Toshkentning Beshogʻochidanman. Bu daha Boʻrijari, anhorlari, mahobatli koʻpriklari, Tuproq qoʻrgʻoni, mashhur koʻli, hovuzlari, gavjum bozori, tramvay izi oʻrnatilgan tosh koʻchalari, har bir hovlidan oʻtadigan ariqlari bilan yodimda qolgan. Uning mahalla, guzar, choyxona, bekat, non, sabzavot, goʻsht doʻkonlarini unutib boʻladimi? A. Soljenitsinning “Saraton xastaliklari boʻlimi” qissasining bosh qahramoni Pavel Rusanov ToshMI kasalxonasidan chiqib, tramvayda Chorsuga yoʻl oladi. Qaysidir bekatda qoʻrada pishirilayotgan kabobni koʻrib qoladi. Hamma yoqni kabob isi tutib ketgan. U tramvaydan tushib qoladi. Bir six kabob, yarimta yopgan non olib choyxonaga kiradi. Qachon shu qissani oʻqisam, qissa qahramoni bizning “Chaqar”dagi choyxonaga kirgan degan fikr oʻtaveradi xayolimdan. Mening mahallam “Chaqar”, dedim-u, sal xato ketganimni sezib qoldim. Bolaligim “Chaqar”da, Abulqosimxon madrasasi yonginasidagi, ona tomondan buvamning “Yangi mahalla”dagi hovlisida kechgan. Toshkent shahri bilan Toshkent viloyatini ulab turgan uzun, Boʻrijar sathidan ancha baland qilib qurilgan Simon koʻprikdan har kuni oʻtardim, Kichik Chilonzordan Katta Chilonzorga borardim. Bogʻ hovlimiz hozirgi Chilonzor savdo markazi ortidagi 162-maktab oʻrnida edi. Men bogʻ hovlida 1937 yilning chillaki chumak urayotgan pallasida tugʻilgan ekanman. Yetti-sakkiz yoshimdan tomorqaga qarab, joʻxori chopiq qilar, ekinlarga suv quyardim. 9-10 yoshimdan jamoa xoʻjaligida ishlaganman. Onamga koʻmak berganman. Koʻp joyga koʻchganimiz, ancha erta mehnatga koʻnikkanim, – otasiz oʻsganimdan deb bilaman. Onam kolxozda ishlab, meni va opamni oq yuvib, oq tarab oʻstirganlar.
Katta Chilonzordagi 162-, “Chaqar” bilan Chorsu oraligʻidagi 82-boshlangʻich, Beshogʻoch markazidagi 90-toʻliqsiz oʻrta maktabda oʻqiganman. Maktabni tugatgunimcha: “Nega bizda qizlar oʻqimaydi?” deb oʻylab koʻrmagan ekanman. Beshogʻoch tumanidagi 90-, 34-, 45-, 82-maktablarda faqat oʻgʻil bolalar, 84-, 59-maktablarda faqat qizlar oʻqirdi. Oʻqituvchilarimizning aksariyati ham qizlar, ham bolalar maktabida dars berar, goho serjahl oʻqituvchilar:
– Senlarning bitta sinfingda dars bergandan qizlarning oʻnta sinfida dars berish oson, – deya nolib qolardi. 90-maktabda davomat yomon edi: yangi film qoʻyilsa, oʻquvchilar “gur-r” etib yonginamizdagi Navoiy kinoteatriga urib ketardi. Koʻklam keldimi, komsomol koʻli oʻziga chorlay boshlardi. Yoshlar koʻlida bolalar temir yoʻli boʻlardi. Uning boshligʻi, nazoratchisi, haydovchisi, bekat begi – hammasi maktab oʻquvchilari edi. Suv sporti toʻgaragi muntazam ishlardi. Olmazor koʻchasida yosh texniklar stansiyasi faoliyat koʻrsatar, koʻpchilik oʻquvchilar Markaziy kashshoflar saroyidagi toʻgaraklarga qatnardi. Drama toʻgaragiga Mirsoat Usmonov (yozuvchi Erkin Usmonovning otasi – A. R.) yetakchi edi. Repertuarda Volodya Dubinin, Pavlik Morozov, xullas, shoʻro mafkurasiga xizmat qilgan bolalar haqidagi asarlar koʻp edi.
