Rasul Hamzatovning oq turnalari

Odatiy kunlarning biri. Tushdan soʻng maktabdan kelib uyda oʻtirgandim. Otam qoʻltigʻida qandaydir bir kitob bilan uyga kirib keldi. Va menga boshqacha qilib qarab qoʻydida, kitobni uzatdi. Kitob muqovasiga “Rasul Hamzatov “Mening Dogʻistonim” deb yozilgandi. Bu nom menga notanish emasdi. Muallifning ismini darslikdagi sheʼrlaridan bilardim. Ammo “Mening Dogʻistonim” kitobi kuzning oʻsha soʻlim kunlarida menga chinakam sovgʻa boʻldi. Tushunib-tushunmay oʻqirkanman, kitobning ravon tili, oddiy, bir yaqin odaming bilan gurung qilib oʻtirganday jumlalar meni sehrlab oldi. Endi maktab darsligidagi Rasul Hamzatov degan shoir menga juda boshqacha boʻlib koʻrinadigan boʻldi. Shu mening Rasul bobo va Dogʻiston bilan ilk bora yuzma-yuz boʻlganim. Kitobni varaqlagan sari hayajonim oshgandan oshib, Dogʻiston degan yurtni koʻrgilarim kelaverdi, kelaverdi…

Nimaniki chin dildan xohlasang bir kuni albatta niyating yetiladi, degan gap bejizga aytilmagan ekan. Mana, qoʻlimizda Dogʻiston Respublikasiga chipta. Rossiya Federatsiyasining Dogʻiston Respublikasi Madaniyat vaziri Zarina Boʻtayeva va Dogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Magomed Ahmedovlar nomidan yuborilgan taklifnomaga asosan, Rasul Hamzatov tavalludining 95 yilligi munosabati bilan boʻlib oʻtadigan XXXII Xalqaro “Oq turnalar kuni” festivalida ishtirok etish uchun Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan uyushma raisining ijodiy ishlar boʻyicha birinchi oʻrinbosari, taniqli shoir va tarjimon Minhojiddin Mirzo va mening borishimga imkon tugʻilganini eshitib sevinchim ichimga sigʻmay ketdi.

Nihoyat biz orziqib kutgan damlar ham yetib keldi. 2018 yilning

5 sentyabr kuni qaydasan Dogʻiston deb yoʻlga chiqdik. Koʻksimdagi yuragim samolyotning motoriga hamohang urayotir. Mashhur shoirning “Gar qoʻshiq kuylasam avar tilida…” degan satrlari beixtiyor tilimda aylanadi. Nihoyat uchoqning gʻildiragi yerdan uzildi. Bu hol xuddi kuzgi Oʻzbekistonga xayr-xoʻsh qilib, issiq yurtlarga ketayotgan oq turnalarning qanotini yigʻib olayotganga oʻxshab ketardi. Oynadan pastga qarayman. Azim Toshkentning qiyofasi yastanib koʻzga tashlanadi. Birozdan soʻng qishloq uylarining tomlari, oʻz yumushlari bilan andarmon odamlarning mitti-miqti sumbatlari koʻzga chalinadi. Beixtiyor xayolimga yana uyimiz, ota-onamning aziz chehralari keladi. Surxondaryoning qaynoq kuzagida dala-dasht yumushlari bilan yurgan ota-onam oynadan koʻrinayotgan odamlarga naqadar oʻxshash…

Uydan ilk marta uzoqqa – Toshkentga katta niyatlarni dilga joylab chiqqayotganimda otam qoʻllarini duoga ochib shunday degan edi: Qayda boʻlsang ham omon boʻl, yigit boshing xam boʻlmasin. Kimligingni, ota-bobolaringni unutma, hech qachon yuzimizni yerga qaratadigan ish qilma.

Samolyot koʻtarilgan sayin shu gaplar qaytadan quloqlarim ostida jaranglay boshlaydi: Kimligingni, qanday buyuk yurtning farzandi, qanday ulugʻ daholarning avlodi ekaningni unutma. Elu-yurting yuzini yerga qaratadigan ish qilma.

