradi.

Mening kindik qonim toʻkilgan dala,

Seni esa koʻrgim kelaveradi.

 

Balki, injiqroq oʻquvchi eʼtiroz ham qilar: “xiyobonu tuvakda lola boʻlsa, fontanlar qiqirlab tursa – nimasi yomon? Axir, bu ham goʻzallik, inson qoʻli bilan inson uchun yaralgan goʻzallik emasmi?” Munday qaraganda, eʼtiroz oʻrinlidek. Biroq shunday deb oʻylasak, sheʼrni soʻzma-soʻz va tor (yaʼni “shahar-qishloq” antitezasi deb) tushungan boʻlib chiqamiz. Holbuki, sheʼrdagi soʻz – lugʻatdagi soʻzga teng emas, u obraz yaratadi. Soxtalik odatiy normaga aylanib, insoniy munosabatlar siyqalashib borayotgan muhitdagi shoir nazdida tuvakdagi gul ham, xiyobondagi gul ham, favvora suvining jilvasiyu jildirashi ham – bari notabiiylik timsoli. Ular soxtalikdan bezgan koʻngilning qishloq – shoir tasavvuridagi tabiiylik va samimiyat makoniga talpinishini ifoda etmoqqa xizmat qiladi. Soxtalik shunchalar odatiyki, odam samimiy tuygʻulari uchun hijolat chekadi:

 

Toshkentda sirenlar gullasa, singlim,

Va yana qandaydir akatsiyalar.

Bedazornimi-yey qoʻmsaydi koʻnglim,

Birovga aytishga odam uyalar…

 

Avvalo, bu oʻrinda “bedazor” shunchaki beda ekilgan paykal emas – shoirning ona qishlogʻi, yaqinlari bilan bogʻliq tuygʻu-kechinmalari, xotiralari umumlashmasi u. Shoʻro zamonida “bedazor” bilan bogʻliq his-tuygʻularini oshkora, yana “siren” va “akatsiyalar”ga zidlab aytolgani uchun ham istiqlol yillari “Rimni alishmasman bedapoyangga” degani shunchaki patetika emas, samimiy izhorligiga beshak ishonamiz. Endi masalaning ikkinchi tomoniga qaraylik. Qiziq-da, poytaxti azim boʻlsa, chor tarafdan kelib, shunda oʻrnab qolish ilinjida har koʻyga tushib yotgan isteʼdodlar qancha… Qishlogʻingga qiyoslasang, komfortning oliy darajasi, senga yana nima kam, ey odam, shukr qilmaysanmi?! Yoʻq, bu aslo noshukrlik emas, sogʻinchning boshqa omillarini mushohada qilsak, bunga amin boʻlamiz. Shoir bejiz “siren” va “qandaydir akatsiyalar” haqida gapirmayapti, axir. Ular mustamlaka ramzlari emasmi?! Endi oʻttiz yillar narini bir eslang, shoirda “komfort kim uchun?” degan savol tugʻilishi tabiiy edimi yo yoʻqmi?! Shu kabi savollar girdobida qolgan onlari “shaharga oʻrganib qolgan” shoir qishlogʻidagi oʻzining “yoʻliga ilhaq” boqib, “paxta terib, oʻt yulib maʼyus” umri oʻtayotgan qizni eslaydi:

 

Uning sochi uzundan-uzun,

Uning sochi tovonga yetgan.

Lekin gulga oʻxshamas yuzi

Qoʻllari ham yorilib ketgan.

Yurak yonar uni oʻylasam,

Buyogʻi hech sheʼrga sigʻmaydi…

 

Qarang, yor vasf etilgan bandning dastlabki ikki misrasida poetik anʼana yoʻlidan borilgan, uchinchi misrada undan keskin chekinilgan: yor yuzi gulga oʻxshamaydi. Bu “gʻoʻza yaganalab zavqi toshgan qiz” va yo “qoʻshiq aytib ketmon chopayotgan atlas koʻylakli goʻzal” qabilidagi satrlarga toʻliq “mehnat poeziyasi”ga, “Sharq ayolini chaldevordan ozod qilib” dalaga chiqarganlarga taʼna emasmi?! Koʻp qatori yor yuzini gulga oʻxshatib, bechora qiz koʻnglini xushlab qoʻyaqolsa boʻlmasmidi? Yoʻq, boʻlmas edi. Negaki, uning uzunsoch qizga muhabbati, aslida, Vatanga muhabbatining oʻzidir. Shoir dilidagi ulkan muhabbatni atrofidagi narsalarga taqsim qilib oʻtirmaydi, aksincha, har birini – jajji jambilbargdan to beqiyos Vatani qadar – barini birdek ulkan muhabbat bilan sevadi-qoʻyadi. Yana ham toʻgʻrirogʻi, uning talqinidagi Vatan mavhumot emas, balki oʻzi uchun qadri benihoya baland insonlar, joy va narsalardan tarkib topuvchi mavjudlikdir. Yaʼni bedazor yo jiyda tagi, qoʻllari yorilib ketgan singlisi yo yuzi gulga oʻxshamaydigan qiz, tanish terak va yo qora qumgʻon – barining timsolida shoirning Vatani, xalqiga muhabbati zuhur qiladi. Sheʼrlaridan birida aytganidek, Muhammad Yusuf Vatanni “iddaolar qilmay sevadi”, uning muhabbati tom maʼnoda begʻaraz, bas, uning turlanmogʻi imkondan tashqari, soxtalik esa tabiatiga mutlaqo yot. Ayni shu tuygʻu, nazarimda, Muhammad Yusuf sheʼrlariga millionlab dillar qulfini ochib bergan oltin kalitdir.

