Zamon va makon musavviri

Abdulla Qodiriy ijodi oʻzbek adabiyoti tarixida alohida oʻrin tutadi. Bu ulugʻ adib asarlarisiz oʻzbek adabiyotini tasavvur qilib boʻlmaydi. Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” asari bilan oʻzbek adabiyotida roman janriga asos solgan boʻlsa, uning “Mehrobdan chayon” asari milliy adabiyotdagi ikkinchi romandir. Abdulla Qodiriyning boshqa asarlari ham oʻziga xos boʻlib, ular koʻp jihatdan oʻzbek adabiyotidagi yangilikdir. Xususan, “Kalvak maxzumning xotira daftaridan”, “Toshpoʻlat tajang nima deydi?” kabi hajviy-yumoristik asarlari, “Uloqda”, “Jinlar bazmi” singari hikoyalari, koʻplab publitsistik maqolalari shunday deyishga asos beradi. Biz tahlilga tortmoqchi boʻlgan “Oʻtkan kunlar” romanida tarixiy haqiqat jonli hayotiy voqealar asosida gavdalantirilgan. Voqealar kechayotgan zamon va makon manzarasi xuddi usta musavvir chizgan kartinadagi kabi aniq chizib koʻrsatilgan. Abdulla Qodiriy romanlaridan zamon va makon tasviri chiqarib tashlansa, ular xuddi sharbati siqib olingan anorga oʻxshab qoladi. Anorning esa savlati emas, sharbati foydali. Afsuski, ayrim oʻquvchilar “Oʻtkan kunlar”dagi makon va zamon tasviriga unchalik eʼtibor berishmaydi. Aslida, adibning sanʼatkorona mahorati, asarning oʻziga xos jozibasi xuddi shu oʻrinlarda koʻrinadi.

Maʼlumki,”zamon” deganda yil, oy, kun, tun kabilar, “makon” deganda esa uy-joy, koʻcha, qasr, saroy singari joylar nazarda tutiladi. Abdulla Qodiriyning ushbu romanlarida tarixiy voqelikni gavdalantiruvchi karvonsaroy, hujra, oʻrda, saroy, hovli, turarjoylar tasviri muayyan oʻrin tutadi.

Abdulla Qodiriyning oʻzi romandagi davrni “tariximizning eng kir, qora kunlari”, deb ataydi va romanlarida “xon zamonlari” manzarasini chizib koʻrsatadi. Shu maqsadda “1264 hijriya, dalv oyining oʻn yettinchisi, qishki kunlarning biri, quyosh botgan, tevarakdan shom azoni eshitiladir… Darvozasi sharq-janubga qaratib qurilgan bu dongdor saroyni Toshkent, Samarqand va Buxoro savdogarlari egallaganlar, saroydagi bir-ikki hujrani istisno qilish bilan boshqalari musofirlar ila toʻla”, deb zamon va makonni aniq maʼlum qilish bilan boshlaydi. “Oʻtkan kunlar” romanida turli toifadagi kishilar: xon, bek, qozi, qoʻrboshi, hunarmand kosib, qorovul, mirshab, maktabdor muallim, xon saroyi mirzalari, zoʻravonlikni kasb qilib olgan betayinlar (Sodiq, Mutal), davlatmand kishilar, ayollar, bolalarning oʻziga xos obrazlari gavdalantirilib, karvonsaroy, oʻrda, saroy, hovli, maktab, qabriston, koʻcha kabi joy-manzillarning koʻrinishi beriladi. Kitobxon romanni mutolaa qilayotganida qahramonlar qanday paytda qanaqa joyda turganini goʻyo koʻrib turganday boʻladi. Adabiyotshunos Bahodir Karimov “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarida oʻrda va qoʻrgʻon koʻrinishi batafsil tasvirlab berilganini taʼkidlaydi. (Karim B. Qodiriy qoʻrgʻonlari. “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi, 2006 yil 7 aprel.) Romanda dastlab karvonsaroy va undaga hujralar umumiy tarzda tavsiflanadi. Kumush istiqomat qiladigan xonadon esa “… uncha maqtanarli boʻlmasa ham, zamonasining oldingi binolaridan hisoblangan bir ayvon bilan bir uyga koʻz tushadi. Sahn va bino kishi zotidan boʻsh, shuning uchun bu hovli oilaning tashqarigi qismi – mehmonxona ekanligi anglashilur. Sahnning tun va kun botar jihatlari kichkina hujralar bilan oʻralgan va bu hujralarning barchasi eshiklari yopiq va qulflangan holda boʻlib, mollar bilan bandligi va uy egasining davlatli kishi ekanligi bilinur”, deb tasvirlanadi. (Qodiriy A. Oʻtkan kunlar. – T.: Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1974,28-bet.) Adib Mirzakarim qutidorning boy-badavlat kishi ekanini uning uy-joyini koʻrsatish orqali bildiradi.

