Yulduz kabi jimirlaydi jon

 YOLGʻIZLIK HOLATLARI

 

Bahori mo guzashti,

guzashti, ho guzashti

(Qoʻshiqdan)

 

Olis boʻsalarning soʻnik qoʻriga

yurakni tutasan. Ilimaydi hech.

Buvingning arvohi uzoq qoʻrigan

tushlar halovatin yoʻqotding bu kech.

 

Daraxtday jussangdan toʻkilar xazon.

Xuddi choʻkayotgan kemaday bu kun –

sendan qocha boshlar umidlar – azob,

ezib borar umidsizliklar yuki.

 

Hayot bilganini qildi, bagʻringdan –

Gulni yulib oldi soʻramay qay kun…

Mashriqdan keldimi, Magʻribdan –

bu balo? Gʻaflatdan kech uygʻonadir

va sovuq qotadi yuraging – yupun…

Xotira oʻtinday tutab yonadi…

 

GUNOHSIZLIK

Maʼyus tabassumingda

men qilmagan gunohlar bir-bir

jilvalanar shikasta, ayanch.

 

Qaroqlarga qalqib chiqmagan

bir tomchi yosh

boʻgʻzimga tiqilar xoʻr-siniq boʻlib,

boʻgʻzimni tiladi baxt siniqlari.

 

Kimdir gunohidan tavbalar qilsa,

men qilmagan gunohim uchun

tiz choʻkishga turibman tayyor…

 

Lekin

gunohsizlikni

na sen kechirasan,

na – Parvardigor.

 

* * *

Hasrat alyor qilib aytilar bu kun,

Qargʻishning oti ham endi maqtovdir.

Talangan karvonday qolmagan yuki

Soʻzning ham. Lekin shu holicha yovdir.

 

U senga, u menga, u hammamizga,

Koʻngil dushmanligi yetmagandayin.

Yurakdan soʻz boʻlib borliqqa sizgan

Har bir his aygʻoqchi – sotishi tayin.

 

Soʻz sotar, koʻz sotar, doʻstlar sotadi,

Jonim, xaridoring koʻp boʻldi buncha?

Bugun qargʻish qolib, maqtov botadi.

Gʻam qolib, alyorlar ezadi tamom,

Bu el – gullolmagan bagʻri qon gʻuncha.

Dardin alyor qilib kuylaydi hamon…

 

ENDI

Endi eshiklardan qadaming uzding,

Na doʻst, dushman sari odim otasan.

Imoratday hayot tarzini buzding:

endi na yerga, na koʻkka botasan.

 

Koʻngil oynasiga termulasan jim,

darz yegan joylari boradi ortib,

Endi koʻrinadi na doʻst, na gʻanim –

ularni vaqt bir-bir olmoqda tortib.

 

Hayot har narsaga koʻndirib borar,

uyda yoniq qolgan chiroqlardayin

umidlarni bir-bir soʻndirib borar.

 

Endi armon hayot izmida emas,

vaqt malham boʻlolmas, vaqt oʻtgan sayin

ichingni kemirar – gʻamingni yemas.

 

 

KUTILMAGANLIK

U ayolday keladi, kelsa,

Muhabbatday kelar dafʼatan.

Gulday kelar shafoat qilsa,

U hech qachon kelmaydi atay.

 

Yana neday kelsin, aytingiz,

Xushxabarday kelsinmi kulib,

Yo kelsinmi uyda paytingiz

Adashgan bir itdayin ulib,

 

Toʻlov qogʻoziday bir kuni

Yo pochtadan kelsinmi sizga,

Yo zamindan chiqsinmi unib

Gul singari – berguday qizga.

 

Umidsizlik kabi tunlari

Kelsinmi u birdan choʻnglanib,

Ajinaday chalib munglarin,

Goh soʻllanib, gohi oʻnglanib?

 

Tushingizga kirsinmi yoxud

Kelar kundan karomat boʻlib,

Yoki bichib qoʻysinmi Oxund

Qoshingizga yoʻlamas qilib?

