Zaharli may

Richard XARDVIK

 

Jerom Steyli uchun bu odatdagi yumush edi. Ammo yozishmalar boshlanishi bilan Veronika uni hayron qoldirdi. Ayolning maktublarida nolish, norizolikdan asar ham yoʻq edi.

Boshqa ayollar esa yolgʻizligidan, zerikayotganidan shikoyat qilishar edi. Steyli bunday mazmundagi maktublarga oʻrganib qolgandi. Veronika umidsizlikka tushadiganlarga oʻxshamasdi. Ular tanishganiga va yozishmalarni boshlashganiga naq ikki oy toʻlganida Veronikadan otashin izhorli javob maktubini oldi. Unda quyidagi soʻzlar bitilgandi “… Azizim Jerom! – deb yozgan edi u navbatdagi xatida. – Men ham xuddi sizga oʻxshab yolgʻizlikka oʻrganib qoldim. Sizning Ednangiz olamdan oʻtganiga ikki yil boʻlibdi. Jeyms meni tashlab ketganiga ham mana bir yarim yil boʻlyapti. Qiynalib yurmay desangiz, taqdirga tan berish kerak ekan. Nima ham qilardik, ularning nasibalari shu yerga kelganda uzilgan ekan-da! Ammo sizning tasalli maktublaringiz yuragimda allaqachonlar oʻchib ketgan deb oʻylagan umid uchqunini yana alangalatib yubordi. Taqdir inoyati bizni shu klub orqali uchrashtirgani uchun shukronalar boʻlsin…”

Jerom kulib qoʻydi, sababi uning javob maktubi Veronikada shunday tuygʻular uygʻotish maqsadida yozilgan edi. Toʻgʻri, birinchi xati biroz qisqaroq yozilgandi. Chunki ayol kishi rasmiy manzillar orqali erkaklar bilan tanishishdan uyaladi-da. Manzil “Katta va keksa yoshdagi doʻstlarning tanishuv maskani” deb nomlangani ham Steylining gʻashini keltirdi. Uning fikricha, tanishuv manzili nomini oʻzgartirishi kerak. Yoʻqsa, u mijozlaridan tez kunlarda birma-bir ayrila boshlaydi. Jerom Steyli kasbi boʻyicha psixolog emasdi, shunchaki unga “laqma boyvuchcha xonimlarning boshini aylantirib, pulini shiladigan qallob, firibgar” degan yorliq rosa mos tushardi. Ammo shaxsiy tajribasidan bilardiki, hafsala bilan harakat qilinsa, ayolning uyatchanligini yengib oʻtsa boʻladi. U odatda mijozlariga ikkinchi maktubini ularni yumshoqlik bilan tinchlantirish, shubhalarini yoʻqqa chiqarish maqsadida yozardi. Mana, bu gal ham nomasi nishonga tegibdi. Uchinchi maktubida Steyli odatdagidek oʻzaro uchrashishi mumkinligiga ishora qildi. U oʻz maktubida inson tuygʻularini oʻyinchoq qilmasligini gʻoyat ehtiyotkorlik bilan izhor etishga harakat qilgani sayin, ayni paytda oʻrtadagi masofa olisligi, muayyan muammo tugʻdirishini afsus bilan qayd etdi. Veronika ham oʻz oʻrnida javob xatida uchrashishga umid bildirdi. Ularning maktublari endi: “Sevgilim Jerom!”, “Azizam Veronika!” degan jumlalar bilan boshlanardi. Ikkovi oʻzaro suratlar almashishdi.

