Esimda yoʻq sevgi, hasrat, ayriliq…

***

 

Ruhim – yolgʻizlikni aylaydi talqin,

sassiz ogʻriqlarning dilida ne bor.

Bunchalar sovuqsan, bunchalar gʻamgin,

umrim suratlari ilingan

devor…

Haqqushning qonidan toʻragan oʻzim,

hammaga kelgan gʻam, menga ham kelgan.

Devor – yuragimning najotkor soʻzi,

devor – suyanmoqqa zor boʻlgan yelkam.

Oʻrtada ulgʻayar ozordir, devor,

faqat, oʻzinggacha yoʻl bordir, devor,

faqat, oʻzinggacha yoʻl bordir, devor,

devor boʻlolmagan devordir, devor…

Yashamoq dardida yonar, qotar muz,

kuzak quvib yurar bahorlarimni.

Ayting, axir qanday asrayin, hanuz

qulab ulgurmagan devorlarimni…

 

17.5. 2019

 

 

***

 

Soylarning jonidan simirdim dilgir,

hayotga toʻldirib tashna hovuchim.

Ichdim qongunimcha,

yongunimcha to

lovullab ketguncha moviyrang ichim.

Bahorlar yoʻlida isyon talashgan,

kuzlik qiyofamdan koʻchgan ojiz rang.

Yoqib yuborasan qanotlarimni,

ushlab ham qolmaysan,

istasang…

Men

senda

qolmagan

baxtdirman,

qara,

lablarimga qoʻndi bir soʻz “Alvido!”

Armoniga toʻygan bir sensan endi,

ayriliqqa koʻngan bir men, ey Xudo!..

Yuragini emas, yoʻq-yoʻq, shul damda

arosat qamraydi butkul ongini.

Sovuq derazaga yuzin bosar jim,

qarshilab

umrining

mensiz

tonggini…

 

2019, 20-may.

 

 

IKKI DARAXT QISMATI HAQIDA UCH SHEʼR

 

I

Yolgʻiz daraxt haqida ilk sheʼr

 

Bostirib keladi bu bogʻga xazon,

Kuzni tanimaydi bu bogʻ hali yosh.

Daraxt tonglar bilan yuzlashgan bu on,

Barglariga tomar bir tomchi quyosh.

Yoʻqligu borliqning qoshida karaxt,

Fasllar birma-bir yigʻlab oʻtardi.

Bu bogʻ oʻrtasida yolgʻiz bir daraxt,

Oʻzga bir daraxtni kutardi…

Intiqib kutardi, kutardi yonib,

Yoʻqdir kutmoqlikdan chorasi oʻzga.

Oʻzda yoʻq sevinib, kulib, quvonib,

Hatto ishongandir bir kunlik kuzga.

Umidu bardoshi sargʻaymay takror,

Gulgun chogʻlarini eslar u bot-bot.

Qaydadir adashib yuribdi bahor…

Daraxt gullamoqni unutgan nahot?!

 

II

Arosatda yozilgan sheʼr

 

Baxtimiz sochilgan, dardimiz butun,

Kuzagimiz mangu, bahorimiz yoʻq.

Tinmay aylanadi beparvo tun-kun,

Poyimizda zamin, boshimizda koʻk.

Oʻzicha yashaydi boshqa-boshqalar:

Shodliklar, quvonchlar, kulishlar.

Bizning koʻnglimizni soʻlishlar talar,

Umrimizni talar soʻlishlar.

Yelkamizni yezgan, yoʻq, qushlar yemas,

Gunohlar olajak jonni sugʻurib,

Na bir egnimiz bor qilgulik havas,

Ildizimiz borar kun-kundan chirib.

Yashaymiz bekoʻzu, yashaymiz bedil,

Koʻniktirmoq istab aylanar dunyo.

Endi, oʻlgungacha kuylaymiz betin:

“Arosatda qoldikmikan yo?

arosatda qoldikmikan yo?

arosatda qoldikmikan yo?!”

 

III

Yolgʻiz daraxt haqida soʻnggi sheʼr

 

Tashqari ezildi,

Qismati qaro,

Juda yupun edi bogʻlarning egni.

Minglab oʻsimligu minglab his aro,

Faqat shu daraxtga yolgʻizlik tegdi.

Shamollar kuylatdi alamli vido,

Magʻrur turdi: “Barcha oʻtingda yondir!”

Uning jimligi bir haqorat goʻyo,

Uning jimligi bir isyondir…

Azoblari sariq,

Dardi beyashil,

Olamga bor-budi nafratin toʻkdi.

Endi bahorlarning kelmogʻi hazil,

Endi bu dunyoda yashnamoq yoʻqdir.

Kuz… yurak oldida tiz choʻkmay yashay,

Tunlarga singgadi majruh bir farah.

Bahorda tushimga kiradi tinmay,

Yonib, yigʻlayotgan bechora daraxt…

 

09.04.2019

 

 

***

 

Dunyoni unutdim…

yoshli koʻzlarim,

qaqroq lablarimdan soʻnggi soʻz uchdi.

Lahzada yurakka choʻkdi zulumot,

bizsiz chorbogʻlarni xazonlar quchdi…

Dunyoni unutdim…

unutdim baxt ne?!

unutdim yolgʻonni, unutdim rostni.

Unutdim yashashni, oʻzni unutdim,

…soʻngra unut boʻlgan bir sheʼrni yozdim.

Esimda yoʻq sevgi, hasrat, ayriliq…

vujudimni yoqar bir soʻz – olov, choʻgʻ.

Seni unutmoqni unutmadim men,

Seni sogʻinmoqni unutganim yoʻq…

 

21.2. 2019

 

 

Rahmat BOBOJON

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x