Yana bir gap. Bolalarning bozorda savdo-sotiq qilishi qatʼiyan man qilingandi. Koʻpchilikning tirikchiligi Beshogʻoch bozoridan oʻtardi. Aksariyat oʻquvchilar darsdan keyin bozorga chopar, ona, opasiga dastyorlik qilardi. Bozorchi bolalarni oʻqituvchilar tergayverar, ular esa bozordan qolmasdi.
Beshogʻochda oʻzga millat vakillari koʻp edi. 90-maktabda ham oʻzbek, ham ruslar oʻqirdi. 34-maktab ruscha oʻqishga yoʻnaltirilgandi. Urush yillarida koʻchib kelgan oilalar koʻpayib ketdi. Abulqosim madrasasiga asosan mordavanlar joylashdilar. Negadir madrasani “Kollektiv” deyish udum boʻlgandi. Oʻsha paytda oʻzbeklar uyini ijaraga berishni oʻrgandilar. Erkak kvartirantlar erta bilan Chilonzor, Oqtepa, Zaxariq tomonlarga chiqib ketar, “Oyna tuzataman”, “Primus sozlayman”, – deya bot-bot ovoz berardilar. Ruslar bilan maktabda, mahallalarda birga yashagan bolalar rus tiliga usta boʻlib ketdilar.
Maktabda oʻzbek tili va adabiyotiga nisbatan rus tili va adabiyoti chuqur, qiziqarli oʻqitilardi. Asl millati oʻzbek boʻlgan Asqar Ramazonov darsni qoyilmaqom qilib oʻtardi. “Gʻilof bandasi”, “Amaldorning oʻlimi”, “Revizor” singarilarni dars sifatidamas, yakka artist teatridagiday ijro etardi. Yelena Pavlovna Kats hamma oʻquvchini ismi bilan chaqirar, erkalar, tanbeh berardi. Uning darsida kutilmagan, gʻalati-gʻalati chekinishlar boʻlardi. Mana, oʻqituvchi Pushkin biografiyasini soʻzlay turib, “oʻtlab” ketdi. Bir kuni Pushkinning otasi tarvuz olib kelibdi. Uni artib, surtib, stolning ustiga qoʻyibdi. Tabiiyki, bolalarning nafsi hakalak otib ketyapti. Ota beparvo. Bolalar tarvuzni kesishni iltimos qilishaveribdi.
– Tarvuzni kesaman. Kim sheʼr toʻqisa, oʻshanga birinchi karjni beraman, – depti ota. Hamma jim. Kichkinagina Sasha dik etib stulga turib olibdi-da:
Moya puza
Xochet arbuza, – depti.
Vaʼdaga binoan qip-qizil tarvuzning ilk karji boʻlajak shoirga tegibdi.
Ikkinchi voqea. Pushkinlarnikiga podsho tashrif buyuribdi. Zodagonlar, graf-u dvoryanlar zal boʻylab yurgan holda oʻzaro suhbat qurishibdi. Bir mahal mehmonxonaga jingalak sochli bolakay oʻqday otilib kiribdi. Mehmonlarni koʻrib mulzam boʻlibdi. Podsho bolakay yoniga kelib, jingalak sochlarini silabdi, qoracha yuz-koʻziga boqib:
– Ox, kakoy arabchonok, – depti. Tiyrak Sasha yalt etib podshoga qarabdi. Uning yuzlaridagi chechak izlarini koʻrib, darhol “qasd” olibdi:
Arabchonok, no ne ryabchonok.
Bola mehmonxonaga qanday otilib kirgan boʻlsa, shunday tezlik bilan chiqib ketibdi.
XX asrning 50-yillarida maktabni tugatgan, Oliy oʻquv yurtlarining ijtimoiy fakultetiga kirganlar, oʻzbek tili va adabiyoti qatori, rus tili va adabiyotidan insho yozar, ogʻzaki imtihon topshirardilar.