“… Azizam Veronika! Steylining oʻzi buyuk sanʼat namunasi deb hisoblagan oltinchi maktub uzoq davom etayotgan intizorlikka yakun yasashi kerak edi. Mana, suratingizga tikilib oʻtiribman. Ruhimni ajib tuygʻular chulgʻab olgan. Ularni faqat ilk bor sevib qolgan yigitchagina anglashi mumkin. Ha, bu aynan sevgi tuygʻusidir! Uni boshqacha atasam, oʻzimni aldagan boʻlardim. Afsuski, men baxtli kunlari endi keladigan yosh bola emasman. Biz hozir shunday yashayapmizmi, demak, sekin harakat qilishimiz yoʻqotish bilan barobar. Kishining sevgilisidan uzoq masofada yashashi bu uning umuman yashamayotganidan dalolatdir! Xullas, Veronika, huzuringizga qarab uchyapman. Chorshanba kuni tushdan keyin soat kunduzgi beshlarda yoningizga yetib boraman. Agar tashrifim qaysidir jihatdan sizga malol kelsa, iltimos, darhol xabar qiling. Kuchli muhabbat va yuksak hurmat bilan Sizning Jeromingiz…”

Ayollar bunday maktublarni avaylab-asrab, oʻrab-chirmab ming yillab saqlashini u juda yaxshi bilardi. Maktub joʻnatilganidan rosa uch kun oʻtgach, Veronika uni aeroportda kutib oldi. Ayolni koʻrib Jerom hang-mang boʻlib qoldi. Odatda, xat orqali tanishgan ayollari unga yuborgan suratlariga qaraganda ancha xunuk boʻlishardi. Sababi, suratkashlar mijozlarini chiroyli koʻrsatish uchun bor hunarini ishga solishardi. Ammo Veronika yoshiga nisbatan juda goʻzal edi. Hatto, soch turmagi va qomati ham oʻziga juda yarashib turar edi. Yillar suroni uning chiroyiga soya sola olmagandi.

– Jerom! – dedi ayol.

– Veronika! – dedi bunga javoban Steyli.

– Menga xuddi uzoq ayriliqdan soʻng endi koʻrishib turgandekmiz, – dedi entikkanicha ayol unga qoʻlini uzatar ekan.

– Menga ham xuddi shunday tuyulyapti, sevgilim. Biz ilgari faqat mening orzularim dunyosida uchrashganmiz, – Jeromning ogʻzidan beixtiyor shu kalomlar chiqdi. Vaholanki, u umrida hali hech kimga bunaqa iliq soʻzlar aytmagandi. Eng qizigʻi, bu gaplar chin dildan aytilgan, samimiy soʻzlar edi. Ular taksida ketisharkan butun yoʻl boʻyi bir-birining qoʻllarini ushlab gaplashib borishardi. Veronika oʻziga tegishli boʻlgan xususiy mehmonxonadan Jerom uchun alohida qulay va shinam xona ajratib qoʻygandi. Jerom, albatta, Veronikaning iliq kutib olganidan mamnunligini yashirib oʻtirmadi. Ikki yil avval Edna vafot etgach, unga xotinidan 60 ming dollar meros boʻlib qolgan. Ammo hozir bu mablagʻ deyarli tugab boʻlgan edi.

– Hechqisi yoʻq. Har birimizga ham oʻtmishimiz bilan xayrlashish oson kechmaydi.

…Oradan ikki hafta oʻtdi. Steyli bu davr mobaynida ancha yoshargandek boʻldi. Qadamlari shaxdamlashdi, lablarida kulgi, koʻzlarida oʻt paydo boʻldi. Veronika biror yoqqa ketganida uning qaytishini sabrsizlik bilan kutardi. Bir oqshom italyancha restoranda shamlar yogʻdusida ovqatlanib oʻtirishganida nihoyat Veronikaga jiddiy tikilib soʻradi:

– Azizam, baxtimizdan baʼzan qoʻrqmaysanmi?

– Tushunmadim, – xayron boʻldi ayol. – Odam oʻz qoʻlida turgan baxtidan ham qoʻrqadimi?

Jerom gʻamgin jilmaydi.

– Men baxtliligimizni uylab, negadir baʼzan qoʻrquvga tushaman.

Veronika kulib yubordi.

– Ilgari buni payqamagan edim yoki yaqinda oila qurgan kishi qariy boshlaydimi?!