Beixtiyor xayolimga sheʼr keldi:

Har doim yodingda tut,

Oʻzbeklar ulugʻ xalqdir.

Endi senga buyuk yurt –

Oʻzbekiston hujjatdir.

 

Senga qarab toʻn bichar,

Butun boshli millatga.

Elning fazilatlarin,

Aylantirma illatga.

 

Yolgʻiz joning oʻylama,

Oʻttiz millionli jonsan.

Dunyo degan maydonda

Yurgan Oʻzbekistonsan…

 

“Mening Dogʻistonim” kitobida shunday soʻzlar bor: Agar sendan kimligingni soʻrashsa, barcha maʼlumotlaring yozilgan pasportingni koʻrsatishing mumkin. Agar xalqdan kimligini soʻrashsa, u shunday hujjat oʻrniga oʻzining olimini, shoirini, rassomini, bastakorini, sarkardasini koʻrsatadi.

***

Dogʻiston Respublikasining jahoniy nufuziga, kam sonli avar xalqining ezgu ramziga aylangan Rasul Hamzatov tugʻilib oʻsgan zaminga qadam qoʻyarkanmiz, meni qattiq hayajon chulgʻab oladi. Mendagi quvonchu hayratning biror belgisini izlab hamrohimga sekin koʻz tashlayman. Minhojiddin aka ham allaqanday hayajon, tugʻyonli oʻylar qurshovida ekanini sezaman.

Soʻz va unga oshuftalik paydo boʻlgandan buyon bu keksa dunyo ne-ne shoirlarning qoʻshigʻini tinglamagan, ne-ne daho isteʼdodlarga beshik boʻlmagan. Yer yuzida olamshumul shoirlarga koʻplab haykallar, yodgorlik va monumentlar oʻrnatilgan.

Ammo Dogʻistonning ulugʻ shoiri Rasul Hamzatovdan boshqa hech bir shoirning sheʼriga oʻzinikidan ham koʻproq haykal oʻrnatilmagan boʻlsa kerak. Mana, Dogʻiston Yozuvchilar uyushmasi binosining shundoq kirish qismining chap tomonidan “Turnalar” sheʼriga jahonning qayerlarida haykal oʻrnatilganidan soʻzlovchi burchak. Tikilib qarayman: Los-Anjelos, Xirosima, Moskva, Lugansk, Kislavodsk, Polotsk, Maxachqalʼa, Alekseeva, Ivanteevka, Krasnoyarsk singari yigirmadan ortiq shaharlar orasida tilga va dilga yaqin nom “Chirchik, Uzbekistan” degan yozuvni uchratishim bilan badanim allanechuk jimirlab ketadi.

Shu choqqacha Chirchiq shahridagi mashhur haykal yonidan yuz martalab oʻtib qaytgandirman, ammo uning qarshisida hozirgidek hayajonlanmaganim aniq. Vatandan olisda oʻz tugʻilgan tuprogʻing bilan bogʻliq har qanday narsa odamni titratib yuborarkan. Toshkent bilan Maxachqalʼaning orasi

2 900 kilometrlik masofa, qolaversa Kaspiy dengizidek ulkan ummon chayqalib yotibdi.

Chirchiq shahriga oʻrnatilgan “Turnalar” haykali nafaqat Rasul Hamzatovning sheʼriga qoʻyilgan haykal balki, shu shaharning ramziga ham aylangan. Bu joyga oila qurish ostonasida turgan yoshlar kelib gullar qoʻyishadi. Dunyoda urush boʻlmasligini, butun yer yuzida tinchlik va osoyishtalik boʻlishini, onalar qon yigʻlab farzandlarini, kelinlar esa zor qaqshab mard erlarini jang maydonlariga yubormasliklarini Yaratgandan soʻrab duolar, ezgu niyatlar qilishadi.

