Yetakchi janrning tadrijiy tamoyillari

Roman (frans.roman) – bu adabiyotning epik janriga mansub boʻlgan yirik badiiy asar turidir. Hajmidan qatʼiy nazar, romanda birgina yorqin epizod yoki lahza emas, balki yaxlit badiiy makon va zamonda sodir boʻlayotgan voqealar rivoji tasvirlanadi. Epik poeziyadan farqli oʻlaroq, romanda asosiy eʼtibor insonni va uning hayotiga taʼsir etuvchi murakkab, gohida ziddiyatli omillar (ijtimoiy, siyosiy, tarixiy, psixologik va hokazo)ni tasvirlashga qaratiladi. Romannavis uchun oʻz qahramonlarining kundalik yumushlari, maishiy ehtiyojlariga murojaat qilish odatiy holdir; masalnavis yoki majoziylikka ishtiyoqmand yozuvchidan farqli ravishda u personajlarni mavhum xislat va muayyan timsol sohiblariga aylantirmaydi.

Romanni boshqa hikoya shakllaridan ajratish lozim. Qachonlardir ular bilan raqobatlashib, ommaviylik bobida ustun kelgan romanning afsona va rivoyatlardan ajratuvchi xususiyati shundaki, u syujetni anʼanaviy manbalardan toʻgʻridan-toʻgʻri va butunligicha oʻzlashtirib olmaydi. Agarda oʻzlashtirgudek boʻlsa (masalan, Jeyms Joysning “Uliss”idagidek), unda afsonaning taʼsirchanligi, emotsionalligini saqlab, hozirgi kun voqeligidan kelib chiqqan holda ifodalaydi.

Romanning tarixi qadimga, yaʼni antik dunyo (Petroniyning “Satirikon”i, Apuleyning “Metamorfozalar”i) va oʻrta asrga, yaʼni “ritsarlik romani” (T. Melorining “Qirol Arturning oʻlimi”, 1469) paydo boʻlgan davrga borib taqaladi. Xullas, roman atamasi oʻrta asrlardayoq kashf qilingan boʻlib, uning oʻziga xos xususiyatlarini u yozilgan til belgilab berardi. Oʻrta asrlarda Gʻarbiy Yevropada lotin tili adabiy til maqomiga koʻtarildi. Jamiyatning yuqori tabaqalari doirasida mashhur boʻlgan lotin tilidagi pyesa, qissa, hikoyalar bilan bir qatorda roman (xalq jonli) tillarida bitilgan, oddiy odamlar uchun tushunarli boʻlgan qissa va hikoyalar ham paydo boʻla boshladi. Bu asarlar dastlab “conte roman”, yaʼni “roman hikoya” deb atalgan boʻlsa, keyinchalik “roman” sifati mustaqil maʼno kasb eta boshlaydi. Shu tariqa hikoya tarzida bitilgan asarlarning oʻziga xos nomi ham paydo boʻldi. Istalgan tilda yozilgan asarni “roman” deb atash odat tusiga kirdi, katta hajm, mufassal bayon, muayyan mavzular majmui, kompozitsion tuzilish, syujet avj olishi, voqealar rivoji va yana bir qator xususiyatlar uning oʻziga xos belgilariga aylandi. XVIII asrga kelib roman hikoyaviy janrlar orasida yetakchi oʻringa chiqib oldi.

XVI-XVII asrlar davomida roman oʻz davriga xos dolzarb muammolarni, yaʼni sinfiy mafkurani, diniy va maʼnaviy muammolarni hal etishga boʻlgan harakatni, ilm-fan va falsafaga boʻlgan qiziqishni, turli tadqiqot va kashfiyotlarga intilishni mazmunan qamrab oldi. Diniy adabiyot, ritsarlik romani va eposga tayangan holda, romanda qalb tugʻyonlaridan koʻra, bir chiziqli hikoya uslubi eng maqbul topildi va asosiy eʼtibor oldindan bashorat qilib boʻlmaydigan real hayotga qaratildi. Har xil toifali, jahongashta va uddaburon kimsalar boshidan kechirgan sarguzashtlar haqidagi “roman hikoya”lar XVI asr oʻrtalarida paydo boʻldi. Qahramonona xatti-harakat, jangu jadallar, harbiy shon-shuhrat haqidagi asarlardan farqli oʻlaroq, sarguzashtlarga bagʻishlangan bu asarlar aynan qiziqarli va maroqli boʻlib, dunyo haqidagi bilim yuksak maʼnaviy idealga erishish yoʻlidek emas, balki oʻz-oʻzidan, tabiiy ravishda qiziqish tugʻdirardi.

