Yoshlik imtiyozi

Ulugʻ tarixchi Gerodot oʻzining Sharqqa qilgan safarlari chogʻida Misr ehromlaridagi bir bitik uni ajablantirgan: “Yoshlarning tarbiyasi buzilib ketyapti. Nima qilmoq kerak?!”

Muarrix bu yozuvni oʻqiganiga ham ikki ming yildan oshib ketdi. Yozuvning bitilganiga esa, kim bilsin, qancha vaqt boʻlgan?

Demak, yoshlar masalasi hamisha ham oʻz dolzarbligini saqlagan, bunga hamma davrlarda ham turli darajada munosabat bildirilgan ekan-da.

2008 yil Oʻzbekistonda Yoshlar yili deb eʼlon qilinishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirlarning birida kamina ham ishtirok etib, ikki hamkasbimning suhbati beixtiyor qulogʻimga chalingandi.

– Endi, bu yil yoshlarga imtiyoz katta boʻlar ekanda-a?! – dedi ulardan yoshi kattarogʻi tagdor qilib. Uning gapida istehzoga oʻxshash nimadir borday ediki, bu eʼtiborimni tortdi.

– Yoshlikning oʻzi imtiyoz emasmi? – dedi ikkinchisi unga qaramay turib oʻychanlik bilan.

Ilmoqli savolga berilgan bu javob menga taʼsir qildi. Yoshlik imtiyozi, degan ibora koʻnglimga oʻtirdi.

Shu bilan ularning gap-soʻzi poyoniga yetdi. Men ham oʻz yoʻlimga ketdim. Bu savol-javobga qariyb oʻn yil boʻpti. Biroq mohiyat oʻzgargani yoʻq. Chunki…

2017 yil 30 iyunda boʻlib oʻtgan yoshlar bilan uchrashuvda Prezidentimizning nutqini barchamiz eshitdik. Yoshlarga eʼtibor, yoshlik degan olamning sirli, nozik, ayni damda islohtalab jihatlarini Oʻzbekiston miqyosida aniq tasavvur etoldik. “Mana, Prezidentning Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar bilan tanishib koʻringlar. Ularning aksariyati “Bizni hech kim eshitmaydi”, “Bizni hech kim tushunmaydi”, “Biz bilan hech kim qiziqmaydi”, “Rahbarlar oʻzini oʻylash bilan ovora” degan mazmunda yozilgan. Yoshlarga, ularning tashvish va muammolariga ana shunday mensimasdan qarash holatlari, afsuski, haqiqat”.

Davlatimiz rahbarining ushbu soʻzlari zamirida ota oʻz farzandining taqdiri haqida qaygʻurgandek bir mehr, sinchkov kuzatuv, chin yurakdan vatan kelajagi boʻlgan yoshlarni oʻylash mujassam. Bu anjumanda tilga olingan muammolar, yutuqlar, kamchiliklar – bularning bari bor gaplar. Jamiyat taraqqiyoti oldimizga qoʻyayotgan savol-javoblarning aks-sadosidir bu.

Meni bu tadbirdan keyin eng koʻp bezovta qilgan savol-mushohada taxminan shunday boʻldi: Oʻzbekiston yoshlariga Prezident shunday ishonch bildirmoqda! Endi buni oqlamoq kerak, munosib boʻlish zarur!

Ammo…

Shunday oʻylar bilan yurgan kunlarning birida, viloyatimiz markazida umrimda koʻrmaganim – yoshi elliklardan oshib qolgan bir kishi qarshimdan chiqdi. Salomlashdik. U kishi men bilan “Yaxshimisiz, shoir?” deb soʻrashdi. Soʻngra muddaoga koʻchdi:

– Siz shoirsiz, shu qizimiz ham koʻp yillardan beri sheʼrlar yozadi. Uning kitobini chiqarishimiz kerak edi, hech kim yordam bermayapti. Hokim qabulxonasiga yozsakmi, deb turibmiz. Shunga nima, deb yozish kerak… yordam berolmaysizmi?

Bu odamni dastlab qoʻlida qappaygan sumkasiyu ziyolinamo savlatidan kimgadir oʻxshatdim ham, ammo tanimadim. Yonida taxminan sakkizinchi-toʻqqizinchi sinflarda oʻqiydigan navnihol qiz iymanib turibdi. Uning tortinib turishi menga negadir taʼsir qildi-yu, yuragimda: “E Xudo, nima boʻlsa ham shu pokligi sheʼrga koʻchgan boʻlsin-da”, degan istak qalqdi.

