– Sobirjon, tur, oʻgʻlim, kechikyapmiz. Hozir avtobus kelib qoladi.
Bu dadasining ikkinchi urinishi. Boya ham uygʻotgandi. Sobirjon yana ozgina yotay, keyin turaman deb oʻyladi. Lekin yana uxlab qolibdi. U koʻzlarini zoʻrgʻa ochdi, erinibgina oʻrnidan qoʻzgʻaldi. Choʻkkalab oʻtirdi. Turib ketgisi kelmadi. Qoʻyib bersa, shu holatda ham uxlashga rozi. Tashqarida qoplarni aravaga ortib, soʻng yana nimalardir qilib kuymalanib yurgan dadasining qadam tovushlari yaqinlashgach, ilojsiz oʻrnidan turdi. Haliyam joyidan jilmaganini koʻrsa, qattiqroq gapirishi aniq.
Bugun beshinchi kun. Qoʻshni tumanga, Yangiqoʻrgʻondagi dehqon bozoriga sabzi olib borishyapti. Har kuni soat ikkida turishadi. Ikki yarimgacha qoplarni katta yoʻl boʻyiga olib chiqishlari kerak. Sabzilar kecha oʻradan kavlab olinib, saralangan, keyin qoplangan. Narigi mahallalik Omon shopir eskiroq avtobusida bir guruh qishloqdoshlarni Yangiqoʻrgʻon bozoriga olib borib tashlaydi. Boshqalar ham Sobirjonlarga oʻxshab sabzi ekkan.
Bu yil sabzining narxi tuzuk. Qimmat ham, arzon ham emas. Har holda, mehnatiga achinmaydi odam. Lekin dehqonchilik oson ish emas ekan. Shu sabzini ekib, parvarishlab, yigʻib-terib olish uchun Sobirjonlarning butun oilasi mehnat qildi. Kuzda katta oʻra qazib, sabzilarni koʻmib qoʻyishdi. Aslida, bu ham bitta hunar ekan. Agar oʻraga birorta chirigan sabzi tushib qolsa, boshqalarini ham tamom qiladi. Juda eʼtiborli boʻlish kerak. Oʻraning betini yupqa berkitsangiz sovuq urishi hech gap emas. Ichkariga suv kirmasligi kerak. Sabzi ustiga kanop qoplarni yoyib, ustidan tuproq tashlaysiz. Tuproq ustiga gʻoʻzapoya bosasiz. Yomgʻir-qor gʻoʻzapoya va tuproq qatlamidan oʻtib sabziga yetib bormaydi. Agar katta yogʻingarchilik boʻladigan boʻlsa, oʻrani ochib sabzilarni sotib yuborish yoki tavakkal qilib kutishdan boshqa chorangiz qolmaydi.
Mart oxirlab, sabzining narxi sal qoʻzgʻalib qoldi. Bir oy ichida sotib olsang, oshigʻing olchi boʻldi hisob. Chunki kunlar isigani sari sabzi poʻkaklashadi, vaznini yoʻqotadi. Ozgina gʻaflat bossa, “pangʻ” ham boʻlib qolishi mumkin. Butunlay poʻkakka aylangan bunday nobop sabzini esi bor odam olmaydi.
Dehqonchilik-ku turgan-bitgani mehnat, lekin ekkan-tikkaningni sotib olish ham mashaqqatning uyasi ekan. Sabzilarni yaxshilab saralashing kerak. Kattalarining orasiga bitta-yarimta kichigi aralashib qolsa, olibsotar ham, xaridor ham taʼna qilaverib joningni hiqildogʻingga keltiradi. Ikkoviyam narxni pachakilash ilinjida. Olibsotarga sotish oson, lekin ancha-muncha foydaning bahridan oʻtishga toʻgʻri keladi. Xaridorlarning esa koʻngliga qarash kerak. Kilosidan oshirib bitta-ikkita sabzi qoʻshib bermasang, “Dehqonmisan oʻzi, himmating bormi!” deb doʻq urib qoʻyishadi. Koʻplari sabzini tuproqdan tozalab berishni soʻraydi. Eng azobi shu. Sabzi solingan toʻrxaltani ikki kishi ikki tomonidan ushlab silkitishi kerak. Sabzi kelib barmoqlarga uriladi, qirindisi tirnoq orasiga kirib qoladi. Sobirjon bir-ikki siltashdayoq dod deb yuboradi, koʻzidan oʻt chiqib ketadi. Qishloqdoshlaridan birorta boʻshi yordamga chaqiriladi.
