Xolilla DAVLATNAZAROV
OQCHAKOʻL
Tarixing kuylasa ne-ne asrlar,
Sado bergay necha qoʻrgʻon-qasrlar,
Yozilib, aytilib koʻp taxmin-sirlar,
Ulugʻlab, dongʻingni yoygan Oqchakoʻl!
Zardoʻsht necha marta suzdi suvingni,
Kezib Sulton Vayis kabi togʻingni,
Turon-Turkistonda zahru bolingni
Qoraqalpogʻing ham totgan Oqchakoʻl!
Choʻl-sahrolar toʻnab koʻchu karvoning,
Qumday maydalandi umid-armoning,
Koʻrar koʻzimiding qadim daryoning,
Oqqushlar oshiq boʻp qoʻngan Oqchakoʻl!
Goho muz kurshanding hatto savrda,
Yashab koʻrding ne zamon, ne davrda,
Qizilqumlar chekkan oʻtli hovurda
Maysa-oʻlanlaring yongan Oqchakoʻl!
Noming balki oqcha bulutli osmondan,
Oqcha qordanmi yo aqcha sochgandan,
“Aqchaxon qalʼaday” mashhur dostondan
Yodgorlik boʻp meros kolgan Oqchakoʻl!
Suv bejo toʻlgʻonsa, mard dehqonlaring
Teng tortishdi zamon imtihonlarin,
Oq siynasin silab ne jononlarning
Muhabbat mavjida qolgan Oqchakoʻl!
Oʻtmishing bor moziylardan teranday,
Qoʻllovching qirq chilton – gʻaybul-eranday,
Oltin ivitilgan kumush zarangday,
Jamoling koʻz yogʻin olgan Oqchakoʻl!
Yurt uchun ham bir koʻrk oʻtmishning sasi,
Boʻstonga ilhomdir shu ovozasi,
Qoratovning qaraydigan koʻzgusi –
Oy misoli oppoq toʻlgan Oqchakoʻl!
Qat-qat kechmishingday qalin oʻy bosgan,
Ayozqalʼang – togʻlar bilan boʻylashgan,
Men ham senday sado bermay qolmasman:
“Xalqim! Ona Vatan!” deya Oqchakoʻl!
QANOTLAGIM KELAR QALDIRGʻOCH BOʻLIB
Yer-koʻk koʻp eshitgan, qancha koʻz koʻrgan,
Haqiqat hamisha tashbeh izlarkan,
Men ham koʻngillarga suluv soʻzlardan
Uya qurgim kelar qaldirgʻoch boʻlib.
Ipakday yumshoq soʻz, yoqimli yorni,
Muhabbat fasli deb goʻzal bahorni,
Shirin orzu-umid, sogʻinishlarni
Olib uchgim kelar qaldirgʻoch boʻlib.
Bagʻishlov baxsh etib otgan tonglarga,
Yukinsam, tabiat bergan ranglarga,
Qanoti qotmagan palaponlarga
Vaʼz oʻqigim kelar qaldirgʻoch boʻlib.
Qismat azobidan jonlar bezinib,
Nozik hislar qolsa giryon, ezilib,
Bir butun dunyoni yaxlit sezinib
Sayragim keladi qaldirgʻoch boʻlib.
Har neni bir tatib chirkillar chumchuq,
Qargʻa urmoqqa oʻch haromga tumshuq,
Shubhali luqmadan gard olmas chimdib –
Yashagim keladi qaldirgʻoch boʻlib.
Vaqt ila bahslashsa, umr karvoni,
Tanglayga taʼm bersa, baxtning zamoni,
Yonib-titrab yotgan oʻksik dunyoni
Qanotlagim kelar qaldirgʻoch boʻlib.
Qoraqalpoq tilidan Muzaffar AHMAD tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 2015–2
https://saviya.uz/ijod/nazm/yurt-uchun-kork-otmishning-sasi/