Meni mutolaa ulgʻaytirgan

1

“Bolalar baxtli yoxud baxtsiz ekanini bilmaydi. Chunki ularda hayotiy tajriba yoʻq”, deb yozadi Anna Axmatova.

Bu satrlarni yozgan shoira ham, albatta, oʻz tajribasidan kelib chiqqan. Chunki uning bolaligi nihoyatda “silliq” – fojealar koʻlkasidan yiroqda oʻtgan.

Men esa baxtsizlikni esimni bilgandan buyon taniyman. Chunki, atrofimdagi hayot (endi anglasam) nihoyatda beshafqat edi.

Axmatova hayotning beshafqatligini keyin – ulgʻayganida – boshiga ming savdolar tushganida angladi.

 

Kecha Alisher Navoiy hazratlarining bir satriga koʻzim tushib, hayajonlanib ketdim. Hazrat “Mahbub ul-qulub”da “turk bolalari”ning “oqsuyak” oʻynagani haqida yozib oʻtganlar.

Shunga shunchami dersiz?

Gap shundaki, men ham bolaligimda oqsuyak oʻynaganman. Kechalari oʻynaladigan bu oʻyin menga juda sehrli va zavqli tuyulgan. Keyinchalik ham bu oʻyinni negadir koʻp eslaganman…

Endi tasavvur qiling, Hirotda Alisher degan “atrok” bolasi oʻynagan oʻyinni besh yuz yildan soʻng Boysunning bir chetida Usmon degan bolakay ham oʻynagan.

Naqadar yaqinlik, naqadar bir ildizmiz…

Bir xalqning farzandlarimiz-da!

Ammo hozir bu oʻyinlar unut boʻlgan.

Bolalar “oqsuyak”ning nimaligini ham bilmaydi.

Vaqt tezlashdi…

Nima ham derdik!

Ammo Navoiy hazratlaridan keyin ham besh yuz yil umr saqlagan oʻyin, birgina mening umrim davomida izsiz ketishi juda achinarli.

Ketayotgan nimagaki achinsang, oʻsha yoʻqotishdir.

 

Esimni taniganimdan buyon kitob menga juda sehrli taʼsir oʻtkazishini his qilaman. Kitobdagi saf-saf tizilgan harflarni kattalar mukka tushib mutolaa etishi; uyimizdagi udum boʻyicha, kechqurun chiroq atrofiga toʻplanib kitobxonlik qilish; xalq dostonlarini jamoat jamligida qiroat bilan oʻqish – meni mudom hayratga solgan. Qogʻozdagi allaqanday qator-qator belgilar soʻzga, yoxud qiroatga koʻchib jaranglashi, odamlarga, voqealarga aylanishi menga juda gʻayritabiiy tuyulgan. Kitobni sharillatib oʻqiydigan odamlarga sehrgarga qaraganday havas bilan qaraganman. Ichimdan zimillab koʻtarilgan chidab boʻlmas bir betoqatlik meni kitob oʻqishga, ularda hikoya qilinadigan – koʻrmaganim dunyolarni koʻrishga, anglashga tinmay chorlagan. Hali harflarni bilmasam-da, hech kim yoʻgʻida, kitoblarni olib varaqlarkanman, menga sirini ochgisi kelmayotgan notanish harflarga soatlab tikilganman.

U paytlarda hayot juda ogʻir edi. Urushdan ochu yalangʻoch chiqqan odamlar kun koʻrish uchun oʻzini ming tarafga urgan kezlar. Ertalab hamma oʻqishga, ishga ketadi. Boʻsh vaqt topildimi, kun oʻtkazish uchun hamma oʻlib-tirilib mehnat qiladi.

Menga harf oʻrgatishga esa hech kimning vaqti boʻlmagan.

Shu sababdanmi, meni maktabga ertaroq yuborishga harakat qilishgan. Birinchi bor maktabga besh yoshimda borganman. Nazarimda, bu borishim “qani, bir borib koʻrsin-chi” qabilida kechgan boʻlsa kerak. Chunki, eslashimcha, maktabga borganim kun, erta tiyramoh boʻlsa ham, birinchi sentyabr emas, oddiy oʻquv kuni edi. Juda goʻdak koʻringan boʻlsam kerak, Asqarov domla uchinchi sinfda oʻqiydigan Saida opamni chaqirib, “yanagi yil olib kelinglar” deb joʻnatib yuborgan.

Olti yoshdan esa oʻqib ketdim.

Har qanday holatda kitob oʻqirdim: darslar oraligʻidagi tanaffus paytlarida, ovqat yeyayotganda, mehmonga borganda, toʻy boʻlayotganda (tomning ustiga chiqib oʻqiyverasan – sen bilan birovning ishi yoʻq!)… Hatto yurib ketayotganda ham, urilib-surinib oʻqiyverdim.

Mol boqishga chiqqanda ham, albatta, kitob koʻtarib olardim.

Mol boqib, kitob oʻqish eng qiyin ish edi.

Ekinzorlar orasidagi parcha-purcha boʻsh joylarda qoʻy-echkilarni boqardim. Yem boʻlaverib, bu joylardagi koʻkatlardan hech vaqo qolmagan. Jonivorlar koʻm-koʻk boʻlib, yashnab yotgan ekinga intiladi. Ularni qaytarib, kitobga koʻz tikaman. Birpasdan soʻng kitobdan bosh koʻtarib qarasang, ular paykalning oʻrtasida ekinni ishtaha bilan yeyayotgan boʻladi. Yugurgilab borib qaytarasan, yana oʻqishga tutinasan. Bir qarasang yana… Bu hol toʻxtovsiz takrorlanadi.

Oʻsha paytdayoq yaxshi kitob bilan uchrashuv men uchun bayram boʻlgan.

Uchinchi sinfda oʻqib yurganimda, bir qarindoshimiznikiga mehmonga bordik. Koʻk rangli muqovasiga gʻalati kiyimli, yelkasiga miltiq osib olgan odamning surati ishlangan: “Robinzon Kruzo”. Tokchada koʻrib qoldim. Darhol oldim-da, bir burchakka oʻtirib oʻqishga tutindim. Ketadigan vaqt yetganda, kitobdan qanday ajralishni bilmay, qoʻlimda ushlab turaverdim. Berishmadi. Kutubxonaniki ekan, buning ustiga xonadon sohibasi oʻqiyotgan ekan…

Boshlab oʻttiz-qirq bet oʻqiganim kitob yursam ham, tursam ham xayolimdan ketmaydigan boʻlib qoldi. Oxiri kitobni izlab, qarindoshlarimiznikiga bordim.

– E… – afsuslandi ular, – kutubxonaga topshirib yuboribmiz-ku!

U paytlar rasmana kutubxonani koʻrmagan edim.