– E-e, buncha qizbolaga oʻxshab noziksan. Koʻzingga yosh toʻlib turishini qara. Tagʻin yigʻlab yubormagin kap-katta bola. Oltinchida oʻqiyapsanmi? Uylantirsa boʻladigan boʻp qopsan-u, sabzi elashni bilmaysan! – deganga oʻxshash gaplarni aytadi koʻmakka kelgan kishi.
– Buni ishga koʻp solmaymiz-da, oʻqiydi bu. Xudo xohlasa, tuzukroq birorta kasbning boshini tutar. Oʻshanda bizga oʻxshab sabzi sotib yurmaydi, – deb yonini olgan boʻladi dadasi.
Bu gapdan Sobirjonning koʻngli biroz koʻtariladi-yu, lekin “qizboladay nozik”ligi alam qiladi. Boʻsh odam topilmagan paytlari koʻzini chirt yumib sabzi elaydi. Keyin barmoqlari, tirnoqlarining orasi kun boʻyi ogʻrib, jazillab yuradi.
Toʻrt kun ketma-ket uyqusizlik, uning ustiga kun davomida yoʻldosh boʻladigan ogʻriqlar Sobirjonni bezillatdi. Bozor tugagandan keyingi kabobxoʻrlik ham koʻziga koʻrinmay qoldi. Hozir uyqusi chala ochilgan koʻyi aravadagi qoplarni tushib ketmasligi uchun tutib borarkan, qaytib kirib oʻrniga yotishni juda-juda istardi. Katta yoʻl boʻyiga chiqishgach, qoplarni tushirishdi. Dadasi aravani tashlab chiqish uchun uyga ketdi. Qaytgunicha besh daqiqa oʻtdimi, oʻn daqiqami, Sobirjon qopda oʻtirgan koʻyi pinakka ketdi.
– Ie, Sobirjon, uxlayapsanmi? – degan tovushdan oʻziga keldi. Dadasi unga poʻstinini uzatib turardi. – Kiyib ol, kun chiqqanda yechib qoʻyaverasan. Sovuq oʻtmasin. Kechqurun dalada, yoʻllarda uxlamaslik kerak, jin chaladi, ozitqi adashtiradi. Ozgina sabr qilsang, avtobus keladi. Avtobusda uxlab ketaverasan.
Ammo avtobus bu safar negadir kech qoldi. Uch boʻldi, uchdan oʻn besh daqiqa oʻtdi – yoʻq. Sobirjonning sabri tugab borar, toqatsizlanardi. Oxiri qop ustiga oʻtirdi-da, qoʻllarini tizzasiga qoʻydi, uning ustiga bir yuzini bosib uxlash harakatiga tushdi.
– Sobirjon! Koʻchada uxlamaslik kerak, dedim-ku senga. Ozgina chidagin. Yo uyga kirib ketaverasanmi?
Oʻh! Soʻnggi gap moyday yoqdi-da. Dadasi uning oʻylarini oʻqib turganday ayti-da shu gapni!
– Ha, kirib ketaveraman, – dedi Sobirjon.
– Shunday degin… – dedi dadasi. – Otangni yarim yoʻlda tashlab ketaverasanmi? Oʻgʻil bolaning gapi bitta boʻlmaydimi? Birga bozorga boraman, deganding, lafzingdan qaytaverasanmi? Mayli, oʻzing bilasan. Boraver. Men oʻzim bir amallarman…
Sobirjonning uyqusi oʻchdi.
Orif Tolib
2014
“Maʼrifat” gazetasining 2016 yil 18 may sonida eʼlon qilingan.
https://saviya.uz/ijod/nasr/yol-oldidan/