Yana bir gap. Oʻtgan asrning 60-yillarigacha toshkentliklar tilida “Gubir bogʻi” (“Gubernator bogʻi” – A. R.) ancha faol edi. Tramvay, trolleybus pattachilari bekatni “Kirov parki” desalar ham, shaharliklar “Gubir bogʻi”gacha borishlarini aytaverardilar. Komsomol koʻlidan oʻtib, Simon koʻprikning qishloq tomoniga oʻtishingiz bilan devor bilan oʻralgan, daraxtzor, bahaybat temir darvoza oʻrnatilgan katta-katta dala hovlilar boshlanardi. Hozirgi Respublika Tez yordam ilmiy-tekshirish Markazi ortida 100-150 yillik, baland-baland chinor monand oʻris daraxtlar bor. Gubernatorga maxsus bogʻ qurilgach, amaldor rus zobitlariga Chilonzordan katta, bahavo, Boʻrijar “nafasi urib” turgan bogʻ-hovlilar ajratilgan. XIX asrning 90-yillarida boshlangan bu tartibot Shoʻro zamonida, 70-yillargacha davom ettirildi. Chor Rossiyasi ham, Shoʻro hukumati ham rus zobit-amaldorlarini hamma yerda asrab-avaylardi…
Men oʻqigan 90-maktabning III-IV qavatlaridan Muqimiy teatri hovlisi, grim qilib olgan artistlar, rolini takrorlayotgan aktyorlar koʻrinib turardi. Sinfdoshlarim piyoda yursa, Yoshlar koʻliga kirsa, Tohir, Alpomish qoʻshigʻini aytardi. 1952 yilda boʻlsa kerak, butun sinf “Otello”ni koʻrish uchun Hamza (hozirgi Milliy) teatrining yozgi binosiga borganmiz. Spektakl tungi ikkilarda tugagan. Hammamiz uyimizga poyu piyoda joʻnaganmiz.
Maktabimiz futbol maydoni bilan Gʻafur Gʻulomning Arpapoyadagi hovlisini bitta devor ajratib turardi. Negadir koʻpchiligimiz Gʻafur Gʻulomni “oʻzimizniki” deb bilardik. Aksariyat oʻquvchilar Gʻafur Gʻulom bilan qoʻl berib koʻrishgan, ozroqqina suhbatlashishgan ham. Dongdor shoir maktabimizga bot-bot tashrif buyurardi. Oʻqituvchilarimiz orasida shoirning qadrdonlari anchagina edi. Qolaversa, Gʻafur Gʻulomning oʻgʻli Mirzoulugʻ maktabimizda oʻqirdi. Uning sinfdoshlaridan aksariyati, Ulugʻ aka singari mashhur olimlar boʻlib yetishgan. Gʻafur Gʻulomning “Oltin medal” sheʼrini oʻqisam, “u bizning maktab oʻquvchilariga bagʻishlangan”, – degan fikr keladi.
Men tramvay yoʻl oʻtadigan Beshogʻoch koʻcha, 164-uyda yashaganman. Koʻchamizning oʻziga xos tarixi bor. XX asr boshlarida Beshogʻochdan koʻnka (ot qoʻshilgan uzun vagon), 1913 yildan tramvay qatnay boshlagan. Har yili bahorda tosh teruvchilar (koʻpincha armanilar) oʻz mahoratlarini koʻrsatar, goʻzal, pishiq qilib tosh yotqizardilar. Bu koʻchadan tramvay ham, mashina ham, brichka, qoʻqon arava ham yuraverardi. Goho ustiga saksovul, somon ortgan kichik-kichik tuya karvonlari oʻtardi. Chorsu bozoriga yoʻl olganlar shu koʻchadan borib qaytardilar. Beshogʻoch koʻchasida tarix oʻqituvchimiz, 30-yillarda adabiy-tanqidiy maqolalar yozgan, Hamid Olimjonning doʻsti Abdusalom Niyoziy, rus tili oʻqituvchimiz Qalandarov, Gʻafur Gʻulomning singlisi Bahri Gʻulomova, jarroh Darvin Gʻulomov, Hamid Olimjonning singlisi Muhabbat Olimjonova singari taniqli kishilar yashardi.