 

***

Muhammad Yusuf sheʼrlarini elga manzur etgan jihatlardan yana biri, fikrimcha, ularda tanish tuygʻularning qalamga olingani va, muhimi, bu tuygʻularning sodda bir yoʻsinda ifoda etilganidir. Holbuki, u sheʼriyatga kirib kelgan paytlari modern yoʻsinida – fikru tuygʻuni murakkab uslubda, ramzu ishoralar qatiga joylab, tumanli ifodalash urfga kirgandiki, hatto mutaxassislar ham “sheʼringizni tushuntirib bering”, deya matbuotda chiqish qilganlar. Hozir biz uchun negaligi uncha muhim emas, balki dilidagilar hammaga birdek tegishli deb bilgandir, Muhammad Yusuf anʼanaviy yoʻlni tanladi…

Darvoqe, “tanish tuygʻular” deganim ham izohtalab. Buyuk Tolstoy: “har qaysi inson qalbida mavjud boʻlishi mumkin boʻlgan barcha qalblar imkoniyat tarzida yashaydi”, degan. Toʻgʻri gap. Lekin har qanday tuygʻu ham koʻnglimizga chippa yopishib qolmasligi ham bor gap-da. Boshqacha aytsak, oʻzga koʻngildagi ayrim tuygʻularni hech zoʻriqishsiz koʻngildan kechira olamiz, ayrimlarini qayta his etishimiz esa qiyin kechadi: fursatmi, tajribami, mashqmi… – nimadir yetishmay turadi. Chippa yopishib qoladigan tuygʻular muayyan bir koʻlamda (umumbashariy, milliy, hududiy va b.) universallik kasb etadi. Deylik, adolat tuygʻusi umumbashariy (adolat mezonlarining farqli ekani boshqa masala) xarakterga ega. Shu bois adolat mezoni buzilgan hollarda har qanday shoir koʻngli, milliy yo hududiy mansubligidan qatʼi nazar, isyon qiladi. Muhammad Yusufning ilk ijodiga mansub “Qushlar ham yigʻlar” nomli bir voqeʼband sheʼr bor. Voqea qishloqlarimiz hayoti uchun gʻoyat odatiy: yozda, bilasiz, “havo-jahon yaxshiligida imoratni bitkazay”, deb oʻzbekning joni halak, aka-uka terak kesadilar. Terak qulaydi, uyasi buzilgan ona chumchuq chirillab qoladi. Mana, shu damda ukaning koʻnglidan kechgani:

 

Baland boʻlar uyimiz togʻdek,

Ayvonida ustun ul terak.

Biz yashaymiz koʻnglimiz chogʻdek,

Shunda qushlar yigʻlasa kerak.

 

Oʻsmir nigohida adolatsizlik sodir etildi: chumchuq huquqi poymol boʻldi. Toʻgʻri, katta boʻlgach, koʻpchilik “hamma narsa inson uchun” aqidasiga binoan bu kabi hollarni normal deb hisoblay boshlaydi. Biroq biz uchun bu oʻrinda boshqa narsa: holat “men” tilidan, shoirning bolalik taassuroti sifatida taqdim etilgani muhim. Zero, bu shoir ijodidan qizil ip boʻlib oʻtuvchi oʻtkir adolat tuygʻusi fitratidagi xislatning namoyonidir, deyishga asos beradi. Xuddi shu tuygʻu keyinroq, masalan, “Yoqub mergan” sheʼrida ham yetakchilik qiladi. Yoqub mergan – urushda oyogʻini qoldirib kelgan, qonunga muvofiq unga “Zaporojets” berilishi lozim. Biroq taʼmagir amaldor cholni sarson qiladi, arizasini eʼtiborsiz qoldiradi. Oqibat Yoqub cholning hammadan “koʻngli qoldi, Mashinasin boshqa olgʻir kimsa oldi”. Adolat toptalgani yetmagandek, andishasizlik shunchalarki, urush nogironining haqiga xiyonat qilgan kimsa “yallo qilib yuraveradi”. Ana endi shoirning holini koʻring:

 

Uni koʻrsam, chol esimga kelaverar,

Gʻildiragi yuragimni ezaverar…

Yoqub cholga berishmagan “Zaporoj”ning.

