Shaddod edim men polapon kezimda…

MEN YOʻLOVCHI

 

Men yoʻlovchi, tugʻilgandan oʻlguncha,

Yayov yurib zerikmagan, erinmas.

Olis ekan chiqqan yoʻlim qarasam,

Yurgan bilan yoʻl adogʻi  koʻrinmas.

 

Men yoʻlovchi, ulov nasib etmagan,

Zahmat bilan ketmoqdaman piyoda.

Hali-beri qarimaydi safarim,

Oldimda yoʻl  hali bisyor, ziyoda.

 

Qirdan turib koʻz yugurtsang ortimdan,

Otgan oʻqdek shiddatim zoʻr begumon.

Namoyondur gar qarshimdan kuzatsang,

Yelkasida togʻ koʻtargan pahlavon.

 

 

ARMON

 

Bilmam, qanday oʻyda ekan doʻstlarim,

Qismatimdan ranjib, gʻamga boturman.

Zamonamning bir koriga yaramay,

Erta soʻlib, muzlab borayotirman.

 

Bilmam, qanday oʻyda ekan doʻstlarim?

Taqdir meni yaratmabdi bus-butun.

Nahot qurib, erta singan niholday,

Imoratga boʻlolmasam bir ustun?

 

 

TENGDOSHLARIMGA

 

Yarashmas feʼli torlik mard yigitga,

Saxiy boʻl, esh boʻlib saxovatga.

Razilu qitmir, xudbin boʻlsang agar,

To abad erishmaysan kamolotga.

 

Yaxshiga yoʻliqsang gar, qadrin bilgin,

Yomondan ham topish mumkin yaxshi xislat.

Er yigit zakiy boʻlar, ham vallomat,

Bandasidan qidirmaydi faqat illat.

 

Marrani koʻzlab chopar har bir bedov,

Sohibchangal qush umidi doim shikor.

Birodar, oʻz qadringni unutma, lek,

Oʻzganing qadriga ham yetmoq darkor.

 

Qozoningda doim boʻlmas qazi-qarta,

Oshigʻing gohi olchi, gohi chikka.

Odam borki, bir-biriga yoʻlak-tirgak,

Yiqilganga koʻmak xosdir yigitlikka.

 

Gohi loyqa, gohi zilol bu umrda,

Oʻlguningcha esdan chiqmas shirinsuxan.

Yigit misli oʻsayotgan chinor boʻlsa,

Duo, olqish hayotbaxsh unga oʻzan.

 

Bizga yor shunday ulugʻ tinchlik zamon,

Onaday, barchamizga teng, mehribon.

Lek, afsus, birdek emas besh panjamiz,

Yaxshilarning qatorida bordir yomon.

 

 

NASIBA

 

Kim sevmaydi navqiron yosh faslida?

Sevgi shirin bir neʼmatdur chindanam.

Yosh tanlamas ishq, muhabbat or emas,

Biz sevamiz, sochga qirov insa ham.

Bu borada menda qiziq sarguzasht –

Sevganim bor ikki qizni ayni dam.

Qanday kechdi bu qissaning adogʻi,

Qulogʻing tut, soʻylab beray senga ham

 

“A” si doim meni koʻrib qizarsa,

“Z” sida-chi, boʻzaradi rangi-roʻy.

Bu qizarish, bu boʻzarish – bir belgi,

Ikkovi ham men haqimda surar uy.

Qoʻsh sohilga bitta xavfli yakka choʻp,

Koʻp qiynadi meni ikki zormanda.

Men yanglishib, boʻz sohilga oʻtvolib,

Bir umrga qolib ketdim armonda.

 

 

OʻTTIZ YOSH

 

Umr nega neʼmatlarning eng ozi?

Unga hokim taqdir degan tarozi.

Biroq savil, ozligi ham mayli-yu,

Uning oʻqdek shiddatidan qotar bosh.

Kechagina anov qirda yoʻq edi,

Qaydan chiqdi bu suvoriy oʻttiz yosh?

 

Tulporiga qamchi bosar damba-dam,

Manzil sari yeldek uchar bedov ham.

Ajab, shuncha olismi yo bekati?

Oʻzandagi suvday bedor odamzod.

Shuning-chunmi tinim bilmas umrda,

Meni doim shoshiltirar bu hayot.

 

Bugun shodman, oʻtgan kunni unutdim,

Shunday ketsam, indinim ham gʻaflatda.

Yoshlik – shabkoʻr, ajal kelsa bir kuni,

Manglayimni silab qoʻymas, albatta.

