Navoiyning ustozi

Annotatsiya: Buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy ijodi, xususan, uning “Xamsat ul-mutahayyirin” (“Hayratlanarli beshlik”) asarida Abdurahmon Jomiy pir va ustoz sifatida tasvirlanadi.

Tadqiqotchi Farruxbek Olimning “Navoiyning ustozi” maqolasida Jomiyning aynan ustozlik sifatlari tasviri tahlil etiladi. Shu tariqa ikki buyuk qalam sohibining bir-biriga adabiy taʼsiri masalasi ham qalamga olinadi.

Annotatsiya: V tvorchestve velikogo uzbekskogo poeta i miʼslitelya Alishera Navoi, osobenno, v yego proizvedenii “Xamsat ul-mutaxayyirin” (“Pyateritsa smyatenniʼx”) Abduraxman Djami opisiʼvayetsya kak i pir (duxovniʼy nastavnik), tak i uchitel.

V statye issledovatelya Farruxbeka Olima “Uchitel Navoi” analiziruyetsya opisaniya imenno uchitelskiye kachestva Djami. Na etom osnove pokaziʼvayetsya vzaimovliyaniye mejdu etimi dvumya velikimi masterami slov.

Annotation: In creative works of the great uzbek poet and thinker Alisher Navoi, especially, in his play “Khamsat ul-mutahayyirin” (Five astonishments) Abdurahmon Jomi was described as a pir (spiritual teacher) and a master.

In the article of the researcher Farrukhbek Olim which is named “The teacher of Navoi” is analyzed the description of mastership states of Jomi. Moreover, in this article is expressed the literary influences to each other of these two great poets.

Tayanch soʻzlar: Ustoz, shogird, pir, muallim, mudarris, yoʻlboshlovchi, bayt, ruboiy, qasida, tatabbuʼ, nasr, tasavvuf, tariqat, adabiy meros, adabiy taʼsir.

 

Alisher Navoiy ijodini uning piri va ustozi Abdurahmon Jomiyning bevosita taʼsirisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shuning uchun ham shoirning oʻzi aksariyat asarlarida ustozini taʼrifu tavsif etadi, unga alohida satrlar bagʻishlaydi. Bu zotga boʻlgan cheksiz eʼzoz Navoiyning sheʼriy merosida ham, nasriy asarlarida ham birdek koʻzga tashlanadi. Ammo qaysidir maʼnoda ustozi haqida bir butun tasavvur uygʻotadigan yaxlit bir asar yozib, uning xotirasini abadiylashtirishga ehtiyoj bor edi. Shu maqsadda Navoiy Jomiy vafotidan ikki yil oʻtganidan keyin, yaʼni 1494 yili u haqida maxsus “Xamsat ul-mutahayyirin” asarini yaratdi.

Alisher Navoiy oʻz asarlarida piri va ustozi Abdurahmon Jomiyni har qancha madh etmasin, baribir, bu ikki buyuk ijodkor oʻrtasidagi haqiqiy munosabatlar aynan “Xamsat ul-mutahayyirin”da yanada yorqinroq namoyon boʻladi. Chunki bu asarda, avvalo, real voqealar, ikki shaxs oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar bor aniqligi bilan qalamga olinadi. Qolaversa, “Xamsat ul-mutahayyirin” – Jomiy hayoti va ijodiga bagʻishlangan maxsus asar. Bulardan tashqari, mazkur adabiy yodgorlikda kenglik, batafsillik bor, chunki u nasriy yoʻl bilan yozilgan.

“Xamsat ul-mutahayyirin”da bu ikki hamfikr shaxs munosabatlarining turli tomonlari aks etgan boʻlsa ham, avvalo, ular oʻrtasidagi haqiqiy ustoz-shogirdlik rishtalari koʻrsatiladi. Jumladan, asarning “Xotima”sida Navoiy Jomiy huzurida taʼlim olish va foydalanish yuzasidan oʻqigan kitoblari roʻyxatini birmabir keltiradi. Ular quyidagilardan iborat: “Qofiya”, “Muammo”, “Lavoyeh”, “Lavomeh”, “Sharhi ruboiyot”, “Ashiʼat ul-lamaʼot”, “Nafahot ul-uns…”, “Shavohid un-nubuvvat…”, “Qudsiya”, “Lamaʼot”, “Volidiya”, “Ilohiynoma”.