 

Eʼtibor bering, Yoqub cholga nisbatan qilingan adolatsizlikni shoir shaxsan oʻziga nisbatan qilingan kabi qabul qiladi. Bu tabiiy ham, negaki, har qanday adolatsizlik eng avval haqiqiy shoir yuragida aks sado beradi. Shu bois ham Muhammad Yusuf uchun adolatsizlikning katta-kichigi yoʻq – u butun millatga nisbatan (“Gdlyan”) boʻladimi, goʻdakka (“Turgʻunlik”) yo ayolga (“Taraqqiyot”), elda mashhur inson (“Shukur Burxon”) yo oddiy bir hamqishlogʻiga (“Moʻminjon”) nisbatanmi – barisi birdek qalbini oʻrtaydi. Sheʼrda shoir koʻngildan kechirgan chin tuygʻuning aks etishi esa ayni kechinma oʻquvchi koʻngliga koʻchishini, demakki, kuchli estetik taʼsirni taʼmin etadi.

Muhammad Yusufning koʻplab sheʼrlarida milliy turmush tarzimiz, mentalitetimiz doirasida universal tuygʻu-kechinmalar qalamga olinganki, ular shoir va sheʼrxon uchun umumiy, shu bois ham “tushunish maydoni” gʻoyat kengdir. Deylik, milliy tarbiya shundayki, farzand ota-ona orzusini roʻyobga chiqarish, xizmatini qilib duosini olishni niyat qilib yashaydi. Biroq hayot qonunlari shafqatsiz: jamiyatda oʻz oʻrningni topib, endi-endi niyatlaringni amalga oshirish imkoniga ega boʻlganingda, afsus, ularning foniy dunyodagi safarlari qarigan boʻlib chiqadi – niyatlar armonga doʻnadi. Bu hol, ayniqsa, Muhammad Yusuf singari oʻtgan asrning 50-70-yillari sharoitida tugʻilib oʻsgan ziyolilarning aksariyatiga xos. Negaki, bu davrda, hozir eʼtirof etish-etmasligimizdan qatʼi nazar, madaniy yuksalish kuzatilgan – qishloqlardan ming-minglab yoshlar ilm izlab poytaxti azimga, markaziy shaharlarga yoʻl olganlar. Yaʼni asrlar boʻyi shakllangan turmush tarzi oʻzgarishga yuz tutgandiki, bu, avvalo, koʻngilda kechadi. Mana, shunday kechimlardan bir zarra:

 

Ota, gʻoʻzangizni suv bosib ketdi,

Chumchuq vayron qildi joʻxoringizni.

Mening kitoblarim bir jambilbargcha

Yozolmadi lekin xumoringizni…

 

Demak, otaga kerakligini ich-ichidan his qilgani holda koriga yaray bilmayotgan farzandning iztirobu armonlari koʻpchilikning koʻngliga chippa yopishadi desak, aslo yanglishmaymiz. Xuddi shu gapni sogʻinch girdobiga tashlab ketilgan onalar, aka suyanchidan mahrum singillar… qisqasi, shaharda yashagani holda “shaharlik” boʻlib ketolmayotgan odamning umumiy nomi sogʻinchli armon va yo armonli sogʻinch boʻlgan tuygʻulari haqida ham aytish mumkin.

Tanish tuygʻular sirasida yana biri – armonga doʻngan muhabbatni alohida taʼkidlab koʻrsatish lozim. Albatta, katta boʻlgan sari “bizlar yosh payti…” deya goʻyo hamma narsa hozirgidan yaxshiroq edi, degan daʼvoda sobit boʻlib boradi kishi. Shu dardga yoʻymang-u, u davrlar muhabbat degani ham oʻzgacha – aksar yor qoʻlini goʻyo tasodifan tutishu juda jurʼatli boʻlsa, yashin tezligidagi chala oʻpichdan nari oʻtmagan, balki shu bois ham koʻngilga chuqur ildiz otgan, pokizaroq va romantikroq boʻlgandek tuyuladi menga. Shu bois ham kamina yigitlik chogʻlari bu his domiga tushgan teng-toʻshlarim loaqal bir bor, mayli, juda qisqa fursat boʻlsin, koʻnglida: “Sevish kerak, yashash shart emas!” deya hayqirganiga yoki hofizning “Qoʻynimda bir yoru, koʻnglimda bir yor”, degan nolasini eshitiboq ichlarida ajib bir titroq tuyganlariga ishongim keladi. Menga qolsa, Muhammad Yusufdan olingan shu ikki satr “ziddiyatlar birligi” qonuniyatini oʻzida mujassam etgan holda davr uchun tipik “muhabbat taqdiri”ni namoyish etadi, degan boʻlardim. Zero, ularning birinchisi, yuksak romantikaga yoʻgʻrilgan muhabbatni, ikkinchisi, muqarrar ayriliqni ifodalaydi. Mazkur satrlar orasiga esa ming-minglab olislarda harbiy xizmat oʻtayotgan va yo ilm egallayotgan yigitlaru “badjahl ota”dan yo “oʻtirib qolish” ehtimolidan qoʻrqib yigʻlay-yigʻlay “ostonasi tillo uylar”ga ketgan qizlarning muhabbat taqdiri bitilgandek…