Aslida bu dunyoni ezgulikka boʻlgan talpinish va unga talpinayotgan yuraklardagi ramzlar asrab turgandek. Rasul Hamzatovning “Turnalar”i zamirida ham xuddi shunday buyuk ramz bor. Bu sheʼrni oʻqiganlar, unga qoʻyilgan haykal poyida bir zum toʻxtab oʻtganlar, albatta samovotning doimo yaxshilikka timsol boʻlgan bu qushlaridan ezgulik izlaydilar va topadilar. Shoirning butun umri va ijodi ana shunday ezguliklarga toʻlugʻdir. Uning taʼbir joiz boʻlsa quyidagi sheʼri ham millionalab yuraklar toʻridan joy olgan:

 

Odamzod yaratgan uchta qoʻshiq bor*,

Ularda jam – shodlik va gʻamli palla.

Ular bir-birini qilishmas takror,

Birinchisi – ona kuylagan alla!

 

Ikkinchisini ham onalar aytar,

Oʻgʻlin soʻnggi yoʻlga kuzatgan paytlar.

Uning figʻonidan titrar boʻshliqlar…

Uchinchisi – qolgan barcha qoʻshiqlar.

 

***

Buyuk soʻz ustasining dunyoga kelgan diyoridagi oʻtgan sermazmun safarlar chogʻida koʻngilni gʻururga toʻldiradigan kechinmalar, suhbatlarga ham sherik boʻldim.

Maxachqalʼadan Rasul Hamzatovning tugʻilgan ovuli Xunzax tumanidagi Sada qishlogʻiga borayotganimizda Minhojiddin aka bilan suhbatlashib ketayotgan Dogʻiston xalq shoirasi Zalmu Batirovaning soʻzlari beixtiyor qulogʻimga kiradi:

– Uch marta haj safarida boʻldim. Endi yagona orzum Samarqanddagi Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish…

***

“Qayerdansizlar?”, deb soʻrab qoldi Astraxan Yozuvilar uyushmasi raisi Yuriy Shʼʼerbakov. “Oʻzbekistondan” dedim. Javobimdan uning chehrasi yorishib, “Alisher Navoiy” deb yuborganini oʻzi ham bilmay qoldi. Boisi Yuriy aka Navoiy bobo gʻazallaridan koʻplab tarjimalar qilgan ekan. Uning tarjimalaridan namunalarni “Zvezda Vostoka” jurnalida eʼlon qilishni niyat qildik.

***

Ufadan kelgan Kamil Ziganshinga Oʻzbekistondanmiz deyishim bilan buyuk bobomiz Amir Temur haqida soʻzlab ketdi. Sohibqironning ulugʻ xizmatlari qatorida adabiyot va ilm-fan ahliga qilgan saxovatiyu yuksak eʼtiborini misollar bilan joʻshib gapirardiki, oʻz-oʻzimdan hayron boʻldim. Chunki oʻzga millat vakili sening bobolaring haqida iliq fikrlar bildirishi, bu qadar samimiy yaxshi koʻrishi koʻksingni cheksiz gʻurur va iftixorga toʻldirib yuboradi. Shu damda Ziganshinni oʻz tugʻushganimdek bagʻrimga qattiq bosgilarim kelib ketdi.

Darvoqe, bu suhbatlar Dogʻiston Yozuvchilar uyushmasidagi mehmonlar bilan tanishuv marosimida boʻlayotgan gaplar. Rasul Hamzatovning 95 yillik sanasiga dunyoning turli goʻshalaridan oʻttizga yaqin ishtirokchilar tashrif buyurgan boʻlib, ularning barchasi oʻzbek, Oʻzbekiston nomini eshitishi bilan, albatta, qaysidir oʻziga qadrli boʻlgan voqea yoki biron olamshumul bobokalonimiz haqida soʻzlab ketaberadi.