“Oʻtkan kunlar” romani asosiy qahramonlari Otabek va Kumush bir-birlariga ilk bor ariq boʻyida duch kelishadi. Poyafzal bozori burchagidagi darvozadan ichkaridagi bu joy romanda “sirli ariq boʻyi”, deb taʼriflanadi. Otabek va Kumushning sirli ariq boʻyidagi bu tasodifiy uchrashuvi roman syujetidagi voqealar “zanjir”ida zarur halqaga aylanadi. Romandagi murakkab voqealar tizimini ana shu halqasiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Kumushning ariq boʻyidagi holatlari, kechinmalari: “Kumushbibi ariq boʻyidagi bir oʻrinni koʻzladi-da, sakrab narigi yuziga oʻtdi va choʻnqaydi. Uning koʻzlari muloyimgina suv ustiga ogʻdilar, ariqning musaffo tiniq suvi yovvoshgina oqib kelar, Kumushbibining qarshisiga yetganda, goʻyoki unga taʼzim uchun sekingina bir charx urib qoʻyar, oʻz ustida oʻtirgan sohiraning sehriga musahhar boʻlgan kabi tagʻin bir kattaroq doirada aylangach, ohistagina koʻprik ostiga oqib ketar edi” tarzida sheʼriyatga xos taʼsirchan tashbehlar vositasida tasvirlanadi. (Oʻsha manba, 32-bet.) Romanda bu kabi oʻrinlar talaygina boʻlib, ular kishida koʻtarinki kayfiyat, ajib hissiyotlar uygʻotadi. Asarning oʻziga xos tili, adibning soʻz sanʼatkori sifatidagi mahorati ushbu oʻrinlarda, ayniqsa, yorqin namoyon boʻladi.

Romanda nikoh toʻyi jarayonidagi Otabek bilan Kumushning uchrashuvi ham romantik uslubda tasvirlanadi. Asarning ayni sahifalari oʻzbek toʻylari, xalqimizning urf-udumlari toʻgʻrisida muayyan tasavvur beradi. Asarda tarixiy davr ruhi aniq aks ettiriladi. Jumladan, “Kuyov kelar edi: ikki tomonni sirib olgan xotin-qizlar oʻrtasidan Otabek kelar edi. Uning ketidan Oftoboyimning egachisi isiriq tutatar edi. Xotinlar qoʻllarida sham bilan bunga qarar va kuzatib qolar edilar, kuyov uyning yoniga yetti. Uning yuzi uyatdan juda qizargan, qochgali joy topolmas edi. Shu kezda uyning eshigi ochildi-da, yanga tomonidan qarshilandi”, deyiladi. (Oʻsha manba, 61-bet.) Bu – oʻsha paytlarda xuddi hozirgiday toʻylarda erkak va ayollar bir joyda oʻtirishmagani, elektr chirogʻi boʻlmaganini bildiradi.

