Vatanni sevmoq iymondandir, deyiladi hadislarda. Aslida hamma insoniy tuygʻularning ibtidosi ham ana shu muqaddas mehrdir, muhabbatdir. Yaqinda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Akademnashr” nashriyotida chop etilgan “Seni yaxshi koʻramiz, Oʻzbekiston!” kitobi ham shunday goʻzal tuygʻular tajassumiga bagʻishlanadi.
Ahamiyatli jihati, unda yosh ijodkorlarning publistik maqolalari jamlangan boʻlib, har biri ona yurtga boʻlgan mehrdan, oqibatdan soʻz ochadi. Yigirma yetti nafar yigit-qizning maqolalari joy boʻlgan kitobni varaqlab turib, tenqurlarning dadilligini, shiddat ingan qalamlarining ravon yoʻlga intilayotganini payqaysiz.
Soʻz qadrini, qudratini anglashga, soʻzining uddasidan chiqishga chogʻlangan publitsistlarning intilishlari sizda ham havas uygʻotadi. Ular eng muazzam tuygʻu – ona Vatan timsoli haqida yoshlikka xos samimiy, begidr, muhimi, rost soʻzlaydi. Mutolaa chogʻida siz chang koʻchalarda toza xayollar surguvchi qishloqi bolakayning “Ota, mustaqillik nima oʻzi?” deb angrayib turishini (“Istiqlolnoma”), musofirlikning taxir taʼmini totib, oʻz oʻlkasiga qadam bosgach, “Xayriyat!” degich tolibaning (“Men senga suyangayman”), harbiylikka otlanib, vatanparvar boʻlgan alp yigitning izhorini (“Adirga toʻkilgan tosh”), istiqlolning ilk kunlaridagi qiyinchilik pallasida zogʻorayu makkajoʻxori unidan yopilgan nonga qanoat qilgan kattalar qatori kichkintoylarni (“Eng shirin non”), azim Surxonning Sangardagida bir paytlar urushga ketgan yuz yigitning ortga qaytmagani uchun togʻlar va burgutlarning-da boʻzlashini (“Mening togʻlarim”), toʻy-maarakaga eshak-otda emas, endi zamonaviy ulovlarda borayotgan chollarni (“Manglayi yarqiragan xalq”), bemehr odamlardan choʻchib yuqorilab borayotgan lolalarni (“Ota uy”), uylanishdan gap ketsa otasidan uyaladigan boʻz yigitni (“Qalbda ungan chechaklar”), Choʻlpon yulduzining shuʼlasida yopib olingan sutli nonni (“Yoʻl qarayotgan kishi”) koʻrgandek, totgandek, uchrashgandek boʻlaverasiz. Yaʼnikim, bu qadrdon goʻshalar siz tugʻilib oʻsgan qishloqqa, mahallaga, kentga juda oʻxshash, balki bari bir butun Oʻzbekiston boʻlganligi uchun shunday tuyular. Ixcham va loʻnda tasvirlar, manzili aniq goʻshalar, kengfeʼl, jaydari odamlar, oʻzbekka xosligi bilan faxrlansa arzir fazilatlar, bularning bari sizu bizni bir nuqtada – Vatan degan makonda birlashtirishi bilan suyukli va oʻqimishlidir.
Toʻplamda “Tuproq isi”, “Mangu qoʻshiq”, “Dunyoga boʻylashgan oʻzbek oʻgʻloni”, “Meniki”,”Oqimga aylanayotgan oqin”, “Usta boboning davroni”, “Navoiyning hayratomuz ixtirolari”, “Quyoshday mehribon vataning – onang”, “Kadr ortidagi inson hayoti” singari maqolalarning real voqeabandligi, tilga olingan qahramonlarning el-yurt mehrini qozonganligi, muallif fikrining samimiyligi eʼtirofga munosib.
Oʻqish jarayonida goh Jizzaxni, gohi Qashqadaryoni, vodiyning soʻlim maskanlarini, umuman ona oʻlkamizning turfa manzillarini kezib chiqasiz. Koʻngli dalasidek keng kishilar bilan uchrashasiz, onangizga oʻxshab ketadigan, nigohi yorugʻ ayollar bilan dillashasiz. Yuragining urushi yaylovdagi samanning dupuridek oʻynoqi, orzumand bolakayni ukangizdek erkalaysiz, boshini silaysiz. Har bir yozilmish tasavvur kengliklari aro yetaklab, sizni shu xoksor tuproqqa yanayam yaqinlashtiradi. Oʻzi emas, soʻzi yodda qolarli boʻlib borayotgan, adabiyot maydonida oʻrnini topib ulgurayotgan tengdoshlaringizning yutugʻidan, quvonchidan baxtiyor etadi.
Toʻplamga soʻzboshi yozgan Oʻzbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo aytganidek, bu bitiklar “Navqiron qalb izhori”dir. Chindan ham, bu navqironlik ustozlar daldasidan, oʻzaro birodarlik tutumidan, istiqlol yaratiqlaridan boʻy olgan, taft olgan erka izhorlardir.
Nargiza ASADOVA
“Ijod olami”, 2017–3
https://saviya.uz/hayot/nigoh/yurt-haqida-erka-izhorlar/