Bundan tashqari, Navoiy “Xamsa” bilan “Haft avrang”ni Jomiy qiyoslash yoʻli bilan ovoz chiqarib oʻqiganida tinglaganini, shuningdek, baʼzi risolalar ular oldida oʻqilmagan boʻlsa ham, ulardagi ayrim murakkab joylarini ustozidan soʻrab turganini yozadi. Ana shu maʼlumotlar Jomiyning, haqiqatan ham, Navoiyga toʻgʻridantoʻgʻri muallim, mudarris, yoʻlboshlovchi, ustoz ekanini yana bir karra isbotlaydi.

Shogirdlar har xil boʻladi. Bir olimning kitoblarini oʻqigan, uning izidan borayotgan tadqiqotchi ham maʼlum maʼnoda, unga shogird. Biroq Navoiy Jomiy qoʻlidan toʻgʻridan-toʻgʻri taʼlim olgan haqiqiy shogird edi. Bu “Xamsat ul-mutahayyirin”da yanada yorqin koʻzga tashlanadi.

Avvalo, Jomiy Navoiyga ikki maʼnoda rahnamo edi. U ham ilm va adabiyotda ustoz, ham tariqatda pir edi. Lekin bu tushuncha koʻp hollarda bir-biriga uygʻunlashib ketadi. Masalan, “Xamsat ul-mutahayyirin”ning “Uchinchi maqolat”ida shunday deyiladi:

“Ul vaqtdakim, faqir alar xizmatida sufiya ramuzu ishorot va alfozu iborot istilohin oʻtkarur erdim, hazrati qutb ussolikin Shayx Faxriddin Iroqiy quddisa sirrihuning “Lamaʼot”i orzusi xayolgʻa koʻp evrulur erdi. Bir kun taqrib bila bu maʼnini izhor qildim. Alar dedilarkim: “Tariqat mashoyixining forsiy kutub va rasoili oz mutolaa qililibdur, ammo chun havasing bor, andoq boʻlsun”. To ulkim, ul sharif kitobni faqirgʻa sabaq ayturgʻa murtakib boʻldilar, har kun sabaqda xushhol boʻlub, taʼrif qilurlar erdi”.[1]

Yuqoridagilardan maʼlum boʻladiki, Navoiy Jomiydan haqiqiy maʼnoda, sodda qilib aytganda, yuzma-yuz oʻtirib taʼlim olgan. Pirlik va ustozlik uygʻunlashib ketgan, deyilishining sababi shundaki, Navoiy Jomiydan oʻrgangan asarlarning baʼzilari badiiy, ayrimlari ilmiy boʻlgani bilan, ularning aksariyati tasavvuf masalalariga bagʻishlangan edi. Jomiy shogirdiga koʻproq aynan ana shunday asarlardan taʼlim beradi. Qiynalgan vaqtlarida turli sharhlarga murojaat qiladi. Bu talqinlarda ham xatolar uchratganidan keyin Jomiy oʻzi ularga sharh bitadi. Jomiy va Navoiy adabiy-tabʼiy (estetik) qarashlari mushtarakligi atoqli sharqshunos Yevgeniy Eduardovich Bertels nazaridan chetda qolmagan: “Navoiy adabiyotga munosabat masalasida (Jomiy bilan) oʻzaro didlarining toʻliq mos kelishini koʻp eslatadi”.[2]

Yuqorida keltirilgan matnda ham aynan Jomiyning “Ashiʼat ul-lamaʼot” asarining paydo boʻlishi hikoya qilingan. Ustoz shogirdiga taʼlim berish jarayonida yana bir asar yaratdi. Yaʼni Shayx Faxriddin Iroqiyning “Lamaʼot”iga maxsus sharh bitdi. Aynan shu yerda oʻzaro adabiy taʼsir namoyon boʻladi. Bu ikki buyuk shaxs oʻrtasidagi ustoz-shogirdlik munosabatlari ham ana shu kuchli adabiy taʼsir koʻrinishi tarzida koʻzga tashlanadi.