Fransua Rable (1494–1553)ning besh kitobdan iborat mashhur “Gargantyua va Pantagryuel” (1532–1552) nomli asari renessans adabiyotining birmuncha yirik romani hisoblanadi. Unda ikki ulkan afsonaviy qirol – Gargantyua va uning oʻgʻli Pantagryuel sarguzashtlari oʻrta asr sxolastik taʼlim-tarbiya tamoyillari bilan vobasta, “karnavallashgan satira” (M. Baxtin) uslubida tahlil va tanqid qilinadi. Romanda eng avvalo, yangi zamon – renessans gumanizmi gʻoyalarini hayotga tadbiq etishdek muhim omillar targʻib etiladi.

Migel de Servantes Saavedra (1547–1616)ning “Don Kixot” (1615) romani oldingisiga qaraganda teran psixologizmi tufayli yuzaki sarguzasht va qoʻpol mazmunli hikoyalar tavsifidan birmuncha uzoqlashib, roman janrini renessans ideallariga yaqinlashtirdi.

Butun XVII asr davomida roman janrida “Don Kixot” kabi koʻzga tashlanarli yirik asar dunyoga kelmadi hisob. Sababi, davrning ijtimoiy-siyosiy muammolari va oʻziga xos psixologik alomatlarini aks ettirish vazifasi drama zimmasiga tushgan edi. Hikoya uslubidagi sheʼriy doston va dramani Jon Milton va Jon Drayden yuksak darajaga koʻtardi. Ustiga ustak, roman janri hech narsaga arzimas, qoʻpol va soxta janr deya inkor qilinib, katta mahorat talab etmovchi, nafis va nazokatli idealdan birmuncha uzoq boʻlgan asar tarzida qabul qilinadigan boʻldi. Faqat asrning soʻnggi choragida Madam de Lafayet (1634–1693) tomonidan yaratilgan “Malika de Klev” (1678) romani janrni qayta tiklashga muvaffaq boʻldi.

XVII asrning 70-yillarida, Gʻarbiy Yevropa adabiyotida tragediya va komediya janrlari gullab-yashnagan bir davrda, hikoyaviy uslubning ajoyib namunasi, klassitsizm oqimining yagona nasriy asari – “Malika de Klev” romani barokko uslubida yaratilgan bejamdor va tumtaroq syujetli d’Yurfening “Astreya”, M. de Skyuderining “Kleliya”, “Ulugʻ Kir” kabi romanlaridan oʻz ustuvorligi bilan ajralib turardi. Taʼkidlash joizki, “Malika de Klev” – jahon, shu jumladan fransuz adabiyotida yaratilgan birinchi sof psixologik roman hisoblanadi. Oradan yuz ellik yil oʻtib Balzak, Stendal va Flober romanlari “Malika de Klev” ruhiga hamohang tarzda insoniy his-tuygʻular, kechinmalar, gʻam-tashvishlarning aynan haqiqatga yaqinligini obrazlar talqinida namoyon qildi.

XVIII asrga kelib roman maroqli va tahlikali sarguzashtlar haqida emas, balki aql-idrok bilan ish koʻrib, amalda hayotni saqlab qolish xususida hikoya qiluvchi janrga aylandi. Masalan, “Robinzon Kruzo” (1719) romanida tabiat ekzotikasiga qiziqishlarni ifoda etgan, “Moll Flenders” (1721) romanida esa shahar hayotini tasvirlashni mohirona maromiga yetkazgan Daniel Defo (1660–1731) soʻzsiz ingliz adabiyoti tarixiga birinchi yirik romannavis boʻlib kirdi.

