Yurt qoʻshigʻi

Ayolimiz aytadi, uyqungizda gapirib chiqasiz, deydi.

 – Nimani gapirib chiqaman? – soʻrayman undan.

Ayolimiz tayin bir nima deyolmaydi. Bir unday deydi, bir bunday deydi.

Chin, men uchun kecha-da bir boʻlib qoldi, kunduz-da bir boʻlib qoldi. Koʻzim ilindimi, boʻldi, tushimga bir nimalar kiradi. Uyqumda qayerlardadir nimalardir qilib yuraman. Tushimmi-oʻngimmi, bilolmayman. Kunlar oʻngimda qanday kechsa, uyqumda-da shunday kechadi. El bilan koʻrishib-soʻrashaman, gaplashaman, talashib-tortishaman, qah-qah urib kulaman. Keyin… yigʻlayman! Yigʻlab-yigʻlab… paxta teraman!

Yigʻlab koʻzlarimni ochaman. Tevaragimga qarayman. Koʻzlarimda yosh yoʻq boʻladi.

Ayolimiz bilan bolalarimiz pish-pish uxlab yotadi.

 – Bosinqirayapti, oʻng yonboshiga agʻdarilib yotsin, – deydi ayolimiz.

Oʻng yonboshimga burilib yotaman. Bu safar bir adirdan keta beraman, keta beraman. Adir oxiri koʻrinmaydi. Olislarga qarayman. Olislar yoʻq. Zim-ziyo. Dalalarga qarayman. Dalalar-da yoʻq. Oyoqlarim ostiga qarayman. Yer-da yoʻq. Oyogʻimni moʻljallab bosib, yerni izlayman. Yerni topaman.

Zulmatdan qutulish uchun soyga qarab enaman. Oyogʻim yerga tegmaydi. Zim-ziyo xonada salanglab qoladi. Zulmatda uchib ketaman. Uchib keta beraman, keta beraman. Qayerga tushaman, oʻzim-da bilmayman. Qoʻnim yer topolmayman. Ana endi oʻldim, deyman. Shunda, poyimda oʻrkach-oʻrkach qirlar, ulkan-ulkan toshlar qora beradi. Daraxtlar, suvlar rang beradi. Zoʻr berib daraxtlar uzra tushayin, deyman. Daraxt shoxlari tirnab tashlasa-da mayli, omon qolaman, deyman. Quchoqlarimni katta ochaman. Misoli suvda suzmishday, daraxtlar tomon talpinaman.

Oʻnqir-choʻnqir toshlarga “gurs” etib tushaman. Jonholatda toʻlgʻanaman. Tanam “zirq-zirq” etadi. Koʻzlarim ochilib ketadi. Bir boshqa boʻlib qolaman. Derazaga qarayman. Deraza oqarib kelayotgan boʻladi. Turib turolmayman, yotib yotolmayman. Bir tanim bu dunyoda, bir tanim oʻzga bir dunyoda yotganday boʻladi. Shunda… shunda bir nima shovillaydi. Sel boʻlib sel boʻlmaydi, musiqa boʻlib musiqa boʻlmaydi.

Bir vaqtlar kolxozimiz radiouzelchisi Qudratboy uyimiz devoriga maydagina radio osib qoʻydi. Radio sahardan yotargacha gapirdi, ashula aytdi. Avval-avval zigʻir moyday yoqdi. Keyin-keyin quloq-miyani yedi. Jonga tegdi. Bemahal qichqirar xoʻroz boʻldi-qoldi. Gapira beradi, ashula ayta beradi. Nomi ashula boʻlsa boʻldi, ayta beradi! El-yurtga yoqadimi-yoʻqmi, baribir ayta beradi! Bolalar ovozini pasaytirib qoʻyaman deb, bir-ikki marta devordan tushirib yubordi. Radio palagʻda boʻlib qoldi. Bor-e, dedim-da, omborxonaga otib yubordim. Shu bilan qulogʻim tinchidi-qoldi.