Jomiy aynan qaysi asarlarini Navoiyning turtkisi, iltimosi bilan yaratganini yuqorida aytib oʻtdik. Bular orasida aynan Navoiyga taʼlim berish yuzasidan bitilganlari ham bisyor. “Xamsat ul-mutahayyirin”da bunga koʻplab isbot topishimiz mumkin. Navoiy musiqiy ilmni egallashni ham niyat qilganida Jomiy uning uchun shu sohaga doir asar ham yozib beradi. Buni Navoiy shunday ifodalaydi: “Ul yerdinkim, alarning bu faqir sori inoyat va iltifotlari bor erdi, musiqiy va advor risolasin bitdilarkim, bu fanda andoq munaqqah va mufid risola yoʻqtur”.[3]

Maʼlumki, “Xamsat ul-mutahayyirin”, yaʼni “Hayratlanarli beshlik”, nomida ham qayd etilganidek, besh qismdan, yaʼni “Muqaddima”, “Avvalgi maqolat”, “Ikkinchi maqolat”, “Uchinchi maqolat” va “Xotima”dan iborat.

Muallif asarning “Avvalgi maqolat”ida Jomiy va oʻzi oʻrtasida boʻlib oʻtgan voqealar hamda ustozining unga boʻlgan iltifotlarini bitadi. Shuning uchun ham, nazarimizda, aynan ustoz-shogirdlik munosabatlari aynan shu bobda koʻproq aks etgan.

Jumladan, shu bobdagi birinchi hikoyatda gʻaroyib bir voqea tilga olinadi. Kunlardan bir kuni Shayx Abdulloh kotib Xoja Abdulloh Ansoriyning[4] “Ilohiynoma”ga qarashli “Munojot” risolasini Navoiyga keltiradi. Navoiy avvaliga asarning bir-ikki sahifasini shunchaki varaqlab koʻrmoqchi boʻladi. Biroq “soʻzning xoʻblugʻ va ravonligʻidin”[5] ikki juzvdan[6] ortiqroq bu asarni boshlaganigacha bir oʻtirishda oxiriga qadar oʻqib chiqadi. Bunga guvoh boʻlganlar kattagina hajmdagi bu asarni bir zarb bilan boshdan-oyoq mutolaa qilgan shoirga qoyil qolishadi.

Ertasi kuni Jomiy Navoiyning uyiga tashrif buyurganida kechagi guvohlar bu gʻaroyib voqeani piri komilga gapirib berishadi. Shunda Jomiy muloyim tabassum bilan: “Ajab amri ittifoqiy bizning va sizning oraliqda voqeʼ boʻlgʻon ermish: ikki yo uch kun burunroq Mavlono Shayx Abdulloh ushbu risolani bizning qoshimizgʻa kelturub erdi, biz dogʻi avvaldin bunyod qilduk, oxirigʻa degincha hech yerda turmoq boʻlmay tugandi”,[7] – deydi. Ertasiga ertalab kotib kitobni yoki uning pulini olib ketish uchun Navoiynikiga kelganida, odamlar unga shoir kitobni bir oʻtirishda toʻxtamay oʻqib chiqqanini aytib berishadi. U taajjub bilan Jomiy ham kitobni qoʻliga olgani zahoti mutolaaga kirishib, bir boshlash bilan oʻqib tugatganini aytadi. Bu bilan u gʻaroyib voqeaning, haqiqatan ham, shunday boʻlganini yana bir karra tasdiqlaydi. Buni Navoiy, aslida, ustozi va pirining sidqiga, yaʼni har doim rost soʻzlashiga dalil sifatida keltiradi. Lekin bahonada zimdan ustoz va shogirdda bir xil fazilat borligini ham qistirib, oʻquvchiga anglatib ketadi.

Ustoz va shogirdning sheʼriyatga, xususan, savodxonlikka munosabati ham bir-biriga yaqin boʻlishi aniq. Bu – quyidagi hikoyatda yaqqol koʻzga tashlanadi.