Maktabimizda kutubxona yoʻq, ular aytayotgan kutubxona esa tuman markazida – men uchun qoʻl yetmas bir manzilda edi. Kutubxonaga kirib, kitob olishimni tasavvur ham qilolmas edim. Axir, koʻchadan kirgan odamning qoʻliga kitob tutqazib joʻnatavermasalar kerak.

Beshinchi sinfda oʻqib yurganimda, maktabimizda ham kutubxona tashkil etiladigan boʻlib, bir yuk mashinada anchagina kitob olib kelindi.

Mana, zimmasiga kutubxonachi vazifasi ham yuklangan Tilakov muallim kutubxona uchun ajratilgan xonada kitoblarni eski shkaflarga, stollar ustiga sarishtalayapti. Men ochiq derazadan kitoblardan koʻzimni uzolmay tomosha qilyapman. Birdan koʻzim “Robinzon Kruzo”ga tushadi. Oʻsha – koʻk muqovasida miltiqli odamning rasmi solingan kitobning oʻzi!

Men juda betoqatlanaman.

Buni Tilakov sezadi.

– Qaysi kitobga tikilayapsan?

“Robinzon Kruzo”ga imo qilaman.

U kitobni qoʻliga olib, menga qaraydi:

– Oʻqiysanmi?

– Ha, – deyman kutilmagan baxtdan shoshib. Vujudim bir onda faraxbaxsh quvonchga toʻlganini tuyaman: – Ha, oʻqiyman!

Domla kitobni varaqlaydi.

– Oʻrischa ekan… Oʻrischa bilasanmi?

Men oʻrischa bilmayman.

Birdan baxtim qora boʻladi.

Bir onda yuragimni toʻldirgan baxt shu zahotiyoq qovjirayotganini his qilaman. Ammo nimadandir umidvorman.

Domla buni anglaydi. U kitobni “adashmadimmikan?” deganday, yana bir bor varaqlaydi.

– Mana, oʻzing qara… Oʻrischa.

Men ham varaqlayman. Koʻz yugurtiraman. Notanish soʻzlar…

Hafsalam pir boʻlib, kitobni qaytaraman.

– Faqat oʻrischa kitoblarni yuborishibdi, – deydi boshqa bir-ikki kitobni varaqlab domla. – Bitta ham oʻzbekcha kitob yoʻgʻ-a…

U bu nodonlarcha ishni oʻzi qilganday jim qoladi. Endi oʻylayman: bizni kimdir masxara qilgan. Boʻlmasa, bu tashvishga ne hojat edi? Yoki tasodifan mansab tekkan biror amaldor tepadan kelgan buyruqni shu tariqa – “Bajardimmi? Bajardim!” qabilida amalga oshirganmikan? Kutubxona bormi, bor! Tamom-vassalom!

Hozirgacha oʻz xalqiga beparvo mansabdorlarni koʻrsam, oʻsha holat esimga tushadi.

Tilakov domla yaxshi odam edi. Bizga dars bermagan boʻlsa ham, meni yaxshi tanir: Normurod togʻam bilan juda yaqin – tez-tez hovlimizga borib turar, aytishlaricha, urushda izsiz yoʻqolib ketgan Norboy togʻam bilan maktabda birga oʻqigan ekan.

Mening – nogahon begona yurtda choʻntagi kesib ketilgan kimsaday – nochor turib qolganimni koʻrib, Tilakov domlaning rahmi keladi:

– Rayondagi bolalar kutubxonasida shu kitob bor, – deydi u kishi. – Sen oʻsha kutubxonaga aʼzo boʻlishing kerak.

U kishi yoʻl-yoʻriq koʻrsatadilar.

Bor yoʻgʻi, maktabdan “falon joydagi falon sinfda oʻqiydi” degan maʼlumotnoma kerak ekan.

Shu kitobni oʻqimasam, osmon yerga oʻyilib tushadiganday edi.

Hayotimda birinchi marta katta ishga qoʻl urdim.

Menga yetib boʻlmas osmonday tuyulgan direktor kabinetining eshigini qoqdim.

Direktor birpasda maʼlumotnoma yozdirdi. Imzo qoʻydi. Muhr bosdi.

Darsdan keyin toʻgʻri, kutubxonaga qarab joʻnadim.

Mana, qoʻlimda “Robinzon Kruzo”!

Oʻqishga tutindim: Odatdagiday, tanaffus paytida, ovqat yeyayotganda, podaga chiqqanda… Hatto yurib ketayotganda ham… urilib-surinib, oʻqiyverdim.

Ikki kundan keyin kitobni qaytarib olib bordim.

Yana kitob oldim…

Kitobni tez oʻqib, tez qaytarishimdan kutubxonachi Norbibi xola nimanidir angladi.

Endi birvarakayiga uchta-toʻrtta kitob beradigan boʻldi.

Baxtim chopdi.

Botir togʻam oʻqishni bitirib, kimsan – adabiyot muallimi boʻlib, uyga qaytdi. Qaytganda ham, toʻrt shakar xalta toʻla kitob bilan qaytdi.

Kitoblar boʻsh xonaning bir burchagiga vaqtincha qoʻyildi. Men shu zahotiyoq kitoblarni bir boshdan oʻqishga tutindim.

Bu mitti kutubxonada oʻsha paytlarda nashr qilingan deyarli hamma kitoblar: mumtoz va zamonaviy shoir, yozuvchilarning, munaqqidlarning; oʻsha paytda “qardosh xalqlar” deb ataydiganimiz adabiyot vakillarining; xorijlik mualliflarning asarlari bor edi.

Sanoqsiz uy yumushlaridan boʻshaganimda, oʻzimni shu xonaga uraman. Sholcha ham toʻshalmagan quruq yerda oʻtirib, oʻqishga kirishaman.

Dunyo unutiladi.

Bir vaqt uydagilardan kimdir derazadanmi, eshikdan xonaga bosh suqadi:

– E, shu yerda ekan! – deydi u hovlidagilarga.

Men oʻzimga kelaman. Nimadir deyman. Koʻp gapirolmayman. Chunki kitob oʻqiganim sari oʻzimning ogʻirlashib borayotganimni, yuragimda allaqanday zil oʻylar paydo boʻlayotganini, atrofimdagi odamlar, kechayotgan voqealar boshqacha tuyulayotganini his qilaman.

Derazada onam paydo boʻladi. U kishi menga sinchiklab qaraydi.

– Biror joying ogʻrimayaptimi? – deydi onam allaqanday bir tumanli xavotirda.

Boshimni sarak-sarak qilaman:

– Yoʻq.

– Choy-poy ich, deb chaqirsak, ovozing chiqmaydi. Xavotir oldik. Yur, choy ichib ol…

Men oʻqiyotgan kitobimni olib, onamga ergashaman.

Ayvonda dasturxon yozilgan.