Oʻsmirligimda Guliston bekatining Guliston koʻchasida yashaydigan Musharrafxon ayanikiga koʻp borardim. Oltmishlarni qoralab qolgan, baland boʻyli, adl qomatli, oq yuz, oq sochli aya nihoyatda fayzli edilar. Sanʼat, adabiyotni sevardilar.
– Mana bu, yonimdagi hovlida doʻstim Oybek yashagan. Ana u hovlida bir necha yil Fitrat domla istiqomat qilganlar – deya hikoya qilib qolardilar aya. Oʻtkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasini oʻqigach, Amma – men tanigan, suhbatlashgan Musharraf aya ekanligini bilib oldim. Aya Abulqosimxon toʻraning nabirasi, Hoshimxon toʻraning qizlari ekan. Ayaning hovlilari Abulqosimxon Eshon avlodlari uy-joylari qatorida edi. Oʻ. Hoshimovning otasi Ataulloxon – Musharraf ayaning bir ota-onadan tugʻilgan inilari edi.
Maktabimiz joylashgan Olmazor koʻchasi, Forobiy maktabi yonverida Olim Sharafiddinov, Vohid Zohidov, Hamid Gʻulom, Aziz Abdurazzoq yashardi. Ular qaysidir tomondan maktabimiz bilan aloqada boʻlganlar. Masalan, Olim Sharafiddinovning jiyani Poʻlat bizdan bir sinf quyida oʻqirdi. Uni hamma “Tom” deb atardi. “Tom togʻaning kulbasi” qissasi tarjima qilingan yili tugʻilgan jiyanini Olim Sharafiddinov domla “Tom” deb atay boshlagan ekan. Keyinchalik Tom – Poʻlat yetuk olim boʻldi, Texnika universitetida kafedrani boshqardi. (Uni Alloh rahmatiga olgan boʻlsin).
Xullas, kamina SAGU (hozirgi OʻzMU)ning filologiya fakultetiga bir-ikki asarni oʻqibginamas, adabiy muhit ruhini anglab kirib borganman.
Universitetga kelgunimcha Gʻafur Gʻulom, Oybek, Hamid Olimjon singari oʻzbek yozuvchilari asarlarini, L. Tolstoyning “Kavkaz asiri”, M. Sholoxovning “Don hikoyalari”ni, S. Ayniy, M. Avezov, Mehdi Husayn, A. Fadeev, K. Simonov asarlarini yaxshi bilardim. “Tinch Don”ni maktabdaligimda oʻqiganman.
Universitetga kirishim bilan Hozirgi oʻzbek adabiyoti yoʻnalishini tanladim. 1955 yilda Oybekni 50 yillik yubileyida universitetda koʻrdim. Odil Yoqubov, Oʻlmas Umarbekov, Aleksey Pyanov singarilar oʻsha paytda talaba boʻlsalar-da, adib sifatida tanilib qolgandilar. Tursun Sobirov, Laziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov singari yoshlar zamonaviy adabiyotdan dars berganlar. Oʻqishga kirganimizda, dars berganlardan Ozod Sharafiddinov 26, Laziz Qayumov 24, Natan Mallayev 32, Shavkat Rahmatullayev 30, Muzaffar Xayrullayev 25, Siddiq Fuzailov 29, Yoqub Gʻulomov 30 yoshda boʻlgan ekan. Biz ularni ulugʻ, katta yoshli ustozlar deb bilardik.
Keyinchalik oʻzbek mumtoz adabiyoti yoʻnalishidan ketmaganimga afsuslandim. Lekin ichki bir sezgi Navoiy, Turdi, Gulxaniy, Nodira, Muqimiy, Furqat ijodi oʻta mafkuralashtirilgan holda oʻtilayotganini bildirib turardi. 70-yillargacha Navoiy devon, dostonlari “anʼanaviy kirish”siz, XII, XIII boblardan boshlab bosilardi. Navoiyning Alloh, paygʻambar, salaflar, soʻzining oʻrni haqidagi fikrlari tushirib qoldirib “boshsiz” Navoiy talabalar hukmiga havola qilinardi.
