Toʻrtliklar silsilasi
Mening firoqimu oning visoli tun bila tong.
Alisher NAVOIY
* * *
Odamzot hayoti jon va tandadir,
Tan qanda – jon anda, Vatan andadir!
Yoru diyorsiz, lek, xordir jon va tan,
Tan – Vatanga tandir, jon – Vatandadir!
* * *
Ne sirlar tong ichra yo shom ichradir,
Inson zamon ichra, ayyom ichradir.
Toki aylanarkan falak kosasi,
Umring bir piyola yo jom ichradir.
* * *
Oʻzingdan oʻzingga nazarlar qilgil,
Oʻzingni yengginu zafarlar qilgil.
Bir buyuk safardir asli har kuning,
Oʻzingdan oʻzingga safarlar qilgil.
* * *
Bir tomchi atirga oʻralgan sanam,
Tun ikki tomchidir – bir tomchisi shamʼ.
Senga tutqazganim – shamʼ soyasida
Bir gul yaprogʻiyu bir tomchi shabnam.
* * *
Koʻzlar qaro edi, kechalar qaro,
Kezdim uzun-uzun mijgonlar aro.
Jayronlar holimga hayron boqdilar,
Oxir qolib ketdim hijronlar aro.
* * *
Hazrat Zahiriddin Muhammad Bobur,
Hasrat, Zahiriddin Muhammad Bobur.
Siz buyuk xilqatsiz, hikmatsiz buyuk,
Hayrat, Zahiriddin Muhammad Bobur.
* * *
Samarqand – moziyning ulugʻ darsiday,
Mangu shon-shavkating qutlugʻ vasliday.
Minorlar ortidan gumbazlar kelar
Sohibqiron bobo dubulgʻasiday.
* * *
Yerga bir yonar tosh – bir xatar tushdi,
Farqi yoʻq kech paytmi yo sahar tushdi.
Olis samolardan senga, ey, inson,
Buyuk xavf-xatardan bir xabar tushdi.
* * *
Aylanar davr ila ayyom kosasi,
Har kuning umrning bir jom, kosasi.
Koʻngling piyolasi sinmasin hargiz,
Qoʻlingdan tushmasin Xayyom kosasi.
* * *
Tun bila tong oʻtdi, subhu shom oʻtdi,
Umr aylanur bir misli jom oʻtdi.
Bu maʼlum va nomaʼlum falak ostida
Kimdir nom qoldirib, kim gumnom oʻtdi.
* * *
Koʻngil gohi quyosh, goh munglugʻ oydir,
Gohi toshqin daryo, goh sokin soydir.
Tun-kun oʻtar bundan hasratu shodlik,
Koʻngil tun-kun ochiq karvonsaroydir.
* * *
Otabek, ketdingiz ayta-ayta, bek,
Bu millat tugʻildi qayta-qayta, bek.
“Oʻtkan kunlar”niku oʻqib turibmiz,
Oʻtmagan kunlari qayda, qayda, bek?
* * *
Azaliy yoʻlidan dunyo ravondir,
Bu koʻhna rabotu koʻhna ayvondir.
Ikki eshik aro besh kunlik yoʻlda,
Inson hayrondiru inson sarsondir.
* * *
Ikki qoshu, ikki zulfu ikki xol,
Ikki qattol, ikki battol, ikki zol,
Ikki qilich, ikki sirtmoq, ikki oʻq,
Ikki koʻzdin topgum oxir men zavol.
* * *
Boychechak unibdi, armoning shudir,
Intizor har kuning, har oning shudir.
Davru davroningga rangu roʻy berib,
Bahor kelibdimi davroning shudir.
* * *
Bir yulduz bu oqshom jomingga tushdi,
Bir hadik jon ila shomingga tushdi.
Bexabar boʻlmagil, ey, sen bexabar,
Bir xabar ul sening nomingga tushdi.
* * *
Gul fasli – ne titroq Gulbadandadir,
Sen gul ishvasin koʻr, gul, badandadir.
Nozik harir ichra oq gul koʻringay,
Badan guldami yo gul badandadir?
* * *
Shafaqlar rang olmish taloshlarimdan,
Dil tubiga botgan quyoshlarimdan.
Koʻngil yonar toshday suv boʻldi tunlar,
Shabnamlar dars oldi koʻzyoshlarimdan.
* * *
Xotirot yillarning takrorligiday,
Olis koʻchalarning bedorligiday.
Bir shahar qolmishdir yiroqlarda yor,
Olis sevgimizning yodgorligiday.
* * *
Quyosh ichib boʻlgach falak jomidan
Asta tushib ketdi osmon tomidan.
Xudoyim har oqshom eslatur senga
Ayyom anjomidan, umr shomidan.
* * *
Kimningdir koʻksida koʻmirlar oʻtdi,
Ey, dil, bogʻlaringdan qumrilar oʻtdi.
