Zomindan yozuvchilikkacha…

Zomin. Oʻriklisoy. Yozning ayni chillasi. Lekin bu soydagi oʻriklar hali gʻoʻra. Sharqiragan muzday soy. Suv boʻyida, sal naridagi aylana oʻrindiqlarda toʻrt-besh qiz-oʻgʻil qaldirgʻoch valfajrini qilib oʻtiradi. Kimgadir Muhammad Yusuf iliq gapirgan, Yoʻldosh Sulaymon bir nosir qizning asariga yuqori baho bergan, kechqurungi mashvaratda Abdulla Oripov ushbu seminar-mashgʻulotlar Jizzax yosh ijodkorlari, umuman, Jizzax adabiy muhitiga ijobiy taʼsir koʻrsatayotgani, bu ular ijodida yaqqol aks etayotganini soʻzlagan. Kimdir Iqbol Mirzoning, biri Halima Xudoyberdiyevaning nazariga tushgan. Bir hajvchi yigit Ahmadjon Meliboyevning etagidan mahkam tutgan, Surxon togʻlaridan kelgan shoira qiz shaxsan Sirojiddin Sayyidga sheʼr daftarini tutib eʼtiroflar eshitmoqchi.

Oʻtgan vaqt mobaynida Ona yer necha marta emrandi, sogʻingan doʻstlarini bagʻriga oldi. Iliqnafas, mehribon ustozlar…

Zomin togʻlarida bulbullar koʻpaygan.

Bulbullar, qumrilar, kabutarlar, zargʻaldoq, qarqunoq, qulquntoy, koʻkkaptar…

Azim Suyun, Omon Matjon, Zebo Mirzo, Baxtiyor Genjamurod, Qoʻchqor Norqobil, Salim Ashur, Rustam Musurmon, Umida Abduazimova, Sharifa Salimova, Mahmud Toir, viloyat yozuvchilar uyushmalari rahbarlari, ular oʻzlari bilan olib kelgan yosh ijodkorlar.

Albatta, bu bor-yoʻgʻi seminar, yaʼnikim ijodiy anjuman, demak, ustozlar ot toʻdasiga, poygasiga oʻz toychogʻini solish kayfiyatida emas, ring yoki gilam ustiga oʻz shogirdini chiqarishdek yakkama-yakka bellashuv tarafdorlari ham emas. Chunki shogird – koʻngil rozini kuylovchi bir ijodkor, xolos. Demak, undan Oʻzbekiston bayrogʻini baland koʻtarish talab qilinmaydi, koʻkrakka shoda-shoda medal ham taqilmaydi.

U avaylab, soʻz saralab, ne bir xavotir, ne bir hayajonda sardaftar toʻldirgan – ustozlarga maʼqul kelib, bir iliq soʻz eshitarmikan…

Matbuot, televideniye, ayniqsa, adabiy nashrlar mazkur adabiy muloqotlarni anchaga dovur yoritishadi, qatnashchilar suhbatga tortiladi, jurnal muqovalari seminar ishtirokchisining xushvaqt fotosuratlari bilan bezanadi.

Seminarda yillar davomida yuzlab yoshlar qatnashgan. Ular orasida adabiyotning chinakam fidoyilari ham yetishib chiqqanini qayd etish zarur.

Bir muddat chegara hududlar osoyishtaligini saqlash maqsadida tadbir Baxmal tumaniga koʻchirilganidan ham xabaringiz bor.

Ammo gʻalvir suvdan koʻtarilganda nima qoladi?

Boʻladigan gap ham shu, aslida.

Nazarimda, oʻnlab yigit-qizlar Zomin seminari kashfiyoti sifatida oʻsha kunlarni eslaydilar. Kimdir shogird, kim – ustoz, u kunlarni shirin xayollar bilan xotirlaydi.

Shularning ichida Bahodir Abdurazzoq iliq taassurot uygʻotgan. U qatnashchilarning nisbatan yoshi kattarogʻi, shu boisdandir, haydovchi yonidagi oʻrindiqda ketmoqda, ora-sira tuyqus hayqirib sheʼr oʻqib qolishga ham oʻzini haqli sanar edi.

U menga oqsoqolmi, ustozmi deya yukingan boʻlsa, bor-yoʻgʻi birgina pandu nasihatni qulogʻiga quyib oldi: “Madomiki nasr bilan shugʻullanar ekansiz, sheʼrni yigʻishtirib, kuchni qora mehnatga bering. Siz bilan oʻshanda gaplashsa boʻladi!”

Bu fikr Bahodirga qay tariqa taʼsir qilgani menga nomaʼlum, ammo shundan keyin jiddiy yozuvchiga aylanib qolganiga oʻzim guvohman.