Oʻttiz yillik umr mendan yuz burib,

Oʻtdi-ketdi, bir lahzalik fursatda.

 

Shayton koʻrdim – buncha qaysar, buncha koj,

Qarshisida inson ojiz, beiloj.

Hayot-mamot chegarasi – oʻrtasi

Moʻjizakor yashil yaylov-oʻtloqday.

Topilmaydi biron boʻsh joy, puchmogʻi,

Rizq-roʻzga kon, qaynab turgan buloqday.

 

Umrimizning gultojidir yoshlik dam,

Bahosiga ojiz oltin, yoqut ham.

Peshin oʻpib, bir bor tavof qilish-chun,

Bir lahzaga toʻxtatolmay men halak.

Oʻttizimdan tonib ortga qaytishga,

Izn bermas, vaqt  – qaysar charxpalak.

Tonar edim, tonganimdan ne foyda?

 

Gijinglagan oʻn sakkiz yosh sen qayda?

Uzoq umr tilab qilgin ibodat,

Oʻttizdan ham koʻprogʻi-ku yaxshidir.

Ajal bilan bas boylashib, el uchun

Xizmat qilsang, oʻtgan umring naqshdur.

 

Oʻttiz yoshli bu suvoriy betinim,

Faqat olgʻa yelayotir intilib.

Oti chopar, qismat uni beayov

Taʼqib etib, qamchi bosayotganday,

Olisdagi sirli ufq qaʼriga

Sarob kabi singib borayotganday.

 

Toʻxta umr, bir lahzaga toʻxtab tur!

Koʻzing vahshiy, ranging zahil, buncha sur.

Sen oʻjarga iltijolar ikki pul,

Toshbagʻirsan, senga xosdir bu qusur.

Sen qaysarni dogʻda qoʻyib, ming oʻlib,

Ming tirilib, yosharmasam qarab tur!

 

Umr nega neʼmatlarning eng ozi?

Unga hokim fursat degan tarozi.

Biroq savil, ozligi ham mayli-yu,

Uning oʻqdek shiddatidan qotar bosh.

Kechagina anov qirda yoʻq edi,

Qaydan chiqdi, bu suvoriy oʻttiz yosh?

 

 

YANGAMGA

 

Yoʻl boʻyida bizning ovul Qayinli,

Namozgarda, har kun poda qaytgan dam,

Tanlaganim yilqilarning ichidan

Menga ulov yetim toʻriq toy ildam…

 

U damlarda oʻpkam ekan qoʻltiqda,

Shaddod edim men polapon kezimda.

Toy yeldirib, poyezd bilan yonma-yon,

Kim oʻzarga baslashganim esimda.

 

Uchqur yoshlik u paytlarda manziling,

Gulzor edi, kakkuga ham oshiyon.

Oʻsmirlikning toleidan sarxush, mast,

Men ham asov toychoq edim begumon.

 

Hash-pash demay, oʻn besh yillar oradan,

Oʻtib ketib, uyga kelsam taʼtilga.

Yangam mendan “Amaling ne” deb soʻrab,

Taklif etdi boʻza toʻla satilga.

 

Yuragimga tigʻday botdi bu soʻzi,

Arosatda yigʻlaymi, yo kulaymi?

Havolarda “Akang shoir” deb yursam,

Bu savoldan mulzamlikda oʻlaymi?

 

Til aylanmay, chapni burib joʻrtaga,

Holin soʻrab, “Yurt omonmi” deb qoʻydim.

Shoir boʻlib yolchitmabman chamasi,

Ne-chun yana oʻzga bino, zeb qoʻydim?

 

Balandroq ol parvozingni ilhomim,

Durlar teray sheʼr ummonim qaʼridan.

Qancha sohir goʻshalar bop koʻrmagan,

Oʻttiz yoshning dovonidan narida.

 

 

SAXOVAT

 

Obi hayot oddiygina suvlarday

Oqib yotsa qadam yetmas xilvatda.

Oʻzim ichmay, umri boqiy boʻlsin deb,

Ulashardim odamzodga, albatta.

 

Chunki, bu suv bir oʻzimga nojoyiz,

Inson zoti tez qarigan bir ojiz.

 

Obizamzam mangu qaynar buloqday,

Toʻxtamasa, to qiyomat qaynovin.

Tani sogʻlom, filday kuchli boʻlsin deb,

Odamzodga burar edim paynovin.

 

Bu qarorga kelganimga bir isbot —

Odamiyzod koʻp horigan maxluqot.

 

Luqmon Hakim meros qilgan giyohlar,

Serob boʻlsa har qadamda,  hamisha.