Fasllar kechdilar bir doʻst hajrida,
Bir soʻz hijronida umrlar oʻtdi.
* * *
Yana xush kelibsan takror va takror
Mening koʻksimdagi bogʻlarga bahor.
Koʻnglingga olmagil, unda dogʻlarga
Aylangan andalib, qumrilarim bor.
* * *
Ona, dardlaringiz, tashvishlaringiz
Barin aytib bersa bolishlaringiz,
Men oʻgʻil boʻldimmi – mendan-da koʻproq
Sizga xizmat qilmish kalishlaringiz.
* * *
Dilga eltar yoʻllar mening yoʻlimdir,
Dardi bor har koʻngil mening koʻnglimdir.
Mushtipar har ayol onamga oʻxshar,
Koʻngli yarim har qiz mening singlimdir.
* * *
Mening daftarlarim – zaʼfarondirsiz,
Munglugʻ koʻnglim yozgan dasturxondirsiz.
Onam xayoliday zoru muztarib,
Onam xotiriday parishondirsiz.
* * *
Olam yaralganday takror yangidan,
Bahor rang talashur gullar rangidan.
Tiriklik nogahon yangrab ketgaydir,
Lola jarangiyu dil jarangidan.
* * *
Men – dashtlardan ketgan dashtning bolasi,
Bagʻrimda sogʻinchlar dogʻi, jolasi.
Har bir chechagingga suykalay, bahor,
Men – firoq lolasi, hijron lolasi.
* * *
Birovni sogʻinmay yashamoq ogʻir,
Sogʻinib yashamoq undan-da ogʻir.
Bu ham yetmaganday, uch kundan buyon
Yomgʻiru yomgʻir. Yomgʻiru yomgʻir.
* * *
Ey, dil, savoling ham xitobingdaman,
Har lahza ming ranju azobingdaman.
Bir umr men sening ortingdan chopdim,
Bir umr men sening shitobingdaman.
* * *
Vaqtning tandiri – tun bila kundir,
Kimdir oʻt boʻlsa gar, kimdir tutundir.
Kimdir bagʻri butun, kim – koʻngli yarim,
Bu mangu olovda barcha oʻtindir.
* * *
Tunlar aylandilar, kunlar evrildi,
Eng goʻzal onlarim yelga sovrildi.
Koʻngil guli soʻldi ayriliqlardan,
Mening ohlarimga bulbul qovrildi.
* * *
Na tongdir, na shomdir bu fasl nomi,
Gʻuborga chulgʻanmish yulduzli tomi.
Bir yoni tumandir, biri yoni – gumon,
Siniq zarkosaday yarim oy jomi.
* * *
Bu – manzil-makoning, dala-dashtingdir,
Umr – besh kechalik sayru gashtingdir.
Boshingdan kechgani – tush bilan xayol,
Dilingdan kechgani – sarguzashtingdir.
* * *
Doʻstlar, bir zamonlar biz toʻrgʻay edik,
Zangor samolarga oʻzni urgʻaydik.
Osmonda tuproqni sogʻinib, yerda
Samoni sogʻinib bizlar ulgʻaydik.
* * *
Aruziy, samoviy har gʻamingdaman,
Tong chogʻi bargdagi shabnamingdaman.
Shivirlaring kelar fazo qaʼridan,
Ey, dil, yerga tushgil, men zamindaman.
* * *
Olis bolalikda qolgan qayragʻoch,
Ey, Siroj, bir lahza qabogʻingni och.
Seni yelpib turar bir juft musicha,
Senga suv tomizgay bir juft qaldirgʻoch.
* * *
Sening izlaganing oʻshal yerdadir,
Oʻzliging oʻshaldir, oʻshal yerdadir.
Sen – oʻshal yerdirsan, oʻshal yer – sensan,
Oʻshal yer sendayu oʻshal yerdadir.
* * *
Xayrli tun senga, qirmiz quyoshim,
Faqat koʻngil boʻldi mening taloshim.
Borgan sari choyim lolarang oʻlmish,
Borgan sayin qizgʻish tus olmish oshim.
* * *
Bahor boʻlgaydirsan, qish boʻlgaydirsan,
Shunday azob chekib ish bilgaydirsan.
Ustoz demishlarki: Rustam Musurmon,
Loying pishib-pishib gʻisht boʻlgaydirsan.
* * *
Qushlar ishq bogʻidan koʻchib ketgaylar,
Tushlar yodimizdan oʻchib ketgaylar.
Bir tong sening ham oq shippaklaring, yor,
Bir juft kabutarday uchib ketgaylar.
* * *
Vatan matonatdir, shijoat – Vatan,
Butun el tiklagan imorat – Vatan!
Uygʻoq koʻngillaru beorom qalblar,
Bedor yuraklardan iborat Vatan!
Sirojiddin SAYYID
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–6
https://saviya.uz/ijod/nazm/tun-bila-tong/