Ziyoli boʻlish osonmi?

Qanaqa odamni ziyoli deyish kerak? Ziyoli boʻlish uchun nima qilish lozim? Har kuni soqolini qirtishlab oladigan, chiroyli kiyinadigan, begona ayolning qoʻlidan oʻpib koʻrishadigan odam ziyoli boʻladimi? Yoki qaysi kiyimga qanday boʻyinbogʻ mos kelishini yoddan biladigan, kiborlar davrasidagi ziyofatga borganida oʻng tomondagi oltita pichoq bilan chap tomondagi oltita sanchqining qay birini qanday taomga ishlatishni bilmay esankirab qolmaydigan, bir emas, bir necha tilni biladigan kishi ziyolimi? Yoinki ziyoli boʻlish uchun, deylik, mingta kitob oʻqish, akademik unvoniga ega boʻlish shartmi?

 Albatta, ziyoli odam uchun bunday fazilatlar kerak. Biroq, nazarimda, bularning oʻzi kamlik qiladi. Avvalo, insonning qalbi va ruhini ich-ichidan yoritib, ilitib turadigan nur boʻlmogʻi lozim. Bu nur imon bilan imonsizlik, vijdon bilan vijdonsizlik, insof bilan insofsizlik, bir soʻz bilan aytganda, odamiylik bilan hayvoniylik chegarasini ajratib turmogʻi shart.

 Yaratganga shukronalar boʻlsinki, umrimda qalbi nurga toʻliq odamlarning anchasini koʻrdim. Men koʻrgan va bilgan ana shunday insonlardan biri – Ibrohim Gʻafurov. Ibrohim aka olim va munaqqid, shoir va adib, tarjimon va talay yoshlarning ustozi. “Hayo – xaloskor” degan iborani faqat ziyoli odamgina ayta oladi. Ibrohim Gʻafurovning keyingi kitobi shu nom bilan ataladi. Yaxshi ijodkorning oʻzi eʼtirof etishi yoki etmasligidan qatʼi nazar, asosiy kitobi boʻladi. Nazarimda, Ibrohim Gʻafurovning shu asarini uning asosiy kitobi yoki “umr daftari” deyish mumkin. Sababi, bu toʻplamda olim, munaqqid, tarjimon, adib va shoirning hayot haqida, makon va zamon haqidagi qariyb ellik yillik kuzatuvlari, xulosalari, oʻkinch va quvonchlari, oʻzining iborasi bilan aytganda, tavallosi aks etgan. Kitobda sinchkov, oʻychan, qalbida bir qadar maʼyuslik sezilib turgan inson kechinmalari, xotiralari jamlangan.

 Ona haqida yozmagan qalamkash yoʻq. Ibrohim Gʻafurovning “Ona rizosi – rohat” lavhasidagi jumlaga eʼtibor bering: “Onam allaqachon oʻtib ketdilar. Ruhlari bu orada necha bor oyga borib kelgandir. Menga negadir ruhlar oyga safar qiladilar, degan tasavvur oʻrnashib qolgan. Qayerdan? Bilmayman…” Bu satrlarni tushunish emas, his qilish kerak!

Ibrohim Gʻafurovning asosiy kasbi – olimlik, munaqqidlik. Biroq (bu gapni avval ham aytganman) Ibrohim Gʻafurov agar munaqqid boʻlmasa, shoir boʻlardi. Olim boʻlmasa, adib boʻlardi. Tarjimon boʻlmasa, rassom boʻlar edi. Sababi, uning asarlarida, tadqiqot va tarjimalarida sheʼriyat ohanglari bor. Yaxshi adibga xos aniq tasvir bor. Anvoyi ranglar bor.