Ayniqsa, Dogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, Dogʻiston xalq shoiri Magamed Ahmedovning mamlakatimizda ijodkorlarga koʻrsatilayotgan shart-sharoitlar, qaror va farmonlar haqida toʻlqinlanib, havas va hayajon bilan festival ishtirokchilariga gapirib berganiyu, Rossiya Federatsiyasi Yozuvchilar uyushmasi raisi Nikolay Ivanovning “Barchamizning nomimizdan Prezident Shavkat Mirziyoevga adabiyot rivojiga koʻrsatayotgan eʼtibori uchun rahmatimiz va minnatdorchiligimizni yetkazishingizni soʻraymiz. Dunyoning hech qaysi mamlakatida adabiyotga bunchalik katta eʼtibor qaratilmayotgan boʻlsa kerak. Omadlaring bor ekan!..”, degan gaplaridan benihoya xursand boʻldik.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi nomidan anjuman ishtirokchilariga, yozuvchi va shoirlarga Alisher Navoiyning rus tilidagi “Sokrovishnitsa misley” hamda besh tildagi “Hikmatlar” kitobini, adabiy nashrlarimiz boʻlgan “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik” jurnallarini taqdim qildik. Rasul Hamzatov sheʼrlarining shoir Minhojiddin Mirzo tarjimasida chop etilgan, hali siyohi qurimagan “Oq turnalar” kitobini Dogʻiston Yozuvchilar uyushmasiga sovgʻa qildik.

Kechki payt Rus drama teatrida shoirning 95 yilligiga bagʻishlangan katta adabiy-musiqiy kecha boʻlib oʻtdi. Kecha dasturiga muvofiq Minhojiddin Mirzo soʻzga chiqib, yigʻilgandarni adabiyot bayrami bilan qutlarkan Vatanimizda bu borada qilinayotgan keng koʻlamdagi ishlar haqida ham toʻxtalib oʻtdi.

***

Har yili dogʻistonlik minglab sheʼriyat muxlislari Tarki-Taudagi qabristonga Rasul Hamzatovning tugʻilgan kuni munosabati bilan uning qabrini ziyorat etgani kelishadi. Bu yerda oʻsha kuni Dogʻiston davlat rahbarini, turli vazirlik va idoralar vakillarini, qolaversa dunyoning turli goʻshalaridan tashrif buyurgan mehmonlarni ham uchratish mumkin. Harxolda men shunga guvoh boʻldim.

Shoirning qabri. Qabrtoshda “Rasul Hamzatov. 1923–2003” yozuvlari bitilgan xalos. Ulugʻ shoirning qabrini ziyorat qilib, qalbimiz yorishib, yengil tortganday boʻldik. Huddi shu kuni – 8 sentyabrda shahardagi Rasul Hamzatov haykali poyiga ham gullar qoʻyildi, Ikkinchi jahon urishida qahramonlik koʻrsatgan askarlar xotirasiga oʻrnatilgan manument qarshisida sheʼrxonlik boʻldi.

Kechki payt mehmonxonaga qaytib keldik. Biz joylashgan “Primorskaya” mehmonxonasi shundoq Kasbiy dengizi sohilida qad rostlagan. Oynadan dengiz, olis-olislarda suzayotgan kemalarning chiroqlari miltillab koʻrinadi. Toʻlqinlarning shovqini ham Rasul Hamzatovning sheʼri bilan aytilgan ajib bir qoʻshiqni kuylayotgandek tuyuladi.

Ertasi kuni Rasul boboning Maxachqalʼadagi xonadoniga bordik. Shoir nomidagi uy-muzeyning direktori, Rasul Hamzatovning qizi Salixat Hamzatova bizlarni ochiq yuz bilan qarshi oldi. Bu xonadonda oʻzbekistonlik Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf singari xaq shoirlari, qolaversa dunyoning boshqa koʻplab mamlakatidan kelgan katta ijodkorlar mehmon boʻlishgan. Rasul Hamzatov bilan yuzma-yuz oʻtirib suhbat qurishgan. Bunday qutlugʻ dargohga kelish bizni ham hayajonga soldi, albatta.