Maʼlumki, avvallari yurtimizda hovlilar ichkari va tashqari qismga ajratib qurilgan. Hovli ichkarisidagi uylar oila aʼzolariga, tashqari qismidagilar esa xonadonga keladigan chet kishilarga moʻljallangan. “Oʻtkan kunlar” romanida voqealar kechadigan joylarni koʻrsatishda shunga eʼtibor qilingan. Jumladan, toʻy sahnalari qalamga olinganda, albatta, hovlining ichkarisi va tashqarisi alohida taʼkidlangan. Romanning “Toʻy, qizlar majlisi” bobi: “Qutidorning tashqarisiga er mehmonlar, ichkarisiga xotin mehmonlar toʻlganlar”, deb boshlangan va tashqarida qanday harakatlar kechayotgani, ichkarida nimalar boʻlayotgani: “Tashqarida bir qoʻsha sozandalar dutor, tanbur, gʻijjak, rubob, nay va amsoli sozlar bilan dunyoga jon suvi sepib, shaharning mashhur hofizlari ashula aytadilar. Toʻy juda ruhli… Ichkarida xotinlar majlisi: onalarcha aytganda, ular qum-tuproqdek koʻp, biroq majlisning borishida tartib yoʻq, hovli yuzi va uylar xotinlar bilan toʻlgan, qaysi hovli yuzida bir tovoq oshni yeb oʻtiradi, kim yigʻlagan bolasini ovutish bilan ovora, birov yor-yor oʻqib, tagʻin bittasining quvonchi ichiga sigʻmay xaxolab dunyoni buzadi, xullas, bagʻ-bugʻ yetti qat koʻkdan oshadi…” tarzida bayon etilgan. (Oʻsha manba, 52-bet.) Bu – asarda voqelik aniq aks ettirilgani, milliy turmush manzaralari tarixiy haqiqatga uygʻun tarzda gavlalantirilganidan dalolat beradi. Asarda dastlab oʻrdaning darvoza qismi, keyin ichkari tomoni xuddi fotokamerada suratga olingandek chizib beriladi. Adib ulardagi har bir unsurga alohida eʼtibor qaratib, yaxlit taʼsirchan manzara yaratadi. Masalan, oʻrdaning ichkarisini: “Oʻrdaning koʻproq qismi darvoza tomonidan qoldirib, janubga tortilgan xatti mustaqim bir devor bilan boʻlingan edi. Narigi tomon oʻrdaning ichkari qismini tashkil etib, unda bek-hokim oila aʼzosi turar edi. Oʻrdaning tashqari qismining uch tarafi binosiz, faqat qoʻrgʻon devorlarining zinalari edi”, deb koʻrsatadi. ( Oʻsha manba, 69-bet.)

Abdulla Qodiriy oʻrda, qoʻrgʻon kabi manzil-makonlarni xuddi suratini chizgandek koʻrsatish barobarida, voqealar kechayotgan zamonni ham aniq taʼriflaydi. Buning uchun u koʻproq xalqona taʼriflardan foydalanadi. Masalan: “Qish kunlari bir tutam, “ha deguncha” kech boʻladi. Bugun ham “ha deguncha”ga qolmay kech boʻlgan”, deydi. (Oʻsha manba, 32-bet.) Yoki Toshkent qamali tasvirlangan joylarini olaylik. “Oʻtkan kunlar” romanining bu kabi oʻrinlari Qoʻqon lashkari tomonidan Toshkentning qamal qilinishi bilan bogʻliq tarixiy voqelik toʻgʻrisida, Qorasaroy, Taxtapul, Labzak, Qashqar mavzelarining oʻsha paytdagi holati haqida aniq tasavvur uygʻotadi.

Tarixiy manba, solnomalarning hech birida oʻrda, saroylar “Oʻtkan kunlar” romanidagi singari tasvirlanmagan. Abdulla Qodiriy ularning koʻrinishini oʻquvchi aniq tasavvur qiladigan darajada chizib koʻrsatgan. Ayni oʻrinlar muallifning asarni yozish jarayonida oʻquvchilarini bir zum ham unutmagani, u doimo kitobxonlarini oʻylaganini bildiradi. Ijodkorning koʻz oʻngida hamisha kitobxoni tursa, u yozayotgan har bir jumlasi, qalamga olayotgan voqealari boshqalarga ham osongina tushunarli boʻlishi uchun intiladi. “Oʻtkan kunlar” muallifi joylarning oraligʻini aniq oʻlchov bilan maʼlum qilish bilan kifoyalanmasdan, Margʻilon va Qoʻqondagi oʻrdalarning oʻxshash va farqli jihatlarini ham batafsil taʼriflaydi.