Oʻsha omad boʻlsa-chi agar,

Baxt boʻlsa hech boshga qoʻnmagan,

Boʻlib ham boʻlmasa chakana

Va yo umid boʻlsa sinmagan?..

 

Jonga tegar ikkilanishlar,

Yoʻl bermaydi tayyorgarlikka.

Koʻngildagi gumonlar nishlar,

Unib chiqa boshlaydi tikka.

 

U quyoshni koʻrmagan hali,

Yurakka ham sanchilmas uncha.

Yaxshilikmi – bilsaki baliq,

Koʻzmidi – qaytarsa koʻzmunchoq?

 

Sheʼrmidiki, qogʻoz koʻtarsa,

Dardmidiki, koʻngil ermagi,

Tigʻmidiki, jondan oʻt(ar)sa,

Tasodif izmiga yurmagach?..

 

Muvozanat posangisini

Javobi yoʻq savollar buzar.

Hayot zayli osonginami,

Javobsiz ham yashasang uzoq?

 

Gir aylanang – kutilmaganlik,

Kelganmikin, bor emasmidi?

Kelgan boʻlsa, u qay makonlik,

Bor boʻlsa, bir soʻz demasmidi?

 

TUN QUYUQ

kuy kabi

tutun kabi

achchiq va quyuq tun

 

munojot qoplaydi borliqni

 

yulduz kabi jimirlaydi jon

orqaga tortib ketadi yurak

yonarqurtday milt-milt qilib qochadi xayol

kunduz qoldigʻi

 

muhabbat yongʻini yalab oʻtganday

vahimali tun

quyuqlashib borar boʻm-boʻshlik sari

boʻshliq quyuqligi

yigʻlanmagan koʻzyoshlarning oʻrnin toʻldirar

 

tun quyuq

boʻshliq toshga aylanar

bagʻir

bagʻir Toʻnyuquqning qabr toshidir

kuy bagʻirni kesib oʻtadi

kuy kesgan bagʻir

toʻlmaydi

 

tunning quyuqligi ham

kuy kesgan joydan

toʻkiladi shovullab

 

koʻngil suvning tubida yotgan

tubsiz idish

 

uning boʻm-boʻshligini

tunga botib turgan kezlar sezib boʻlmaydi

 

achchiq va quyuq tun

 

 

VA HAKOZO…

 

*

U yuvib oladi gunohlarini

onasining koʻzyoshi bilan…

 

*

Suyak surar… taqdir ham.

 

*

Soʻnggi yaproq kabi osilib turar

vujudda yurak –

yupun umid.

 

*

Vaqt kun boʻlib,

koʻzyoshlar boʻlib,

qocha boshlar vujuddan,

armon esa – tuzalmaydigan xastalik tashxisi.

 

*

Xudo bilan mening oramga

suqilib turadi tinmay birovlar.

*

Har bir aytgan soʻzim oʻzimga

keltirgan shak boʻlar.

Odam qilsa,

shak meni bir kuni odam qiladi.

 

*

Tushlarimda uchmay qoʻydim soʻnggi kunlarda,

oyogʻimga toshday osilar

gunohsiz kunlarning yengil zalvori.

 

*

Yozilmagan sheʼrlar gunohi

qandoq yuvilar?

 

*

Sen ayolga berolmay qolib

ketgan baxt

yurakning qay chekkasidadir

azob berib, achchiq simillar.

 

*

Koʻngil bu kecha ham uyda yotmadi.

 

*

Armonlar zirqirar tish ogʻriqdayin…

 

*

It hurar, karvondan darak yoʻq, ammo…

 

*

moylanmagan oshiq-moshiqday

tovush gʻijirlaydi

tishlar orasidan toʻkilar

shovullab…

 

*

Hislar takrorini yengib yashamoq,

ism topib bermoq har qalqinishga,

idragan dunyoga sheʼr bilan yamoq

solmoq mashaqqatin koʻr talqiniga

ishonib yashaydi devona yurak…

 

FAXRIYOR

 

“Yoshlik”, 2014 yil 7-son

https://saviya.uz/ijod/nazm/yulduz-kabi-jimirlaydi-jon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x