Bahodir Abdurazzoq 1974 yili Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida tugʻilgan. Hozirgi Oʻzbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetida oʻqigan. Qator nasriy va nazmiy asarlari chop etilgan. U oʻzini koʻproq yozuvchi sifatida tanitdi. Adashmasam, “Yoshlik” jurnalining 2010 yilgi 6-sonida Bahodirning “U” deb nomlangan qissasi eʼlon qilingandi. Zomin seminaridan soʻng u bilan tez-tez muloqot qiladigan boʻldik. Bahodir orqali qashqadaryolik yana yaxshi bir yozuvchi Jumaqul Qurbonov bilan tanishdik. Har ikkisi ham adabiyotning buguni va ertasi bilan yashaydigan ijodkorlar. Kunlarning birida Bahodir bir qissa yozdim, dahshat, uncha-muncha geniyman deganlari ham ip esholmaydi, deb kimlargadir ishora qildi. Koʻraylik, opkeling, dedim. Opkelgani “U” degan qissa edi. Chindan ham, baquvvat, voqea boʻlgulik asar edi. Taqqoslash uchun bir gap aytay: agar shu qissadagi joy va kishi nomlari, mentaliteti picha oʻzgartirilib, buyuk Amerika adibi Jek Londonning yangi tarjima asari deb oʻquvchilar hukmiga havola etilsa edi, qoyil, bexabar ekanmiz, Jek Londonning biz bilmagan bunday ulugʻ asari bor ekan, deya albatta eʼtirof etgan boʻlardik. Ammo uni muboraklik allaqanday Bahodir degan tanilmagan yigitcha yozgani, boz ustiga, adabiyotda tez tanilish, tez obroʻ orttirish daʼvosini qilmayotgani uchun serviqor olimlarimiz jim turishdi. “Yoshlik” jurnalining oʻsha soni 6162 dona chop etilgan ekan. Muhtaram ustozlarning koʻzlari tushmagan boʻlishi mumkin emas. Baʼzan ijodkor tez tanilishi uchun kimningdir qoʻlidan tutgan boʻlishi yoxud baʼzi adabiyot “keskirlari”ning did-farosatiga maʼqul kelishi shart boʻlar edi.

Bahodir oʻzi shaxs sifatida qolipga tushmaydi. Buning ustiga, yozgani ham adibning “nostandart” ekanini ifoda etib turardi.

Adabiy muhit oʻzi shunaqa: maqtalishi mumkin boʻlgan, u maqtalsa, birovga malol kelmaydigan shaxslar bor. Bahodir Abdurazzoq 2011 yili juda zoʻr ikki hikoya, 2014 yili “Toʻzon” degan oʻta gʻaroyib qissa eʼlon qilsa ham, Adabiyot pinagini buzmadi… Bu qadar sovuqqon boʻlmasa hazrati Adabiyot…

“U” ham, “Toʻzon” ham juda katta shiddat bilan yozilgan asarlar. “U” – qullik, sadoqat, halollik, joʻmardlik, qon suruvchi betizgin axloq, mahkumlik haqidagi goʻzal hamda yorqin asar. Qorongʻilik, zimiston, ilojsizliklar aro, vaqtlar, chigalliklar aro yorugʻlik olamiga chiqmoq, yorugʻlik esa aslida yigit-qizni taʼqib qilib kelgan ulkan tuzoq… ekan… Oʻqigach, juda gʻaroyib taassurotlarga berilib ketasiz.

“Toʻzon”ni oʻqiganda ham xuddi shunday toʻymay qolasiz…

Har ikkala asarda ulkan timsollar mavjud.

Ularni ilgʻay bilish, yozuvchi koʻzda tutgan nuqtai nazarga osongina yetib olish mushkul.

Bahodirday yozuvchilar har kuni tugʻilavermaydi, har qanday adabiyot peshonasiga shunday ijodkor bitgan boʻlsa, albatta, u adabiyot baxtlidir.

Esimda, oʻshanda Zomin seminari edi, Bahodir oq sport maykasida ertangi kun adabiyotini oʻylar edi, hayqirgisi kelar edi, prozani agʻdar-toʻntar qilaman, derdi, hali koʻrasiz, oʻn yil-yigirma yil oʻtsin… derdi… Va oʻsha vaqt ham oʻtdi…

Adabiyot esa… Yerning toʻlgʻogʻiday ogʻir bir jarayon… Shunchaki yaralmaydi. Ehtimol, u tugʻilar.

Yosh ijodkorlarning shu paytgacha boʻlib oʻtgan Zomin seminarlari hamda yana qutlugʻ qadamlar bilan yaqinlashayotgan navbatdagi anjuman haqida oʻylaganda, koʻngildan shu oʻylar kechdi. Va bu yilgi seminar ham Bahodirday isteʼdodli yosh yozuvchilarni kashf etishiga umid bogʻladim.

 

Sobir OʻNAR

 

Yoshlik”, 2017–6

https://saviya.uz/hayot/nigoh/zomindan-yozuvchilikkacha/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x