 Kitobdagi “Mening romanlarim” ham, “Mansuralar” ham oʻziga xos ohang va boʻyoqda yozilgan. Ularning ayrimlaridagi jimjimador, “burama” jumlalar gʻalati tuyulishi mumkin. Ammo buning sababi muallif ataylab shunday yozganida emas. U qalbida, ongida joʻsh urgan fikr va tuygʻular oqimi qanday tugʻilgan, qanday shakllangan boʻlsa, shundayligicha qogʻozga tushirgan. Yoʻl xotiralarida ham shunchaki taʼkidlab oʻtilgan manzaralar borki, isteʼdodli qalamkashgina shunday yozishi mumkin. Vodilga borishni muallif bunday tasvirlaydi: “Ikki kishilik kupe tinch va saranjom edi. Tun boʻyi poyezd bizni allaladi”. Xoʻp, “bizni allaladi” degan oʻrinli iborani oʻrtacharoq adib ham yozishi mumkin. Keyingi jumlaga eʼtibor bering: “Perronda Yoʻldosh aka ChARAQLAB turibdi”. Bunisini endi oddiy qalamkash yozishi qiyin. Shu bir jumlaning oʻzida Fargʻonaning noyob shoiri va adibi Yoʻldosh Sulaymonning toʻliq portreti, butun boshli xarakteri mujassam. Chindan ham rahmatli Yoʻldosh Sulaymon hamisha charaqlab turardi. U kishi kirib kelgan xonadon yorishib, kengayib ketgandek boʻlar edi.

Oqdaryo safariga Said Ahmad aka, Erkin aka, Ibrohim aka birga borgandik. Qishloq yonboshidagi adirlarni sayr qildik. Ibrohim aka hammadan ajrab, olisdagi toshlar orasidan chuchmoma, lola terib yurganiga koʻzim tushgan edi. Shu holatni u bunday tasvirlaydi. “Goʻzal chuchmomalar ochilar ekan, Koʻltoʻsinga quyulib tushgan baland adir va togʻ yonbagʻirlarida toshlarga BIQINIB ochilgan lolalar behad goʻzal va tarovatli edi…” Bular shoirona satrlar emasmi?

Kitobdagi kundaliklarni oʻqiganda muallifga havasim keldi va oʻzim yoʻl qoʻygan bitta xatoni anglab yetdim. Ajab, dunyoning shuncha joyida boʻlibman-u, negadir kundalik yozmabman. I. Gʻafurovning bir qarashda qisqa, ortiqcha tafsilotlarsiz kundaliklarida avvalo oʻzi uchun qadrli, qolaversa, kitobxon uchun ham kerakli boʻlgan shunday nuqtalar borligiga quvondim.

Kundaliklardan bir parcha: “13 fevral. Yakshanba. Oyning toʻrtinchi kechasi. Daraxtlar titrab, qaltirab turadi. Ularga tegib boʻlmaydi. Fevralning bunday kunlari odamlar yolgʻiz qolishga moyil boʻladilar. Osmon bulut… baʼzi yoqlarda bulutlar ichiga ajoyib shuʼlalar tushib turibdi. Baʼzi yoqlarda bulutlar xuddi oq dokaday, boshqa tomonlarda esa burqsigan tutunday qoraygan…” Bu tasvir qaysi adibnikidan kam?

Ustoz Ozod Sharafiddinov xotirasiga bagʻishlangan bir maqolasida I. Gʻafurov “tanqidchilik – mening tushunishimcha, muhabbat izhor qilish”, deydi. Imonim komilki, shoʻro zamonida “hushyor” tanqidchilar “xoʻsh, mulla, siz kimga muhabbat izhor qilmoqchisiz, kimga maddoh boʻlmoqchisiz?” deb uning yoqasidan olishi hech gap emasdi. Negaki, tanqidchi deganda salkam “prokuror” tushunilardi. Munaqqid “tishli-tirnoqli” boʻlishi kerak, degan yozilmagan qonun bor edi. Hatto, saksoninchi yillarda ham bir “ashaddiy” tanqidchi birodarimiz “tanqid fosh etish sanʼatidir”, deb nutq soʻzlardi. “Baraka topkur, odatda jinoyat fosh etiladi, roman yozgan adib yoki doston yozgan shoir jinoyatchimidiki, fosh etasan?!” deyish qiyin edi… I. Gʻafurov fikrini davom ettirib, “bu soʻzga, goʻzal soʻzga muhabbatdir”, deydi. Mana shu gapda chuqur haqiqat bor. Avvalo ijodning oʻzi muhabbatdan boshlanadi. Binobarin, Soʻz bilan ishlaydigan hunar egasining qalbida eng avvalo muhabbat boʻladi! Munaqqid esa shu tuygʻu asarda qay darajada oʻz ifodasini topganini teran his etmogʻi va tushunmogʻi kerak. Shu talabdan kelib chiqib, asar fazilatlaridan suyunib, kamchiliklaridan kuyunib yozgan munaqqidgina haqiqiy tanqidchidir!

