Homiladorlikni kutayotgan ayolda hayz kechikayotganligi haqidagi xayol o‘rnini hech narsa bosa olmasa kerak. Nahotki homiladorman? Lekin hayz kechikishiga nafaqat homiladorlik, balki boshqa faktorlar ham sababchi bo‘lishi mumkin ekan.
❗️ Stress: Stress hayotimizdagi ko‘p narsaga ta’sir etishi mumkin. Shu qatorda hayz siklining buzilishiga ham. Ba’zida biz shunday kuchli siqilib stress olishimiz mumkinki, organizmda GnRH gormoni miqdori ko‘payib ovulyasiya bo‘lmasligi yoki hayz kelmasligiga olib kelishi mumkin. Stress holati o‘tganda, hayz sikli odatda normallashadi.
♻️ Kasallik: Og‘ir yoki uzoq vaqt davom etgan kasallik ham hayz kelmasligini keltirib chiqarishi mumkin. Bu vaqtinchalik muammo bo‘lib, kasallik davolangandan so‘ng hayz sikli yana normaga tushadi.
🕰 Vaqt o‘zgarishi: Ma’lum bir mamlakatdan boshqa mamlakatga tez-tez safarga borib turgan ayollarda ham hayz sikli buzilishi mumkin. Bir mamlakatda tun bo‘lib, boshqa mamlakatda shu payt kun bo‘lishi ayol organizmi soatlarini biroz adashtirib yuboradi. Natijada kutilayotgan hayz sikli boshlanmaydi.
💊 Dori vositalari: Ba’zi dorilarning ta’siri natijasida hayz sikli o‘zgarib ketishi yoki hayz umuman kelmasligi mumkin. Agar siz yangi dori vositasini qabul qilayotgan bo‘lib, hayz siklingiz buzilib yoki hayz kuni kechikayotgan bo‘lsa, u holda ichayotgan dorini almashtirish yoki to‘xtatish to‘g‘risida shifokor bilan maslahatlashish talab etiladi.
📌 Semirish: Vaznning ortishi organizmda ma’lum gormonal o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi. Ortiqcha vazn natijasida hayz sikli buzilishi yoki umuman kelmasligi ham mumkin. Ko‘pincha ayol ozishi natijasida hayz sikli normaga qaytadi.
🖇 Ozib ketish: Keskin va qisqa vaqt ichida ozish natijasida hayz sikli normadan chiqib ketishi mumkin.
🔰 Menopauzadan oldin: Bu davr ayolning tug‘ish yoshidan tug‘maydigan yoshga o‘tadigan davrga aytiladi. Bunda hayz miqdori kamaygan bo‘lib, davomiyligi qisqara boshlaydi. Undan tashqari hayz sikllar soni ham kamayib boradi.
♻️ Menopauza: Menopauza davrida ayol hayz ham ko‘rmaydi ovulyasiya ham yuz bermaydi. Menopauza tabiiy ravishda ayolning yoshi 50dan oshganda va ba’zi kimyoviy operasiyalar tufayli boshlanadi.
🛑 Adashish: Hayz sikli har xil ayolda turlicha bo‘ladi. Norma deb qabul qilingan 28 kunlik sikl hammada ham uchramaydi. Bir ayolda 26 kunlik sikl bo‘lsa, boshqa ayolda hayz har 32 kunda ham kelishi mumkin. Ikkala holat ham normal hisoblanadi. Shuning uchun ba’zida ayol siklni noto‘g‘ri hisoblashi tufayli hayz kelishi kechikgandek tuyilishi mumkin.
🤰 Homiladorlik: Nihoyat, hayz kelmayotganligining yana bir sababi — homiladorlikdir. Aynan homiladorlik yuz berganda hayz kelmaydi.