Ushbu tavsiyalar ayniqsa, adabiyot ostonasidan endi hatlashga chogʻlanib turgan yosh qalamkashlarga foydali boʻladi. Ulugʻ ijodkorlar eʼtirof etgan asarlar yoʻl boshidagi isteʼdod egalariga mayoq vazifasini oʻtasa, ajab emas.
Quyidagi maslahatlar Heminguey huzuriga uzoq yoʻl bosib kelgan boshlovchi qalamkash Arnold Samyuelsonga qarata aytilgan edi. Garchi u kelajakda mashhur yozuvchi boʻlib yetishmagan esa-da, bu hol Heminguey roʻyxatining qadrini tushirgani yoʻq…
Stiven Kreyn. “Moviy mehmonxona”
Kreyn nafaqat Hemingueyga yoqqan, Gerbert Uells ham uni oʻz avlodining eng yaxshi yozuvchisi deb tan olgan. Qoʻrquv, zoʻravonlik va Gʻarbiy Amerikaning sirli hayotiga bagʻishlangan ushbu hikoya yozuvchining eng yaxshi asarlaridan sanaladi.
Stiven Kreyn. “Ochiq dengizdagi qayiq”
Kema halokatidan soʻng omon qolgan toʻrt kishi haqida hikoya qiluvchi mazkur asar Kreynga katta shon-shuhrat keltirdi. Bu asar Hemingueyning “Chol va dengiz” qissasiga ruhan yaqin boʻlib, unda ham insonning Koinotdagi oʻrni va tabiat kuchlariga qarshi kurashi aks ettirilgan.
Emiliya Bronte. “Dolgʻali dovon”
Koʻplab rejissyorlar qatori Luis Bunyuelga ham ilhom baxsh etgan taʼsirli voqealar rivoji ushbu asarning yagona fazilati emas, albatta. Obrazlilik, psixologik tahlil, gotik motivlarning yangicha inʼikosi hamda personajlarning jonli qiyofalari nafaqat qizlarning qalbini, balki jiddiy yozuvchilar eʼtiborini ham zabt etadi. “Bu juda yaramas roman. Bu juda yaxshi roman. U rasvo. Unda goʻzallik bor. Bu dahshatli, uqubatli, kuchli va joʻshqin kitob”, degandi Brontening bu asari haqida Heminguey qadrlagan Moem.
Jeyms Joys. “Dublinliklar”
Jeyms Joysning impressionistcha ruhda yozilgan hikoyalar toʻplamida “Uliss” romanida gavdalanadigan baʼzi qahramonlar ham koʻzga tashlanadi. Ushbu toʻplam mustaqil va kompozitsion jihatdan yakunlangan shaklda taqdim etilgan boʻlib, hikoya ixlosmandlari eʼtiborini tortishi shubhasiz.
“Ingliz sheʼriyati: Oksford toʻplami”
1900 yili Artur Kviller-Kauch tomonidan tuzilgan, ingliz sheʼriyatining durdonalari yigʻilgan antologiya bir necha evrilishlardan oʻtib, nihoyat, oksfordlik professor Kristofer Riks qoʻliga tushadi. Taniqli shoir Uistan Oden olimni “har qanday shoir orzu qiladigan tanqidchi” deb atagan edi.
Lev Tolstoy. “Anna Karenina”
Hemingueyning rus adabiyoti anʼanalariga yaqinligini koʻp tanqidchilar qayd etgan. Tolstoyning oilaviy va ishqiy munosabatlar oʻta nozik talqin etilgan ushbu romani faqat mavzu jihatidan emas, ayni paytda realizmdan modernizmga oʻtishda koʻprik vazifasini oʻtagani bilan ham ahamiyatga molikdir.
Tomas Mann. “Buddenbroklar”
Aslzoda shajaraning toʻrt avlodi tarixi va halokati aks etgan mazkur asarning dastavval bunday keng qamrovli boʻlishi koʻzda tutilmagan edi. Lekin Mann oʻz qahramonlariga ishondi. Ehtimol, shunday “emin-erkinligi” bois roman eʼlon qilingandan soʻng oʻttiz yil oʻtgan boʻlsa-da, Nobel mukofotiga loyiq koʻrildi.