Rasul Hamzatovning qizi Salixat Hamzatova bilan

Anʼanaga koʻra toʻkin dasturxon atrofida boshlangan suhbatlar tilaklarga, mushoiraga aylandi. Salixat Hamzatova otasining Oʻzbekiston xaqidagi fikrlarini, oʻzbek ijodkorlari bilan doimo doʻstona aloqada boʻlganligini, Chirchiq shahrida “Turnalar” sheʼriga oʻrnatilgan haykal haqida ehtirom bidan koʻp gapirganlarini bizlarga soʻzlab berdi.

Safarimiz ijodiy uchrashuvlar, tadbirlar, sheʼriyat kechalariga boy boʻldi. Univeritetdagi jurnalistika va filologiya fakulteti talabalari bilan suhbat, Rasul Hamzatov nomidagi 50-maktabda oʻquvchilar bilan boʻlgan uchrashuv, Dogʻistonda tashkil etilgan “Sheʼriyat teatri”dagi sheʼrxonlik kechalaridan katta taassurotlar oldik. Ona tilimizda sheʼrlar oʻqidik.

Sheʼriyat teatrini barpo etish, unda sheʼriyat kechalarini oʻtkazish Rasul Hamzatovning eng katta orzusi boʻlgan ekan. Shoir vafotidan keyin uning orzusi ushalib, Maxachqalʼaning qoq markazida ikki qavatli, shinam va ozoda, koʻrkam koshona qurilib unga “Sheʼriyat teatri” nomi berilibdi. Eshikdan kiraverishda Rasul Hamzatov va Aleksandr Pushkinning haykallari oʻrnatilgan.

“Ovul va butun jahon shoiri” mavzusida Rossiya sheʼriyat kechasi boshlanishidan oldin ikki ulugʻ shoir haykali poyiga gullar qoʻyildi. Soʻng koʻrgazmalar zalida tashkil etilgan maktab oʻquvchilari tomonidan Shoir sheʼrlariga chizilgan suratlar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi. Unda 7 yoshdan

14 yoshgacha boʻlgan oʻgʻil-qizlarning oʻz dunyoqarashi, tasavvuridan kelib chiqib chizgan suratlari kishida ajib tuygʻularni uygʻotadi.

***

Safarimizning toʻrtinchi kuni mezbonlar uchta yoʻnalish boʻyicha Dogʻiston boʻylab safar tayyorgarligi koʻrilganini aytishdi. Uchalasi ham tarixiy joylar – Darband, Gunim va Xunzax. Biz Rasul Hamzatov tugʻilgan Xunzasga, Sada ovuliga borishimizni aytdik. Chunki, shoir tugʻilib oʻsgan, bolaligi kechgan joylarni, “Mening Dogʻistonim” kitobida koʻp bora tilga olgan, qalbimizda shu maskanlarga mehr uygʻotgan goʻshalarni oʻz koʻzimiz bilan koʻrgimiz keldi. Shahar markazidan deyarli toʻrt soatlik yoʻl boʻyi Dogʻiston xalq shoiri Zalmu Batirova, Karacheev-Cherkas Respublikasi xalq shoiri Larisa Shebzuxova, taniqli rossiyalik shoirlar Dogʻiston sheʼriyati tarjimonlari Yuriy Shcherbakov, Viktor Petrov, Valeriy Latinin va boshqalar bilan qizgʻin suhbat qurdik.