I. Gʻafurov “Goʻzallikning olmos qirralari”, “Sheʼriyat – izlanish demak”, “Yam-yashil daraxt”, “Oʻttiz yil izhori” kitoblari, “Unutmas meni bogʻim”, “Ona yurt kuychisi”, “Oʻrtoq shoir”, “Prozaning shoiri” kabi yirik tadqiqotlarida aynan shu talabdan kelib chiqqani koʻrinib turadi…

Albatta, I. Gʻafurov taqrizlarida ayrim shaxsiy mulohazalar boʻlishi, ular asar muallifiga maʼqul kelishi yoki kelmasligi mumkin. Biroq yaxlit olganda, munaqqid sheʼriyatni shoir, nasrni adib darajasida his qiladi va shu nuqtadan tadqiq etadi. Shu jihatdan Ibrohim akaning talay maqola va tadqiqotlari Ozod domla asarlarini eslatadi. Ikkinchi tomondan esa ulardagi teran va osoyishta mantiq yana bir ustozimiz Matyoqub Qoʻshjonovni yodga soladi. Koʻp taqrizlarning yana bir jihati bor. Odatda birinchi kitobi chop etilgan, birinchi kattaroq asari jurnalda chiqqan qalamkash bir tomondan quvonch, ikkinchi tomondan xavotir aralash umid bilan “katta yozuvchi va shoirlar, katta olimlar nima derkin?” deb koʻzi javdirab turadi. Bunday pallada bir ogʻiz mantiqli va shirin soʻz bilan yosh isteʼdodning koʻnglini togʻdek koʻtarib, kelajakda mukammal asarlar yaratishi uchun qanot bogʻlash ham, bir ogʻiz oʻrinsiz piching bilan parvozga shaylangan qanotini qayirib qoʻyish ham mumkin. I. Gʻafurov bugungi kunda el iftixoriga aylangan talay shoir va adiblardan tortib, endigina adabiyot olamiga kirgan yoshlar haqida ham mehr va oʻziga xos talabchanlik bilan koʻplab maqolalar yozgan.

Bundan ancha avval I. Gʻafurov Shayxzoda, Usmon Nosir, Mirtemir, Said Ahmad ijodiga oid tadqiqotlarida bu atoqli qalamkashlar olamini ich-ichidan yoritishga jazm qilgan va koʻp jihatdan bunga erishgandi. Bulardan­-da teranroq, tagmaʼnosini anglash mushkulroq, sirliroq allomalar haqidagi ishlari ham tadqiqotchining oʻz yumushiga jiddiy tayyorgarlik va masʼuliyat bilan yondoshganidan darak beradi.

Olimning hazrat Navoiy va Boborahim Mashrab, hazrat Yassaviy va Bobur haqidagi tadqiqotlarida chuqur ilm va nozik his bor. Tuygʻu bor! Ular shavq bilan oʻqiladi. Kitobxonni buyuk allomalar olamiga yetaklab kirganidek, ularning ruhi pokiga oshno qilgandek boʻladi. Bu ham teran ilmli olim va tuygʻulari boy ijodkorga xos fazilat.

“Hayo – xaloskor” kitobida “Dostoyevskiy bilan suhbat”, “Fridrix Nitshe – tafakkur va xayolot sehrgari”, “Nitshe shiddati”, “Panchatantra” qanday kitob?”, “Kolumbiyalik koshif” (Gabriel Garsia Markes) maqolalari bor. Shunday ulugʻ ijodkorlar va ularning asarlari haqida I. Gʻafurov yozishga maʼnan haqli. Faqat olim sifatida emas, tarjimon sifatida ham. Teatrda “sahna orti zahmatkashlari” degan ibora bor. Bular drama yoki komediyaning toʻlaqonli boʻlishi uchun dramaturg va rejissyordan kam mehnat qilmaydigan, ammo nomi hadeb koʻrinavermaydigan kishilardir. Bezakchi rassom, operator, ovoz operatori, musiqa yaratuvchi yoki tanlovchi, chiroqchi, liboschi va boshqalar. Baʼzan tarjimon mehnati ham shunday – sahna ortida qolib ketishi mumkin. Tarjimon nomi muallif nomi bilan bir xil harfda, ketma-ket, yonma-yon yozilmaydi.