Yoshlikning samimiyati koʻp narsalardan ustun-da, birodar. Ijod olami, kitob chop etish jarayonlaridan bexabar boʻlgan biror kishi roʻparamda turgan bu qizga qarab: “Shu yoshida sheʼrga ixlos qoʻygan boʻlsa, qanday yaxshi, ota-onasining armoni yoʻqdir-ov!” deya oʻylashi mumkin.

– Kimlarning kitoblarini oʻqigansiz, singlim, – soʻradim qizdan.

– Muhammad Yusuf…

– Hmm… yana?

– Muhammad Yusuf… Ustoz… toʻgʻrisi, keyingi paytda koʻproq ijod qilayotganim sababli oʻqishga vaqt kam qolyapti. Buyogʻi maktabdagi darslar ham bor…

– Nechanchi sinfda oʻqiysiz?

– Sakkizga koʻchdim bu yil, ustoz!

Chuqur nafas oldim. Va noiloj uning sheʼrlarini soʻrashga majbur boʻldim. Axir, kimdir meni ularga gʻoyibona tanishtirgan, “shu shoirga uchrashinglar”, degan. Uncha-muncha odam emas, shoir deb qoshimga keldi-ya!

…Qizning yonidagi amaki qappaygan sumkasidan oppoq qogʻozga lotinchalab yozilgan, nari-beri kitob holiga ham keltirilgan, behafsalalik va didsizlik bilan muqovalangan sheʼrlarni olib berdi-da:

– Shunday kitob chiqarmoqchimiz, bizga hokimning qabulxonasiga murojaat yozishda yordam bersangiz boʻldi, – dedi amaki shoshilganini, ensasi qotayotganini yashirmay. Men pinak buzmadim.

Oz emas, koʻp emas 80 betlik boʻlgʻusi kitobni varaqlab, undan sheʼr degan moʻjizadan biror epkin izlay boshladim. Qaniydi, bu yoshgina qizning bitiklarida bittagina jonli satr yoki oʻziga xos biror tashbeh boʻlsa… hammasi siyqa, hamma yoqni balo-qazoday bosib ketgan, barcha shu turdagi “kitob”larda suzib yurgan soxta aljirashlar. Sheʼrga, soʻz sanʼatiga mutlaqo daxli yoʻq shunchaki gaplar. Faqat qofiya bor. U ham koʻp joylarida buzilgan.

Koʻcha chetida, tik turgan holda “kitob”ni varaqlarkanman, tinmay “hokim qabulxonasi”, “portal”, “isteʼdodni qoʻllab-quvvatlash” kabi soʻzlarni toʻtiqushday takrorlab turgan amaki koʻzimga baloday koʻrindi. Boshim qizidi, miyamda bir gaplar aylandi-yu… u gaplar oʻrniga:

– Siz bu qizga kim boʻlasiz? – dedim.

– Oʻqituvchisi, ustoziman. Avvalgi kitoblarining chiqishiga ham yordam qilganman.

Ogʻzimdan tanobim qochdi. Hali “avvalgi kitoblari ham bormi buning?!” dedim ichimda.

Qizga qarab:

– Oldin ham kitob chiqarganmisiz?! – dedim.

– Ha, mana, bular ham sheʼrlar, ustoz! – qiz sumkasidan tagʻin ikkita kitob chiqara boshladi. Men tamom boʻldim. Kim boʻlsam ham “ustoz” boʻlgim kelmay qoldi shu tobda.

– Sizlarga kim meni tanishtirdi, kim aytdi qabulxonaga ariza yozib beradi, deb?

– Siz falonchi akamisiz? Shoir…

Xayriyatki, ular mutlaqo boshqa odamning nomini tilga oldi. Ular aytgan odamni ham taniyman. Binoyidek sheʼrlari bor. Oʻzi anchagina haddili bir akamiz boʻladi. Ammo bunday arizaxonlik hunaridan bexabar edim!

– Uzr, men u kishi emasman, – dedim biroz yengil tortib. Soʻngra qizga qarab gapimni davom ettirdim. – Lekin, qizijon, sizga bir gap: bu sheʼrlarni kitob qilmang! Undan koʻra yaxshi oʻqing! Bilim oling. Oʻz kuchingiz bilan oʻqishga kiring. Sarson boʻlib vaqtingizni behuda oʻtkazmang. Hunar oʻrganing…

Gapim ogʻzimda qoldi. Qizning “ustozi” qoʻqqisdan gapimni boʻldi.