Keta-ketguncha qir-adirlaru togʻ manzaralari, daryolar mavjlanishidan zavqlanib uzoq yoʻl bosganimz ham bilinmadi. Olisdan, maktab oʻquvchilari, tumanda yashovchi yoshu-qari toʻplanib turganiyu ikki yoniga Rossiya va Dogʻiston bayroqlari oʻrnatilgan mashinalarning harakatlanayotganini koʻrib bildikki, bayram avjida. Bu yerda Xunzax tumani hokimi, turli idoralar boshliqlari bizni qarshi olishdi. Keyin bilishimizcha, shu yerlik aholi har bayramni nafaqat Dogʻistonni, balki Sada ovulini butun dunyoga tanitgan shoiri Rasul Hamzatovning barcha doʻstlari va mehmonlarini shu joyda kutib olib, yana shu joydan kuzatishar ekan. Xunzax tumani nimasi bilandir oʻzimizning Boysunni eslatadi. Yana bir qiziq joyi Dogʻistonning mashhur kishilari, olimlar, yozuvchi va adiblarining koʻpchiligi shu hududdan yetishib chiqqan ekan. Togʻliklar odati boʻyicha mehmonlar milliy taomlar va shirinliklar bilan izzat qilindi. Shundan soʻng yana oʻn besh daqiqalik yoʻl bosib Rasul Hamzatov tugʻilgan Sada ovuliga kirib keldik. Ovulning har toʻrt tarafi Baland togʻlar, adirlar bilan oʻrab olingan ekan. Bu yerda ham bayram avjida. Shu atrofdagi butun ovullar vakillari bayramga chiqishgan. Xuddi bizda boʻladigan xalq saylariyu Navroʻz bayramini yodga soladi.

***

Ovuldan sal uzoqroqda jahon urushi qatnashchilariga bagʻishlab, shoirning mashhur sheʼri asosida “Oq turnalar” yodgorligi oʻrnatilgan. Yodgorlikning ikki tomoniga xotira lavhalari oʻrnatilgan. Atrofda oppoq turnalar libosidagi bolalar. Lavhalardan maʼlum boʻladiki, Ikkinchi jahon urushi davrida birgina mana shu togʻli Xunzax tumanidan 2634 nafar yigit urushga chaqirilib, ulardan 1227 nafari tirik qaytadi. 1407 nafaridan esa qora xat keladi. Shoirni “Turnalar” sheʼri buutun dunyoga mashhur qiladi. Taniqli sanʼatkor Mark Bernes ijrosidagi qoʻshiq millionlab kishilar qalbidan joy oladi. Qanchadan-qancha yurtlarda, jumladan shoir tugʻilgan Sada ovulida ham “Oq turnalar” yodgorligi oʻrnatiladi. 1986 yilda Gunim hududida birinchi marta jangchi askarlar xotirasiga “Turnalar” yodgorligi oʻrnatiladi. Yodgorlik poyidagi mangu olovni yoqish uchun Ikkinchi jahon urushida toʻrtta oʻgʻlidan judo boʻlgan ona xonadonidan olov olib kelingan ekan.

“Turnalar” monumenti poyida Rasul Hamzatovga bagʻishlangan muzey bunyod qilinib, unda ushbu sheʼrning jahonning turli tillardagi tarjimalari oʻrin olgan. Sada qishlogʻidagi Rasul Hamzatov tugʻilgan va bolaligi oʻtgan, shoirning otasi Dogʻiston xalq shoiri Hamzat Sadasa uyiga, toʻgʻrirogʻi uy-muzeyiga yoʻl olamiz.

Past shiftli, ikki qavatdan iborat uy. Oddiy xonadon, tarixiy rasmlar, ashyolar, shoirning otasi, onasi, ovuldoshlari bilan tushgan suratlari, Hamzat Sadasa hayoti va ijodidan soʻylovchi nodir namunalar. Devordagi bir surat eʼtiborimizni tortdi. Unda Hamzat Sadasa minbarda, ortida ulugʻ bobokalonimiz Alisher Navoiyning muhtasham portreti turardi. Yaqinroq borib oʻqiymiz: “Alisher Navoiyning 500 yilligi, Toshkent, 1948 yil”, “Hamzat Sadasa va yozuvchi Kravchenko, Toshkent, 1948 yil”. Rasul Hamzatovning Oʻzbekistonga koʻp bora kelganidan xabardormiz, lekin u kishining otasi ham Vatanimizga kelgani biz uchun kutilmagan yangilik boʻldi.

