Zayniddin Vosifiy


Post Views:
475

VOSIFIY (taxallusi; asl ismi Zayniddin Mahmud ibn Abduljamil) (1485–1551 yoki 1566) – Toshkentda uzoq vaqt istiqomat qilgan mashhur adib. Hirotda munshiy oilasida tug‘ilgan. Arab tili, adabiyot, fiqh va boshqa bilimlarni puxta egallagan. Hirotda Shohrux madrasasida tahsil ko‘rgan (1511 yilgacha). Husayn Boyqaroning o‘g‘li Faridun Husaynga kotiblik, boshqa o‘g‘illariga muallimlik qilgan.

Vosifiy Hirotda shoh Ismoil Safaviy ta’qibidan qochib, Movarounnahrga ketgan. Samarqand va Buxoroda bo‘lgan (1512–15). 1515 yildan Toshkent viloyatidagi Farkat (hozirgi Parkent) va Nomdanak qishloqlarida yashagan, so‘ng Toshkentga kelgan va Suyunchxo‘janing kichik o‘g‘li Baroqxon (Navro‘z Ahmadxon)ga tarbiyachi qilib tayinlangan. Saroydagi ichki nizolar tufayli Vosifiy uni tashlab ketishga majbur bo‘lgan va bir necha oy (1516 yil sentyabr-noyabr) Toshkent mahallalaridan biridagi masjidga imomlik qilgan. Keyinroq (1517) Samarqandga ketib, 1518 yilda Shayboniylardan Keldi Muhammadxon (Sulton Muhammad) tomonidan Shohruxiyaga chaqirtirilgan. 1525 yildan umrining so‘nggi yillarigacha Toshkentda yashagan.

Vosifiy Keldi Muhammadxonning yurishlarida qatnashgan (1528–29). 1540 yildan Baroqxon saro¬yida davlat hujjatlarini tuzgan. Bu davrda Toshkentda o‘zbek tilining nufuzi ortib, bir qancha rasmiy hujjatlar o‘zbek tilida tuzilgan. Vosifiy Toshkentda vafot etgan va Qaffol Shoshiy maqbarasi eshigidan kiraverishda o‘ng tomonga dafn etilgan.

Vosifiyning ijodiy faoliyati 12–13 yoshidayoq boshlangan. Nasr¬ning ko‘pgina turlarida (maktub, ariza, hikoya kabi), badiiy, saj’ uslubida yaxshi ijod qilgan.

Vosifiyning «Badoye’ ul-vaqoye’» («Nodir voqyealar») asarida (1-qism 1517–18; 2-qism 1539) Xuroson, Movarounnahr, Turkiston va Erondagi 1532 yilgacha bo‘lgan davrdagi ilmiy, adabiy, tarixiy va madaniy hayot aks ettirilgan. Toshkent va uning viloyatidagi siyosiy voqyealar, adabiy muhit, xususan unda shoirlar, adiblar to‘planishib mushoiralar o‘tkazgan Kaykovus chorbog‘i haqida qiziqarli voqyealar bayon qilingan. Chorbog‘ shahar qo‘rg‘onidan tashqarida bo‘lib, Vosifiy u yerda xon va sultonlar uchun shifoxona bo‘lganligini ham yozgan. Toshkent va uning atrofida yashab ijod etgan shoirlar, rassomlar, xattotlar va boshqa mashhur kishilar haqida, viloyat hududida foydalanib turilgan temir va feruza konlari to‘g‘risida ma’lumotlar bergan. «Badoye’ ul-vaqoye’»ning 83 baytdan iborat masnaviysida Toshkentning go‘zalligi, bog‘-rog‘lari, havosi, zilol suvlari madh etilgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

“BADOYE’ UL-VAQOYE’”
(“Nodir voqyealar”)

TOSHKENT TA’RIFI

Toshkand mulkin bukun ta’rif etay,
Nuqtalar shodasin nazmga bitay.

Bir diyorki, anda sunbuli ra’no,
Xalqin jahon aytar mardumi dono.

Andoq bir shaharki jannatmakondir,
Xijolatdin jannat siynasi qondir.

Bu kentni kim ko‘rsa aslo jilmagay,
Jannat ne’matlarin orzu qilmagay.

Bo‘lak yurtlarda gar bo‘lgung baxtiyor,
Bunda gadolik beh, etgil ixtiyor.