“Ehtimol, haqiqatdan ham yoshim taʼsir qilayotgandir”, degan gap oʻtdi xayolidan. Soʻng oʻychan ohangda dedi:

– Gʻalati-da, Veronika. Mening yoshimda kishining hayot tarzidagi har qanday, hatto yaxshi oʻzgarish ham unga taʼsir qiladi, shekilli. Xullas, bunga koʻnikish ham oson kechmas ekan. Veronika uni diqqat bilan tinglarkan, endi kulmadi, maʼqullagandek bosh silkib, idishidagi vinodan bir-ikki qultum ichar ekan, bu xususiyat yoshdan qatʼi nazar, koʻpchilikka xos, dedi. Koʻz ochib yumguncha oradan bir oy vaqt oʻtdi. Jerom endi oʻylanib qoldi, chunki bir oy odatda uning belgilagan eng oxirgi muddati edi. Ilgarigi maʼshuqalari bir oydan ortiq bir kun ham yashamagan edi. Yoʻq, adashmasa, ulardan biriga bu imkoniyat nasib etgandi. Uning ismi Matilda edi. Steyli oʻshanda oʻtkir tumovga chalinib, koʻrpa-toʻshak qilib yotib qoldi. Bemor odamning holidan kimdir xabar olib turishi kerak-ku! Shunda Jerom tuzalishi bilan Matilda narigi dunyoga ravona boʻldi. Veronika esa, mutlaqo boshqacha. U kundan-kunga gul-gulgun ochilib borardi. Oradan besh hafta oʻtsa hamki, Jerom undan xalos boʻlishga oʻzini majbur eta olmasdi. Ayol uning boʻydoqlik hayot tarziga aralashmas, bundan tashqari, shunaqangi mazali taomlar pishirardiki, ayniqsa, hech kim joʻja kabobni hatto tamaddixonalarda ham bunaqa ustalik bilan pishira ololmasdi. Baʼzan Jerom qizishgan payti: “Boʻldi, ertagayoq rejamni amalga oshiraman”, deb oʻziga-oʻzi soʻz berardi. Ammo ertasiga hech nima oʻzgarmasdi. Ular oʻrtasidagi oʻzaro yaqinlik, iliq munosabatlar choʻzilgandan-choʻzilib borardi. Musiqa tinglayotib yoki kitob oʻqiyotib, ulardan biri qandaydir fikrni aytib qolardi. Shunda ikkinchisi yaqinda men ham xuddi shu haqida oʻylab turuvdim, deb hayron boʻlardi. Ayni paytda esa eski odatlarini qoʻmsagan Steyli ozod, erkin, mustaqil boʻlishga intilardi. Shunday chogʻda uning xayolidan “Bukrini goʻr tuzatarkan-da”, degan oʻy oʻtardi. Goho oʻzini Veronika bilan qattiq bogʻlanmaganman, bu rishtalar ham boshqalari kabi hademay uzilib ketadi, deb ishontirmoqchi boʻlardi. Ammo tuygʻulari, sevgisi ham xavotiri kabi oshgandan oshib borardi. Oradan ikki oy oʻtdi.

“Bu hayotimning eng baxtli onlari boʻldi, Jerom, – deya tan oldi bir kuni Veronika. – Goʻyoki…”. Steyli gazeta oʻqishdan toʻxtadi: “Goʻyoki nima?”. Ayol bosh chayqadi: “Yoʻq, shunchaki, oʻzim. Bilasan-ku, baʼzan ayollar gʻalati kayfiyatga tushishadi… Aytgancha, bugun kechqurun konsertga boramiz, esingdami? Konsertda Motsartni ijro etishadi. Axir, Motsart jonu dilim!”

