Yoz – oni gʻanimat, kuzi dargumon

Uni

 

Yurakning shaklida tuqqan onasi,

Latif tuygʻularga chaygan yuzini.

Diliga jo eta bir harir nasiym,

Uforlarga oshyon qilib soʻzini,

Zor qipqoʻygan, bizdaklarni yoʻlida…

 

2011–2017

 

 

Meniki boʻlsa

 

Bilasanmi, sen

Saxiy Quyoshsan,

Men buni ming bora aytdim…

Barchani

Barobar isitsam, deysan.

Men esa,

Tafting faqat meniki boʻlsa,

Bir meni kuydirsa,

Yondirsa,

Kul qilsa, deyman.

Qaydan buncha xudbinlik menda?..

 

Ehtimol, oʻzing aytarsan?!

 

24.01.2017

 

 

* * *

 

Xuvillab,

Hilvirab qolgan

Boʻm-boʻsh yurakka

Devday jussa,

Uzun umrni ortib,

Eltyapman, Oʻziga.

Bilmadim,

Bilmadim, nechun zarur ekan,

Unga…

Hamma yuz oʻgirgan,

Biron kimsa kerak bilmagan

Shu – xonavayron et!

 

12.02.2017

 

 

Yozgʻut bu…

 

Yayramaydi tashvishlar mensiz,

Gʻamning mensiz qolmas gʻamligi?

Yoʻqlab turar kulfat ham tez-tez,

Bilinmaydi kamim, kamligim.

 

Nolimayman, bu – manglay, axir,

Neki yozuq, koʻrgum… barini.

Qattiq kunlariga izzatlarim bor

Qizgʻanmaganiy-chun sitamlarini.

 

17.02.2017

 

 

* * *

 

Vaqt – gʻanimat.

Omonat bil –

Har dam gʻanimat,

Kunda uch-toʻrt soat uxlasang boʻldi.

Tejalgan yigirma soatda endi,

Oʻzingni ayamay, ayamay… oʻldir.

 

Ayab oʻtirma hech,

Jigarni, xunni,

Neki daʼvoying bor, vujudingdan, ol.

Bagʻringni dogʻ qilib oʻtgan shu kunning

Shukrini keltiru Biru Borga sol.

 

Iqtisod qil,

Orzularni ham,

Huzur-halovat deb ichikaverma.

Armon-la uzangan har daming bayram,

Har oning hayitdir,

Har manzil zurva.

 

Yoz – oni gʻanimat,

Kuzi dargumon,

Necha qorboʻron bor koʻklam taʼmiga.

Diydor-ku qiyomat qadarlik hijron,

Shu azob qismati tortar domiga…

 

Men,

Iqtisod qildim,

Har tansiq damni…

Kunda uch-toʻrt soat uxladim, boʻldi.

Tejalgan yigirma soatda endi,

Bilmadim, bilmadim, qanchalik oʻldim!

 

13.02.2017

 

 

* * *

 

Yurt shaʼni,

Erki deb, erlar entiksa,

Er qizlarni tugʻsa shaddod juvonlar.

Ayollar nomusdan sovutlar tiksa,

Haqqu or zavqidan guvransa chollar!..

 

Bu elning ulimas1, quli boʻlay, men!

 

27.02.2017

 

 

* * *

Yaxshiyamki,

Bor ekan shu gʻam,

Yoʻqlab turdi kunda-kunora.

Unutmadi, oʻkinchlari ham,

Bir kunlarda turdilar yarab.

 

Xayriyatki,

Oʻzi bor, borlar

Ostonida bor aylamadi.

Bor borimcha bor qildi, shukr,

Oʻzga Borga bor, aylamadi!

 

14.03.2017

 

 

* * *

 

Mening tanam

Mening tanim,

U faqat menga tan,

Bir oʻzimga tan.

Garchi u

Egamning mulki esa-da,

Menga musallam…

Xizmatimdan horib,

Manzil ayroliqqa enganida ham,

Men uchun yorugʻlik izlab…

Kirib ketar qaro zaminga!

 

Mening tanam,

Bugun – tanim,

Erta hobi tuproq – Vatanim!

 

25.04.2017

 

 

* * *

 

Oʻylarim –

Uylarim.

Istalgan zamon,

Istalgan makonda,

Qoʻnqaytirib yashayveraman.

Qani, kirib koʻrsin, biron kimsa…

Buzolmaydi, biron, sohibi qiron.

Soliqqa tortolmas qallob polislar.

 

26.05.2017

 

 

* * *

Boryapman

Yoʻlning tanobin tortib,

Tanobimni tortib kelyapti u ham.

Bilmadim,

Kimning sabri oldin tugarkin!

 

Har qalay, men yoʻl bersam kerak!

 

31.07.2017

 

 

* * *

Nafing tegib tursa

Jonsan, jigarsan,

Har kasga gʻoyibdan yetgan atosan.

Nafing tegmay qolsa, yuzing qarodir.

Qatordan xatosan – xassan, gadosan!

Qora tortib borsang oʻzin tortarlar,

Qora tortganlaring motamsarodir.

Yo, Xudo,

Bunchalar bebaqo, oqibatlaring!

 

02.08.2017

 

 

* * *

 

Kuz.

Salqin havo –

Chaqar, yoqimli,

Bir yoqimli junjikdim.

Ajab, buncha yoqimli

Bu havoning chaqishi!..

 

Kuz. Havo… Chaqar yoqimli!

 

28.09.2017

 

 

Umr yoʻli

 

Ay, yoʻl,

Ay, ilon,

Meni avrab, qayon eltursan?

Mana, oltmish yilki,

Men bilan birgasan,

Bilmadim,

Qayoqqa ketyapmiz sen bilan.

Aytmaysan, aytmaysan…

Bilaman-bilaman,

Yoʻlingdan ham qaytmaysan,

Qaytmaysan!..

 

29.09.2017

 

 

* * *

Xafaqonroq otdi tong,

Salqib qovogʻi,

Quyosh chiqdi – koʻzi toʻla gʻam.

Bu hol kunning koʻngliga botdi,

Qovogʻi ochilmay oʻtdi bugun ham.

 

Qovogʻi ochilmay

Oqshom yoyildi,

Quyoshni kutgali chiqmadi ufq.

Menimi, soʻramang,

Ming yildan buyon

Gʻimirsib yuribman. Kayfiyatim yoʻq!..

 

02.10.2017

 

Abdunabi BOYQOʻZIYEV

 

“Ijod olami”, 2017–6

https://saviya.uz/ijod/nazm/yoz-oni-ganimat-kuzi-dargumon/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x