Yevropa adabiyotida roman janri asoschilaridan biri deb tan olingan, ingliz adibi Semyuel Richardson (1689–1761) chuqur psixologik tahlilga boʻlgan ishtiyoqi sababli oʻz davrida katta shuhrat qozondi. Uning “Pamela” (1740) va “Klarissa” (1747–1748) romanlari yaratilishi bilanoq adabiyotda ruhiy holat, qalb kechinmalari, diltortar his-tuygʻularga qiziqish ortdi.

Ingliz adibi, Yevropa realistik roman janri asoschilaridan biri Genri Filding (1707–1754)ni, uning dramaturgiya va publitsistikasi emas, balki “Jozef Endryus” (1742), “Topildiq Tom Jons tarixi” (1749) va “Emiliya” (1751) romanlari adabiyot olamiga tanitgan edi. “Jozef Endryus” romani yaratilishiga aslida “Pamela” romani turtki bergan edi. Xushfeʼl, xayrixoh, ezgu-himmat xislatlar sohibi, xizmatkor qiz Pamelaning akasi deb faraz qilingan Jozef Endryusni oʻz romani bosh qahramoniga aylantirarkan, Filding ochiqdan-ochiq vatandoshi Richardsonning sentimental ruhdagi taʼlim-tarbiyani targʻib qiluvchi romanlariga zaharxanda bilan taqlid qiladi. Shu bois, “Jozef Endryus” romanining adabiy-tarixiy ahamiyati oddiy taqlid doirasidan chiqib, satirik roman janrini ilgarilatdi.

Davr falsafasi bilan astoydil qiziqqan va Richardsonga oʻxshab inson qalbi, ruhiyati, feʼl-atvorini tahlil qilishga berilgan yana bir ingliz romannavisi Lorens Stern (1713–1768) hayot zamirida yotgan kulgili va hissiy mohiyatni teran his qildi. Uslubiy jihatdan, muhim muammolar yechimini axtarish yoʻlida, uning “Tristram Shendi” (1767) romani XVIII asr adabiyotida yaratilgan boshqa romanlardan yaqqol ajralib turadi. Sababi, Stern roman janri strukturasi va tili ustida tajribalar oʻtkazishning yangi imkoniyatlarini ochib berdi; ochib beribgina qolmasdan, balki ularni amaliyotga ham tadbiq qila oldi.

XVIII asrning yana bir mutafakkiri Deni Didro (1713–1784) adabiy merosini ikki guruh asarlari tashkil qiladi. Birinchisi – bu adib hayotligida nashr qilingan va aslida tarixiy ahamiyatga molik asarlar; ikkinchisi – adib zamondoshlari nazaridan chetda qolgan, ammo soʻnggi ikki asr davomida kitobxon nazaridan ketmagan romanlaridir. Masalan, “Ramo jiyan” (1784) romanini muallif uzoq vaqt sir saqladi, adib hayot paytida bu roman chop qilinmadi, asar uning vafotidan soʻnggina nashr etilib, kitobxonlar qoʻliga tegdi. Ushbu nodir asarni ardoqlagan Gyote uni nemis tiliga tarjima qildi, Gegel “Ruh fenomenologiyasi” (1807) traktatida unga koʻp bora murojaat etgandi. Romanda “Edip kompleksi” yashiringan deb hisoblagan Z. Freyd ham undagi maʼrifiy fikrlar bilan hisoblashadi. Dialog tarzida qurilgan romanni turlicha talqin qilish mumkin, baʼzi adabiyotshunoslar roman syujetini maʼlum maʼnoda dohiylik tabiati haqidagi fikr-mulohazalardan iborat yaxlit bir qomus deb atashadi.

Didroning “Ramo jiyan”i bilan bir davrda yaratilgan Iogann Volfgang Gyote (1749–1832)ning “Yosh Verter iztiroblari” (1774) romanida oʻz ehtiroslari va his-tuygʻulari qurboniga aylangan yosh yigitning ruhiy olami, umidsizlik azobiga duchor boʻlgan muhabbat iztiroblari chuqur tadqiq qilinadi.