Kechki yigʻilishlarning birida Mutahhir Udiy degan bir xonanda Xoja Hasan Dehlaviyning[8] bir sheʼrini kuylaydi, jumladan, mana bu baytni ham oʻqiydi:

 

Misoli qatrai boron sirishki man hama durr shud,

Chunin asar dihad, alhaq, tului chun tu suhayle.

Mazmuni: Yomgʻir qatralari kabi koʻz yoshlarimning hammasi durr boʻldi,

Haqiqatan, sening Suhayl (yulduzidek) chiqib kelishing shunday taʼsir qiladi.

 

Majlis ahli sheʼriyatdan boxabar, taniqli va xushtaʼb kishilardan iborat edi. Ular xonandaga baytdagi “durr shud”, yaʼni “dur boʻldi” soʻzi oʻrniga “xun shud”, yaʼni “qon boʻldi”, deb oʻqishni, “durr shud”ning maʼnosi yoʻqligini aytishadi. Majlis sarvari ham bu fikrga qoʻshiladi. Ular indamay oʻtirgan Navoiydan bu mulohazaga munosabat bildirishini soʻraganlarida, u xonanda tarafida ekanini aytadi. Bu javobdan norozi boʻlgan majlisdagilarning barchasi shoirga qarshi chiqadi. Shunda Navoiy: “Chun siz borcha bir jonib boʻldungiz, men yalgʻuz. Sizga oʻz muddaomni sobit (isbot − F. O.) qila olmon, ammo bir kishini hakamliqgʻa musallam tutsangiz, garav bogʻlarmen”,[9]deydi.

Bahsga yechim topish maqsadida Jomiyga munozara mazmunini bitib, xat joʻnatishadi. Biroz vaqtdan soʻng ul zotdan bir misra javob keladi:

“Suxan “durr” astu taalluq ba goʻshi shah dorad”.

Mazmuni: “Soʻz “durr”u, uning shoh qulogʻiga taalluqli yeri bor”.

Bu javobdan: “Ul jamoat mulzam boʻlub, faqirgʻa alarning tarbiyat va madadlari bu navʼ yetti. Maʼlum ermaski, hargiz kishi bu navʼ muxtasar javob hech savolda aytmish boʻlgʻay. Tonglasi bu soʻz shuhrat tutti. El yod tutub, majolisda naql qilurlar erdi”.[10]

Bu hikoyatdan Jomiy va Navoiyning nafaqat hamfikrligi, isteʼdodi va savodi, balki ularning oʻsha muhitdagi sheʼriyat ixlosmandlarining barchasidan ustun boʻlganini ham koʻrsatadi. Bu ikki buyuk sohibi qalam yaratgan badiiy-ilmiy merosning koʻlami ham, yuksaklik darajasi ham shuni toʻla isbotlaydi. Bundan tashqari, ustoz bu yerda oʻzi bilmagan holda (chunki u Navoiy bilan davra ahli oʻrtasidagi garovdan bexabar edi) noqulay ahvolga tushgan shogirdini qutqarib qoldi.

Jomiy hamisha Navoiyni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab yurgan. Bu quyidagi hikoyatda ham yaqqol namoyon boʻladi.

Davlat xizmatidan toliqqani, adabiy rejalarining amalga oshishi qiyin kechayotgani uchun Navoiy mansabni tark etib, tamoman ijod bilan shugʻullanmoqchi boʻladi. Shunda Jomiy tanbeh va nasihat yuzasidan undan buning sababini soʻraydi. Ular oʻrtasida shunday savol-javob boʻlib oʻtadi:

Inson jinsi suhbat va ixtilotidin malul boʻlur erdim, bu ishga ul bois boʻldi.

Alar dedilarkim:

– Inson kimni xayol qilib erding, bizga dagʻi koʻrguz?.[11]

Navoiy ustozining rad qilishidan choʻchigan edi. Ammo bu javobdan quvonadi. Demak, mansabni tark etishiga Jomiy qarshi emas. “Xotirim jamʼ boʻldi”, – deb yozadi muallif. Bu hikoyatda Jomiy ulugʻ ustoz, maslahatchi, yoʻlboshchi va hamfikr doʻst sifatida gavdalanadi.

Navbatdagi hikoyatda esa ikki ijodkorning badiiy didi va saviyasi deyarli bir xil darajada ekani koʻzga tashlanadi. Navoiy bu holatni faxr bilan qalamga oladi.