– E, nimalar deyapsiz? Boyadan beri… nega buncha ijikilaydi, desam maqsadi boshqa ekan-da. Mana shundaylar toʻsadi-da yoshlarning yoʻlini! Televizorda Prezident nima deyaptiyu bular nima qilyapti? Ketdik, qizim. Hey…

Amaki “hey”ning davomini aytmadi. Aytmasa ham tushundim. Dilim vayron boʻldi. Bir muddat joyimda turib qoldim. Ular esa, ketdi… bilmadim qayoqqa. Harholda, kelajakka emas.

Men toʻqib-bichishdan uzoq, chindan ham roʻy bergan voqeani hikoya qildim. Bir necha kun taʼbim xira boʻlib yurdi.

 

***

Shu bu yil, iyul oyining oxirlari edi. Tuman ijtimoiy taʼminot boʻlimida hisobchi boʻlib ishlaydigan hamqishlogʻimga bir toʻyning taklifnomasini berishim lozimligi uchun uning idorasiga burildim. Tumanimizda Eldor ismli bolalikdan nogiron bir yigit bor ekan. U yigirma bir yoshda, oyoqlari ishlamas, aravachada, birovning koʻmagisiz yurolmas ekan. U bilan shu ijtimoiy taʼminot boʻlimida tanishib qoldik. Yigitni koʻrib, uni aravachaga mixlagan hayot bilan kurashib, idoralarda oʻz huquqidan foydalanayotgan, ehtimol, biror arzirli vaj bilan yurganlardan biri, deb oʻyladim.

Bizning hamqishloq chiqib kelgunicha Eldor bilan suhbatlashib turdik.

– Aka, bolalikdan nogironman, – gap boshladi Eldor. – Yaqinda hokimiyat toʻy qilib uylantirdi. Endi uy olmoqchiman. Shunga hujjat yigʻib yuribman.

– Arzon uylardan-da? Uylar kreditga beriladi, shekilli. Toʻlovlarni qanday toʻlab borasiz? Pensiya bilan tirikchilik qilasiz… shundaymi?

– Yoʻq, men uyni kreditga olmoqchi emasman. Shundayiga beringizlar, deyapman.

– Hozir qayerda yashayapsiz, uyingiz yoʻqmi?

– Bor, ota-onam bilan birgamiz. Hovli kattayu endi, aka, bu uy ham ziyon qilmas… imkon borida…

Eldor bilan tagʻin biroz gurung qilib turdig-u undan beza boshladim. Yigit oilada yolgʻiz oʻgʻil ekan. Ikki opasi turmush qilib ketgan. Ota-ona bilan birga yashab, endigina uylangan. Ikkinchi guruh nogironligi uchun nafaqa oladi…

Xullas… birovning yutugʻi meni doim quvontirgan. Quvona olaman! Bu kechim qalbimni poklab, orom berib yuradi hamisha. Ammo manavi Eldorvoydek kishilarning gap-soʻziyu muddaosi dilni xira qiladi. Toʻgʻri, bu taqdiri kemtik insonni tushunaman! Lekin oʻzining nogironligini pesh qilib davlat xizmatchilarining boshini qotirib yurishi yutuq emas – qip-qizil sullohlik!

Hukumat Eldor kabi nogiron kishilarga ham uy taqdim qilmoqda. Ularning oʻz hayotini tiklab ketmogʻi uchun boshlangʻich sarmoyani taʼmin qilayotir. Biroq… mehr-oqibatni suiisteʼmol qilish kerakmikan?

Mustaqillikning ilk davrlarida Birinchi Prezidentimiz “boqimandalik” degan soʻzni koʻp ishlatar va odamlarni uygʻoqlikka chorlar, mustaqillik imtiyoz emas, ishlash uchun beqiyos imkoniyatdir, degan teran fikr koʻp bor tilga olingan edi. Nazarimda, bu soʻzlar hali hanuz oʻz kuchida turibdi.

 

***

Mahalla idoralarining biriga yoshi yigirma bilan oʻttizning oraligʻidagi ikki yigitni uchastka noziri yetaklab keldi. Maʼlum boʻlishicha, ular tumanlarni bir-biri bilan bogʻlaydigan katta yoʻlni tuzatayotgan tashkilotning zamonaviy traktorini tunagan. Traktor buzilib qolgach, egasi uni ertagacha xabarlashib turing, deb idorada xoʻmrayib oʻtirgan bir kishiga ishonib ketgan.