Muallifiga jahonshumul shuhrat keltirgan bu asar, avvalo, maktublardan iborat sentimental ruhdagi psixologik roman boʻlib, epsitolyar roman janriga asos soldi. Oʻrtamiyona muhabbatning oddiygina tarixini epsitolyar shaklda yuksak pafos bilan ifodalab berdi.

XIX asr Yevropasi ilm-fan uchun nechogʻlik sermahsul boʻlgan boʻlsa, roman uchun ham shu qadar sermazmun boʻldi. Yaʼni, bu asr – buyuk isteʼdod sohiblari va butun olamni oʻzgartirib yuborgan kashfiyotlar asriga aylandi. Roman zamonaviy janr sifatida eʼtirof etildi, jamiyatning urf-odatlarini, maʼnaviy va axloqiy qiyofasini oʻrganuvchi, zamonning ijtimoiy-siyosiy va estetik nazariyalarini sharhlovchi, boylik va qashshoqlik, farovonlik va jinoyatchilikni yuzaga keltiruvchi sabablarni tadqiq etuvchi hodisa darajasiga koʻtarildi.

Ilm-fandagi “izchil tadqiqot” atamasi taʼrifan XIX asr romanining mavzusi va uslubiy rang-barangligini yetarlicha ifodalay olmasa-da, har holda janr taraqqiyotining asosiy yoʻnalishlarini belgilab beradi. Masalan, asr boshida ijod qilgan ingliz adibasi Jeyn Ostin (1775–1817) romanlari, uslub tejamkorligi, mazmun ravshanligi, muayyan vazifa yuklatilganligiga koʻra obrazlarni tafsilotlarigacha yoritish meʼzonlarini oʻrnatdi. Adibaning “Gʻurur va gʻaraz” (1797) romani fransuz yozuvchisi G. Flober (1821–1880)ning mahalliy hayot va bu hayotni muqim tasvirlashdan iborat boʻlgan “Bovari xonim” (1857) romanining yaratilishiga turtki boʻldi. Floberning mumkin qadar kam, shu bilan birga imkoni boricha ifodali, maʼnoli, taʼsirli soʻzlashga boʻlgan intilishi, qoʻshimcha syujet chizgʻilarini maksimal tarzda cheklash, hamma narsani koʻrib turuvchi romannavis sifatida voqelikka minimal tarzda aralashish uslubi XIX asr oxiriga kelib Genri Jeyms (1843–1916) va Jozef Konrad (1857–1924) timsollarida oʻz izdoshlarini topdi.

Roman janrida jiddiy transformatsiyalar, taraqqiy ahamiyatga ega siljishlar yuz bera boshladi. XIX asr romani badiiy vositalar, rang-barang boʻyoqlar, saralab olingan tafsilotlar va ulkan panoramali sahnalarni tasvirlash orqali tarixiy voqealarni, ijtimoiy-siyosiy oʻzgarishlarni va milliy xarakterlarni aks ettirishga harakat qildi. Shu kabi roman, aniqrogʻi, badiiy tasvir uslubining rivojlanishida ingliz romannavisi Valter Skott (1771–1832) ijodi muhim rol oʻynadi.

Valter Skott romanlarini ikki asosiy guruhga (shartli ravishda albatta) boʻlish mumkin. Birinchisi – adib vatani Shotlandiyaning shonli tarixiga bagʻishlangan boʻlib, oʻz ichiga XVI-XVIII asrlar mobaynida yurt ozodligi uchun olib borilgan qoʻzgʻolonlar, urushlarni oʻz ichiga qamrab oladi: “Ueverli” (1814), “Gay Mannering” (1815), “Rob Roy” (1817), “Antikvariy” (1816) romanlari shular sirasiga kiradi. Adib ushbu romanlarida gʻaroyib sarguzashtlar, goʻzal manzaralar, turfa ranglarga boy realistik tasvirlarni, turli ijtimoiy tabaqalarga mansub yorqin xarakterli obrazlarni yaratdi.