Muborak tuprog‘i misli to‘tiyo,
Suyi rahmat suyidin xo‘broq go‘yo.

Tuprog‘in gardlari yetsa falakka,
Bo‘lgudek to‘tiyo chashmi malakka.

Shuning-chun yel uni eltib osmona,
Atru upa qilur huri g‘ilmona.

Suyi qarshisida obi hayot hech,
Zulmat sari ketsin, sharmandadan kech.

Xizr gar suyidan xabar topsami,
Zulmatni tark etur, ham qolmas g‘ami.

Balki avval izlab topgan bo‘lsa ul,
Obi hayot tarkin aylagan butkul.

Top-toza zizoldek Parak daryosi,
Salsabil nahriga monand qiyosi.

Ostidagi toshlar durdan qolishmas,
Durlar bozorida narxi hech tushmas.

Nasimi go‘yoki Isonafasdir,
Anga yetmoq Masihoga havasdir.

Xushbo‘y sabosini etsang ixtiyor,
Ruhparvar dilbarlar nafasicha bor.

Havosi malhamdir xasta jon uchun,
“Qonuni” shifodir bag‘ri qon uchun.

Olovi dilbarning fe’lidek sarkash,
Na dilkash! Otashin, voh, la’li mahvash!

Fitna qo‘zg‘ashlari jonga balodir,
Shu’lasi serafshon o‘tlar solodir.

Har bir nur o‘rnidan turib qolsa gar,
Tasavvur qilako‘r – shisha to‘la zar.

Dudi olovidan gar ko‘tarsa bosh,
Deysiz lolazorda sarvi qalamqosh.

Tegrasin qurshagan go‘zal chorbog‘lar,
Alardin Eramning ko‘ksida dog‘lar.

Bog‘larin vasfina agar kirishsam,
Yoddan ko‘tarilur behishtu Eram.

Teraklar saf tortib turarlar qator,
Har birin degaysan sarvqomat yor.

Teraklar qomatin ko‘rganda qizlar,
Sharmdan qizarur, hayodan gizlar.

Yasangan qizlardek qaddi sanavbar,
Viqor-la turadi saf tortib ar’ar.

Yorab, tol bargining suvdagi aksi,
Qarmoqqa ilingan baliqlar raqsi.

Zaminga inadi soya bilan nur –
Go‘yo mushku anbar yerga sochilur.

Chaman uzra atirgulning bolqishi,
Ayman vodiysining olovkor nishi.

Anhor tarafida ko‘ringan gulbun,
O‘shal yashil daraxt, guli esa – xun.

Qara, gulbinidin g‘uncha ko‘ringay,
Sabzarang xum misol, ichi to‘la may.

Yo dog‘li siynasi mahzun bulbulning,
Ichi qonga to‘lmish dardida gulning.

Yo‘q, g‘alat so‘zladim – bu bir bog‘ guli,
Shundan dog‘li erur bulbulning dili.

Gulning zavq-shavqida doimo nolon,
Shul gulning jabridan chekadir afg‘on.

Anvoyi binafsha ariq chetida,
Titratma bor kabi tanu etida.

Yo, yo‘qlik mulkidin qatorma-qator,
Yashillik kelturur karvonda bahor.

Savon g‘unchalardin ko‘rsatur barmoq,
Oluda etibdi niylu rangga, boq.

–Mendandir, – deydi u, – bog‘ning chiroyi,
Bo‘yoqchiga kelur ko‘k rang kiroyi.

Nargis ko‘zi tegdi unga azaldan,
Ko‘karib bo‘y cho‘zdi sarv kasaldan.

Shundanmi yuz minglab g‘uncha cho‘zib til,
Dam solur sarvga bir-bir mustaqil.

Doim bahor guli deganicha bor,
Undan chorbog‘ ichi hamisha bahor.

Yoinki poyiga qirmizi gulni,
Chaman sochdi ashrafiylar sochqini.

Yoki Qorun ganji yer ostidaydi,
Bahor aning sirin fosh etib qo‘ydi!

Gulxayri gullarin qalqon aylamish,
Ustida zabarjad marjon aylamish.

Shundanmi hamma yoq ganjga o‘xshaydi,
Qalqon tutgan bahor ganjni o‘lchaydi.

Lolazorda maskan qurgan andalib,
Gul madhin tark etmas tani o‘t olib.