Dasturxonda choyu non. Qatiq. U paytlarda boshqacha dasturxon boʻlishi mumkin emas. Pishiqchilikda yana meva-cheva qoʻyiladi. Qishda mayizu turshak… Haftada bir marta – bozor kun issiq ovqat qilinadi. Hammaning uyida shunaqa.

Dasturxon boshida ham kitobni ochib qoʻyaman. Ikki koʻzim unda. Onam menga allaqanday rahmi kelib, qarab-qarab qoʻyadi.

– Nondan ol. Kitobni keyin oʻqirsan…

Kuch bilan kitobdan koʻz olaman.

Ammo xayolim kitobda. Xayolimda kitobdan oʻsib chiqqan allaqanday fikrlar…

– Ey, ey… – Bu Saida opamning ovozi. – Mana bu qotib qoldi!.. Ey…

Oʻzimga kelaman. Onam bilan opam jaranglab kuladilar.

– Nimani oʻylab qolding? – deydi opam.

Nimani oʻylaganimni tushuntirib berolmayman. Bu holning – oʻziga “choʻkib ketish”ning nimaligini hali anglamayman. Bu holni – bir lahzada oʻtirgan joyingdan, tevaragingdagi hamma narsadan ajratib, allaqaylarga oqizib ketadigan – “ilhom” deb ataladigan benazir tuygʻu ekanini ham hali tuyganim yoʻq…

Choy icharkanman, yana kitob oʻqishga tutinaman. Dasturxon boshiga kimdir kelib, kimdir ketaveradi, qoʻshnilar chiqadi. Ammo men ularni gʻira-shira koʻraman. Ularning gaplari ham qulogʻimga kirmaydi…

– Ishlaring qolib ketdi, bolam!

Ishim koʻp. Bir bola qiladigan ishdan koʻra juda koʻp.

Noroziligimni yashirib, qoʻzgʻalaman.

U yillarda hovlimizda koʻpchilik yashardik. Ammo qiziq bir vaziyat yuzaga kelgan – mol-holga qaraydigan, mayda-chuyda ishlarni bajaradigan mendan boshqa dastyor yoʻq edi. Mendan yoshi katta togʻamlar va akam shaharga oʻqishga ketgan, mendan kichiklarning esa u-bu ish hali qoʻlidan kelmasdi.

Hayot ham ogʻir – odamning umri bu qiyinchiliklar bilan tinimsiz kurashdan iborat; hamma – katta-kichik toʻxtovsiz mehnat qilar: kuchim yetib-etmaydigan juda koʻp yumush mening ham zimmamda edi.

Biror yumush vaqtida bajarilmasa, roʻzgʻorning ingichkasi choʻzilib, arang ulangan ipi uzilib ketguday boʻlar – haftada bir qaynaydigan “qora qozon”ning ham qaynamay qolishi xavfi tugʻilar edi.

Shu sabab, kitob oʻqishim baʼzan shovqin-suronli janjal darajasiga borib yetadigan holatlar bilan boʻlinib turadi.

– Usmon qani?! – deb qichqirib qoladi kimdir.

Demak, qaysidir bir yumushni unutganman. Yo oʻt oʻrish esimdan chiqqan, yo tezak terishga borish xayolimdan koʻtarilgan, yo biror topshiriq…

– Buni kitobdan boshqa ishi yoʻqmi?! – gʻazabga minadi ovoz.

Negadir xoʻrlanib tashqari chiqaman. Tezroq ulgʻayishni istayman. Oʻshanda ixtiyorim oʻzimda boʻladi: xohlasam kitob oʻqiyman, xohlasam… xohlasam, yana nima qilaman? Yoʻq, yozuvchi, yoki shoir boʻlishni orzu qilishga jurʼat etolmayman. Adiblar, hatto gazetalardagi mittigina xabarning muallifi menga bu dunyoning odamlariga oʻxshamaydigan – allaqanday sehrli, olisdagi zot tuyuladi.

 

2

Ammo nima ish qilmayin, baribir xayolimda kitob…

Bu orada, kutilmaganda, mening kitob oʻqishimga yana bir toʻsiq paydo boʻladi. Bu muammoni hovlimizga oʻzlarining uyidan ham koʻproq kirib-chiqadigan hamsoya-qarindosh ayollar olib kelishadi.

– Usmon qani? – deb soʻrab qoladi ulardan biri.

– Kitob oʻqiyotgandir-da, – deydi onam bu mavzuda gapirishni negadir xushlamay.

– Voy, xudoy koʻrsatmasin! Hozir ham oʻqiyaptimi? – deydi ikkinchisi. – Ertalab kelganimda, uyga kirib ketgan edi, hali ham chiqqani yoʻqmi?

– Yoʻq, – deydi onam gapni qisqa qilishga urinib.

– Ozroq oʻqisin-e, – deydi, oʻzi aytayotgan gapdan oʻzi vahimaga tushib yana bir hamsoya. – Jinni-pinni boʻlib qolmasin!

– Hadeb kitobdan bosh koʻtarmasa, miyasi ayniydi-da! – deydi gap boshlagan ayol.

Bu endi aniq tashxis. Ayollar gurungi chuvalib, birpasda meni unutishadi.

Biroq onam unutmaydi.

– Bolam, koʻp oʻqimagin… – deydi u kishi menga achinib.

Ammo men kitobdan bosh koʻtarmayman.

– E, sal dam olib oʻqi-e, – deydi onam nihoyat achchigʻi chiqib.

Lekin menga hech gap kor qilmaydi.

Faqat onam endi ayollarning vahima gaplariga muhokamaga oʻrin qoldirmaydigan tarzda javob beradigan boʻldilar:

– Oʻqiyversin-chi? Xudoning aytgani boʻlar…

Qoʻlimga tushgan kitobni oʻqiyman.

Qaysi bir kitob qayerda duch kelmasin, darhol oʻqishga tutinaman. Opam va akamning darslik kitoblarini; muallim togʻamlar olib keladigan gazeta-jurnallarni…

Gazeta-jurnallar nima deb yozsa – ishonaman.

Bir payt kelib, kommunizm qurilishi eʼlon qilib qolindi. Baxtiyorliklari ichlariga sigʻmay, bor vujudlari kulgiga toʻlgan bolalarning suratlari. “Bu bolalar Kommunizmda yashaydi!” degan tagsoʻzlar bilan gazetalarga chop etila boshladi. Ular juda chiroyli kiyingan, top-toza galstuklar, chiroyli portfellar… Bizda esa…

Men atrofga qarayman.

Sinfdoshlarimning oyogʻida eski-tuski poyabzallar, ustimizda yamoq solingan qachongi chopon, qoʻlimizda dagʻal matodan onalarimiz tikib bergan “soʻmka”. Qizlar qishning sovugʻida bir koʻylakda diydirab maktabga keladi. Kunlar isishi bilan oyoqyalang yurishga oʻtib olamiz…

Yuragim siqiladi.

Kommunizm tezroq kelishini istayman.