“Xamsa” dostonlarining birida[12] Navoiy oʻzidan oldingi “Xamsa”navislar madhida shunday yozadi:

 

Kahfi fano ichra alar boʻlsa gum,

Men ham oʻlay robiuhum kalbuhum.[13]

 

Mavlono Sogʻariy[14] bu baytga tatabbuʼ qilib, quyidagi baytni yozadi:

 

Mirki guft: “robiuhum kalbuhum”

Yofta fayzi suxan az qalbuhum.

Mazmuni: Mir (Navoiy))”toʻrtinchilari itlariman”, – dediyu,

(Oʻzi) ularning qalbidan soʻz fayzini topdi.

 

Shoir Navoiy qoshida bu baytni oʻqib beradi. Navoiy esa sheʼrning xatosiga eʼtiroz qiladi: “Az kalbuhum” tarkibida “az” – “min” maʼnosi biladur, “min” hurufi jorradindur va madxulin majrur qilur va bu tarkibda oʻz amalin qilsa, qofiya gʻalat boʻlur”. [15]

Sogʻariy esa Jomiy ham bu baytga xuddi shunday eʼtiroz qilib, qofiyadagi xatolikni koʻrsatganini aytadi. Navoiy bu oʻrinda boʻlib oʻtgan voqeani yozishdan maqsadini: “… Ul Hazrat bila faqir orasida tavorud voqeʼ boʻlgʻoni”,[16]deb qayd etadi. Albatta, bunday tavorudlar oʻzidan-oʻzi boʻlavermaydi. Bunga sabab shuki, ikki ijodkorning adabiyotga, sheʼriyatga, qolaversa, ijodkorlarga munosabati − mushtarak.

Bu quyidagi hikoyatda yanada yaqqolroq namoyon boʻladi.

Bir kuni Navoiy Jomiy huzurida boʻlganida shoir Anvariyning[17] qasidasi ustida soʻz ketadi. Jomiy bu shoirning sheʼrlarini maqtab, baʼzi joylari moʻjiza darajasiga yetganini taʼriflaydi. Bu munosabatdan Navoiyning koʻngli koʻtariladi. Chunki Navoiy doʻstlar orasida Anvariy ijodining ixlosmandi sifatida maʼlum edi. Navoiy Jomiydan Anvariyning:

 

Gar dilu dast bahru kon boshad,

Dilu dasti xudoyagon boshad.[18]

Mazmuni: “Agar koʻngil bilan qoʻl daryo va kon boʻlsa,

Shohlarning dili va qoʻli boʻladi”, –

deb boshlanadigan qasidasini Jomiydan yana bir karra oʻqib, sharhlab berishni iltimos qiladi.

Shundan soʻng Jomiy: “Ajab soʻz aytting, bu uch-toʻrt kunda bu qasidasin oʻqub, xushhol boʻlub, gʻoyat xush kelgandin javob ham aytibmiz”, – deb bir qoralamani Navoiyning qoʻliga tutqazadi. Uning matlaʼsi shunday edi:

 

Har kiro dar dahon zabon boshad,

Dar sanoi shahi jahon boshad”.[19]

Mazmuni: Har kimning ogʻzida tili boʻlsa,

Jahon shohining madhida boʻlsin).

Bunday kutilmagan javobdan hayajonlanib ketgan Navoiy, Anvariyning qasidasini sehr deb oʻylagan ekanmiz, Jomiyning nazirasi undan oʻtib, haqiqiy moʻjiza boʻldi, deb yozadi. Bu voqea shogirdni ustozga yanada qalban yaqinlashtiradi.

Biz yuqorida “Avvalgi maqolat”da keltirilgan jami beshta (1,4, 9,11,16) hikoyatni koʻrib chiqdik. Ularda ustoz-shogirdlik munosabatlari yanada yaqqolroq namoyon boʻldi. Aslida, muallif ham bu bobga shuni maqsad qilib qoʻygan edi. Biroq keng maʼnodagi ustoz-shogirdlik munosabatlari asarning boshqa boblarida ham koʻzga tashlanadi.