Nihoyat, yana oʻsha “dolzarblik” masalasi, har ne zeriktirgan va hozirda urfdan qolgan boʻlmasin, bunga ham toʻxtalish zarur. Toʻgʻri, shoʻro davridan qolgan asorat, lekin Muhammad Yusufda bu ham oʻziga xos: dolzarb masala jaydari yoʻsinda muhokama etiladi-da, chapani xulosaga kelinadi. Deylik, milliy qadriyatlarni tiklash masalasi dolzarb turgan palla shoir bu haqda umumiy tarzda emas, konkret fikr yuritadi. Gapni “odamlar doʻppi kiymay qoʻygani”dan boshlab, pirovardida, “boshga loyiq doʻppi qolmadimi yo doʻppiga loyiq bosh?” deya oʻquvchi hamiyatiga qaratilgan savolni qoʻyadi. Yodingizda boʻlsa, savol gʻoyat tez ommalashgan – sheʼrni kim televizor yo radio orqali, kim uchrashuv yo boshqa tadbirda shoir tilidan eshitgan-da, oxirgi satrlar shundoq xotiraga muhrlanib qolavergan. Sababi, bu aksariyat oʻquvchilarning dil tubida, yana bir qismining til uchida turgan gap edi. Bunday gapni “topib aytish” uchun esa hayot qozonida xalq bilan birga qaynamoq kerakki, Muhammad Yusuf buni uddalay bilgan chinakam xalq shoiridir…

 

***

Har ne tanish tuygʻu va yo til uchida turgan gaplar aytilmasin, sheʼrga jozib kuch ato etuvchi jihat qanday aytilgani boʻlib qolaveradi. Bas, agar Muhammad Yusuf nima degani bilan cheklansak, uni sanʼatkor sifatida tanimagan boʻlib chiqamiz. Holbuki, oʻsha biroz toʻpori hislaru jaydari falsafa chinakam sanʼatkorona mahorat bilan ifoda etilgan. Faqat bu mahoratni koʻrib olishga, nima desam ekan, soddalik biroz halaqit qiladi. Shoirning ilk toʻplamiga nom bergan sheʼrni olaylik:

 

Qoʻl ushlashib turgan shaddod qizlardek,

Qoshda oʻsma, qulogʻida ziraklar,

Tuyuladi menga qishloqqa borsam,

Tanish yoʻllar boʻyidagi teraklar.

 

Avvalo, mazkur band sintaktik jihatdan bitta gapga teng: mazmunan bitta xabar, bitta fikriy va intonatsion butunlik, bitta mantiqiy urgʻuga ega. Kundalik muloqotda ushbu jumla tamom boshqacha qurilishi tayin, demak, hozirgi shakli muayyan badiiy-estetik maqsadga muvofiq, yaʼni muallifning xizmati. Dastlabki ikki misraning sanash, uchinchisining pasayib borish ohangidaligi toʻrtinchi misradagi mantiqiy urgʻuni kuchaytiradi. Natijada, oʻxshatish obʼyektini anglatuvchi “teraklar” soʻzi urgʻuli pozitsiyaga oʻtadi va sheʼrning qoq markazini egallab, obrazning javhari boʻlib qoladi:

 

Bu yigit kim?.. niqtashadi bir-birin,

Sergaklanib, sochlarini turmaklab,

Tanib sekin uh tortadi bittasi,

Qiqir-qiqir kular biri ermaklab.

 

Koʻrib turganimizdek, endi teraklar unutildi – qizlar qoldi, xolos. Zero, teraklar vazifasini oʻtab boʻldi: ular assotsiativ tarzda “shaddod qizlar”ni eslatdi, xotirani uygʻotib, tasavvurda gʻoyat hayotiy bir manzarani jonlantirdi. Aslida ham, sheʼr “tanish teraklar” haqida emas, umrning ular yodga solgan onlari, oʻsha onlar bilan bogʻliq hayajonu armonlar haqida. Sheʼrda bir boragina qoʻllangan “teraklar” soʻzi shunday joylashtirilganki, ayni hislar hech bir zoʻriqishsiz oʻzga koʻngillarga koʻchaveradi, koʻchaveradi. Umid qilamanki, “koʻrib olishga soddalik biroz halaqit qiladigan mahorat”, deganda nimani nazarda tutganim tushunarli boʻldi.