Men sʼyezdlarda qanday masalalar qoʻyilgan, kimlar soʻzga chiqqan, kim maqtalgan, kim tanqid qilingan – hammasini bilaman. Respublikadagi hamma ministrlar, oblastlar va rayonlar rahbarlarini, kolxoz va sovxozlarning koʻpchilik boshliqlarini nomma-nom sanay olaman. Respublikadagi mashhur odamlarning – mexanizatorlarning, chorvadorlarning, paxtakorlarning, quruvchilarning, choʻlquvarlarning… – “kommunistik mehnat ilgʻorlari”ning ismi-familiyalari ham yodimda.

Bichkov degan oʻris muallim bor edi.

U meni savolga tutishni yaxshi koʻrardi. U oʻrischalab gapirar, men uning nima deyayotganini fahmlab, javob berardim.

“Kanada kommunistik partiyasining raisi kim?” “Uilyam Kashtan”. “Indoneziya prezidenti kim?”. “Doktor Sukarno”… U har bir javobimdan quvonar, meni oʻzicha nimalardir deb maqtagan boʻlar edi.

Bir yozning issigʻida u tuman markazidan hovlimizga ancha yoʻlni bosib keldi. Domlaning Boysunda ishlash muddati tugab, Rossiyaga qaytib ketayotgan ekan.

Men bilan xayrlashgani kelibdi.

Domla menga oʻqishim kerakligini qayta-qayta tayinladi.

– Bolshim chelovekom budesh, – dedi u.

Bu juda taʼsirli edi.

Onam koʻziga yosh oldi.

Yigʻlamay boʻladimi? Chunki bechorachilik, nochorlik odamlarga boʻriday yopishib olgan, uning changalidan qutulish qiyin edi. Ammo odamlar bu qismat bilan kurashishga oʻrgangan, uning koʻzini shamgʻalat etib, tinmay taqdirlarini oʻnglash, “odam boʻlishga” urinishardi.

Mening olti togʻam boʻlgan. Toʻngʻichi urushda vafot etgan. Katta ikki togʻam institutni bitirib, muallimlik qiladi. Boshqa togʻalarim, opam, akam, amakilaru boʻlalar – juda katta oila – oʻqishga bel bogʻlab kirishgan: oʻqish – bu nochorlikdan chiqib ketiladigan yagona yoʻlday edi.

Shuning uchunmi, oʻris domla kabi koʻplar mening berilib oʻqishimni yoqlar, onamga “teginmang” deb tayinlar – “odam” boʻlishim mumkinligini bashorat qilar – negadir qatʼiy ishonch bildirishardi.

Bu ishonch esa yelkamga juda zalvorli bir yuk boʻlib tushadi. Men odam boʻlish qiyin ekanini his qilaman. Boysunni oʻrab turgan togʻlardan naridagi eshitganim, oʻqiganim dunyolar bilan uchrashmoq juda mushkul kechishini anglayman.

Chunki bobom oʻqishga ketayotgan oʻgʻliga: “Toshkent – ota-onang emas. Ehtiyot boʻl!” degani esimda.

Oʻzga dunyolar bilan uchrashish uchun oʻqib-oʻrganmoqdan boshqa ham nimalardir kerak ekanini elas-elas anglayman.

Ammo menga faqat kitob oʻqishning oʻzi qiziq edi.

Men oʻqiganim sari atrofimdagi odamlar, tevarakda kechayotgan voqealar oʻzgacha bir suratda koʻrina boshlaganini his qilaman.

Hatto oʻzim ham oʻzimga boshqacha koʻrina boshlayman.

Faqat ertaroq katta boʻlishni, kitob qahramonlariday mard, botir, halol odam boʻlishni – hech kimga, hatto oʻzimga ham bildirmay – orzu qilaman.

Ha, hatto oʻzimga ham bildirgim kelmaydi.

Chunki bunday emin-erkin orzu qilishga atrofdagi hayot – odamlarning yashash uchun chumoliday betinim qilgan mehnatlari tufayli zoʻrgʻagina nafas olib turgan turmushning zoʻriqishi yoʻl qoʻymas edi. Urush fojialari tobora olislab ketayotgan boʻlsa ham, hayotning oʻzi hozir ham oyogʻi yalang, choponi ming yamoq edi. Bu nochorlik, hatto orzulanishga ham xalaqit berardi.

 

Men juda injiq, sirkasi suv koʻtarmaydigan bola edim. Kattalarning shoʻxroqlari tegajoqliq qilishar, ularning bu hazil-huzullari jonimga tekkach, oxiri quloqni qomatga keltirib, chapanichasiga soʻkinar edim. Qishloqning sodda odamlari esa mening bu beadabliklarimdan negadir rohat qilib kulishardi.

Ammo kitob bilan muloqot, undan tugʻilgan oʻyu xayollar meni tamoman oʻzgarta boshlaydi.

Bir kun ayol qarindoshlarimizdan biri menga qarab turadi-da, ajib bir tarzda hayron qoladi:

– Voy, mana bu oʻzgaribdi! Ogʻirgina boʻp qolibdi-ya! Bekorga kitob oʻqimayotgan ekan-da!

Ayvonda oʻtirgan, hovlida ivirsinib yurgan barcha menga oʻgirilib qaraydi.

Men indamayman.

Qoʻlimdagi kitobni bir chetga qoʻyib, sigirlarning tagini tozalagani ogʻilxonaga kirib ketaman.

Shundan keyin menga negadir jigʻimga tegadigan hazillar kamayadi.

Birovlarni vaqt ulgʻaytiradi.

Meni, nazarimda, mutolaa ulgʻaytirgan edi.

 

Bolalik – dunyoning va odamlarning nomukammalligi juda aniq his qiladi.

 

Universitetga oʻqishga kirish uchun Erkin Aʼzam bilan imtihon topshirib yurgan paytlarimiz.

U kezlar hozirgi Amir Temir xiyobonidagi Yuridika institutining binolari Toshkent davlat universitetiga tegishli va bu yerda biz talabasi boʻlishni orzu qilganimiz – oʻsha yil ilk bor fakultet maqomini olgan jurnalistikaning oʻquv xonalari joylashgan edi.

Qabul komissiyasi atrofida izgʻib yurgan paytimizda Boysundan Roʻziboy Malikov degan muallim kelib qoldilar.

Roʻziboy aka bizdan oʻn besh yoshlar katta – charaqlagan odam. Bizni oʻzidan kichik deb oʻylamas, oʻquvchilik paytimizdayoq, boshqa maktabda dars bersalar ham, koʻrgan joyida bir dalli xushfeʼllikda hol-ahvol soʻrardilar.