Biz universitetga kirganimizda, masalan, Furqat nafasi shundoqqina sezilib turardi. U bilan suhbatlashgan, ziyofatlashgan kishilar koʻp edi. Lekin shunga qaramay, Furqatning “Tuf” radifli sheʼri tilga tushgan, hatto darsliklarga kiritilgandi.
Furqatiy, boylarni hajvin qancha yozsang shuncha oz,
Rost erur bu soʻzlarim, billohki, yolgʻonlarga tuf!.
“Jonim mening” ham Furqat tomonidan aytiladi. Aslida “Tuf!” ham, “Oh kim, rahm aylamas…” ham Abduvahob Sayfiy qalamiga taalluqli boʻlib, Furqatni sotsiallashtirish, xalqchillashtirish maqsadida uning tilidan ayttirilgan edi. Bu jiddiy xatolikni bartaraf qilishda matnshunos Vahob Rahmonning hissasi katta boʻldi.
Yana bir narsaga afsuslanaman. Matyoqub Qoʻshjonov, Laziz Qayumov, Ozod Sharafiddinov, Salohiddin Mamajonov, Naim Karimov, Sobir Mirvaliyev, Baxtiyor Nazarov, Umarali Normatov, tabiiyki, oʻzim ham Navoiy ijodi haqida yolchitibroq maqola yozmaganmiz. Erkin Vohidov, Ibrohim Gʻafurov, Ibrohim Haqqulov, Sultonmurod Olimov singarilar mustaqil intilib, berilib Navoiy dunyosiga shoʻngʻib ketdilar. Aslida, adabiyotshunosni uzil-kesil sohalarga ajratib tashlash notoʻgʻridir. Hozir aruzni, turkiy folklorni, jahon adabiyotini bilmaydigan chin talaba qolmayapti, hisobi.
Universitetda domlalar, ustozu shogirdlar aro aloqalar oʻziga xos edi. Fakultetimiz oʻqituvchilari yozgi dam olishni ham birgalikda oʻtkazardilar. Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimov, Umarali Normatov va kamina “osmondagi shahar” – Xorogda, Vladivostokda, Kishinyovda, Gʻilon qishlogʻida, Hazrati Bashirda, Xonjizzada, Shalqonda birga boʻlganmiz. Ustozlarim O. Sharafiddinov, Gʻ. Karimov, S. Dolimov, L. Qayumov singarilarning koʻp insoniy fazilatlari haqida gapirib berishim mumkin.
Hozirgacha oʻn uchta kitobim chop etildi. Men filolog va jurnalist talaba – bakalavr, magistrlarga dars beruvchi oʻqituvchi, adabiy-tanqidiy maqolalar yozadigan odamman. Qisqasi, badiiy adabiyotni ham yozma, ham ogʻzaki targʻib qilaman. Qancha koʻp zurafo-adabiyotni his qiladigan, maʼnaviyati yuqori shogird yetishtirgan boʻlsam, shuncha maqsadga erishgan boʻlaman. “Ilmi gʻaribani qoʻmsab…”, “Tanqid, talqin, baholash”, “Isteʼdod va eʼtiqod”, “Betakror oʻzlik” kitoblarim oʻqilyapti. Muhim haqiqatni aytaymi? Biz, mutaxassislar mashhur asarlarni bir martagina oʻqigan ekanmiz! Har bir zamon – mashhur asar uchun yangi rakurs, kuzatuv nuqtasi ekan. Qaysi asar haqida yozsam, uni qaytadan oʻqiyapman, zamon bilan bogʻliqligini koʻryapman. “Oʻtgan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, “Qutlugʻ qon”, “Yulduzli tunlar”, “Diyonat” oʻsha oʻzim bilgan asar-da”, – deydiganlar xato qiladi. Istiqlol koʻzimizga yangi oynak taqdi. Shuurimiz, dunyoqarashimiz oʻzgardi. Avval yozilgan asarlarni yangicha nigoh bilan oʻqish, hozirgi ilmiy-nazariy qarashlar asosida tahlil qilish zarur.
