Sayohatchining ertagi

Charlz DIKKENS

 

Qadim-qadim zamonlarda bir sayohatchi boʻlgan ekan. U bir kuni oʻzicha gʻaroyib kechadi, deb taxmin qilgan sayohatga otlanibdi. U yoʻlga chiqish oldidan safar olis boʻladi, deb oʻylagandi. Biroq yarim yoʻlni bosib oʻtgach, yoʻl unga juda qisqa koʻrina boshladi.

U dastlab, ajoyib bir bolakayni uchratdi.

— Nima qilyapsan? — soʻradi u bolakaydan.

— Oʻynab oʻtiribman. Men bilan oʻynang!

Bolakay bilan tongdan tungacha oʻynadi, bu juda qiziqarli edi. Moviy osmon, yorqin quyosh, yashil barglar, goʻzal gullar, sayroqi qushlar, koʻplab kapalaklar bor ediki, bundan ortigʻini tasavvur etib boʻlmasdi. Havo ham juda yoqimli edi. Yomgʻir tomchilaganda uning musaffo isi atrofni tutib ketardi. Shamol esganda esa uni tinglashar va u oʻz uyidan turib nima deyayotganini tushunishga urinishar, u gʻuvillagancha oʻzidan qora bulutlarni ortda qoldirib, daraxtlarni ogʻdirib, quvurlarni taraqlatib, uylarni chayqatib, dengizlarni toʻlqinlantirib ketardi. Hammasidan ham yaxshisi, qor yoqqanda boʻlardi. Sababi, pagʻalab yogʻayotgan qor parchalarini kuzatish yoqimli edi, momiq qor zarralari millionlab oppoq qushlarning ustiga yogʻilardi. Qor uyumlari shunday yumshoq va tiniq ediki, bunday sukunatda yoʻldagi gʻarch-gʻurch qadam tovushlari yoqimli eshitilardi. 

Bolakayda dunyodagi eng gʻaroyib oʻyinchoqlar va suratli kitoblar bor edi. Ayniqsa, «Qilich va salla», «Poshnasiz etik», «Dev va pakana», «Jin va koʻk soqol», «Loviya poyasi», «Xazinalar oroli», Valentin va Orson haqdagi ertaklar eng gʻaroyiblari edi. Umuman, barchasi yangi va haqiqat edi.

Ammo bir kuni bolakay yoʻqolib qoldi. Sayohatchi uni takror-takror chorladi, biroq javob boʻlmadi. U chorasiz qolgach, yoʻlida davom etdi, anchagacha hech kimni uchratmadi. Nihoyat, koʻrkamgina oʻsmir bolaga duch keldi.

— Bu yerda nima qilyapsan? — soʻradi boladan.

— Oʻqiyapman. Kel, men bilan oʻqi.

U oʻsmir bilan birga oʻqishga kirishdi — Yupiterdan Yunona sayyorasigacha, greklardan to rimliklargacha, xullas, unga oʻrganilgan barcha narsalarni oʻrgatdi. Shu bilan birga, oʻrganganlarining yarmi esidan ham chiqib ketdi. Ular faqatgina oʻqish bilan band boʻlishmasdi. Tez-tez qiziqarli mashgʻulotlar bilan shugʻullanishardi. Yozda daryoda eshkak eshishar, qishda muzda konki uchishar, piyoda sayr qilishar, sakrashar, kriket, futbol yoki regbi, «Quyonlar» va «Menga taqlid qil» kabi oʻyinlarni oʻynashardi. Baʼzan pirog yeyishar, tungacha raqs bayramlarida ishtirok etishar, teatrga borishar, bu yerda haqiqiy saroylar, tillayu kumushlar, dunyoning barcha moʻjizalariga guvoh boʻlishardi. Ularning doʻstlari-chi — biram mehribon va koʻp ediki, sanab ado qilib boʻlmasdi. Bari tengdosh va koʻrkam edilar, umrlarining oxirigacha doʻst boʻlib qolishga qasam ichishgandi.

Bir kun sayohatchi bir gala bolalar orasida oʻsmirni yoʻqotib qoʻydi. Xuddi birinchi marta koʻrgan bolakayni yoʻqotgani singari, nochor qolgach, yana yoʻlida davom etdi. U ancha yurdi, hech kim bilan yuzlashmadi, oxiri bir yosh yigitga roʻpara boʻldi.

— Bu yerda nima qilyapsan? — soʻradi yigitdan.

— Sevib qoldim. Kel, sen ham sev.

Yigit eng yaxshi qizni topdi. U xuddi Fanniga oʻxshardi. Koʻzlari, sochlari, kulgichlari ham. U jilmayganida Fanni kabi yanoqlari qizarardi. Yigit uni sevib qoldi — bir koʻrishdayoq. Yigitni sevib qolgani uchun masxara ham qilishdi. Hatto, Fanniga oʻxshash qiz ham ustidan kuldi. Ular tortishib qolishdi, keyin esa yarashishdi va qorongʻilikda oʻtirib, har kuni bir-biriga maktublar yozishdi. Hech kim ularchalik baxtli emasdi. Yangi yil arafasida ular unashtirildi, yaqin orada toʻy ham qilishmoqchi edi — hammasi joyida edi. Biroq bir kuni sayohatchi ularni yoʻqotib qoʻydi. Ortga qaytishlari uchun ularni chaqirdi — hech kim qaytmadi — u yoʻlida davom etishga majbur boʻldi. Ancha-muncha yoʻl yurdi, hech kim yoʻlida uchramadi, faqat oʻrta yoshli bir erkakni aytmaganda.