U kishining oʻsmirligi Boysundagi bolalar uyida oʻtgan. Aytishlaricha, bu dargohda tarbiya topib, “odam” boʻlib qolganlarga bosh-qosh – sobiq tarbiyachilardan oyma-oy sarmoya yigʻib, “detdom”chilarning uylanadiganining uylanishiga, oʻqiydiganining oʻqishiga koʻmak beradigan shu domla ekan. Hissa qoʻshishdan bosh tortib, qashshanglik qiladiganlarning jazosini berish ham qoʻlidan kelar ekan.

Biz domla bilan universitet binosi oldida uchrashib qoldik. Domla oʻsha – odatiy xushfeʼllikda, yuzu koʻzi samimiy tabassumdan yorishib, imtihonlarni qanday topshirayotganimiz, qayerda yashayotganimizni surishtirdi, jiddiy sinovlar oldidan hadiksirab turgan koʻnglimizga dalda bergan boʻldi. Soʻng oddiygina soʻrab qoldilar:

– Shukurni koʻrdilaringmi?

Biz gap kim haqida ketayotganini sezib turgan boʻlsak ham, baribir savolni tushunmaganday angrayib qoldik. Axir, u odamning ismi, nazarimizda, bunday oddiygina tarzda aytilmasligi kerak edi-da. Savol ham negadir nojoizdek tuyuldi bizga. Axir, uni qanday qilib koʻramiz? Odam quriganday, bizga duch kelib qoladimi? Nahotki, u ham el qatori mana shu chang koʻchalarni bosib yursa? Nahotki, u yetti qavat falakda emas, Toshkentda – yaqinda “shoʻlp” etib tushib, qozonida qaynay boshlaganimiz mana shu gʻulgʻulada yashasa?..

Garchi bunday emasligini his qilib tursak ham, baribir u odam bilan uchrashuvni tasavvur qila olmas edik.

Axir, gap kimsan Shukur Xolmirzayev – yozuvchi Shukur Xolmirzayev haqida ketayotgan edi-da!

Bu gaplarim tushunarli boʻlishi uchun Erkin va mening adabiyotni qanday maqomda yaxshi koʻrishimizni va shu tufayli, shoiru yozuvchilarga boʻlgan cheksiz hurmatimizni muxtasar aytib oʻtishimga toʻgʻri keladi.

 

Kuni kecha viloyat gazetasida ilk sheʼrim bosilgan, sheʼrning tagida esa qaysi maktabda oʻqishim ham yozib qoʻyilgan, natijada, birpasda maktab miqyosidagi mashhur oʻquvchilardan biriga aylangan edim.

Rostini aytsam, birinchi sheʼring chop etilganda, chindan baxtiyor boʻlasan. Nogoh moʻjiza roʻy berganini – olislarda sharpaday elas-elaslikda yurgan taqdiring, roʻparangga kelib, senga kulibgina qarab turganini his qilasan. Allaqanday tumanli tushlarga oʻxshagan orzu-umidlar yoʻli avvalgidan koʻra yorqinroq koʻrinayotganday tuyuladi tasavvuringda. Sen bu yoʻlning mashaqqatlarini aniq tushunmasang-da, qayoqqa ketish kerakligini; bolaligingdan buyon sheʼr pichirlatib, hanuzgacha jonu jahoningni oʻrtab yurgan kuch qayoqqa boshlayotganini faxmlaganga oʻxshaysan. Eng muhimi, endi bu kuchning qaromogʻida “jon-jon” deb yashashga mingdan-ming rozi ekaningni anglaysan.

Ana shunday gʻalati kayfiyatga koʻmilib yashayotgan kunlarimda, dafʼatan Erkin paydo boʻldi.

Men Erkinni uzoqdan koʻrib yurgan boʻlsam ham, u bilan sakkizinchi sinfni bitirish arafasidagina tanishganman. Matematikadan imtihonga tayyorlanish bahonasida sinfdoshimiz Tillo Toshning uyiga borganimizda, Erkin qoʻshni sifatida suhbatga chiqqan va bir dam quyuq gurunglashgan edik. Ammo gap adabiyotdan aylanmagan. Erkinning keyinchalik aytishicha, sinfdoshlarim meni “matematikani zoʻr biladi” deb tanishtirishgan ekan.

U bilan qayta tanishuvimiz esa kelgusi yilning aprel oylarida kechdi.

Maktab hovlisidagi sport maydonida, toʻp tepishdan charchab, biroz tin olib tursam, Erkin velosipedda kelib qoldi. U veligini toʻgʻri yonimda toʻxtatdi-da, menga kulib qaradi. Qayerdandir qoʻlida gazeta paydo boʻldi. O! Gazetani shu zahotiyoq tanidim! Nega tanimay? Unda sheʼrim chiqqan-ku!

– Bu sheʼrni siz yozganmisiz? – dedi gazetaga imo qilib.

Men tasdiqladim.

Koʻrishdik…

…va nazarimda, oʻsha zahotiyoq doʻstlashdik.

Bu oʻsmir – Erkin – boʻlgʻusi mashhur adib, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi yozuvchi Erkin Aʼzam edi.

 

3

Hayotim shu kundan oʻzgardi.

Gapning indallosiga koʻchsam, oʻsha kun Adabiyotni men kabi butun borligʻini bagʻishlab yaxshi koʻradigan, u haqida ertayu kech tinmay mulohaza qilishga tayyor, kitobxoʻr, atrofda kechayotgan voqealarga, hatto dunyoga ham oʻzicha munosabatga ega – oʻzimga oʻxshagan odamni – yaqin doʻstni uchratgandim. Rosti, oʻsha kungacha ichimda yakka-yolgʻizdek edim. Erkin bilan tanishgan kunimdan boshlab esa, hamfikr tengdosh, yurakdosh doʻst va, aytish mumkinki, tuppa-tuzuk adabiy davra topdim. Takror aytaman, oʻsha payt biz bir-birimiz uchun bemalol adabiy davra vazifasini oʻtar edik…

Yoshligingda oʻzingga teng – shamollari hozirdanoq koʻnglingda hilpiratib turgan olisga yelkama-elka borishga tayyor inson bilan uchrashuving, endi bilsam, juda muhim ekan.

Erkin bilan uzundan uzun suhbatlarimiz boshlanib ketdi.

Bu suhbatlar mavzusi oʻqilgan kitoblar va kitoblar yetaklab ketayotgan sirli olam – adabiyot edi. Shukur Xolmirzayev haqida ham koʻp gaplashar edik.

Nega Shukur aka haqida?

Chunki adabiyotga dovrugʻ solib kirib kelayotgan – oʻzgacha nafasli, oʻzgacha ovozli; insoniy munosabatlar va turfa feʼl-atvorlar manzaralarini ajabtovur aniq tasvirda qogʻozga tushira oladigan sehrgar Shukur Xolmirzayev ham Erkin ikkalamiz hovlisida turgan maktabda oʻn yillar avval oʻqigan, yaʼni bizga maktabdosh edi.