Oʻgʻlimiz omborxonani titkilabdi. Ana shu radioni topibdi. Binoyiday sozlabdi. Devorga osib qoʻyibdi. Bildim, ana shu radio shovullayapti!

Oʻy-xayollarim uchdi-ketdi. “Dik” etib joyimdan turdim. Apil-tapil kiyindim. Selday shovullash koʻnglimni ezib kela berdi. Shunday qaygʻuli shovullash, shunday koʻngilni vayron qiluvchi shovullash! Qaradim, ayolimiz sigir sogʻayapti. Ayolimiz oldiga bordim.

 – Ay, Oysuluv, biron katta-patta oʻlibdimi deyman, eshitayapsanmi? – dedim.

 – Kallai saharlab gapirgan gapini…

 – Chin-da, qara, bundayin kuyni motamda chaladi.

 – Koʻp gapirmasin, mol sut bermay qoʻyadi.

 – Boʻlmasa, esi joyida odam kallai saharlab shunday kuy chaladimi?

 – Radio har saharda shunday chaladi. Nafasini issiq qilsin.

 – Qara, koʻngilni yer bilan yakson qiladi-ya…

Armiyadaligimda bizni Suzdal degan shaharga sayohatga olib borishgandi. Juda bir hashamdor qasrga olib kirishdi. Shunda, mungli aytib yigʻlash eshitgandim. Bir toʻda ayol dimogʻida aytib yigʻlardi.

Bizni ergashtirib yurgan ayol tushuntirib berdi. Aytishicha, Pyotr I degan oʻris podsho Rossiyada qayta qurish boshlabdi. Uning Lopuxina degan ayoli bor ekan. Shu ayoli hadeb podsholik ishiga aralasha beribdi, aralasha beribdi.

Shunda Pyotr I senmi hali erkaklar ishiga aralashadigan, debdi-da, ayolni Suzdaldagi oʻsha monastirga surgun qilibdi. Sochlarini tag-tugi bilan qirib tashlanglar, deya farmoyish beribdi.

Podsho farmoyishiga binoan, ayolning sochlarini pakki bilan qirib tashlabdilar! Suzdallik ayollar podsho ayoli holiga achinib, aytib-aytib yigʻlabdi. Oʻshandan buyon monastirga tomoshaga kelguvchilarga ana shu aytib yigʻlashni eshittirib turar ekanlar.

Men oʻylay-oʻylay, ana shu aytib yigʻlashni esladim. Hozir eshitayotganim… oʻsha aytib yigʻlashga juda-juda oʻxshab ketdi!

Shovullash yurakni ezgandan-ezdi. Koʻngilga qaygʻu soldi. Koʻngilga tahlika soldi.

 – Nimaga anqayib qoldi? Borsin, yuz-qoʻlini yuvsin. Nima, dunyoni endi koʻrayaptimi? Radio har saharda chaladigan soz-da.

 – Unda, nimaga men eshitmaganman?

 – Bu kishi qayerdan eshitadi, tong yorimay dalada boʻlsa…

Shovullash orasidan ovoz keldi:

…Serquyosh oʻlkada koʻrmasdik ziyo,

Daryolar boʻyida edik suvga zor…

Endi bildim, oʻylab-oʻylab topdim. Bu oʻzimizning el-yurt qoʻshigʻimiz boʻldi…

Uyquni yarim oʻlik deydilar. Odam tong saharda uyqusirab turadi. Dunyoni endi koʻrayotganday boʻladi. Dunyoga uyqusirab qaraydi, bosinqirab qaraydi, iltijo bilan qaraydi. Dunyodan najot istaydi. Dunyodan ilinj istaydi…

Dunyo tagi oqarib-oqarib kelaberadi.

Tong yellari yuzlarni silaydi. Tan-jonni huzurlaydi. Koʻngilni toʻldiradi. Koʻzni toʻydiradi.