Qaytishimizda kimdir Maxachqalʼada mahalliy xalq tilida “Uzbek gorodok” deb ataladigan joy borligi aytib qoldi. Men Minhojiddin akaga, u kishi menga hayrat va taajjub bilan qaraymiz. Keyin, ertasi kuni oʻsha “garadokka” borganimizda bilamizki, 1970 yilda Dogʻistonda zilzila sodir boʻladi. Qurilish-tiklash ishlarida vatandoshlarimiz ham ishtirok etadi. Bu hududdagi bir qancha besh qavatli uylarni toshkentlik binokorlar qurib berishgan ekan. Barcha qurilish materiallari ham Oʻzbekistondan keltiriladi. Aylanamiz, qator uylar, unga yondosh joyda bozor, uning yonida “Toshkent” nomli savdo magazini. “Toshkent” nomli restoronni, sal narida baland bino tepasidagi katta harflar bilan yozilgan “Uzbekistan” degan moʻtabar soʻzga koʻzimiz tushishi bilan jonimizga yana jon kirganday boʻladi. Baribir, Vatandan olisda Ona yurting, davlating poytaxti nomi yozilgan joylarni koʻrish kishiga oʻzgacha ruh va iftixor bagʻishlaydi.

Bir paytlar Rasul Hamzatovdan ovuldoshlari tomning ustidagi gurunglarda “Oʻzga mamlakatlarda bizning borligimizni, shu zaminda yashayotganimizni bilishadimi” deb soʻrashar ekan. Bugun Sada ovulini hamma biladi. Adabiyotning kuchini koʻringki, bugun Dogʻiston desa Rasul Hamzatov, Rasul Hamzatov desa Dogʻiston koʻz oldimizga keladi.

Safarimiz davomida Hamzat Sadasa, Abutolib Gʻofurov, Mahmud singari dogʻistonlik shoirlarning yodgorliklarini ham ziyorat qildik. Xunzaxda boʻlganimizda koʻnglimizdan bir fikr oʻtdi, Rasul Hamzatov mana shu togʻlar bagʻridagi ovulda, oddiy xonadonda dunyoga keldi. Shu yerdan borib oʻz soʻzi, sheʼriyati bilan dunyoni zabt etdi.

Adabiyot, sheʼriyatning birlashtiruvchi kuchi bor, deydilar. Har yili “Oq turnalar kuni” festivalida Rasul Hamzatov sheʼriyati dunyoning qanchadan-qancha mamlakatlaridan kelgan shoir va yozuvchilarni Dogʻiston zaminida birlashtiradi. Qalblarni qalblarga, ellarni ellarga bogʻlaydi. Dunyoda doʻstlikdan ortiqroq yana nima, qanday neʼmat bor?!.

Nihoyat, safarimiz qarib ona Vatanimizga qaytadigan kun keldi! Hayajonim bu oʻlkalarga kelayotganimdagi hayajondan ming, yuz ming balkim undan ham oʻn chandon ortiqroq. Vatandan olisda xattoki xizmat safari bilan oʻzing koʻrishni orzu qilgan joylarga oshiqib borsang ham hech narsa tugʻilgan tuprogʻingga teng teng kelmas, uch kun oʻtmay yurtingni sogʻinar ekansan. Bu tuygʻu barcha qalblarni birdek egallashi bejiz emas. Sababi, tabiatga oshifta boʻlib, insoniylikka, ulugʻ gumanistik gʻoyalarga xizmat qilgan Rasul Hamzatov yurtida odamning yodiga onasi, ona tuprogʻi kelaveradi. Shu aziz hislar turnalar tashlab ketmaydigan zamin shoirining mashhur sheʼrlarini beixtiyor yodga soladi:

 

Xanjarlar sopiga yozing, odamlar,

Farzandlar ismini, shunda qay kuni

Jizzakilik qilib tutsangiz xanjar,

Ular esga solar buyuk tuygʻuni.

 

Miltiqlar ustiga chizing, odamlar,

Onalar rasmini, shunda qay kuni

Kimdir oʻq uzishga chogʻlansa agar,

Munis surat yoʻldan qaytarar uni.

 

Joʻrabek JAHON

 

2018 yil, 5-11 sentyabr.

Toshkent – Dogʻiston – Toshkent

 

* R. Hamzatov sheʼrlarini Asror Moʻmin tarjima qilgan.

 

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x