Sanʼatkorona nigoh atrofimizdagi koʻrimsiz, nazdimizda, goʻyo hech eʼtiborga loyiq boʻlmagan narsalarda ham bir hikmat topish, ularda koʻngil va yo turmushda yuzaga kelgan chigalliklar yechimini koʻrishga qobil boʻladi. Albatta, bunday nigoh egalari ham oz emas, biroq faqat oʻsha narsalar bilan tillasha biladiganlargina chinakam shoirdir. Muhammad Yusuf, shubhasiz, ayni shu sirada. Tillasha bilgani uchun ham u barmoq uzatganida “egasiz uy eshigi”ning yigʻlaganini eshitadi, “zang ilgak surilsa” oʻz joyiga emas, yuragiga “Qayerda yuribsan, egamning oʻgʻli?” degan savol boʻlib qadaladi. Tillasha bilgani uchun-da, lolaqizgʻaldoq dardini olmoqqa, yalpizga dardini toʻkib solmoqqa shoshadi. Shoirning nigohi tushib, uning poetik olamiga kirganki narsa KOʻNGILli, yaʼni his etishga qobil mavjudotga aylanadi… hatto, tramvaylar ham. Oʻylasam, shu oʻrinda Muhammad Yusufning ayrim muxlislari eʼtiroz qilishlari ham mumkin ekan: “Axir, tramvay hissizlik timsoli emasmi?!” Shunday, bir qarashda tramvay hissizlik timsoli boʻlib koʻrinadi:

 

Bekatlarda men qolarman-da,

Aytar soʻzim qolib ketadi.

Bodomzorga seni har kuni

Tramvaylar olib ketadi.

 

Toʻgʻri, oshiqning holiga, termilib qolgan nigohlardagi unsiz zoriga qaramay tramvaylar har kuni yorini olib ketaveradi. Ha, jami toʻrt bandli sheʼrning uchta bandida oxirgi ikki misra taʼkidlab takrorlanadi. Ha, shoir tramvaylarni soʻkolmasligi, urolmasligidan afsuslanib, ularni koʻrolmasligini olam-hayqirib jahonga aytadi. Biroq shunda ham tramvayni hissizlik timsoli, demagan boʻlardim. Negaki, tramvaylar oshiqning holiga aslo befarq emas, har kuni “Temir yoʻlga boshlarin urib, Gʻildiraklar nolib ketadi”. Nega shoir tramvay nolasini eshitmaydi? Axir, u “yur deb oʻzi ketar yoʻllarga tramvaylarni burolmayotgan” boʻlsa, ayb kimda? Tramvaydami yo uning oʻzidami? Ikkisida ham emas, asli hamma gap eʼtibordan chetda qolib turgan temir yoʻlda. Tramvay nima, axir, u ham shu temir izdan yurishga mahkum bir ojiz-ku! Bas, bu oʻrinda gap taqdiri azal haqida bormayaptimi?! Shunaqaga oʻxshaydi. Sevgisining istiqbolini koʻrolmay qiynalayotgan lirik qahramonimiz – oʻz davri kishisi, yaʼni taqdiri azal degani unutilayozgan, bas, sevgisiga yetisholmaganlar buni aslo taqdirdan emas, boshqa narsalar (mas., tushunmagan ota-ona, eski urf-odatlar, ijtimoiy tengsizlik va b.)dan koʻrishga odatlangan davrning. Axir, qator qissayu romanlar shundan soʻzlab, filmlar shuni koʻrsatib tursa, boshqacha boʻlishi ham qiyin edi-da! Shunday bir sharoitda ulgʻayganiga qaramay, shoir savqi tabiiysi bilan yuz berayotgan har neda taqdirning qoʻli borligiga inongan boʻlsa, ne ajab?!

Lirik kechinmani harakatga keltirgan hayotiy holatni tasavvur qilish imkoniyati qancha keng boʻlsa, sheʼrning tushunilish doirasi ham shuncha keng boʻladi. Lekin sheʼr degani epik tafsilotlarni xushlamaydi, ularning salmogʻi zaruratdan zarracha oshmasligi darkor, aks holda, kechinma ifodasi xiralashadi. Muhammad Yusufning mahorati shundaki, bir-ikki misradayoq oʻquvchini oʻsha lirik kechinma tugʻilgan hayotiy holatga koʻchiradi qoʻyadi. Masalan, ilk sevgi haqidagi sheʼrlaridan biri mana bunday boshlanadi:

 

Mana shu – men tugʻilgan goʻsha,

Uyga yetdim – ariq hatladim…

 

Dastlabki misralarni oʻqiboq sheʼrxon hech bir zoʻriqishsiz maʼlum vaqt olisda yurgan odamning qishlogʻiga qaytgan holatini tasavvur qiladi, ruhan shunga mos emotsiyalarni qabul qilishga chogʻlanadi. Albatta, bu oʻrinda gap shoir tasavvuridagi, u xayolan muloqotga kirishib, qarshisida dardini toʻkib solayotgan xos sheʼrxon nazarda tutilayotir. Shoir unga ishonadi, uning hayoti davomida shunday holatdagi odamga xos elegiyaviy kayfiyatga oshno boʻlganini biladi va ikki misra bilan oʻsha kayfiyatni tiriltiradi qoʻyadi. Davomidan kelgan: “Shu yerlik bir qizga yoqay deb, Uzun-uzun sheʼrlar yodladim” misralari esa qalb torlarini oʻsha tanish tuygʻu – armonga aylangan ilk sevgi nolalarini yanada nozik pardalarda chalishga sozlaydi. Bu esa lirik qahramon kechinmalarining oʻquvchi qalbida ham kechishini, yaʼni badiiyat hodisasining roʻyobga chiqishini taʼminlaydi.