Badiiy zamon va makon asarning barcha unsurlarini qamrab oladi. Jumladan, qahramonlarning kayfiyat-kechinmalarini badiiy zamon va makon tasvirisiz koʻrsatib boʻlmaydi. “Oʻtkan kunlar” romanida ham qahramonlar holati bevosita zamon va makon tasviri asosida gavdalantiriladi. Kumush Homidning Otabek nomidan yozgan soxta taloq xatini oʻqib, hushidan ketib yiqiladi. Mirzakarim qutidor bu voqeadan qanday taʼsirlangani: “Vaqt xuftonga yaqinlashgan edi. Qizining haligi javobi bilan sabrsizlikka tushgan qutidor qoʻliga sham olib, tashqariga chiqdi va yerdan xatni oldi. Qizini bunchalik falokatga solgan xatni olgan yeridan qoʻzgʻalmayoq oʻqib chiqdi. Xat haqiqatan jonsiz edi. Qutidorning ham oz qoldiki, hushi boshidan uchsin…”, deb tasvirlanadi. (Oʻsha manba, 174-bet.) Xufton – kunduzgi yorugʻlik batamom barham topib, borliqqa tun qorongʻiligi oʻz humini oʻtkazayotgan palla. Bunday paytda atrofni allaqanday sirli mavhumlik chulgʻab oladi. Odam oʻzini ogʻir, noxush sezadi. Salgina narsa ham unga qattiq taʼsir qiladi. Abdulla Qodiriy Mirzakarim qutidorning ahvolini koʻrsatishda tabiat bilan inson kayfiyati, holatidagi ana shu bogʻlanishdan kelib chiqadi. Mirzakarim qutidor ushbu xatni tun qorongʻiligi bostirib kelayotgan paytda emas, tongda yoki quyosh charaqlab turgan tush paytida oʻqib koʻrganida xatda yozilganlar toʻgʻrisida, ehtimol, boshqacha mulohaza yuritardi… Adib syujetdagi dramatizmni kuchaytirish maqsadida ataylab xufton vaqtini tanlaydi.

Adib Otabekning quvlanishi voqeasini ham vaqt bilan bogʻlab koʻrsatadi. Otabek Mirzakarim qutidorning uyiga ertalab yoki tush paytida emas, shom azoni eshitilayotgan kechki paytda keladi. Bu paytda borliq qorongʻulikka choʻmganidan atrofdagi narsalar gʻira-shira koʻrinadi. Mirzakarim qutidor Otabekning sogʻinch toʻla kulib turgan chehrasini aniq koʻrolmagani tufayli dagʻal muomala qilib, uni haydab yuboradi. Agar kunduzi boʻlganida, Mirzakarim qutidor “otini koʻchaning oʻrtasida qoldirib yurgan kuyovining koʻrishmak uchun uzatilgan qoʻlini boʻsh havoda qoldirmas, titroq va hayajonli bir tovush bilan: “Uyatsizga mening uyimda oʻrin yoʻq, uyatsiz bilan soʻzlashishga ham toqatim yoʻq… Boringiz, eshigim yonida toʻxtamangiz!” – deyolmas edi. (Oʻsha manba, 187-bet.) Chunki odamning yuzi hamisha issiq. Mirzakarim qutidor singari turmushning past-balandini koʻp koʻrgan kishilar, ayniqsa, birov bilan yuzma-yuz boʻlganida buni juda yaxshi his qilishadi.

“Oʻtkan kunlar” romanining “Hasanalining hiylasi” bobida Otabek va Kumushning ikki yillik ayriliqdan keyingi uchrashuvi qalamga olinadi. Bu uchrashuv Hasanalining uyida kechadi. Asarda bu uy toʻgʻrisida: “Tozagina yigʻishtirilib, oʻrta hollik kishilarning uyidek asbob-jihozlar bilan ziynatlangan edi. Devorlar ganchlangan, shiplar sirlangan, oyoq osti alvon gullik kiyiz bilan toʻshalgan va taxmonga kirpoʻsh koʻrpalar osilgan edi”, deyiladi. (Oʻsha manba, 329-bet.) Keyin “taxmonga osilgan kirpoʻsh oʻz-oʻzidan qimirlagandek boʻlgani” taʼkidlanadi va uning orqasida Kumushning turgani maʼlum qilinadi. “Oʻtkan kunlar”ning bu kabi oʻrinlari adibning voqealarga sirli tus berish mahoratini namoyish etish barobarida, qahramonlarning xarakterini ham ochib beradi. Hasanalining uyi tasviri ham shunday deyish uchun asos boʻla oladi. Birinchidan, u Hasanalining ozoda-pokiza tabiatini, u Yusufbek xoji xonadonidagilar uchun qul emas, qadrdon kishiga aylanganini bildiradi. Ikkinchidan, Yusufbek xoji xonadonidagilarning diyonatli kishilar ekanligi, ular Hasanaliga qul emas, shu oilaning bir aʼzosi deb qarab, uning oʻrtahol kishilardek uy-roʻzgʻor qilib turmush kechirishiga imkoniyat bergani toʻgʻrisida tasavvur uygʻotadi.