“Xamsat ul-mutahayyirin”ning “Ikkinchi maqolat”iga Navoiy oʻzi bilan ustozi oʻrtasidagi maktublarni kiritadi. Ana shu xatlar ham maqolamizda oʻrtaga qoʻyilgan masalani tadqiq etishimizda juda qoʻl keladi. “Ikkinchi maqolat”ning 4-hikoyatida yana ustoz-shogirdning hamfikr ekani, shuningdek, ulardagi badiiy didning oʻzaro yaqinligini koʻrishimiz mumkin.

Kunlarning birida Hazrat Jomiy huzurida Mir Xusravning “Daryoyi abror”[20] qasidasi haqida soʻz boradi. Shunda Navoiy bu asarni maqtay ketadi. Biroq ustozi bu haqda hech narsa demaydi. Navoiy, qasida maqtovga loyiq boʻlsa-da, ulugʻ hazrat oldida uni oshirib taʼriflab yubordimmikan, degan xayolga boradi. Oradan biroz vaqt oʻtgach, Navoiy safarga otlana turib ustozidan fotiha olishga borganida, Jomiy unga oʻzining “Daryoyi abror” javobida bitilgan “Lujjat ul-asror”[21] qasidasini beradi. Navoiy yoʻl davomida ot ustida qasidani oʻqib, behad xursand boʻladi. Shunda ilhomlangan shoirning xayoliga “Tuhfat ul-afkor”[22] asarining matlaʼi keladi. Manzilga yetgach, Navoiy matlaʼni qogʻozga tushirib, agar asar tugatishga loyiq, deb topilsa, yaʼni ustozga maʼqul boʻlsa, uni davom ettiraman, degan mazmunda xat yozib, bir bek orqali uni joʻnatadi. Jomiydan esa: “Albatta, tugatsun”, [23]degan javob keladi.

Shunday qilib, bu hikoyatdan “Lujjat ul-asror” va “Tuhfat ul-afkor” asarlarining dunyoga kelishi haqida muhim maʼlumotlarni bilib olamiz. Shu tariqa ustoz shogirdning yana bir asar yaratishiga sababchi boʻlgani ham ayonlashadi. Aslida, bu ham – haqiqiy maʼnodagi ustozlik. Jomiy Navoiy uchun har tomonlama murabbiy edi. Shuning uchun ham ulugʻ oʻzbek shoiri oʻzining har bir harakati Jomiy tomonidan qanday qabul qilinishiga aslo befarq boʻlmagan. Chunki “Jomiyning maslahatlari adabiy masalalar bilan chegaralanmasdi. Ular Navoiyning shaxsiy va ijtimoiy hayotiga ham taalluqli boʻlardi”.[24] “Ikkinchi maqolat”ning 6-hikoyatida buni aniq koʻrish mumkin.

Navoiy davlat xizmatidan charchagan vaqtlarida ustoziga bu ishdan xalos boʻlish haqida niyatini bildiradi. Ustoz esa har gal uni bu niyatidan qaytarib, turli soʻzlar bilan shogirdiga taskin berib turadi.

Bir kuni Navoiy Murgʻob atrofida xizmat mashaqqatlaridan noligan kayfiyatda quyidagi ruboiyni bitib, uni Jomiyga joʻnatadi:

 

To kay chu sabo har tarafam jilvagariy

Xoham soʻi sarvi xud kunam paysipariy,

Farʼyodkunonu xok bar sarfiganon

Goʻyam, ki xalosam kun az in darbadariy.

Mazmuni: “Qachongacha yeldek har tomondan jilva qilay?!

Oʻz sarvim tomon yelib yugurishni xohlayman.

Faryod qilib, boshimga tuproq sochib,

Qutqar meni bu darbadarlikdan, deyman”.

 

Jomiy nasihat yuzasidan quyidagi ruboiyni bitib, shogirdiga yuboradi:

 

Az didai jon agar ba jonon nigariy,

Az tafriqai jahon kucho gʻussa xoʻriy,

In tafriqa hargiz chun nagardad sipariy,

Bo tafriqa jam bosh, to bahra bariy.

Mazmuni: “Agar jononga jon koʻzi bilan boqsang,

Jahon beboshligidan gʻam chekarmi eding?