Lirik asarda qalamga olingan holat dramatizmi nechogʻli oʻtkir boʻlsa, his-tuygʻular ham shu qadar teran, taʼsirchan boʻladi. Negaki, yaxshi sheʼrxon oʻqish davomida beixtiyor oʻsha holatni koʻnglida, tasavvurida yashab oʻtadi (oʻzini lirik qahramon oʻrniga qoʻyadi, uning rolini ijro etadi). Mazkur jarayonni fikran rekonstruksiya qilib koʻrmoq uchun Muhammad Yusufning mashhur bir sheʼrini misolga olamiz:

 

Osmon choʻkib qoldi bu oqshom,

Yulduz boʻlib yogʻildi bir sas.

Bir mahalla nigohni koʻrdim:

Yashash kerak, sevish shart emas.

 

Ilk misrani oʻqiboq sheʼrxon mos emotsional holatni, yaʼni lirik qahramon nazdida, “osmonni-da choʻktirgan” nedir iztirobli holni qabul qilishga chogʻlanadi. Ilk misra uygʻotgan kayfiyat ogʻir: lirik qahramon oʻzini yorugʻ olamda yolgʻiz sezayotir, osmon uni bosib kelmoqda va shu asno “Yulduz boʻlib yogʻildi bir sas”. Biroq lirik qahramon bu sasni eshitishni ham istamay nigohini yerga oladi-da, oʻziga qadalgan “bir mahalla nigohda” ham yana oʻsha hukmni oʻqiydi: “Yashash kerak, sevish shart emas”. Holat dramatizmi shunchalarki, lirik qahramon yeru osmonga baravar qarshi turibdi, koʻnglida ardoqlagan tuygʻu shunchalarki, yeru osmonga isyon oʻlaroq oʻzining: “Sevish kerak… yashash shart emas!” degan hukmini baralla hayqirib aytadi. Yuqorida aytilganidek, juda koʻpchilik hayotida loaqal bir bora, atigi bir necha lahzaga boʻlsin, shu holga tushgan, bas, oʻqilgan chogʻi sheʼr ularning dil izhoriga aylanadi, ularning oʻppa-oʻziniki boʻlib qoladi.

 

***

Muhammad Yusuf haqida gap ketganda, gohi “qoʻshiqchi shoir” deya biroz mensimayroq qarashga moyillik seziladi. Buni ahli qalam orasida tabiiy va zaruriy boʻlmish raqobatdan tugʻiluvchi, yumshatibroq aytsam, noqobil farzand – gʻayirlikka yoʻyib qoʻysam ham boʻlarku-ya, faqat bu holda sababni yuzadan qidirgan boʻlib chiqaman, chogʻi. Negaki, aslida, bu – sheʼr bilan musiqa, sheʼriyat bilan qoʻshiqchilik aloqalari nechogʻli mustahkam va ahamiyatli ekanini anglamaslikdan kelib chiqadi. Holbuki, sheʼr – ohanglar qanotida qalb qulogʻimizga kirib boruvi nutq, qani uni musiqiylikdan mahrum qilib koʻring-chi: bu holda sheʼr ham yoʻq boʻladi. Zero, musiqiy ohang – sheʼrning zotiy sifati. Qoʻshiqqa kelsak, u ham sheʼr, faqat unda oʻsha zotiy sifat gʻoyat boʻrttirilgandir… Aruziy ohanglar bilan maqomlarning nechogʻli yaqinligi, hazrat Navoiydan tortib Feruzga qadar koʻp mumtoz shoirlarimiz musiqiyda ham mohir boʻlganlari, shoh Mashrab gʻazallarini setor joʻrligida honish qilib yurganini eslatmasak ham boʻlar. Sirasini aytganda, keng xalq ommasi Chokar, Miskin, Oraziy singari shoirlar oʻtganini asarlarini oʻqigani uchun emas, ularning sheʼrlari bilan aytiluvchi ashulalar kunda-kun ora radio yo televizordan yangrab turgani uchun biladi. Yaqinroqqa kelsak, “Oʻzbegim” qasidasi yoki “Birinchi muhabbatim” sheʼrining qoʻshiq qilingani navqiron mualliflarini oʻzbekning yetti yasharidan yetmish yasharigacha maʼlumu mashhur qilmadimi?! Axir, koʻpchilik koʻngliga chippa yopishgan qoʻshiq ularning soʻzi bilan aytilganini bilgach, toʻplamlarini izlab qolmaganmi?!

Shunga oʻxshash, Muhammad Yusufning shoir sifatida tanilishi, yashin tezligida shuhrat topishida qoʻshiqchilik sanʼatining hissasi ulkan: hali ilk kitobi chop etilmasidan sheʼrlari kuyga solinib, iqtidorli yoshlar tomonidan toʻy-maʼrakalarda aytib yurilgani shunga dalil. Yangi-yangi tele va radio kanallar paydo boʻla boshlagan 80-yillar adogʻidan esa sheʼrlari paydar-pay qoʻshiq qilinib, televizor ekranlari, radio toʻlqinlaridan uzzu-kun tushmadi desak, mubolagʻa emas. Oʻn ming, yigirma minglab tomoshabin yigʻilgan stadionlar, eng katta konsert zallarida kunda-kun ora berilgan konsertlarda “Muhammad Yusuf sheʼri bilan…” deya tatanavor eʼlon qilib turilganini yodga olsak, fikrimizga boshqa dalil hojat ham emas.