Ulashmoq-chun ming bir dardga davo deb,

Undar meni savob degan andisha.

 

Ne-chun yurgum bu xayol-la men bedor?

Odam borki, bir kasalga giriftor.

 

Inson joni topilsa gar attordan,

Ikkilanmay, koʻplab xarid qilardim.

Uzoq umr, ham farovon hayotni

Oʻzimgamas, oʻzgalarga tilardim.

 

Oʻzgartirib picha taqdir azalni –

Qoldirardim dorda savil ajalni.

Angishvona, saqich, xushtak qatori,

Goʻdak umri sotilsa-chi, rastada.

Oʻzim olmay, ulashardim odamga,

Farzand dogʻi ezgan, dili xastaga.

 

Bola umri boʻldi nechun xaridim?

Bashar nasli bola munis, gʻaribim.

 

Hatto meni yomon koʻrgan kimsaning,

Joni uchun kelgan boʻlsa Azozil,

Agar jonim juft boʻlsaydi, uning-chun

Berar edim bittasini behazil.

 

El dardin chek, yakka darding dard emas,

El gʻamidan yiroq kimsa mard emas.

 

 

QALAMGA

 

Sen hamrohim, sen quvvatim, sen baxtim,

Mangulikka hamkorlikka unatdim.

Seni sevib qalligʻimdan ham burun,

Yuragimning yarmisidan yaratdim.

 

Egizakmiz, tobutgacha totuvmiz,

Mashʼalimsan, zulmatda ham rahnamo.

Vashingtonning dollariga alishmam,

Xazinamsan, qaynarbuloq,  bebaho.

 

Zimmangdadir el nomusi, ishonchi,

Yoʻldan toymay, odimlagin haq sari.

Oʻrt oralab borayotgan, zuvillab,

Sen davrimning tanka mingan askari.

 

Zamon devkor, bellasholmas barcha ham,

Zamon daryo, qiyosi yoʻq, seli bor.

Qancha qiyin yoʻllar bosdik, baqamti,

Yana mushkul dovon serob, beli bor.

 

Agar vatan kerak desa, biz shaymiz,

Er erki-chun jon berishga ham tayyor.

Qalbi daryo botirlarmiz, toleli,

Yer sharining ozod kunji bizga yor.

 

Shunday shonli yoʻlda tugab safarim,

Tun yamlasa, kunduzni oʻz komida.

Kunim bitib, mangulikka bosh qoʻyib,

Qazo yetib, qolsam ajal domida.

 

Shu zahoti hayallamay qalamim,

Ortmoqla-yu, keng vodiyga darhol yet.

Koʻp yigʻlamay, toʻlqinlarga yaqinroq,

Issiqkoʻlning sohiliga dafn et.

 

Koʻl mavjlari qilib tursin ziyorat,

Soʻnggi yotgan manzilimga berib zeb.

Toʻlqinlari shivirlashsin: “Shoirning

Yur, koʻraylik, uxlab yotgan yerin deb”…

 

Bizning turmush, bizning davr gʻaroyib,

Manglaylarga ajin solgan oʻq-chiziq.

Qonlar toʻkib erishilgan bu hayot,

Haqqi rosti, gʻoyat shirin, eng qiziq..

 

Sen hamrohim, sen quvvatim, sen baxtim,

Mangulikka hamkorlikka unatdim.

Seni sevib qalligʻimdan ham burun,

Yuragimning yarimidan yaratdim.

 

 

UMRINGDA DARZ BOʻLSA,

SHEʼRDIR CHEGACHI

 

Kashshof edik, yangi zamon farzandi,

Buynimizda alvon boʻyinbogʻ edi.

Davrimizning soniyasi – moʻjiza,

Erkalatib, dimogʻimiz chogʻ edi.

 

Bir bor kelgan bu besh kunli dunyoga,

Bir kun bersak oʻzimizga hisobot,

Esiz, umr yelga ketgan ekan deb,

Armon bilan chekmasak bas, xijolat…

 

Umringda darz boʻlsa sheʼrdir chegachi,

Shunday boʻlgach, qista ilhom tulporin.

Yaraylik biz zamonning bir koriga,

Hech kim bilmas umr chekin, miqdorin.

 

Aliqul OʻSMONOV

 

Qirgʻiz tilidan
Tursunboy Adashboyev,
Qurbon Sattor
tarjimalari

 

“Jahon adabiyoti”, 2018/1

https://saviya.uz/ijod/nazm/shaddod-edim-men-polapon-kezimda/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x