Jerom gazetani taxlar ekan, asta xoʻrsinib qoʻydi, chunki u ham Motsart simfoniyalarining shaydosi edi. Nihoyat, oradan moʻljaldagidan uzoqroq boʻlgan uch oy oʻtgach, Steyli endi qatʼiy harakat qilish kerakligini anglab yetdi. Aks holda, Veronika hech qachon joniga tegmas, ikkalasi bir umr birga ahil-inoq yashab oʻtishi mumkin edi. U Veronikani azbaroyi yaxshi koʻrgani uchun rahm-shafqat koʻrsatishga xarakat qildi, toki sevgilisi qiynalmay bu dunyoni tark etsin. Uxlaydi-yu, uygʻonmaydi, bundan ham osonroq oʻlim boʻladimi? Keyingi hafta ular yana konsertga otlanishdi. Bu gal Betxovenning musiqalarini tinglashdi. Ikkalasi ham bu bastakorning ashaddiy muxlisi edilar. Shu bois uzoq vaqt yaqinda eshitgan moʻjizakor musiqalari taʼsirida boʻlishdi. Jerom ana shu oqshom anchadan buyon oʻylab yurgan rejasini amalga oshirish uchun qulay fursat degan qarorga keldi. U zaharni oʻtgan hafta topib qoʻygan edi, hozir esa Veronika yuvinayotgan mahal choʻntagidagi zaharning hammasini vino toʻldirilgan idishga boʻshatdi. Veronika odatda uxlash oldidan asl musallasdan bir finjondan ichar edi. Yuvinish xonasidan uning xirgoyisi eshitilib turardi.

“Azizam, yaxshi koʻrgan musallasingdan ichasanmi?” – baland ovozda soʻradi Steyli. “Ha, mayli, konsert ajoyib oʻtdi, toʻgʻrimi, azizim?!”. “Ha, nimasini aytasan, musallas olib boraymi, jonginam?”. “Mayli, rahmat. Shoshma. Bugun ichmay qoʻya qolay, musiqadan mast boʻlganim yetar, nima deding?”

Bu javobdan negadir Jerom yengil tin olib, idishning qopqogʻini yopib, billur tiqinini tiqib qoʻydi. Axir, manfur rejasini amalga oshirishni yana bir kungina orqaga sursa, hech nima boʻlmas, bugun qanday baxtli kun axir! Ostonada tungi koʻylakda paydo boʻlgan Veronika Jeromga qarab kulib turardi.

– Ertaga joʻja kabob pishirib beraymi? – nozlanib soʻradi Veronika.

– Qaniydi, jonginam, – dedi Jerom idishni oshxona javoniga qoʻyar ekan. Yana yigirma toʻrt soatdan keyin hammasi tugaydi, u oʻzining qachondan buyon qoʻmsab yurgan odatdagi qari boʻydoqlik hayotiga qaytadi. Steyli shu xayollar bilan Veronikani oʻpib qoʻydi. Veronika ham oʻz oʻrnida shunday samimiy va qaynoq boʻsa bilan sevgilisiga javob qaytardi.

* * *

…Qabristondagi jazirama issiqdan soʻng mehmonxonaning salqin havosi unga juda yoqdi. Ammo nega ruhi soʻlgʻin, ichiga chiroq yoqsa yorishmaydi yoki xato qilib qoʻydimi, balki yoshi oʻtib borayotganining taʼsirimikan bu?! U bilan oralarida shunday samimiy yaqinlik bor edi-ya! Endi hammasi tugadi. Xayriyatki, Jerom hech qiynalmasdan jon berdi. Endi afsuslanishdan umuman foyda yoʻq. Biznes oʻz nomi bilan biznes. Undan koʻra, yangi tanishuv va yangi maktubni tezroq boshlashi kerak. Oʻtgan safargi maktubida yangicha fikrlar, yondashuvlar paydo qilgan edi.

“… Hayronman, – deya xayolidan oʻtkazardi Veronika yuzidagi azador qora toʻrini ochar ekan. – Ular men pishirgan joʻja kabobni bunchalik yoqtirishmasa?”. U oshxonadagi javondagi idishdan olib, oʻziga bir qadah musallas quyib, “Katta va keksa yoshdagi kishilar bilan tanishish” manzili orqali yangi xushtorlar bilan tanishish uchun yangi maktub yozishga kirishdi. Faqat tanishuv klubining nomi gʻalati-da, – mulohaza qildi Veronika finjondagi musallasdan hoʻplar ekan. – Ammo musallas ajoyib, faqat taʼmi xiyol oʻzgaribdimi…

Bu uning soʻnggi soʻzlari edi. Chunki Jerom kechqurun mayga solib qoʻygan zahar oʻz ishini qilgandi.

 

Ingliz tilidan Muqaddas ISMOILOVA tarjimasi

 

“Oila davrasida”dan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/zaharli-may/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x