Zahiriddin Muhammad Bobur

(1483–1530)

 

Temuriy shahzoda Zahiriddin Muhammad Bobur 1483-yil 14-fevralda Andijonda tugʻildi. Bobur Vatanimiz tarixidagi takrorlanmas siymolardan biridir. U nafaqat yirik adib, buyuk tarixchi, ulkan olim, balki mohir sarkarda va davlat arbobi ham edi. Uning ijodi mana shu sohalar bilan chambarchas bogʻliq holda yuzaga keldi.

Uning mustaqil siyosiy faoliyati juda erta – otasi Umarshayx mirzoning kutilmaganda vafot etishi munosabati bilan boshlandi. Oʻshanda u bor-yoʻgʻi 12 yoshda edi.

Bobur bobosi Amir Temur davlatining poytaxti – Samarqand shahrini ishgʻol qilish uchun bir necha marta urinib koʻrdi. Dastlabki muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritdi. Shunga qaramay, uni qoʻlda tutib turishning imkonini topa olmadi. Keyinchalik u oʻz sheʼrlaridan birida shunday deydi:

Davron meni oʻtkardi sari somondin,

Oyirdi meni bir yoʻli xonumondin,

Gah boshima toj, gah baloyi taʼma,

Nelarki, boshima kelmadi davrondin.

Boburning yagona maqsadi yirik va mustahkam markazlashgan davlat tuzishdan iborat edi. Bu maqsad amalga oshdi.

Biroq u oʻzi tugʻilib oʻsgan yurtda – Movarounnahrda emas, balki undan ancha olisda – Hindistonda amalga oshdi. Adibning oʻzi bu hodisadan doimo iztirobda boʻlganligi asarlarida juda yorqin tarzda aks etgan:

Tole yoʻqi jonimgʻa baloligʻ boʻldi,

Har ishniki ayladim, xatoligʻ boʻldi.

Oʻz yerni qoʻyub Hind sori yuzlandim,

Yo rab, netayin, ne yuz qaroligʻ boʻldi.

Boburdan bizga uning devonlari, “Boburnoma”si, bir qator ilmiy, tarixiy, diniy-falsafiy va axloqiy-taʼlimiy ruhdagi asarlaridan iborat meros qoldi. U Xoja Ubaydullohning “Risolayi volidiya”sini oʻzbekchalashtirdi, musulmon axloqiga oid “Mubayyin” nomli masnaviyni yaratdi, “Xatti Boburiy”ni ixtiro qildi.

Bir necha muddat oldin podsholikni Humoyunga topshirgan Bobur 1530-yil 26-dekabrda, 47 yoshida oʻzi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etdi va oʻsha yerda dafn etildi. Keyinchalik, 1539-yil, vasiyatiga muvofiq, xoki Kobulga keltirilib, oʻzi bunyod ettirgan “Bogʻi Bobur”ga qoʻyildi.

Bobur Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan soʻng oʻz yurtida haqiqiy qadr-qimmat topdi. Andijon shahrida Bobur nomida universitet, teatr, kutubxona, milliy bogʻ (“Bogʻi Bobur”) bor. Bobur milliy bogʻi majmuasida “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi, shoirning ramziy qabr-maqbarasi bunyod etilgan. Shahar markazida va Bobur bogʻidagi yodgorlik majmuyida shoirga haykal oʻrnatildi. Andijondagi markaziy koʻchalardan biriga, shuningdek, Toshkentdagi istirohat bogʻi va koʻchaga, Andijon viloyati, Xonobod shahridagi istirohat bogʻiga Bobur nomi berildi. Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Bobur nomidagi medali taʼsis etildi.

1993-yil 23-dekabrda tashkil etilgan Xalqaro Bobur jamgʻarmasi Bobur ijodini oʻrganishda katta ishlarni amalga oshirdi. Jamgʻarmaning ilmiy ekspeditsiyasi 10 dan ortiq Sharq mamlakatlari boʻylab ilmiy safarlar uyushtirib, Bobur va boburiylar qadamjolari, ularning ilmiy merosiga oid yangi maʼlumotlar toʻplab, ularni ilmiy isteʼmolga kiritdi. Mazkur maʼlumotlar asosida 10 dan ziyod ilmiy, hujjatli, badiiy asarlar, 10 ga yaqin hujjatli, videofilmlar yaratildi. Jamgʻarmaning Lohur (Pokiston), Haydarobod (Hindiston), Abu Dabi (BAA), Moskva (RF), Oʻsh (Qirgʻiziston), Toshkent, Namangan shaharlarida boʻlimlari mavjud.

 

“Adabiyot” (Boqijon Toʻxliyev, Bahodir Karimov, Komila Usmonova. Oʻrta taʼlim muassasalarining 10-sinfi va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining oʻquvchilari uchun darslik-majmua. “Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Toshkent–2017) darsligidan.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/zahiriddin-muhammad-bobur/

1 1 голос
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x