XIX asr boshlarida Londonda bir yosh yigit kelajakda yozuvchi boʻlish ishtiyoqi bilan yonib yashardi. Taqdiri va atrofdagi barcha narsalar orzusiga erishishda toʻsiq boʻlishi uni tashvishga solardi. Buning yana bir sababi otasi qarzlarini toʻlay olmagani tufayli qamoqqa mahkum qilingan edi.
U toʻrt yilgina maktabga qatnab, toʻliq savod chiqarmagan boʻlsa-da, hayot qiyinchiliklari va qashshoqlik mashaqqatlarini juda yaxshi bilardi. Koʻp sargardonliklardan soʻng nihoyat, ishga joylashadi. U kalamushlar makon qilgan omborxonada, oʻziga oʻxshagan ikki faqir doʻsti bilan qadoqlangan ichimlik suvga yorliq yopishtirar, tunlari charchoqning zoʻridan duch kelgan joyda uxlab qolardi. Bir necha yillar hayoti hech qanday oʻzgarishsiz shu tarzda davom etdi. Shunga qaramasdan, u soniyalarni ham bekor sarf qilmadi. Biroz boʻsh boʻlgan vaqtda qogʻoz-qalam olib nimalarnidir qoralab qoʻyardi. Biroq oʻzida yozuvchilik qobiliyati borligiga ishonmasdi va qoʻlyozmalarini tahririyatga bermasdi. Odamlar ularni oʻqib, kulishlaridan choʻchirdi. Nihoyat, u bir hikoyasini tahririyatga yuborishga jazm qildi. Afsuski, tahririyatdan salbiy javob oldi. Bu holat yana bir necha marta takrorlansa ham, u toʻxtamay, yozishda davom etaverdi.
Bir necha zoye ketgan urinishlardan soʻng uning omadi chopdi. Qoʻlyozmalaridan biri qabul qilindi. Buning uchun unga hech qanday haq berilmadi, lekin bosh muharrir uni maqtab, samimiy tilaklar bildirdi. Choʻntagida bir miri boʻlmasa-da, hayajon, sevinch yoshlari bilan u yettinchi osmonda sayohat qilardi. Uni oz boʻlsa-da, shaʼniga aytilgan yoqimli soʻzlar yanada qattiq ishlashga undardi. Qilgan mehnatlari sarob boʻlmagani quvontirardi. Ana shu hikoya uning hayotini tubdan oʻzgartirib yubordi. Balki muharrir qilgan mehnatini yaxshi baholamaganida bu yigitcha umrini shisha idishlarga yorliq yopishtirib oʻtkazarmidi?
Bugun esa dunyo oʻsha nochor bola — Charlz Dikkensning faqirlikda yozgan kitoblarini sevib mutolaa qiladi. Uning «Rojdestvo qoʻshigʻi», «Jorj Edmunsning qoʻshigʻi», «Kichik Nellsning dafn marosimi» kabi kitoblari nashriyotlarga millionlab foyda keltirgan.
Ingliz tilidan Behzod HAMIDXOʻJAYEV tarjimasi
“Oila davrasida” gazetasidan olindi.
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/yozuvchiga-aylangan-qashshoq-bolakay/