Mening adib ijodini bugungi kun taassuroti bilan taʼriflaganimni, albatta, sezdingiz. Ammo yozuvchi uslubidagi tasvirning aniqligi oʻsha paytdayoq meni hayratga solgani esimda. Gap shundaki, uning asarlarida tasvirlanayotgan voqealar ham, joylar ham bizga tanish, qahramonlar esa koʻcha-koʻyda uchratib yurganimiz odamlar edi. Ayniqsa, “Oʻn sakkizga kirmagan kim bor” qissasi nashr etilgach, juda hayratlanganman. Qissada Boysun ham, maktabimiz ham, koʻcha-koʻy ham bor; qahramonlar ham shu atrofda aylanib yurishibdi, ammo barchasi allaqanday oʻzgacha – ajib bir nurlanishda – yurakka koʻchadigan tarzda edi.

Shukur akaning asarlarida kechgan voqealar, tasvirlar, qahramonlar koʻrib yurganim hayot bilan bu qadar oʻxshashligi meni juda hayron qoldirgan. Oʻsha paytgacha oʻqiganim kitoblardagi qahramonlar bu atrofdagi odamlar emas, balki bizga hech ham aloqasi yoʻq – allaqanday fantastik dunyodagi kaslar boʻlib tuyulardi. Ularning tevaragimizdagi odamlarga oʻxshamasligi esa tabiiyday, chunki Boysunda uchratib yurgan odamlarimiz kitob sahifalariga tushishi mumkin emasday edi. Shukur aka sevib tasvirlagan dashtlarimiz, qirlarimiz va togʻlarimiz ham u paytlarda men uchun, nazarimda, qogʻozga tushmaydigan bir tilsim edi.

“Yozib boʻlmaydiganga mengzar voqelik”ni qogʻozga tushirish – hayotning maʼlum bir qatlamini, Vatanning bir boʻlagini, maʼlum bir odamlar toifasining adabiyot tomonidan oʻzlashtirilishi, demakdir. Bu esa millat umumtafakkurida Vatan tushunchasi maʼnosining kengayishiga olib keladi. Oʻzimizga muqoyasa qilib aytsam, Oʻzbekistonning va oʻzbekning bir tan, bir jon boʻlib jipslashuvida muhim rol oʻynaydi. Bu tarzda yozilgan asarlarimizni avaylab jahonga olib chiqolsak, boshqalarning ham bizni tushunishiga yordam beradi.

Qolaversa, bunday yoʻldan borish adabiyotning rivoji uchun ham juda zarurdir. U bizni takrordan va birovlarga ergashib yozishdan asraydi. Adabiyotimizni yangi bosqichga koʻtaradi. Materialning yangiligi va uning ohorini toʻkmay yoza bilish shuning uchun ham qadrlidir.

Endi oʻylasam, oʻshanda birinchi adabiy saboqni olgan ekanman. Yaʼni har bir odamning umri – orttirgan tajribasi, boshdan kechirganlari, dunyoni koʻra bilishi juda noyob – betakrorligini bilib-bilmay anglagan ekanman. Isteʼdodli odam esa bu dunyoni oʻziga xos teranlikda qayta kashf etadikim, dunyo kitobxon koʻziga oʻzgacha bir qiyofada koʻrinadi. Boʻlmasa, ana, har kun koʻrib yuradiganing oʻsha togʻu dashtlar, oʻsha koʻchalar, koʻcha-koʻyda uchratadiganing oʻsha odamlar; sen ham, Shukur aka ham oʻqigan maktab…

Shukur akaning kitoblari menga adabiyotning eng bosh sehru moʻjizasidan – hayotning qay tarzda adabiyotga aylanishidan ilk saboq bergan edi.

Malikov domla bizni ergashtirib, Shukur akaning idorasiga yoʻl boshlaydi. Shukur aka xizmat qiladigan “Guliston” jurnali ikki qadam narida – hozirgi Adliya vazirligi binosida ekan.

Adib bizni nihoyat ochiq chehra bilan qarshi oladi. Domla yozuvchi bilan qalin ekan, shekilli, hech bir tortinmay koʻrishadi. Bizning adabiyotga qiziqishimizni, yaxshi yigitlar ekanimizni, jurnalistikaga – Shukur aka taʼlim olgan oʻqishga – kirish imtihoni topshirib yurganimizni aytib, tanishtiradi.

– Ha-a!.. Shundaymi? – deydi Shukur aka yoqimli jilmayib. Men uning xursand boʻlganini sezaman.

Shukur aka soʻrashib, oʻtirishga taklif qiladi va keyinchalik anglasam, u kishi bilan munosabatimizni belgilab beruvchi bosh savolni beradi:

– Boysunni sogʻinyapsizlarmi?

Oʻ! Boysunni sogʻinmay boʻladimi! Albatta, sogʻinyapmiz-da! Boysun!.. Oʻ!..

Biz sogʻinchimizga mos soʻz topolmay, yana nimalardir deymiz. Bu savol “sinov” ekanini esa fahmlaganimiz yoʻq. Kindik qoni toʻkilgan joyga sadoqat, uni oʻrtanib sogʻinish akamiz uchun juda muhim ekanini keyin bilamiz.

Bizning hovliqma javobimizdan koʻngli toʻldi, shekilli, Shukur aka birdan “oʻzimizniki” boʻldi-qoldi.

Ana endi Shukur aka biz bilan gurungni boshlaydi.

U gapdan gap chiqarib, bizlarga savol berar – masalan, nimani oʻqiyapmiz, qaysi yozuvchiyu shoirning kitobini yaxshi koʻramiz, nima uchun bu kitoblar bizga maʼqul – biz esa “oʻqimishligimiz”ni koʻrsatib, jon kuydirgancha, javob berishga harakat qilamiz.

Ishoning-ishonmang, oʻsha paytlar Erkin ikkalamiz – oʻzbek tilida chop etilgan jami kitobni oʻqigan bolalar – oʻzimizcha adabiyotni hammadan koʻra yaxshi bilamiz, deb oʻylar edik! Ey, nodonlar, deydiganning oʻzi yoʻq!

Ammo javoblarimiz Shukur akaga maʼqul keladi, shekilli, biz bilan anchagina gaplashadi. Endi yozuvchilarning ijodi haqida soʻraydi.

Biz oʻzimizga yoqadiganlarning maqtovini keltiramiz, yoqmaganlariga ham halol baho bergan boʻlamiz. Bu mulohazalarimiz ham adibning oʻsha yozuvchi shoirlar haqidagi fikrlariga mos tushganini sezamiz. Ayniqsa, Abdulla Oripovning sheʼrlari haqida hayajonlanib aytgan gaplarimizdan keyin yuzi yorishib ketadi. “Abdullajon” haqida kulib, allaqanday aziz tutib soʻzlaydi.

Bu suhbat asnosida xonaga ingichka moʻylovli, sermulozamat bir yigit kirib-chiqib turadi. U gurungimizni ajabsinganday bir dam eshitadi-da, soʻng – ishi boʻlsa kerak – tashqariga chiqib ketadi. Birozdan keyin yana kiradi. Bu hol ikki-uch bor takrorlanadi.