Uyi yoʻl chetida joylashgan bu yigit esa, qoʻzichoqni boʻriga ishonib ketgan yoʻlsozning soddaligidan foydalanib, sherigi bilan traktorning uch ballonini, motorning ham allambalo temir-taqasini yechib olgan. Traktor egasiga esa ertasi ertalab qoʻngʻiroq qilib, omonati oʻgʻirlab ketilganini aytgan. Ammo ichki ishlar vakillari buni aslida kim qilganini aniqladi. To militsiya haqiqatning tubiga yetgunicha azamatlar ballonlarning ikkitasini pullashga ham ulguribdi. Mana, endi oʻtiribdi, shumshayib…

Bu koʻngilsiz voqeani qishloqqa borganda bobomga aytib berdim. “Himm-himm”, deb bosh irgʻab meni tinglagan bobom bir qancha vaqt jim oʻtirdi. U kishi Ikkinchi jahon urushi boshlangan paytda 14 yoshda boʻlgan. Hozir 90 yoshda. Urush davriga toʻgʻri kelgan oʻsmirlik yillari haqida hikoya qilib tolmaydi.

Bugʻdoy oʻrimi paytida tugʻilgan chaqaloqni onasi bugʻdoy dangali – bogʻining soyasiga yotqizib qoʻygani, shu ayolning uch kungina oʻrimdan ozod boʻlgani bormi yoki maktabga eshak bilan qatnab savod olganiyu uch yil harbiyda xizmat qilgani, nonning azizligi – barchasini aytib beraveradi.

Bobomning hikoyalarini tinglab turib uning aslida yoshlik haqida bir saboq oʻtayotganini tuyqus tushunib qolaman.

Urush vaqtida katta odamlarning oʻrniga biz qatori bolalar qolgan edi, – deydi bobom. – Oʻroq bormi, galagovmi, choʻponga choʻliqlikmi – hammasi bizning gardanimizda qoldi. Xudoga ming shukr, mehnatdan qochmadim. Umrim qora mehnatda oʻtdi. Hech kimdan kam boʻlmadim. Bugun bolalarga qarab turib, ularning qilib yurgan ishini kuzatib behuzur boʻlaman.

Dehqonchilik qilaman desang yer-suv, oʻqiyman deganga qancha dov-daska. Ishlayman desang ish tayyor. Ishla, boy boʻl, haloling boʻlsin, deyapti. Shuncha imkon bor, nimaga qoʻlni choʻzsang yetadi. Yana hukumatdan norozi boʻp inqillaydi bular…

Oqshom televizorda Mirziyoevning gaplarini eshitib, koʻrib oʻtirdim. Qarchigʻayday yigit ekan. Karimovning chin izbosari. Bul odam hech kimni kam qilmaydi. Faqat unga ham yordam berish kerak. Ayniqsa, yoshlar. Hey, bolam… bu odamlar bodi boʻp ketdi-da, ne bir ogʻir kunlarni koʻrmadik. Hozirgi kunlarning sadagʻasi ketsang arziydi.

Bir sentner paxtani terib topshirmasang, xuftongacha daladan chiqarmaydigan rahbarlarni ham koʻrdik. Maktab bolasi paxtada umri oʻtib, boʻyi oʻsmay qolgich edi. Yo boʻmasa, bir umr choʻpon boʻlib uchta qoʻzi kamomad boʻlgani uchun qamalib ketganlarni ham bilamiz. Endi noshukrchilik avval odamdan oʻtadi-da, ulim.

Eski vaqtda bir manglayi qora odam oʻtgan ekan. Uning yashaydigan qishlogʻini suv bosib ketibdi. Shunda boyagi odam bir balandroq joyga chiqib: “Ey Xudo, sendan boshqa yordamchim yoʻq. Meni oʻzing qutqarasan!” – deb oʻtiraveribdi. Hamma vahima qilib qocha boshlabdi. Unga ham “Hey falonchi, suv bosib kelyapti. Yur, joningni qutqarib qol”, deyishsa, u: “Meni Xudo oʻzi qutqaradi”, deb oʻtirgan joyidan qimirlamabdi.

Hamma ketib boʻpti. Suv u oʻtirgan tepaning oldiga katta bir xarini oqizib kepti. Unga osilib narigi betga oʻtsa boʻlar ekan. U boʻlsa: “Meni Xudo oʻzi qutqaradi”, – deb qoʻyibdi. Bir payt ayqirib oqayotgan suv yolgʻiz qolgan odamning qoshiga tomiri bilan uzilib ketgan daraxtni keltiribdi. Odam daraxtga ham chiqmabdi. Suv doʻnglikni ham bosibdi. Odam esa, qichqirib oqib joʻnabdi: “Xudoyim! Meni eslab yodingdan qoʻyma. Oʻzim panohingman, qutqaraman, deganding-ku?!” – debdi bebaxt odam. Shunda oʻzgalarga ibrat boʻlsin, deb falakdan ovoz kelibdi: “Ey, noshukr banda! Seni qutqaray deb ikki bor qoʻl choʻzdim. Sen qoʻl choʻzmading. Endi aybni oʻzingdan izla!”

