KONSTITUTSIYA

KONSTITUTSIYA (lot. constitutio — tuzilish, tuzuk) — davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi.

Konstitutsiya davlatchilik belgisidir. Birbiridan farqlanuvchi yuridik va haqiqiy (faktik) Konstitutsiya tushunchalari bor. Yuridik Konstitutsiya ijtimoiy munosabatlar doirasini tartibga soluvchi maʼlum huquqiy normalar tizimi. Haqiqiy Konstitutsiya esa — shunday munosabatlarning oʻzi, yaʼni real mavjud munosabatlardir. Konstitutsiya oʻz shakliga koʻra, kodekslashtirilgan, kodekslashtirilmagan va aralash turlarga boʻlinadi. Kodekslashtirilgan Konstitutsiya — konstitutsiyaviy xususiyatga ega barcha asosiy masalalarni tartibga soluvchi bir butun yozma hujjat hisoblanadi. Agar ayni oʻsha masalalar bir necha yozilgan hujjatlar bilan tartibga solinsa, u holda Konstitutsiya kodekslashtirilmagan hisoblanadi. Aralash turdagi Konstitutsiya parlament tomonidan qabul qilingan qonunlar va sud pretsedentlari bilan birga, odatlar va nazariy sharxlarni ham oʻz ichiga oladi, yaʼni qisman yozilgan boʻladi. Oʻzgartirish kiritish usuli boʻyicha Konstitutsiya yumshoq va qattiq turlarga boʻlinadi. Ularning birinchisi oddiy qonun qabul qilish yoʻli bilan oʻzgartirilishi mumkin. Ikkinchisi maxsus takomillashtirilgan tartibda (parlament aʼzolari ovozining malakali koʻpchiligi, baʼzan esa referendum oʻtkazish, tuzatishlarni muayyan miqdordagi federatsiya subyektlari tomonidan ratifikatsiyalash va sh. k.) oʻzgartirilishi mumkin. Amal qilish muddatlari boʻyicha Konstitutsiyalar doimiy va muvaqqat turlarga boʻlinadi.

Davlat faoliyatining turli sohalarida Konstitutsiyaga rioya qilinishini nazorat etish Oliy sud yoki Konstitutsiyaviy sud zimmasiga yuklanadi. «Konstitutsiya» atamasi Qad. Rimdayoq bor edi (imperator K. si deb atalgan qonun). Amir Temur «Tuzuklar»i Sharq va Osiyo mamlakatlari sivilizatsiyasiga xos alohida shakldagi konstitutsiyaviy hujjat xususiyatiga ega boʻlgan. U shariat qonunlari bilan bir qatorda Oʻrta Osiyo xalqlari taqdiriga kuchli taʼsir oʻtkazgan. Yevropadagi tarixiy taraqqiyot hoz. kunda amalda boʻlgan Konstitutsiya larning 2 guruhini vujudga keltirdi. 1-guruh — hoz. zamon sharoitlaridan keskin farq qiluvchi sharoitlarda qabul qilingan eski Konstitutsiya lar. Bu xildagi Konstitutsiya larga 1787-y. gi AQSH Konstitutsiyasi, 1831-y. gi Belgiya K. si, 1874-y. gi Shveysariya K. si misol boʻla oladi. 2-guruhga 20-a. ning 2-yarmida qabul qilingan «yangi avlod» K. lari kiradi. Ular dastlabki Konstitutsiya lardan xuquq va erkinliklar in-tining, Konstitutsiyaning himoya qilish mexanizmlari va ijtimoiy muammolarga murojaat kilish mexanizmlarining kengayishi natijasida konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining koʻpayishi bilan farq qiladi.

Xalqaro konstitutsiyaviy tajribalarni oʻrganish, xalqaro hujjat qoidalarini inobatga olish, milliy davlatchilik anʼanalardan kelib chiqish natijasida yaratilgan OʻzR Konstitutsiyasi (1992-y. 8 dek. da qabul qilingan) jahon andozalariga mos boʻlib, xalqaro talablarga javob beradi (q. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi).

Akmal Saidov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x