Suhbatimiz oxiriga yetadi.

Biz zinalardan tushib, eshikka yetganda, ortimizdan “Ey bolalar!”, deb kimdir chaqirayotganini eshitib, qayrilib qaraymiz. Zinadan yuziga tabassum qoʻndirib, tushib kelyotgan haligi moʻylovli yigitni koʻramiz. Qoʻlida qogʻoz jildli papka.

– Bolalar, – deydi u yigit, – men naqa… Dadaxon Nuriyman.

– O! – deydi Erkin. – “Oqshom qoʻshiqlari!”

Dadaxon akaning bu kitobini ikkalamiz ham oʻqiganmiz. Oʻsha payt bu kitob bizga maʼqul kelgan.

Biz kitob haqida hovliqib gapira ketamiz. Oʻzimizcha rost gaplarni aytgan boʻlamiz! Qani endi, bir joʻmard boʻlsayu “Ey, Boysunning maqtanchoq jigitlari! Senlarga hali rostni aytishni kim qoʻyibdi”, desa! Ammo bunday odam yoʻq. Keyinchalik, yillar oʻtib, bu joʻmard koʻrinish beradi. U kitoblarga, yozuvchilarga beradigan baholarimizni tamoman oʻzgartiradi. Uning ismini ham aniq bilib olamiz – adabiy did!..

Chalgʻidim.

Mana shunaqa chalgʻiydigan odatim bor. Lekin baʼzan chalgʻiganimdan xursand boʻlib ketaman! Chunki ketayotganing katta yoʻldan koʻra, adashib kirib qolganing tor koʻcha qiziqroq ekanini baʼzan tushunib qolasan-da!

Yana chalgʻidim…

Xullas, yozuvchi behad xursand boʻladi.

– Sizlar naqani… adabiyotni yaxshi biladigan naqa… bolalar ekansizlar, – deydi u. – Men bir qissa naqa qilgan edim. Naqa qilib… oʻqib bermaysizlarmi?

Biz oʻsha paytlar bu dunyodan hamma narsani kutganmiz, ammo Dadaxon Nuriyday yozuvchi bizga qoʻlyozmasini oʻqishga berishi tushimizga ham kirmagan. Ichimizda biroz kalovlanib turgach, “Albatta!” deymiz, “Albatta oʻqiymiz!”. Dadaxon aka kitobini bizga tutqazadi. Telefon raqamlarini yozib olamiz. Oʻqib boʻlgan zahotiyoq qoʻngʻiroq qilishga vaʼda berib, xayrlashamiz.

Imtihon topshirish tashvishlarini bir chetga yigʻishtirib qoʻyib, ijaraxonaga borganimizdanoq qoʻlyozmani oʻqishga tutinamiz. “Begona” deb nomlangan bu qissa bizga yoqadi. Dadaxon akaga ertasi qoʻngʻiroq qilamiz. U kishi bizni uyiga talif qiladi.

Dadaxon aka maqtovlarni eshita-eshita osh damlaydi. Osh yeyilib, ketishga ruxsat soʻrash payti yetganda, toʻsatdan savol berib qoladilar:

– Bolalar, shuni naqaga… Abdulla akaga koʻrsatsam, boʻladimi?

Biz unga hayron boʻlib qaraymiz. Abdulla akasi kim?

– Naqa-da… Abdulla Qahhor!

Abdulla Qahhor! Yozuvchilar bir ogʻiz maqtovini eshitsam, deb orzu qiladigan adib!

Ammo Erkin bilan ikkalamiz mashhur adibning dovrugʻi oldida zinhor-bazinhor karaxtlanib qolmaymiz.

– Boʻladi, – deymiz ishonch bilan. – Boʻladi!

Dadaxon aka bilan yana koʻrishdik. Bizdan quvvat olgan yosh yozuvchi Abdulla Qahhorning Doʻrmondagi dachasiga boribdi. Ulugʻ adib qissani oʻqib chiqibdi. Qissa unga yoqibdi.

Biz akamizni chin yurakdan qutlaymiz.

Biror oʻn kundan keyin Dadaxon Nuriy bizni yana izlab topadi.

– Sizlarni naqa… Abdulla aka soʻrayapti!

Ogʻzimiz haqiqatan ochilib qoladi.

Bizni? Bizni nega soʻraydi? Bu dunyoni larzaga soladigan biror narsa yozmagan boʻlsak! Dovrugʻimiz olamni tutmagan boʻlsa… Oʻqishga kirarmikanmiz, deb ming xavotirda kirish imtihoni topshirib yurgan abituriyentlar boʻlsak… Ehtimol, akamiz adashayotgandir?

– Yoʻq, soʻrayapti, – deydi qatʼiyat bilan Dadaxon aka.

U bizga boʻlgan voqeani soʻzlab beradi.

– Bu qissani menga tavsiya qilishni kim maslahat berdi? – deb soʻrab qoladi bir kun Abdulla Qahhor uyida allaqachon el boʻlib ketgan Dadaxon Nuriydan.

– Bolalar… Naqa… Surxondaryolik ikkita bola.

Abdulla Qahhor oʻylanib qoladi. Ulugʻ adib unga asar tavsiya etadigan bolalarni tasavvur qilolmaydi. Deylik, Said Ahmad kimningdir asariga bir koʻz yugurtirib berishni iltimos qilgan, Matyoqub Qoʻshjonov birovning nomini tilga olgan, baʼzan nashriyotlar kuchi yetmaganlari mualliflarning qoʻlyozmalarini joʻnatib turadi. Ammo bolalar…

– Shu bolalarni koʻrsam boʻladimi?

– Naqa… Ular universitetga naqa… kirish imtihoni topshiryapti.

– Kirish imtihoni?

Abdulla Qahhorning qiziqishi yanada ortadi.

– Shu bolalarni topmaysizmi? Bir kelishsin…

Oʻsha paytlar ustozning topshirigʻi Dadaxon aka uchun muqaddas vazifa edi. U kishi darrov bizni izlashga tushadi.

Surxondaryolik bolalarni esa vahima bosadi. Yoʻq, vahima emas, allaqanday kattakon – hurmat aralash ulkan tashvish. Axir, surati darsliklardan qarab turadigan Abdulla Qahhor ularni surishtirayotgan edi-da! Nima deb boramiz? Yozganlaringni koʻrsatinglar-chi, desa nima boʻladi? Yozganlarimiz – uch-toʻrt varaq narsa sariq chaqaga ham arzimasligini oʻzimiz ham bilamiz-ku! “Qani, mullavachchalar…” deb bir qiyin savollar berib qolsa-chi?.. E, xudo! Mushkul savdoga qoldik!