Yana bir ingliz yozuvchisi Charlz Dikkens (1812–1870) qalamiga mansub “Pikvik klubi maktublari” (1837) romani hayoti, ayni paytda quvnoq va nim tabassumli sarguzashtlarga boy, mazmunan chigallashib ketgan metamorfoza shaklidagi “satirik roman” janriga xos tarzida qabul qilindi. Uning qahramonlari Semyuel Pikvik tabiatan xushchaqchaq va bardam nuroniy ritsar Don-Kixotga qiyos qilinsa, Sem Ueller – doʻmboq va qirmizi yuz Sancho Pansaga oʻxshab ketadi.

Keyinchalik, Charlz Dikkensning ijtimoiy hayot voqeligidan olib yozilgan “Oliver Tvist” (1839) va “Nikolas Niklbi” (1839) singari mashhur romanlari nashr qilindi. “Oliver Tvist” syujetida London chekkalaridagi xilvat va xaroba joylarga taqdir taqozosi bilan borib qolgan yetim bolaning boshidan kechirgan sarguzashtlari tasvirlanadi.

Charlz Dikkens isteʼdodining yorqin qirralari, ayniqsa, uning “Dombi va oʻgʻil” (1848) romanida koʻzga tashlanadi. Asardagi badiiy obrazlar silsilasi, ijtimoiy muhit, hayotiy vaziyatlar tasviri kitobxonni oʻziga jalb qiladi. Charlz Dikkensning yana bir yirik asari – “Devid Kopperfild” (1850) romanidir. Romanda koʻtarilgan asosiy mavzu va maqsad oila shaʼni, maʼnaviyat va taʼlim-tarbiyaning eski, sinalgan tartib-qoidalariga hamdu sanolar oʻqish bilan kapitalistik tuzumning yangicha ijtimoiy tartiblariga qarshi chiqishdan iborat.

XIX asrda roman janri rivojida tanqidiy realizm oqimining alohida oʻrni bor. U Renessans va Maʼrifat davri realizmidan tubdan farq qilib, Stendal va Balzak, Dikkens va Tekkerey, M. Tven va G. Jeyms, Flober va Mopassan, L. Tolstoy va F. Dostoyevskiy ijodida kamolot choʻqqisiga koʻtarildi.

Tanqidiy realizm inson va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarni yangicha koʻrinishlarda tasvirladi. U inson tabiati ijtimoiy sharoit bilan uzviy bogʻliqdir degan aqidaga amal qildi. Shu bois, tanqidiy realizm prozasida shaxsning ichki dunyosi chuqur ijtimoiy va psixologik tahlil predmetiga aylandi. Tanqidiy realizm romanida ushbu xususiyatning vujudga kelishida insonning ruhiy holatini, hissiy dunyosini anglashga intilgan romantizm oqimining ahamiyati beqiyos edi.

XIX asr 40 yillarida Yevropa davlatlarida ishchilar harakatining avj olishi, turli ijtimoiy-falsafiy taʼlimotlarning paydo boʻlishi tanqidiy realizm adabiyotiga oʻz taʼsirini koʻrsatdi. Natijada, roman janrida obʼyektiv voqelikni inqilobiy ruh zamirida tasvirlashning ilk tajribalari ham yuzaga keldi. Asr oxirida tanqidiy realizm Gʻarb adabiyotida jiddiy oʻzgarishlarga uchragani holda, rus adabiyoti (I. A. Goncharov, M. Ye. Saltiʼkov-Shʼʼedrin, F. M. Dostoyevskiy)da qaror topdi va yanada taraqqiy etdi. Gʻarb adabiyotida esa tanqidiy realizmga turli qarama-qarshi omillar oʻz salbiy taʼsirini oʻtkaza boshladi. Natijada, rang-barang badiiy uslub (naturalizm, simvolizm, ekspressionizm va hokazo)lar maydonga keldi. Sof realistik omillarni oʻz ichiga qamrab olgan bu oqimlar prozada oʻziga xos “sintetik janrlar”ni kashf qildi.

