SEYSMIK XARITALAR

SEYSMIK XARITALAR — zilzilalarni oʻrganishdan olingan maʼlumotlarning maʼlum masshtabli topografik xaritalarda shartli belgilar b-n koʻrsatilgan tasviri. Ular, asosan, muayyan maqsadlarni nazarda tutib tuziladi. Hududlarning seysmik faollik darajasi zilzila epitsentrlari xaritasida koʻrsatiladi. Unda epitsentrlardan tashqari zilzila oʻchoklarining chuqurligi, magnitudasi, kuchi va seysmostansiyalarning joyi ham tasvirlanadi. Shuningdek, yer ustida kuchli seysmik toʻlqinlarning tarqalishini belgilovchi izoseyst, seysmik tebranishlar, zilzila, oʻchogʻidagi jarayonni koʻrsatuvchi manba mexanizmi, seysmotektonika, seysmogen zonalar va umumiy seysmik hududlashtirish va b. xaritalar mavjud. Umumiy Seysmik xaritalar zilzilalar ehtimoli bor boʻlgan mamlakatlar miqyosida kuchli seysmik tebranish xavfini ballarda baholab, kurilishlar uchun meʼyoriy qoidalarini ishlab chiqishda keng foydalaniladi. Xaritalarning masshtabi 1:2 500 000 boʻlib, taxm. har 10 y. da 1-marta tuziladi. 1978-y. da Oʻzbekiston FA Seysmologiya in-ti tomonidan, Geologiya va geofizika in-ti va Oʻzbekiston Milliy un-ti bilan hamkorlikda Oʻzbekistonni seysmik hududlashtirish xaritasi nashr etildi. Maxsus inshootlarni qurish uchun yirik masshtabli (1 000 000 — 200 000 gacha) xaritalar tuziladi. Batafsil seysmik hududlashtirish xaritalaridan murakkab va ekologik jihatdan xavfli boʻlgan texnologik obyektlarni (AES, issiklik elektr st-yasi, suv omborlari, kimyo, neftni qayta ishlash korxonalari va b.) loyihalashda foydalaniladi. Bu xaritalarda boʻladigan kuchli zilzilalarning joyi, magnitudasi va yer ustida toʻlqin tarqalishining soʻnib borishi ballarda koʻrsatiladi (561 betdagi sxematik xaritaga q.). Seymik mikrorayonlashtirish (SMR) xaritalarda zilzila oʻchogʻidan tarqalgan seysmik toʻlqinlarga relyef, geologik muxit, grunt suvlari va b. omillarning taʼsiri ballarda belgilanadi. SMR xaritalari 5 000 — 100 000 li masshtablarda boʻlib, asosan, shahar, qishloq, shuningdek, baʼzi bir konkret obyektlarni loyihalashda ishlatiladi.

Rashod Ibrohimov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x