Bu orada kirish imtihonlari tugadi. Yosh birodarlar, siz nimani ham koʻribsiz! Test-pest deysiz – odamning koʻziga tik qarab, beriladigan savolga javob berishni bilmaysiz… Bahongizni… yoʻq, nima edi, ha, balingizni temir kompyuter chiqarib beradi. Bizning zamonlarda imtihon payti qarshimizda oz ham emas, koʻp ham emas – bir butun odam oʻtirardi. Hurmatli odam! Domla! Koʻziga qarab, ilmingni koʻrsatib bahongni olar eding.

Xullas, shunday imtihonlardan oʻtganmiz! Endi “mandat komissiyasi”ni kutib yuribmiz. “Mandat”ning ham nimaligini bilmaysiz! Tushuntiray: oxirgi dovon – shu komissiya. Seni xonasiga taklif etsa, oʻqishga kirding; taklif etmasa, uyga bosh egib, joʻnayverasan.

Endi bu diltang kutishning yoniga Abdulla Qahhorning uyiga qanday borish azobi qoʻshildi.

Oʻylab-oʻylab boradigan boʻldik. Dadaxon aka manzilni tushuntirdi. Toshkentdan falon avtobusga chiqasizlar, Doʻrmonga yetganda, Yozuvchilar bogʻi bekatida tushasizlar. Undan tepaga yoʻl ketadi. Piyodalab yoʻl yurib, yoʻl yursalaring ham moʻl yurib, ijod bogʻiga kirasizlar. Kirgan joylaringda temir panjara boshlanadi. Panjaraning ortidagi chorbogʻ – Abdulla Qahhorniki!

Joʻnadik. Dalda boʻlar, deb oʻzimizday yana bir abituriyent Muhammad Rahmonni ham ergashtirdik. Hamma ishni Dadaxon aka aytganiday bajardik. Panjara tugab, uzungina yoʻlak koʻrindi. Yoʻlakning oʻng tomonida qator toklar. Baland soʻrilarda navdalari osilgan. Uzumlar pishay-pishay deb qolgan. Kimdir shoti qoʻyib, xomtok qilyapti. Yoʻlakning shunday yonida – bogʻning chetida… Abdulla Qahhorning oʻzi turibdi! U kishi allaqanday jiddiylik bilan bizga qaraydi.

Sochlari oppoq. Koʻzimizga nihoyatda keksa koʻrindi.

Ichkaridan Kibriyo opa chiqadi. Nazarimda, Dadaxon aka qoʻngʻiroq qilgan boʻlsa kerak, opa bizni ochiq qarshilaydi.

– Kelinglar, bolalar, kelinglar.

Yoʻlkaga qadam tashlaymiz. Abdulla Qahhor ham biz tomonga yura boshlaydi. Imillabgina yurib, yoʻlakka chiqadi. Koʻrishadi. Ishkomning soyasi quyuqroq joyida stol ustiga dasturxon tuzalgan. Meva-cheva, qand-qurs.

Soʻrashamiz. Domla bizni surishtirgan boʻladilar. Javoblarimizni eshitib, bir dam xayollanib qoladilar. Bizdan Toshkentga qanday kelganimizni surishtiradilar. Poyezdda ikki kecha yoʻl yurib, yetganimizni aytganimizda, hayron qolganlarini sezamiz.

– Shukurlar, – deydi u kishi Shukur Xolmirzayevni koʻzda tutib, – oʻsha yoqlardan oʻqishga kelganda, a?

Biz Surxondaryo u kishiga juda olis bir manzil tuyulayotganini anglaymiz.

Suhbat tobora qiziydi.

Usmon Nosir haqida soʻraymiz. Domla allaqanday rostgoʻylik bilan qatagʻon haqida soʻzlay boshlaydi. Qatagʻonga “xizmat qilganlar”ning nomini choʻchimay tilga oladilar. U odamlar hali tirik, hatto hukumatning eʼzozi edi. Maktabda – adabiyot darsida oʻqitilgan ular.

Domlaning kitoblarini ham maqtashga kirishamiz. Erkin Aʼzamning halolligi tutib ketib, “Sarob” romanidagi “ayrim kamchilik”lar haqida gapiradi. Domla, xuddi birovning asari haqida gap ketayotgandek, “boʻlsa, bordir” qabilida javob beradi.

Shu payt yoʻlakda yangi mehmon koʻrinish beradi. Abdulla Qahhor u kishini dasturxonga taklif qiladi. Oqsoqol bu mehmonni bizga tanishtiradilar. Mehmon asarlari bizga yoqmaydigan – keyin bilishimizcha, hech kimning ham koʻngliga oʻtirmaydigan – yozuvchi boʻlib chiqadi. Mehmon Abdulla Qahhor bilan “sen-sen”lashib gaplashadi. Uning bu tarzdagi muomalasi menga gʻalati tuyuladi. Nazarimda, bu odam Abdulla Qahhorning soyasiga ham salom berishi kerakday edi.

Osh keladi. Domla oldiga esa alohida taom qoʻyiladi – tarelkada ikki sosiska, yonida yashil noʻxat.

– Oshdan olinglar, – deydi domla. – Mening parhezim bor. Ovqatim – shu…

Ketadigan boʻlamiz. Abdulla Qahhor kitoblariga dastxat yozib, bizga tortiq qila boshlaydi. Kimgadir dastxat yozayotganlarida, yozishdan toʻxtab, oʻylanib qoladi.

– Toshkent, vodiy, – deydi u kishi har bir soʻzni aniq-aniq aytib, – adabiyotimizga juda buyuk adiblarni berdi. Tegirmon navbati bilan deganlariday, endi navbat Surxondaryo, Qashqadaryoniki ekan-da!

Biz bu gapdan angrayib qolamiz. Ehtimol, baxshilari gʻaygʻaylab ot surib yurgan bu ikki voha bir kunmas bir kun dardini qogʻozga ham tushiradi-da, degan oʻy domlaning xayolidan oʻtgandir. Ehtimol, asarlari bilan endigina tanilib kelayotgan Abdulla Oripov, Shukur Xolmirzayevning isteʼdodi qamrovini daholarga xos sezgirlik bilan his qilgandir. Balki kelajakni – faqat oʻzi tushunib yetadigan – alohida bir hisob-kitob mantigʻida koʻrgandir…

Kim bilsin!

Domlaning chorbogʻidan chiqib joʻnarkanmiz faqat Ustoz haqida gaplashamiz. Bu suhbatimiz haftalab, oylab davom etadi. Hozir ham baʼzan Erkin bilan oʻsha suhbatni eslab qolamiz.

Shu odam avliyo ekan, deb qoʻyaman baʼzan.

Abdulla Qahhorning chorbogʻiga avgustning boshlarida borgan edik.

Bir necha kundan keyin Erkin bilan men navbatma-navbat oʻn yettiga toʻldik.

 

uzhurriyat.uz

1, 2, 3

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x