Bu beboshlik hech qachon tugamaydi,

Beboshlik sabab yigʻnoq boʻl, toki bahra topgaysen”.

 

Bu baytlardan Navoiyning hayot mashaqqatlaridan toliqqan, uning chigalliklarini yecholmay, qiynalgan paytlarida naqadar ustoziga tayanganini koʻramiz.

“Xamsat ul-mutahayyirin”dan bilib olamizki, Jomiy va Navoiy badiiy ijod, hayotiy muammolar va davlat ahamiyatiga molik masalalarning barchasini bamaslahat hal etishgan. Professorlar Rahim Vohidov va Mels Mahmudov shunday yozishadi: “Shundan ularning gʻoyaviy-maʼnaviy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-taʼlimiy, falsafiyestetik qarashlarida mushtarak tomonlar koʻp uchraydi. Jomiy va Navoiy adabiy merosidagi bu hamohanglik soʻz – adabiyot va unga munosabat bobida ham ochiq koʻzga tashlanadi”[25].

“Xamsat ul-mutahayyirin”da bu ilmiy qarashlarni toʻla tasdiqlaydigan, shuncha isbot-dalil boʻladigan talqinlar koʻp. Navoiy ustozi va piri bilan hamfikr va hammaslak ekanini hamisha faxr bilan tilga oladi. Oʻquvchi diqqatini aynan shu jihatga qaratishga harakat qiladi.

“Xamsat ul-mutahayyirin” Jomiy va Navoiy oʻrtasidagi ustoz-shogirdlik munosabatlarini yoritish uchun eng moʻtabar ilmiy-tarixiy manba hisoblanadi. Jomiyning ustozlik sifatlarini koʻrsatish muallif oldida turgan asosiy maqsadlardan biri edi. Asarda bu vazifa bekamu koʻst ado etilgan.

“Xamsat ul-mutahayyirin” ham Jomiy, ham Navoiy hayoti, ijodi va faoliyatini tadqiq etishda birdek ahamiyatga ega manba sifatida xizmat qilaveradi. Eng muhimi, bu asar ikki buyuk qalam sohibining oʻzaro yuksak munosabati, qolaversa, bir ulugʻ tarixiy shaxsning ikkinchi bir bemisl dahoga boʻlgan cheksiz hurmat-eʼtiborini namoyon etadi. Xuddi shu jihatlar “Xamsat ul-mutahayyirin”ning tengsiz qadr-qimmatga ega asar ekanidan dalolat beradi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati:

 

  1. Ayniy S. Tanlangan ilmiy asarlar. – T.: “Fan” nashriyoti. 1978.
  2. Afsaxzod A. Lirika Abd ar-Raxmana Djami. Problemiʼ teksta i poetiki. – M.: Nauka. Glavnaya redaksiya vostochnoy literaturiʼ. 1988.
  3. Axmedov B. A. Jitiya musulmanskix svyatiʼx, kak istoricheskiy istochnik Istochnikovedcheskiye iziʼskaniya. T. 11. – Tbilisi: 1988.
  4. Bertels Ye. E. Navoi i Djami. – M.: Nauka. 1965.
  5. Isʼhoqov Yo. Ikki jahon xalqiga hayrat. – “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi. 2001 yil, 9 fevral.
  6. Komilov N. Tasavvuf. – T.: “Movarounnahr” – “Oʻzbekiston” nashriyotlari. 2009.
  7. Sultonov I. Navoiyning qalb daftari. – T.: “Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi”. 2010.
  8. Shodiyev E. Alisher Navoiy va fors-tojik adiblari. – T.: “Oʻqituvchi” nashriyoti. 1989.
  9. Shomuhammedov Sh. Fors-tojik adabiyoti klassiklari. – T.: “Davlat badiiy adabiyot” nashriyoti. 1963.
  10. Gʻaniyeva S. Yana “Xamsat ul-mutahayyirin” haqida. Quyidagi kitobda: Jomiy va oʻzbek adabiyoti. – T.: “Movarounnahr” nashriyoti. 2005.