— Bu yerda nima qilyapsan? — soʻradi erkakdan.

— Ishlarim bilan bandman, kel, senam men bilan ishla!

Oʻshandan keyin erkak bilan ishlab, band odamga aylandi, ular oʻrmonni kesib oʻtishdi. Uning butun sayohati oʻrmonda kechdi, avvaliga oʻrmon siyrak va yam-yashil edi, xuddi bahor singari. Mana, endi qorongʻi va quyuq, xuddi yozga oʻxshaydi. Nihollar allaqachon boʻy choʻzib, katta daraxtga aylangan. Erkak yolgʻiz emasdi, uning yonida oʻziga tengdosh ayol bor — xotini. Ularning bolalari ham bor edi. Ular birgalikda oʻrmonni kesib oʻtishar, butalarni sindirib, oʻzlariga yoʻl ochishar va bu jarayon gʻoyat mashaqqatli edi.

Baʼzida ular uzun yashil yoʻlakda paydo boʻlishar, yoʻllar esa yanada quyuq butazorlarga aylanib ketardi. Ular uzoqqa ketib qolgach, ortlaridan ovoz eshitildi: «Dada! Dada! Men ham bolangizman. Kutib turing!» Shu payt bir goʻdak paydo boʻldi va ularga qoʻshilib, xayollarini chalgʻitdi. Goʻdak ularga yaqinlashgach, ular yangi mehmonni oʻrab olishdi, salomlashishdi, soʻng opichlab oʻzlari bilan olib ketishdi.

Bir payt ular bir necha yoʻllarga boʻlinib ketgan chorrahaga yetib kelishdi. Bolalardan biri «Dada, men dengizga ketaman», ikkinchisi esa «Dada, men Hindistonga ketaman», uchinchisi «Dada, men baxtimni izlab ketaman», toʻrtinchisi boʻlsa «Dada, men osmonga ketaman!» deyishdi. Mana, koʻz yoshlar artildi, ular oʻz yoʻllarini tanlab erkakni tark etishdi. Toʻrtinchi bolakay esa aytganidek osmonga uchib, oʻzidan tillarang iz qoldirdi va koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Har safar bunday ayriliqlar paytida sayohatchi erkakka qarar va uning daraxtlarga, osmonga, quyosh botar tarafga oʻychan tikilib qolganiga guvoh boʻlardi. Yana shuni sezdiki, uning sochlari oqara boshlabdi. U yoʻl boʻyi dam olmay yurdi, axir, sayohatni toʻxtatib boʻlmasdi, ish bilan band edi.

Oxir-oqibat ayriliqlar shunchalik koʻp boʻldiki, ularning yonida hech kim qolmadi, faqat — sayohatchi va er-xotin. Endi oʻrmon sariq tusda edi. Soʻngra boʻron koʻtarildi, daraxtlar bargini toʻkdi, hatto, shoxlari ham sindi.

Mana, ular oʻrmonning qorongʻi qismiga yetib kelishdi, hech qayerga qaramay shoshishardi, ammo bir payt ayol toʻxtab qoldi.

— Erginam, — dedi u. — Meni chorlashyapti.

Ayol ortga qaraganida tovushlarni eshitardi: «Oyi, oyi!»

Bu osmonga ketgan bolakayning ovozi edi. Ota uni toʻxtatdi:

— Shoshma, vaqti emas, quyosh hali botgani yoʻq. Vaqtimiz bor!

Ammo ovoz chorlashdan toʻxtamadi: «Oyi, oyi!» Erining yonida qolishni qanchalar istamasin, ovoz tomon talpindi. Ona ortga chekinib, zimistonga singib ketish oldidan erini qattiq quchdi, yuzidan oʻpdi va dedi:

— Azizim, meni chorlashyapti, ketishim kerak!

U ketdi. Sayohatchi va erkak yolgʻizlanib qolishdi.

Yoʻlda davom etdilar. Oʻrmon ham tugay deb qolgandi, hatto, shafaq koʻrinardi, daraxtlar yonib qizil tusga kirgandi. Ammo butazorlar ichida sayohatchi erkakni yoʻqotib qoʻydi. Uni chaqirdi-chaqirdi, javob boʻlmadi. Oʻrmondan chiqib, botayotgan quyoshni kuzatdi, uning qarshisida esa bir qariya oʻtirardi. Sayohatchi:

— Bu yerda nima qilyapsiz?

— Barchasini eslayapman! Kel, sen ham oʻtgan kunlarni xotirla!

Sayohatchi qariyaning yoniga choʻkib, shafaq tomonga boqarkan, oʻtgan yoʻl davomida unga hamroh boʻlgan insonlarni birma-bir esladi. Bir payt ularning bari yigʻilib, uning atrofini qurshab olishdi. Chiroyli bolakay, oʻsmir bola, otashqalb yigitcha, bolalari bor er-xotin. Ularning barchasi shu yerda edi, hech qaysisi ketib qolmapti. Sayohatchi ularga qarab quvonar, ular ham sayohatchiga oʻz hurmatlarini bildirishardi.

Oʻylashimcha, bu sayohatchi sizga ham begona emas, aziz bolajonim, sababi, siz bizlarga mehribonsiz, shu sababdan barchamiz sizni hurmatlaymiz, eʼzozlaymiz.

 

Rus tilidan Nodirabegim IBROHIMOVA tarjimasi

 

“Oila davrasida” gazetasidan olindi.

https://saviya.uz/ijod/nasr/sayohatchining-ertagi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x