Holbuki, oʻzim ham baʼzi asarlarni tarjima qilgan odam sifatida bilaman, tarjimon zahmati muallif mehnatidan u qadar kam emas. Bir qarashda tarjimon bor narsani shunchaki oʻz tiliga oʻgirgandek koʻrinadi. Lekin badiiy tarjimonda sheʼriy asarni agʻdarish uchun shoirlik, nasriy asar tarjimasi uchun adiblik isteʼdodi boʻlishi shart!

 Ibrohim Gʻafurov Soljenitsin va Folkner hikoyalarini, Xemingueyning “Alvido, qurol”, “Chol va dengiz”ini, Mopassanning “Azizim”, Nozim Hikmatning “Surur” romanlarini, Chingiz Aytmatovning “Qiyomat (Kunda)”, “Chingizxonning buluti”, hind eposi “Pantachantra”ni oʻzbek tiliga oʻgirdi. Ayniqsa, Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, Markesning “Buzrukning kuzi” romanlarini oʻqib, “hazm qilish”ning oʻzi ancha mushkul. Tasavvur qiling. Hind eposi bilan Dostoyevskiy yoki Aytmatov asarlarida qanday yaqinlik boʻlishi mumkin? Turk adibining romani bilan Xemingueyda oʻxshashlik bormi? Fransuz adibi bilan kolumbiyalik yozuvchining tasviri bir-biridan “ming chaqirim” narida turmaydimi? Ibrohim Gʻafurov Nitshe asarini “Zardusht tavallosi” deb ataydi. Nega, masalan, “Zardusht deydiki” yoki “Zardusht hikmatlari” emas, aynan “Zardusht tavallosi”? Gap shundaki, “tavallo” degan soʻzda ruh bor. Ichki harakat, dinamika bor. Va bu soʻz aynan shu asar ruhini aks ettiradi.

 Markesning “Buzrukning kuzi” romanini oʻqiganimda beixtiyor xayolimdan “asar oʻzbekchaga tarjima qilinsa yaxshi boʻlardi, uni Ibrohim aka oʻzbekchaga oʻgirsa, oʻrniga tushardi”, degan fikr oʻtgan edi. Bu – tarjima uchun shu qadar murakkab romanki, “ergashgan qoʻshma gaplar” bilan shu qadar qorishib ketganki, goho bitta jumlaning oʻzi kitobda butun bir sahifani tashkil qiladi. Baayni Kolumbiya changalzorlarida boʻladigan anakonda ilonining oʻzi: boshi boru, dumidan darak yoʻq! Syujet yoʻnalishi baland togʻdan tushayotgan sel oqimiga oʻxshaydi. Bu oqimda singan shaftoli shoxining munis guli ham, ildizi bilan qoʻporilgan daraxt ham, maymunning oʻligi va oʻpirilib ketgan hojatxonaning qoldigʻi ham – barchasi aralash-quralash yopirilib kelaveradi. Nega shunday, degan savol tugʻiladi. Sababi shuki, tasvirlanayotgan obʼyekt (aniqrogʻi subʼyekt)ning oʻzi shunaqa. Boʻgʻma ilondek yaltiroq va boʻgʻma ilondek makkor. Boʻgʻma ilondek silliq va boʻgʻma ilondek jirkanch, shafqatsiz. Shundan kelib chiqqan holda adibning fikrlar oqimi ham tizginsiz uslubdan biron nuqtasini oʻzgartirmagan holda dunyoning narigi burchida ijod qilayotgan, biz uchun butunlay begona bir olam hayotini tasvirlagan Markesni sof oʻzbek tilida “soʻzlata olgan”.

 Koʻp yillik qadrdonim Ibrohim Gʻafurov yetmishni qoralab qoldi. Yetmish yosh – shuncha umr bergani uchun Yaratganga shukrona qiladigan, bosib oʻtilgan yoʻlga bir qadar vazminlik va oʻychanlik bilan nazar soladigan yosh. Ibrohim aka shu yillar davomida bir ziyoli inson qilishi mumkin boʻlgan talay ishlarni uddaladi. Bir-biridan teran asarlar, tadqiqotlar yaratdi, tarjimalar qildi, shogirdlar orttirdi. Qadrdon doʻstimga uzoq umr, barakali ijod, salomatlik tilayman.

 

Oʻtkir HOSHIMOV

 

“Mohiyat” gazetasi, 2007 yil 26 oktyabr

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/ziyoli-bolish-osonmi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x