 

Farruxbek OLIMOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–2

 


[1] Alisher  N a v o i y. Mukammal asarlar toʻplami. 20 jildlik. 15-jild. Xamsat ul-mutahayyirin.  – T.: “Fan” nashriyoti. 1999. – 55-56­-betlar.

[2] Bertels  Ye.E. Navoi i Djami. − M.: Izd. Nauka. 1965. – S.122.

[3] Oʻsha nashr, 70­-bet.

[4] Abdulloh Ansoriy, yaʼni Abu Ismoil Abdulloh ibn Muhammad  Ansoriy Hirotiy (vafoti milodiy 1088 yil) – soʻfiylik tariqatining yirik  nazariyotchilaridan biri. Qarang: Oʻsha nashr, 187­-bet.

[5] Oʻsha nashr, 15-­bet.

[6] Juzv – muayyan oʻlchovdagi kitobning 50 betini anglatadigan birlik. Demak, Navoiy oʻqigan asar 100 sahifadan ortiqroq boʻlgan.

[7] Oʻsha nashr, 15-­bet.

[8] Xoja Hasan Dehlaviy – Hindistonda yashab, ijod qilgan mashhur forsigoʻy gʻazalnavis shoir. 1327 yili Dehlida vafot etgan. Qarang: Oʻsha nashr, 187-­bet.

[9] Oʻsha nashr, 18­-bet.

[10] Oʻsha nashr, oʻsha bet.

[11] Oʻsha nashr, 21­-bet.

[12] Bu oʻrinda muallif ushbu baytning aynan qaysi dostondan olinganini aytib oʻtmagan. Maʼlum boʻlishicha, bu misralar shoirning “Hayrat ul-abror” asarining Jomiyga bagʻishlangan bobida keltiriladi. Qarang: Alisher N a v o i y. Mukammal asarlar toʻplami. 20 jildlik. 7-­jild. Hayrat ul-abror. − T.: “Fan” nashriyoti. 1991.– 56-­bet.  

[13] Alisher N a v o i y. Mukammal asarlar toʻplami. 20 jildlik. 15­jild. Xamsat ul­-mutahayyirin. 

− T.: “Fan” nashriyoti. 1999. – 22­-bet.

[14] Sogʻariy – Hirot shoirlaridan biri. Navoiy u haqida “Majolis un-­nafois”da maʼlumot beradi.

[15] Oʻsha nashr, oʻsha bet.

[16] Oʻsha nashr, oʻsha bet

[17] Anvariy (Avhauddin Anvariy) – Sulton Sanjar (vaf. 1156 y.) saroyida xizmat qilgan shoir. Uning qasidalari shakl va uslub jihatidan nihoyatda murakkab va dabdabali. Qarang: Alisher N a v o i y. Mukammal asarlar toʻplami. 20 jildlik. 15­-jild. Xamsat ul-­mutahayyirin. − T.: “Fan” nashriyoti. 1999. – 188-­bet.

[18] Alisher N a v o i y. Mukammal asarlar toʻplami. 20 jildlik. 15­jild. Xamsat ul­-mutahayyirin.  − T.: “Fan” nashriyoti. 1999. – 27­-bet.

[19] Oʻsha asar, oʻsha bet.

[20] “Daryoyi abror” (“Pok kishilar daryosi”) – Amir Xusrav Dehlaviyning falsafiy qasidasi.

[21] “Lujjat ul­-asror” (“Sirlar daryosining chuqur joyi”) – Jomiyning “Daryoyi abror” qasidasi javobida yozgan qasidasi.

[22] “Tuhfat ul­-afkor” (“Fikrlar tuhfasi”) – Navoiyning Xusrav Dehlaviy va Jomiy qasidalariga javob tarzida yozgan qasidasi.

[23] Alisher N a v o i y. Mukammal asarlar toʻplami. 20 jildlik. 15­jild. Xamsat ul-­mutahayyirin.  − T.: 1999. – 34­-bet.

[24] Bertels  Ye.E. Navoi i Djami. − M.: Izd.“Nauka”. 1965. – S. 124. 

[25] Vohidov  R.,    Mahmudov   M.  Iymon  –  qalb gavhari. − T.: “Maʼnaviyat” nashriyoti. 1999. – 18-19-­betlar.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/navoiyning-ustozi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x