* * *
Koʻnglimning qachondir oʻtgan bogʻida
Yuzma-yuz turadi ikkita soya,
Tumanlar toʻzgʻiydi soʻlu sogʻida.
Bu ikki koʻlkaning beun “oh”ida
Shom chogʻi ayriliq topmoqda voya.
Yuzma-yuz turadi egib boshlarin,
Dardda ado boʻlgan bori soʻzlari,
Tumanga… Tumanga choʻkkan koʻzlari.
Koʻnglimning qachondir oʻtgan bogʻiga
Qarasam, toʻkilar koʻzim yoshlari.
Xotirdan ketmasmi u shom chogʻlari,
Ey sen, taqdirini olisda yoqqan,
Ey sen, yuragimda otashli oqqan?
To hanuz shovullar koʻnglim bogʻlari,
Yoshlarimni arta boqqanim-boqqan.
Yoz. Tungi dovul
Falakdami shovullar daryo?
Guldirakmi bong urgan? Dobil?
Bogʻ-rogʻ ila chayqaldi dunyo,
Qaydan yetdi bu telba dovul?
Oʻq yedimi, beli sindimi,
Qarsilladi qaydadir daraxt.
Uyasiga qazo indimi,
Bir shoʻrlik qush qichqirdi karaxt.
Ezgʻilanib qoldi yulduzlar,
Devorga bosh urdi tun vahmi.
Bogʻni mahkam tutdi ildizlar,
Yerga singdi qoʻrqinchning sharhi.
Voh, mevalar! Tap-tap toʻkildi.
Shoʻrlik olma. Bechora oʻrik.
Uvvos tortib shiddat oʻkindi,
Layli tollar sochlarin oʻrib.
Chiroq oʻchdi. Yiqildi zulmat,
Bogʻ toʻrida toʻzgʻigan uyga.
Men turibman zulmatga qarab,
Ruhim tartib bermoqda kuyga.
Saflamoqda soʻzlarni ohang,
Koʻnglimda kuch ortar – behadik.
Nima qoldi bu toʻpolondan,
Qogʻozdagi mutanosiblik?
* * *
1
“Bir yoqlarga ketmaymizmi?” – dedi ayol.
“Qayoqqa?”
“Bi-i-ir yoqlarga…”
“Bir yoqlar qaysi tarafda? – dedi erkak.
– Nomi bormi bir yoqlarning?
U yoqlarga qanday borsa boʻladi?”
“Bilmayman, – dedi ayol.
– Faqat bir yoqlarga ketgim kelgani-kelgan
Siz bilmaysizmi oʻsha yoqlarni?”
“Bir yoqlarni men qaydan bilay?
Sen oʻzing bilasanmi bir yoqlarni?”
Xoʻrsindi ayol.
Javob bermadi.
Faqat
uzoqlarga tikildi gʻamgin.
Soʻng ketdi.
Qaytib kelgani yoʻq.
Ehtimol,
bir yoqlarga ketib qolgandir.
2
Erkakning esa
endi
tunlari bedor,
“uh” tortgani-tortgan;
bogʻlarda
yolgʻizgina kezgani-kezgan;
koʻngli bilan
suhbat qurgani-qurgan;
hoʻngrab yigʻlagisi kelgani-kelgan…
Xullas,
bi-i-ir yoqlarga
ketgisi kelgani-kelgandir
erkakning.
Bir yoqlar esa
sogʻinchga aylangan:
xuddi oʻsha ayolday
sogʻinchga aylangandir.
Ballada
Sovuq. Oʻkirdi boʻron.
Sovuq. Uvladi boʻri.
Togʻu dashtda izgʻirin –
Jonivorlarning shoʻri.
Shamollar mast jar tushar
Tangimushning qirida:
Togʻu dasht ayqash-uyqash
Oʻraldi bir-biriga.
Vahima bosh koʻtardi,
Jonlarga kirdi toʻfon:
Qochib joʻnadi kiyik,
Qochib joʻnadi quyon.
Tulki izidan tushdi,
Oʻqday otildi boʻri.
Zafar kimniki boʻlar,
Quriydi kimning shoʻri?
Oʻtovdan esa baxshi
Kuylab qoldi nogahon:
– Qoʻshiq! Azobing yaxshi!
Tiqildi boʻgʻzimga jon!
Gʻaygʻayla! Koʻtar avjni!
Barcha eshitsin – koʻtar!
Qochgan oʻtar dunyodan,
Hatto quvgan ham oʻtar.
Zoʻravonlar oʻtadi,
Qoʻrqoq oʻtar muqarrar…
…Baxshining qoʻshigʻini
Eshitmaydi hayvonlar.
* * *
Meni mudom taʼqib etgani etgan
Hushimdagi roʻzgʻor, tushimdagi uy.
(Uni qulflab kimdir qaygadir ketgan.
Ichkarida senmi, eshikni chertgan?)
Yuragimda esa izillagan kuy,
Jonim esa… Jonim boʻgʻzimga yetgan!
Tushimga kiradi har tun shu poʻyo,
U uy tegrasida kezaman sarson.
Eshikni qulfladi qay makkor riyo?
Qulf uyda sen borsan, sen borsan, goʻyo
Eshik ochilmaydi endi hech qachon.