Tanqidiy realizm yalovbardori sifatida tanilgan Onore de Balzak (1799–1850) fransuz realistik romaniga asos soldi, oʻz asarlarida hayotiy voqealar tafsilotini nozik taʼb bilan tavsifladi, obrazlarni yorqin ranglarda, syujetni muhitga chambarchas bogʻlagan holda tasvirladi. Adibning “Inson komediyasi” (1834) epopeyasiga kiruvchi “Shuanlar” (1829), “Gobsek” (1830), “Gorio ota” (1835), “Saxtiyon teri” (1831) kabi oʻnlab asarlari, shubhasiz, tanqidiy realizm romanini yuksak choʻqqiga olib chiqdi.

XIX asrning 30 yillarida, Balzak adabiyotga kirib kelgan vaqtda, fransuz va gʻarb adabiyotida romantizm maktabi shakllanib ulgurgan, roman janrining ikki turi: “shaxs romani” (D. Defoning “Robinzon Kruzo”, I. F. Gyotening “Yosh Verter iztiroblari”) va “tarixiy roman” (V. Skott, V. Gyugo, A. Dyuma, P. Merime, J. Sand) keng tarqalib, kitobxonlarga manzur boʻlgan edi. Balzakning novatorligi shunda boʻldiki, u “shaxs romani”dan ham, “tarixiy roman”dan ham ancha ilgarilab ketdi, yaʼni “individuallashgan shaxsni” real taʼriflashga, u orqali butun jamiyatni, xalqni, qolaversa, Fransiya manzarasini tasvirlashga erisha oldi. Yozuvchi ijodining markazida shonli oʻtmish haqidagi afsonalar emas, balki hozirgi kun manzarasi, burjua jamiyatining badiiy portretini chizishdek murakkab vazifa turardi. Balzak romanlarining asosiy mavzusi – qahramonona yoki romantik tabiatga ega shaxs emas, umumbashariy ahamiyatga molik tarixiy voqea emas, balki zamonasidagi burjuaziya jamiyatining real koʻrinishini yoritishdan iborat edi. Shaxsning teran mushohadasi, ruhiy holati va kechinmalarini tasvirlovchi roman oʻrniga, Balzak ijtimoiy urf-odatlar, xulq-atvor haqidagi romanni, tarixiy roman oʻrniga – Fransiyaning bugunini eʼtirof etuvchi badiiy tarixni yaratishni maqsad qilib qoʻyadi.

Realistik roman janri yuksalishiga yana bir mashhur fransuz yozuvchisi Stendal (1783–1842) katta hissa qoʻshdi. Adibning badiiy bezaklardan holi, shaffof suvdek tiniq mazmundagi “Qizil va qora” (1831) va “Parma ibodatxonasi” (1839) romanlarida psixologik tahlilga tortilgan qahramonlarning ichki dunyosida romantik ruhdagi shijoatni koʻrish mumkin va otashqalb muhabbatni, koʻrish mumkin.

Xulosaki, Gyugo romantizmi, Stendal va Balzak realizmi, Flober va Mopassanning taʼrif ojiz qoluvchi qahramonlari hissiyotini kundalik hayot bilan uygʻunlashtirish mahorati XIX asr fransuz romanining asosiy tavsif tamoyillaridandir. Ayni paytda, realizmning loaqal eng ziddiyatli koʻrinishi boʻlgan naturalizm Emil Zolya (1840–1902) romanlarida oʻz aksini topdi. Naturalizm tarafdorlari insonning axloqiy qiyofasi, uning feʼl-atvori, yurish-turishi, muomalasi bilan emas, balki atrof-muhit yuzaga keltirgan shart-sharoit tomonidan qatʼiy belgilanadi, deguvchi maslakka sodiq edi.