Gyustav Flober. “Bovari xonim”
Shifokorning hayotdan zerikkan, oʻzining biqiq dunyosidan chiqib ketishga uringan xotini haqidagi bu roman voqealar rivoji bilan emas, avvalo, inson hayotidagi tashqi va ichki unsurlarni, ruhiy manzaralarni oʻta sinchkovlik bilan tasvirlagani uchun ham diqqatga sazovordir. Asar shu qadar taʼsirchanki, hatto muallif ham Emma Bovarining zaharlanish sahnasini yozayotganda koʻngli aynib, oʻzini noxush his qilgan ekan…
Lev Tolstoy. “Urush va tinchlik”
Qanchalik gʻalati koʻrinmasin, “Urush va tinchlik” romanidan Heminguey aniq va loʻnda yozishni oʻrganadi. “Xalqni, hayotni qoyilmaqom tarzda, ich-ichdan, haqqoniy ravishda aks ettirgani uchun “Urush va tinchlik” romanini yaxshi koʻraman. Lekin men hech qachon buyuk grafning mulohazakorlik qobiliyatiga ishonmaganman, – deb taʼkidlaydi yozuvchi. – Uning tasavvur dunyosi nihoyatda hassos va haqqoniy ediki, bu dunyoda yashab oʻtgan insonlar ichida hech kim bu borada unga tenglasha olmasdi. Lekin uning zalvorli va aqidaviy mulohazalari har qanday nasroniylik tarixi professorining xulosalaridan afzalroq emasdi va shu bois ham men undan oʻzimning bosh harfli Mulohazalarimga ishonmaslikni va iloji boricha haqqoniy, toʻgʻri, obʼyektiv va oddiyroq yozishni oʻrgandim”.
Jorj Mur. “Salom va xayrlashuv”
Irlandiyaning protestant ingliz-irland aslzodalari va oʻrtahol katolik tabaqa oʻrtasidagi kurash aks etgan uch tomlik avtobiografik asar. Yozuvchining kuzatishlari oʻta oʻtkir boʻlib, Murning oʻzi “Jamiyat aʼzolari boʻlinib qolgandi: kimlardir kitobga kiraman deb, yana boshqalar esa kirmay qolaman, deb qoʻrqar edi”, deb taʼkidlagandi.
Fyodor Dostoyevskiy. “Aka-uka Karamazovlar”
“Men hanuz Dostoyevskiy haqida oʻylayman. Odam qanday qilib bunday yomon, haddan tashqari yomon yozishi va, ayni paytda, senga bu qadar kuchli taʼsir oʻtkazishi mumkin?!” deb yozgandi Heminguey. Bu romanni, shuningdek, Eynshteyn, Kafka, Joys va Vonnegut ham yuksak baholagan.
Stendal. “Qizil va qora”
Muhabbat va izzattalablik talqiniga bagʻishlangan ajoyib roman Stendalni psixologik realizmning asoschilaridan biriga aylantirdi. Heminguey garchi undan oʻzishni uddaladim, desa-da, Stendalni oʻziga ustoz deb bilardi…
Edvard Estlin Kammings. “Ulkan turmaxona”
Toʻrt oyga yaqin fransuz qamoqxonasida oʻtirgan shoirning oʻtkir qochirimlarga toʻla va qiziqarli ruhiy chizgilar aks etgan avtobiografik romani.
Somerset Moem. “Insoniy ehtiroslar jafosi”
Avtobiografik jihatlar bilan boyitilgan asarda boyoqish yetim inson hayotining bemaʼniligini idrok etarkan, baribir oʻz baxtini topadi – harholda, shunga yaqin his-tuygʻularni yashaydi.
Henri Jeyms. “Amerikalik”
Haddan ziyod melodramatik ruhda boʻlsa-da, Eski va Yangi dunyo, burjuaziya va zodagonlarning oʻzaro qiziqishi hamda ziddiyatlarini aks ettirgan bu asar tanqidchilarning ham, kitobxonlarning ham olqishini olgan…
Henri Xadson. “Olis va qadim”
Xadson tarjimai holi yozuvchining Argentina dashtlarida oʻtgan bolaligi haqida hikoya qiladi. Yovvoyi tabiat goʻzalliklari taʼsirchan bolakayning kechinmalari, kuzatishlari va tarixiy chizgilar bilan qorishib ketadi. Heminguey Xadsonning boshqa asarlarini ham yoqtirardi. U “Fiyesta” romanida yozuvchining “Qirmizi yer” asarini esga oladi.
Sanjar JAVLON tayyorladi.
“Yoshlik”, 2015 yil 8-son
https://saviya.uz/shaxsiy-tarbiya/yosh-yozuvchiga-maslahatlar/