Hukumat qarori (05.02.2021 y.) bilan Moliya vazirligi tomonidan joylashtiriladigan mablag‘lar hisobidan ipoteka kreditlari ajratish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Bu haqda Adliya vazirligining telegram kanalida ma’lum qilindi.
🔰 Nizomga ko‘ra, Moliya vazirligi tomonidan banklarga ajratiladigan mablag‘lar va banklar tomonidan qarz oluvchilarga beriladigan ipoteka kreditlari:
➖ 20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga bozor (foiz) stavkasida ajratiladi;
➖ ular uchun annuitet to‘lovlar tartibi tatbiq etiladi va imtiyozli davr belgilanmaydi;
➖ foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, mutanosib ravishda kamayadi, oshirilgan taqdirda o‘zgarishsiz qoladi.
🔰 Mazkur nizom qoidalari:
➖ shahar va qishloq joylarda qurilgan birlamchi uy-joy bozorida ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni sotib olishda;
➖ Toshkent shahri, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida tajriba tariqasida 2020 yil 1 maygacha umrbod egalik qilish huquqi asosida ajratilgan yer uchastkalarida yakka tartibdagi uy-joylarni qurish (qayta qurish) uchun ipoteka kreditlarini ajratishda qo‘llaniladi.
📋 Shunga ko‘ra, banklar va qarz oluvchilarga nisbatan muvofiqlik mezonlari va ularga mablag‘lar ajratish tartibi belgilandi.
🔰 Fuqarolarga ipoteka krediti banklar tomonidan:
● bozor stavkasida;
● 20 yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga;
● boshlang‘ich badali tajriba o‘tkazilayotgan viloyatlarda yakka tartibda qurilayotgan uy-joy qiymatining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda;
● sotib olinadigan kvartira qiymatining qishloq joylarda kamida 10 foizi, shaharlarda kamida 20 foizi miqdorida;
● qishloq joylarda va shaharlarda – 1 va 2 xonali kvartiralar uchun 240 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 320 mln so‘mgacha;
● Toshkent shahrida – 1 va 2 xonali kvartiralar uchun 264 mln so‘mgacha, 3 va undan ko‘p xonali kvartiralar uchun 352 mln so‘mgacha beriladi.
🚫 Mazkur tartib yakka tartibdagi uy-joy qurlishiga ruxsat olib, lekin keyinchalik birlamchi bozorda sotish maqsadida qurilgan ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni ipoteka kreditlari orqali sotishga tatbiq etilmaydi.