Xullas, hozirda radio va televideniye bilan uzviy bogʻliq zamonaviy qoʻshiqchilik sheʼriyatning eng samarali, beqiyos targʻibotchisi ekanini, yoqsa-yoqmasa, eʼtirof etishimizga toʻgʻri keladi. Toʻgʻri, ayni imkonlar doirachi yo “usilitelchi”dan chiqqan qoʻlbola shoirlarni ham maydonga chiqarayotgani bor gap va bu koʻpchilikning gʻashini keltirayotgani ham asosli. Biroq, axir, ayb imkonda emas, undan qanday foydalanilayotganida-ku! Bas, “qoʻshiqchi shoir” deya burun jiyiruvchilar shuni eʼtiborga olsalar toʻgʻri boʻladi. Aks holda, “qoʻlbola shoirlar” bilan Muhammad Yusufni farqlamayotgan boʻladilarki, oppa-ochiq turgan narsani koʻrolmayotganlari, ochigʻini aytganda, gʻayirlik bilangina izohlanishi mumkin.

Farq esa shuki, “qoʻlbola shoirlar”ning ish-amali kuyga moslab soʻz tizmoqdan iborat, Muhammad Yusuf esa SHEʼR yozadi: uning qoʻshiq qilib aytilgan sheʼrlari ham, eng avval, koʻngil holining ifodasi. Faqat oʻsha HOL xalqona shaklda, xalqona ohanglarda shu qadar samimiy ifodalanganki, beixtiyor hirgoyiga oʻtib ketasan, kishi. Masalan, “Mashrab hirgoyisi” nomli sheʼr:

 

Donishni qiynab toʻymagan,

Holi joniga qoʻymagan.

Nodon bilan kulib oʻynagan

Pixini yorgan dunyosan.

 

Bir qarashdayoq bu oʻrinda stilizatsiya usuli qoʻllangani, darveshlar hirgoyisiga xos ohang tiklangani koʻzga tashlanadi. Oʻqiganingda, beixtiyor bir maromda qadam bosgancha hirgoyi qilib borayotgan darveshlar safi koʻz oldingga keladi. Xuddi shu sheʼrni Oxunjon Madaliyev bir turli, Yulduz Usmonova boshqa bir yoʻsinda ijro etganlar. Umuman, har ikki talqin ham oʻzicha yaxshi – ikkalasi ham muxlislar olqishiga sazovor boʻlgan. Biroq, nazarimda, ikkala ijrochi ham Muhammad Yusuf sheʼrni yozish chogʻi koʻngilda kechirgan hol – darvesh holini berolgan emas. Koʻngil holi esa shundayki, lirik qahramon dunyodan butkul uzilgan – ruhan uzlatda, ayni damda, u oʻzini “Dunyo yasanib, jilva qilib qoshima keldi, Turgʻil nari deb ketigʻa bir shattalab oʻtdim”, deyolgan Mashrab maqomida sezadi. Yaʼni sheʼr ayni holni ifodalash, matnda muhrlash maqsadi bilan dunyoga kelgan, uning qoʻshiqqa aylanishi esa – ikkinchi hayotidir. Yana shuki, agar sheʼr qoʻshiqchilikda turli talqinlarga izn berar ekan, bu uning badiiy mukammalligi, butunligidan dalolatdir. Keyingi mulohazalarimiz shoir “stilizatsiya usulini qoʻllagan”, degan fikrimizga tahrir kiritishni taqozo qiladi. Negaki, Muhammad Yusuf uchun xalqona ohang va ifoda stilizatsiya, yaʼni xalq ijodiga xos shakl va ohanglarni shunchaki tiklash emas, balki uning individual uslubiga XOS xususiyatga aylangandir. Yaʼni shoir koʻngil holini koʻproq xalqona yoʻsinda ifodalashga moyil, toʻgʻrirogʻi, hol izhori shunday ohangga yoʻgʻrilgancha oqib keladi goʻyo. Masalan, mana bunday:

 

Gʻirot mingan Goʻroʻgʻli

Bobom qani, aytinglar.

Qoʻngʻirotlik Alpomish

Ogʻam qani, aytinglar…

 

Qarang, bunda xalq ogʻzaki ijodi bilan bogʻliqlik yana ham ochiq-oshkor koʻrinadi. Hol-kayfiyat ham boshdanoq his etiladi: bugunidan qoniqmaslik tugʻdirgan gʻoyat kuchli oʻtmish sogʻinchi. Shoir bu sogʻinchini “qoʻlda kiyik ovlangan dala”, “kokillari yer oʻpgan sanam”, “kuyib ketgan jon” kabi xalqona ifodalarda izhor etadi. Yuragidagi dard benihoya kuchli, lekin har doimgidek, tushunguvchi odam yoʻq, shuning uchun:

 

Koʻnglim gulday ezilib,

Koʻzimga yosh toʻlyapti.