“Yoshlar adabiyotni oʻqimay qoʻydi”, “Ular yengil-yelpi yoʻllardan ketib qolmoqdalar” deyaverishdan koʻra oʻquvchilarni kitob oʻqishga oʻrgatish kerak. Menga qolsa, “filologiya, sanʼat, jurnalistika sohasini tanlaganlar kamida 3-4 ming satr sheʼr, nasriy parchalarni, monologu dialoglarni qiroat bilan oʻqib bersinlar”, – degan shartni qoʻygan boʻlardim. Rahmatli Vohid Abdullayev tirikliklarida, Samarqand Davlat universitetini boshqarganlarida deyarli barcha ustozlar, talabalar minglab misralarni yoddan oʻqirdilar. Badiiy asar qancha berilib, qunt bilan oʻqilsa, uning oʻziga xos jozibasi, mazasi chiqa boshlaydi. Men universitetda I kurs talabalariga “Hozirgi adabiy jarayon” kursidan dars beraman. Tilga tushgan barcha asarlarni oʻqib chiqishlarini talab qilaman. Talabalar oʻqigan asarlarini gapirib (ogʻzaki talqin qilib) beradilar.
Talabalar jahon adabiyotining mashhur asarlarini oʻzbek yozuvchilarining yangi yaratmalari bilan qiyosan oʻrganishlarini orzu qilaman. Yozuvchi dunyo adabiyoti miqyosida fikrlasa, ijod qilsa, yoshlar – talabalar unga intiladilar, oʻzlarining orzu-mayoqiga aylantiradilar. Istiqbolda oʻzbek adabiyoti oʻzligini saqlagan, jahon adabiyotida muqim oʻringa ega boʻlgan beqiyos adabiyotga aylanadi.
Oʻtgan asrning 80-yillarida professor Gʻulom Karimov ilmiy loyihasiga koʻra OʻzMU filologiya fakultetida XIX asr oxiri, XX asrning birinchi choragidagi oʻzbek jadid adabiyotini oʻrganish keng yoʻlga qoʻyildi. Professor Begali Qosimov rahbarligida Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti kafedrasi ish boshladi. Respublika Oliy oʻquv yurtlari orasidagi bu ilk kafedra keng miqyosda ilmiy, tashkiliy ishlarni yoʻlga qoʻydi. Turkiy adabiyotlar bilan aloqa kengaytirildi. Toshkent, Qozon, Anqara, Simferopol, Istambul, Boku, Olma-Ota, Samarqandda ilmiy konferensiyalar oʻtkazildi. Turkiy adabiyot namoyandalari ensiklopediyasi, mashhur asarlar chop etildi. Talabalar M. Behbudiy, M. Abdurashidxonov, Choʻlpon, A. Qodiriy, M. Jumaboy, Fitrat, A. Avloniy, Elbek, Sidqiy Xondayliqiy, Yusuf Saryomiy, Karimbek Kamiy, Xislat, Tavallo, Shermuhammedovlar ijodini mukammal oʻrgandilar. Ismoil Gaspirali ijodi keng oʻrganila boshlandi.
Hozirgi paytda XX asrning 30-yillaridan to hozirgi kungacha boʻlgan oʻzbek adabiyotini qunt bilan oʻrganish fursati yetdi. Menimcha Oliy oʻquv yurtlarida “Oʻzbek istiqlol adabiyoti”ni oʻqita boshlash lozim.
Besh farzandim, toʻrt nabiram oliy maʼlumotli. Kelinim – filolog, fan nomzodi. Bir nabiram til va adabiyot oʻqituvchisi. Xudoga shukur, bolalarim, nabiralarim adabiyotga qiziqadi, koʻp kitob oʻqiydi.
Ellik uch yil muqaddam auditoriyaga ilk bor oʻqituvchi sifatida qadam qoʻyganman. Hanuz auditoriyadan qadamimni, talabalardan koʻnglimni uzganim yoʻq. Taxminan, yarim asrdan beri qoʻlimdan qalam tushgani yoʻq. Tarki odat – amri mahol, degan gap bor. Bundan keyin ham Xudo umr bersa, dars beraman, maqolalar yozaman, degan niyatdaman.
Abdugʻafur RASULOV,
filologiya fanlari doktori, professor
“Yoshlik”, 2012 yil, 5-son
https://saviya.uz/hayot/suhbat/yangi-davr-masuliyati/