Shuytib, nima endi, Parvardigor hamma ishini qoʻyib sening oldingga tushib kelsinmi, nomard? “Xirmondan, tegirmondan, yoʻldan oʻgʻirlik qilmaydilar. Bu narsalar – Xudoning gʻaznasi”, degich edi eskilar. Yoʻlda koʻndalang boʻlib qolgan toshmi, choʻpmi boʻlsa, shuni ixlos bilan: “Mening ham yoʻlim ochilsin”, deb chetga olib tashlab ketar edik yigitlikda. Qolaversa, yoʻlni tuzatayotgan odamlarga uyidan osh-ovqat qilib berishdek amallar bor edi. Hech boʻmasa, bir kosa chalob bersang ham savob boʻlardi…

E bolam, undaylarni gapirib mening koʻnglimni qora qilma. Ular Xudodan umidi uzilgan, yoʻli qisqa odamlar-da…

Endi, yigit odam mard boʻlishi kerak-da.

Abdugʻani boboning bu gaplari “Mehnat insonni ulugʻlaydi”, degan buyuk xulosaning oʻziga xos talqini edi.

 

***

Xalqimizga xos boʻlgan mardlik, qanoat, oriyat, maqsadga zahmat chekib yetishmoq singari fazilatlar yuqorida tilga olingan yoshlarimizga ham begona emas. Millatning ulugʻ tutumlari boʻlgan bu omillarni oʻzining kichik manfaati yoʻlida gʻorat etish, foydasi yoʻlida gʻururini boy berish oʻrni toʻlmas yoʻqotishdir. Millatning ulugʻ farzandi Islom Karimovning “Gʻurursiz yashab boʻlmaydi!” degan hayqirigʻida ham, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Vatanni sevish kerak, boshqa gap yoʻq!” degan teran xulosalarida ham ana shunday katta niyatlar, muddaolar jamdir.

Yuqoridagi kabi holatlarga duch kelganda, “koʻpchiligimizda vatanparvarlik tuygʻusi yetishmaydi”, degan ogʻir oʻy oʻtadi koʻngildan. Vatanparvarlik, yurtni sevish degan toʻxtamlar gʻururdan, oriyatdan kuch oladi. Yuksak marralarni zabt etgan xalqlarning ong-shuurida vatanparvarlik degan aziz tushuncha shunchaki undovlarga suyangan quruq gap emas, balki chinakam amaliy kuchga ega boʻlgan tuygʻudir. Shu sababli ular taraqqiy etmoqda. Bunga misollar juda koʻp.

Qaniydi, oʻsha siyqa soʻzlardan iborat kitobiga homiy izlayotgan qizaloq ham, yoʻl qurayotganlarni tunab ketayotgan uddaburonlar ham, oʻz kamchiligidan fojia yasab davlatdan nimadir undirish niyatidagi Eldorvoylar ham shu soʻzlarimni oʻqisa. Uqib, taniga singdirib olsa. “Yoshlar ovozi” chinakam ovoz boʻlib, ularning manfaatparastlik gʻubori bosgan quloqlarini ochsa! Yoshlik degan qaytmas imkonning ne ekanini, hayotda insonni mukarram etadigan narsa – mehnat va matonat ekanini anglasa! Yomon boʻlmasdi, albatta!

Zotan, Hazrat Navoiy shunday bitadi:

 

To hirsu havas xirmani barbod oʻlmas,

To nafsu havo qasri baraftod oʻlmas.

To zulmu sitam jonigʻa bedod oʻlmas,

El shod oʻlmas, mamlakat obod oʻlmas.

 

Ushbu maqola kimnidir tanqid etish, yuzini shuvut qilish niyatida yozilmadi. Aytmaslik ilojsiz boʻlgani sabab qogʻozga tushdi.

Zero, xalqimizning odilona bir naqli bor: “Betga aytganning zahri yoʻq!” Yoshlikning – ilohiy imtiyozning qadriga yeting, aziz tengdoshlar!

 

Shodmonqul SALOM

 

“Yoshlar ovozi” gazetasida chop etilgan.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/yoshlik-imtiyozi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x