Dunyo shunday bir vaqtda… tong deya atalmish xushroʻy bir vaqtda… birov qaygʻuli ashula aytib boshlasa nima boʻladi? Odam uyqudan uygʻonganlariga pushaymon boʻladi! Koʻngil tunday biryon boʻladi! Tong – tun boʻladi!

…Serquyosh oʻlkada koʻrmasdik ziyo,

Daryolar boʻyida edik suvga zor…

Radio el-yurt qoʻshigʻini aytayaptimi, yo aytib yigʻlayaptimi? Aytib yigʻlasa, nima deb yigʻlayapti? Ay, Dehqonqul, boya olam zim-ziyo edi, qop-qora tun edi, sen yorugʻ shuʼlaga zor eding, qultum suvga tashna eding, xokisor eding. Ana, endi tong berdim, endi senga suv berdim. Bor, endi meni sharafla-da, endi meni ulugʻla-da, olti million tonna paxta terib ber, deya aytib yigʻlayaptimi?

Qaysi bir yili Termizga bordim. Bekatda oʻgʻlim bilan avtobus qarab qoldim. Somsa olib yedim. Shunda bir burchakdan qoʻshiq eshitildi. “Yalt” etib, qoʻshiq eshitilmish tarafga qaradim. Bir boʻzbola magnitofon qoʻydi. Odamlar lash-lushini koʻtarib, qoʻshiq oldiga borib turdi.

Somsani qogʻozga oʻrab, men-da qoʻshiq oldiga bordim. Magnitofon tevaragini odam bosdi. Qoʻshiq eshitib maza qildim. Ammo soʻzlarini tushunmadim. Boisi, qoʻshiq bir ajnabiy tilda boʻldi. Oʻzimcha, ishq – koʻngil qoʻshigʻi boʻlsa kerag-ov, deya oʻyladim. Boisi, qoʻshiq koʻnglimga zigʻir moydek yoqdi. Yaxshilab eshitib olayin deya, somsamni yemay turdim. Boʻzbola magnitofonini qoʻltiqlab joʻnadi. Somsaxonaga bordi. Magnitofonini devorga suyab qoʻydi. Oʻzi panjaraga suyanib, somsa yedi. Oʻgʻlimni ergashtirib, boʻzbola ketidan bordim. Boʻzbola tagʻin magnitofonini qoʻltiqlab joʻnadi. Suvxona oldiga keldi. Magnitofonini suvxona peshtaxtasiga qoʻydi. Bir qoʻlini beliga tirab suv ichdi. Bir menmikan desam, boshqalar-da qoʻshiq ketidan ergashib keldi.

Qoʻshiq nihoyaladi. Birov boʻzboladan: bu qanday qoʻshiq, deya soʻradi.

Boʻzbola yelka qisdi.

 – Otini bilmayman. Afgʻoniston gimni, – dedi. – Ahmad Zohir aytadi.

 – El-yurt qoʻshigʻi deysiz-da?

 – Shul-shul!

Xayolimga oʻsha qoʻshiq keldi. Qoʻshiqni deb, begona boʻzbola ketidan ergashib yurganlarimni esladim.

Gap ochilib qolsa… afgʻon hamsoyalarimizni kamsitamiz. Qoloq deya burnimizni jiyiramiz. Osmondan kelib kulamiz! Ana, el-yurt qoʻshigʻi qanday boʻladi!

Tong saharda el-yurt uzra shunday bir qoʻshiq taralsa… El-yurt qoʻshigʻida yurtimiz suvrati boʻlsa… elimiz ruhi boʻlsa… el-yurt sozi boʻlsa… el-yurt qoʻshigʻini eshitib, odam yashagan sayin yashagisi kelsa… paxta tergan sayin tergisi kelsa…

El-yurt qoʻshigʻini eshitib, ajalga-da borsa odam.

 

Togʻay MUROD

https://saviya.uz/ijod/nasr/yurt-qoshigi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x