Abdulla Qodiriy qahramonlarining kayfiyat, kechinmalarini qalamga olayotganida bamisoli ruhshunosga aylanadi. Jumladan, manzil-makonning qahramonlariga qanday taʼsir koʻrsatishiga eʼtibor qaratadi. Otabek nohaq quvlanganidan keyin qaynotasi hovlisi oldidan oʻtayotgandagi holatini:”Uzoq toʻxtab turmay, sobit va kuchli odimlar bilan poyafzal rastasiga yurdi. Garchi bu koʻcha uning yuziga qizarib-oqarish va boʻzarib-sargʻayish tuslari berar edi, oʻsha voqeadan soʻng, onalar taʼbiricha “ilon chiqqan” bu koʻchaga birinchi kirishi, birinchi jasorati edi. Koʻchaning burilishida yana biroz uning odimlari sekinlashsa ham, lekin odimlashini qoʻymay boraverdi. Uzoqdan qutidorning tilsimli darvozasi koʻrinib turar edi… Darboza yonidagi mashʼum tol daraxti ham nomuborak bir ishga guvohlik bergan kabi boʻlar edi”, deb tasvirlaydi. (Oʻsha manba, 222-bet) Haqiqatan, insonning tasavvuri xotirasida oʻrnashib qolgan zamon va makon taʼsirida harakatga keladi. Chunki har qanday voqea inson xotirasiga muayyan zamon va makon orqali “muhrlanib” qoladi. Kishi oʻsha joyni koʻrganida uning ongostiga tushib ketgan kechmish voqealari dafʼatan xotira koʻzgusiga qalqib chiqib, kishining koʻz oʻngida namoyon boʻla boshlaydi. Oʻsha paytda odam oʻtmishini ayni holati bilan taqqoslab, oʻziga-oʻzi savol berib, hayotini taftish qiladi. “Oʻtkan kunlar” qahramoni Otabek ham Mirzakarim qutidor hovlisi oldiga borganida shunday holatga tushadi.

Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” romanini yozayotganida zamonaviy oʻzbek nasri endi tetapoya boʻlayotgan edi. U paytlarda xorijiy adabiyotdan sanoqli asarlar tarjima qilingan edi. Oʻtgan asr 20-yillarigacha Yevropa adabiyotidan biror bir roman oʻzbek tiliga tarjima qilinmagan edi. Lev Tolstoyning ayrim kichik hikoyalarini mustasno qilganda, rus adiblarining hikoya, qissa, romanlari ham oʻzbekchalashtirilmagan edi. Ana shunday bir paytda Abdulla Qodiriy hayot manzarasi haqqoniy aks ettirilgan roman yaratdi. U “Oʻtkan kunlar” asarida oʻzbek adabiyotida birinchi boʻlib qahramonlar turgan zamon va makon manzarasini mahorat bilan tasvirlab berdi. Ushbu romandagi zamon va makon tasvirida voqelikdagi har bir unsur oʻz oʻrnida koʻrinadi. Yorqin ranglarda chizilgan bu unsurlar tasavvurda aniq jonlanadi. U koʻplab tarixiy romanlar muallifi, arab yozuvchisi Joʻrji Zaydon (1861–1914) asarlaridan taʼsirlanganini taʼkidlaydi. “Meni roʻmon yozishgʻa havaslandirgan Misr fuzalosidan ustoz Joʻrji Zaydon”, deydi. Tanqidchi Sotti Husayn “Oʻtkan kunlar” ning ancha joyi Joʻrji Zaydonning “Armanusa”, “Oʻn yettinchi ramazon” roʻmonlarigʻa oʻxshab ketadi”, degan. Lekin arab adibining asarlari bilan “Oʻtkan kunlar” romanidagi zamon va makon tasviri taqqoslansa, Abdulla Qodiriy qahramonlarining holat, kechinmalarini aks ettirishda yuksak mahoratini namoyish qilgani ayon boʻladi. “Oʻtkan kunlar”ning: “Kuz kunlarining oxiri va qish kunlarining boshi edi. Daraxtlardagi sariq barglar toʻkilib tugalgan, yer yuzi oʻzining qishki sariq kiyimini kiygan edi. Toʻrt tomonining oʻralganligi soyasida yaproqlarini toʻkilishdan saqlab qolgan bu gilos yogʻochlari ham bu tungi qora sovuqqa chidolmay, yelning ozgina harakati bilan-da barglarini shitir-shitir uzib tashlamoqda edilar. Havo ochiq boʻlib, quyosh tuzukkina koʻtarilgan, ammo uning ham bu kun uncha taʼsiri yoʻq, bu kungi qora sovuq quyosh kuchini-da kesgan edi…” kabi oʻrinlar shundan dalolat beradi. (Oʻsha manba, 213-bet.) Romanda bunday taʼsirchan sahifalar talaygina boʻlib, ularda qahramonlar holati zamon va makonga uygʻun tarzda tiniq tashbehlar, nozik kuzatishlar asosida ifodalanadi.