Bodi sabo lola hovonchasida
G‘oliya tuyadi gul bog‘chasida.

Arg‘uvon gunohkor bir hindumikin,
Tani cho‘b zarbidan qoraydimikin?

Tayoq zarbidandir tanda yaralar,
Badanida yuz ming qonli qatralar.

Zanbaq guli g‘unchasi yonar chamanda,
Shu vaj kofur narxi tushgan ekan-da?

Aning shu jilvasi shishai zarmi?
Yorning barmoqlarin ayon etarmi?

Bog‘ning yangi kelinchagi nastaran –
Ohorli ro‘molin boshga bog‘lagan.

Qarilikdan nishonami – boshi oq?
Yoki jondin umid uzdimi yosh choq.

Chamanga mast qumri nolon kiribdi,
Zebo sarv ko‘ksini oshiyon debdi.

Ul ham gul xabarin eshitibdi-ku,
“Qani!” deb alamda zorlandi “ku-ku?”

Qumrilar chinorda, masnad yuqori,
Har biri minora uzra bir qori.

Bodroqdek hammasi shavqu zavqda, hur,
Hammasi tangriga sano aytadur.

Og‘iz shu mahali lazzatga to‘lar,
Mevalar sifatin so‘zlasam agar.

Uzumin vasfidin aytayin bir qur,
La’lu durlar bilan garovda yengur.

Nazarga keltiring sohibi nav’in,
Eslutur chikkabel dilbarlar labin.

Husayniy uzumin har bir donasi –
Go‘zallar la’lining ol durdonasi.

Ishkomlar osmonin kuzatsang agar,
Bobaki ko‘rinur misoli xumkor.

Ko‘zaki qand bilan garovda bandday,
Novvotning ustidan shakar tortganday.

Shakkari navining uzumidan yeng,
Narxini so‘rasangiz novvot bilan teng.

Bir kezib chiqsangiz tarvuz paykalin,
Havas ham qilmaysiz behisht asalin.

Charx bu ekinni osmonda saqlar,
Balki osmon uni tumor-la yoqlar.

Qovuni novvotning ta’mini berar,
Mazasi taningga jon bo‘lib kirar.

Arablar halvoga cho‘p o‘rnaturlar,
Shirinlik qasdiga na chust qilurlar?

Qovunning har biri kallaqandcha bor,
Odamlar shuning-chun boshini yorar.

Ayshu ishrat rukni erur har boli,
Shu binoning hech kim bo‘lmas zavoli.

Maysalari ko‘zga tashlangan hamon,
Go‘zallar xattining hechligi ayon.

Nozik sabzalari – barra, o‘ltiring,
Nozikqadlar ehsoniga teng ko‘ring,

Shirinligi o‘tkir – tilni tiladi,
Alisher tab’idan – buni biladi.

Mevalarga to‘liq bu rangin bo‘ston,
Arziydi yozolsam sha’niga doston.

Har anori go‘yo cho‘g‘dek sanjoniy,
La’l kabi tovlanur yoqut rumoniy.

Ho‘qqa to‘la la’lu ham qizil yoqut,
Joningga bag‘ishlar quvvat bilan qut.

Nashvatisan qilay ta’rif, sifotin,
Suv oladi og‘zing, zikr etsam otin.

Go‘yo shishachalar to‘la novvotdir,
Dema novvot, unda obi hayotdir.

O‘n og‘och yoinki o‘n tosh naridan,
Mushkin hid taralar olmalaridan!

O‘xshaydi dilbarlar zanaxdoniga,
Ko‘rganlar ilingay uning domiga.

Yo tavba, behisin obro‘ rangidan,
Bog‘ ko‘rki ortadi yangi-yangidan.

Shirasi behishtning suvimi desam,
Jannatning lazzati unda mujassam.

Ta’rifda yagona Toshkand anjiri,
Bunda jamuljamdir sirlarning siri,

Bulardan hamisha jonga halovat,
Shirasi asalni qilur malomat.

Forschadan Naim Norqulov tarjimasi

Manba. Zayniddin Vosifiy. “Badoye’ ul-vaqoye’”
(“Nodir voqyealar”). T., G‘afur G‘ulom nashriyoti, 1979.

Jurnalist Ergash Ismatullayev bisotidan

https://shosh.uz/uz/zayniddin-vosifiy-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x