Eh, quyoshga osilib,

Botib ketgim kelyapti, –

 

deya nola qiladi. Lirik qahramon gʻoyat tushkun kayfiyatda, lekin uni badbin (pessimist), deb boʻlmaydi. Zero, avvalo, bu oʻtkinchi holat, ikkinchidan, teran mushohadaga va shundan kelib chiqib kurashga undovchi holdir. Yana ushbu hol-kayfiyat ijtimoiy tabiatga egaligi, u millat tarixidagi burilish pallada el-yurt taqdirini oʻylab yashayotgan odam koʻnglining alamlari boʻgʻziga kelgan choqdagi surati ekanini aytmoq kerak… Darvoqe, ushbu sheʼr ham qoʻshiq qilingan, biroq qoʻshiqchi talqini yuqorida mazkur talqindan farqli. Bu tabiiy ham, zero, u qoʻshiqchilik sanʼati vakili oʻlaroq dunyoga kelgan va shu maqomda yashaydi, u alohida asardir. Yaʼni qoʻshiq ijro etilgan onidan oʻzining sheʼrdan ayro mustaqil hayotini boshlagan va sheʼrning ham shunday hayot kechirishiga halal bermaydi. Ikki orada bunday munosabat qaror topishi uchun esa, yuqorida aytilganidek, sheʼrning koʻngil holining izhori oʻlaroq dunyoga kelishi talab qilinadi. Taʼkidlab aytamanki, Muhammad Yusufning qoʻshiq qilib aytilgan aksariyat sheʼrlari ushbu talabga toʻla javob beradi. Shunaqa ekan, uni aniq bir ijrochi va tayyor kuyga moslab sheʼr bitadirgan “qoʻshiqchi shoir”lar sirasida sanash ham borib turgan adolatsizlik boʻladi.

Ijodida yuqoridagicha tamoyilga tayangani uchun ham Muhammad Yusuf qoʻshiqchiligimiz badiiy saviyasini bir bahya boʻlsin koʻtarishga xizmat qila bildi desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, bu sanʼat gurkirab rivojlangan bosqich – milliy qoʻshiqchiligimizning mustaqillik davri uning nomi bilan chambarchas bogʻliqdir. Milliy qoʻshiqchiligimiz tarixida yangi sahifa ochgan M. Xoliqov, O. Madaliyev, Gʻ. Boytoyev, Yu. Usmonova, S. Nazarxon singari qator iqtidorli sanʼatkorlar repertuaridagi sara qoʻshiqlar Muhammad Yusuf soʻzi bilan aytilgani ham shuning isbotidir. Deganim, muvaffaqiyatning muhim omili – talantli shoir sheʼrlariga, asosan, talantli kompozitorlar musiqa yozib, talantli sanʼatkorlar ijro etgani. Talantlar hamkorligida yaralgan qoʻshiq esa tinglovchini befarq qoldirmaydi, zamonaviy qilib aytsak, xayal oʻtmay “xit”ga aylanadi, xuddi shoir soʻzi bilan mustaqillik bayramlarining bosh sahnasida turib aytilgan qoʻshiqlar kabi…

Darvoqe, talantli qoʻshiq sheʼrning bizga koʻrinmay qolgan jozib qirralarini ochib ham beradi. Oʻzimdan, oʻz tajribamdan aytay. Muhammad Yusufning: “Men dunyoni nima qildim, Oʻzing yorugʻ jahonim” satrlari bilan boshlanuvchi sheʼrining asl qimmatini Sevara Nazarxonning “Gʻichir-gʻichir tishimdagi Soʻligʻimsan, Vatanim”, degan nolasini eshitgach angladim desam, shunchaki lutf deb oʻylamang. Endi shu sheʼrni oʻqisam, Sevaraning ohanglari tortib ketayotgandek tuyulaveradi, satrlar qatidagi buyuk muhabbatu dardni teranroq his qilayotgandek boʻlaman.

 

***

Muhammad Yusuf buyuklik daʼvosidan yiroq shoir edi. Hatto oʻzini “toʻpori nazmboz” atagani, “sheʼrim shuhratimga emas munosib”, deya eʼtirof etgani ham bor gap. Biroq bir narsa shubhasiz: Muhammad Yusuf qisqa ijodiy umri davomida davrining, xalqining talab-ehtiyojlarini teran his etib yashadi; Vataniga begʻaraz muhabbat, elining dilidagi dard bilan ogʻrib, tili uchida turganni aytib qalam tebratdi. Bilasiz, oʻzbek salomni aliksiz qoldirmaydi: xalqimiz oʻz shoiri xotirasini eʼzozlab koʻrsatayotgan yuksak ehtirom buning yorqin dalilidir.

 

Dilmurod QURONOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Sharq yulduzi”, 2014–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/sherlarida-tuproq-isi-bor/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x