Hushimda, tegramda kezadi roʻzgʻor,
Har xil yumushlarda ezadi roʻzgʻor,
Ammo sen asirda – jonim chatnaydi.
Sinchkov nazarimdan bezadi roʻzgʻor.
Uning choʻntagida, axir, kalit bor,
Hech qachon bu sirni menga aytmaydi.
Aytmaydi, o, balki, esiga tushmas,
U shoʻrlik oqsochdir, tinmaydi birpas:
Qoʻllari kosovdir, sochi supurgi.
Ranglari oʻnggandir, ranglari oʻnggan,
Tushlarin yoʻlini tashvishlar koʻmgan,
Qarasam, boʻgʻzimga kelar oʻkirgi.
Har kecha tush sari sudrar kajraftor,
Eshikni urasan takroru takror,
Uygʻonib ketaman, beun faryoddan.
Boshimda zahmatdan koʻzi yosh roʻzgʻor
Yuzlari oqarib turadi abgor,
Yoʻqotgan! Kalitni shoʻrlik yoʻqotgan.
* * *
Chaqmoq qulochlab urar osmon nogʻorasini,
Oʻtloqda ming oyoqlab, yomgʻir tushadi raqsga.
Havoning ilma-teshik koʻrinmas tanasini
Dovul silkiy boshlaydi juda asabiy tarzda.
Qushlar gʻoyib boʻladi, sharaqlaydi darvoza,
Ajdarhoday uchadi antennalar tom osha.
Qarshingda besoʻz turgan muhabbat beovoza,
Ketmoqchi edi, axir! Bu qanaqa tomosha?
– Qol! – desangchi! Aytsangchi: – Yomgʻirda boʻlasan hoʻl.
Yoʻllarni sellar oldi, koʻpriklar ketdi oqib.
Aytsangchi: – Yuragimda sukutimdan soʻzlar moʻl,
Soʻzlarimning hammasin sendan olganman yoqib.
Gulduraklar portlaydi, chaqmoqlar yorilar mast,
Osmon qulab tushadi yuragu bogʻ ustiga.
Ustu boshi shalabbo, yepy falak aralash,
Muhabbat ketib borar, armon boʻlish qasdida.
Toshlarni-toshga urib, qarsillar qaydadir sel,
Havolarda taralar togʻlik giyohlar boʻyi.
Muhabbat ketib borar. Bir soʻz topolmaysan, sen,
Ammo oʻq yegan kabi nogoh oqarar roʻying.
Tabiat esa bu dam otar meʼyorni yechib:
Chaqmoq ustiga chaqmoq, jala ustiga jala.
Muhabbat ketib borar, yomgʻiru loyni kechib,
Ketib borar bahorsiz bir dunyoni qoralab.
Nogoh tinadi yomgʻir. Koʻkda qalqir kamalak.
Daraxtlardan tomchilar hali tomar tinmaydi.
Shivirlaysan: – Olisdan koʻrinib tur, muhabbat.
Oʻlganingni, azizim, hali taqdir bilmaydi.
Farrosh
Koʻp mehnatkash bu farrosh ayol,
Allaqanday maʼyus, gʻamboda.
Xizmatini bajarar halol,
Qoʻli tekkan narsa – ozoda.
“Durrasini boshiga tangʻib,
Tongda kelib, kirishsa ishga,
Ishxonada tozalik anqib,
Koʻngillarni chorlar yumushga.
Koʻzdan qochgan chet sohalarga
Uning oʻzi koʻngilli oqsoch:
Kotibalar yoʻq xonalarga
Choylar damlab ulashar quvonch.
Rahmatlarni tinglaydi beun,
Besoʻzligi barchaga maʼqul…
…Qoʻllarida qaysidir bir kun
Paydo boʻlar yolgʻizgina gul.
Antiqa gul! Goʻzal! Anvoyi!
Goʻyo Mone tanlaganday rang.
Tuman ichra gulbarglar yoyib,
Koʻk tusida shundoq ochilgan.
– O! Qanday gul! Chiroyli ekan! –
Odamlarning yuzi yorishar.
Farrosh ayol koʻzidagi gʻam
Nim tabassum nurga qorishar.
– Kimdir sizni sevadi behad! –
Hazilkashlar koʻtarar gʻavgʻo.
U uyalar, kular bejurʼat:
– Sovgʻa! Sovgʻa! Shunchaki sovgʻa!
Soʻng yumushlar yutadi uni,
Changlar arir stol, javondan.
Bugun uning tugʻilgan kuni
Gulni sotib olgan doʻkondan.
* * *
Nechun hech kim ocholmas
Dardim eshiklarini,
Koʻnglimning imorati
Qay baland bogʻda barpo?
Doʻst! Yuksalgin! Joʻr boʻlgin!
Kuzning qoʻshiqlarini –
Soʻnggi avj bahrlarda
Birga etaylik ijro!
Kuzning yuksakligida
Xazon ichra bir oʻzim,
Xat yozsam ham kelmaysan,
Eshitmaysan yigʻlasam.
Yoʻlingda ikki koʻzim,
Yoʻlingda ikki koʻzim,
Boray desam, bu kuzdan
Chiqish yoʻlin bilmasam.
Usmon AZIM
“Sharq yulduzi” jurnali, 2017–2
https://saviya.uz/ijod/nazm/yuragimda-sukutimdan-sozlar-mol/