”Oʻtkan kunlar”da muallif zamon va makonni tasvirlash orqali tarixiy voqelikni asliga monand koʻrsatish, turmushni badiiy gavdalantirishga erishgan. Har qanday asarning qimmati esa uning hayotni haqqoniy koʻrsatishi, odamlarning taʼsirchan obrazlarini gavdalantirishi bilan belgilanadi. Shuning uchun Oybek “Abdulla Qodiriyning ijod yoʻli” asarida: “Oʻtkan kunlar” romani tarixiy syujetga ega. Haqiqatan, asarda juda koʻp tarixiy voqealar, faktlar tasvir etiladi. Yozuvchi tarixiy faktlarni koʻproq kiritib, asarda tarixiy turmushni eslattirishga, tarixiy manzarani taʼmin qilishga ham muvaffaq boʻladi. Voqealarni chindan xam tarixiy bir sharoitda, tarixiy kartinalar doirasida inkishof qiladi. Voqealarning davomida yozuvchi obstanovkani shunday tasvirlaydiki, chindan ham boʻyoqlar turmushning tarixiy xususiyatga ega ekanini gavdalantiradi”, deb taʼkidlagan.

Maʼlumki, har qanday asarning barcha oʻrinlari emas, balki voqealar eng keskinlashgan, toʻqnashuvlar shiddatli tus olgan sahifalari kishini oʻziga ohanraboday tortadi. Oq qogʻoz bagʻriga bu ohanraboni joylashtirishdan mashaqqatliroq ish boʻlmasa kerak. Buning uchun, avvalo, voqealar kechayotgan zamon va makon manzarasini mahorat bilan chizib koʻrsatish, qahramonlarning xatti-harakati, turli kechinmalarini oʻquvchi aniq his qiladigan darajada soʻzlab berish lozim. Oʻquvchi “Oʻtkan kunlar” romani qahramoni Otabekning raqiblari bilan duch kelishini butun vujudi bilan his qiladi. Yoki Kumushning tushkun kayfiyati, iztirob chekkan holati kishini beixtiyor mahzun qilib qoʻyadi. Chunki adib asarning ayni oʻrinlarida hayotiy hodisalarni ajoyib tarzda taʼsirchan ifoda etadi. Qalamga olinayotgan voqealar xuddi shu paytda boʻlayotganday tuyuladi. Oʻquvchining qalbida allaqanday bezovtalik yuz beradi. Unda ilgari sezilmagan kechinmalar, hissiyotlar paydo boʻladi. Chunki sahifalarda bitilgan soʻzlarda kishilarning murakkab taqdiri koʻrinadi. “Oʻtkan kunlar”dagi qahramonlar ruhiy holati tasvirlangan oʻrinlar har kimda sirli hissiyotlar uygʻotadi. Soʻzlar poetik mazmun kasb etganida shunday taʼsir oʻtkazadi. “Qalovini topsa, qor yonadi” deganlaridek, sanʼatkor qalbidan quvvatlanib chiqqan soʻzlar ham oʻzidan nur taratadi. Odamlar esa soʻzlar taratadigan turfa xil yogʻdularni, undagi maʼnolar jilosini butun vujudi bilan his qilishadi. Ularning ongi, qalbi boshqa narsalardan koʻra soʻzlardan koʻproq taʼsirlanadi. Chunki odamlar olamni soʻzlar vositasida idrok etishadi. Soʻzlarning ohang tovlanishlaridan xilma-xil maʼnolarni anglashadi. Abdulla Qodiriy “Oʻtkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarida cheksiz va abadiy hayot ummonidagi muayyan zamon va makonni, undagi odamlarning taqdir-qismatini, quvonch va iztiroblarini koʻrsatish orqali soʻz – ilohiy neʼmat ekanligini, uning mislsiz qudratini namoyon etadi. Shuning uchun ulugʻ adibning bu asarlari qancha zamonlar oʻtsa-da, kishilarni maftun etib keladi.

 

Abdulla ULUGʻOV

 

“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/zamon-va-makon-musavviri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x