Bu davrga kelib rus adabiyoti jahon adabiy jarayoniga jiddiy taʼsir koʻrsata boshladi. Hatto roman janrining keyingi taraqqiyotini belgilab ham berdi. Ijtimoiy hayotga determinizm qolipidagi yondashuv rus adiblarining yirik romanlariga putur yetkaza olmadi. N. V. Gogol (1809–1852)ning “Oʻlik jonlar” (1842) nasriy poemasi grotesk uslubdagi achchiq hazil-mutoyibaga toʻla boʻlib, muallif unda ijtimoiy adolatsizlikka amalda syurrealist qalamkash nigohi orqali qaraydi. Romanda Gogol estetikasining asosiy, yaʼni “oddiy”dan “gʻayrioddiy”likni yuzaga chiqarish talabi oʻzining yangi ifodasini topdi.

F. M. Dostoyevskiy (1821–1881) esa insonni bilishning ilmiy yondashuviga qarshi isyonning boshqa shaklini tanlab oldi. “Jinoyat va jazo” (1867) romanida asrning dolzarb, yaʼni taraqqiyot mohiyati, diniy qadriyatlarsiz hayot bemaʼniligi, inson tabiatining nafs balosiga yoʻliqishi xususidagi muammolarni oʻzigagina xos talqinda hal etarkan, adib oʻzgaruvchan va sobitqadamsiz qahramonlarida ushbu bahs-munozaraning jamiki mavjud “yaxshi” va “yomon” tomonlarini mujassam koʻrsatib beroldi. Ishtirok etuvchi personajlar, bir-biriga oʻxshash qahramonlarning koʻpligi, imkoni boricha koʻproq voqealarni qamrab olish, boʻrttirib koʻrsatilgan sahnalarning fojiaviy sahnalar bilan almashinuvi, maʼnaviy-axloqiy muammolarning mantiqqa zid ravishda koʻndalang qoʻyilishi, qahramonlarning muayyan gʻoyaga butunlay berilib ketishi, “ovoz”larning (mualliflik pozitsiyasi umumiyligi bilan bir-biriga uzviy bogʻlangan har xil fikrlar) koʻpligi “Jinoyat va jazo” romani poetikasining asosiy jihatlariga aylandi.

Shu jihatdan L. N. Tolstoy (1828–1910)ning adabiy merosi ham oʻziga xosdir. Odamni bir butun yaxlit holda koʻrish, inson tashqi xulq-atvori, yurish-turishi, ichki dunyosining murakkab dinamikasini koʻrsatish qobiliyati Tolstoyni boshqa adiblardan ajratib turadi. Ingliz yozuvchisi G. Jeyms fikricha, Tolstoy roman janriga “his-tuygʻular orqali tasvirlangan hayotni” olib kirdi. “Urush va tinchlik” (1869) romanining bosh gʻoyasi – inson tarixini behad koʻp individual hayotlarning murakkab birlashuvi tarzda tushunishda ravshanlashadi. Ayni paytda, ushbu gʻoya alohida olingan konkret hayotlarning juzʼiy tafsilotlarigacha tasvirlash orqali amalga oshiriladi. Romanning anʼanaviy tarzda “oilaviy” deb nomlangan fasllarini tarixiy voqealarning keng koʻlamdagi tasviri bilan birlashtirish, bir nechta syujet chizgʻilarini bir-biriga tutashtirish, matnga oʻnlab personajlarning nutqini qoʻshish oʻsha davr romanining yangi, oʻziga xos xususiyatiga aylandi. Adabiyotshunoslar “Urush va tinchlik”ni roman-epopeya deb nomlashadi.

Ichki monolog badiiy usulidan keng foydalanish, bir-birini mantiqsiz almashtirib turuvchi ayqash-uyqash kuzatuvchilarni, qahramonni oʻrab turgan dunyoni, uning tang ahvoldagi gʻalati fikrlarini tavsiflash Tolstoyning yana bir mashhur asari – “Anna Karenina” romanida namoyon boʻladi.

Taʼkidlash lozimki, Dostoyevskiy va Tolstoy ijodi jahon adabiyotida roman rivojiga katta taʼsir koʻrsatdi. XX asrning yirik romannavis yozuvchilari Tomas Mann, Jon Golsuorsi, Ernest Xeminguey kabilar oʻzlarini ularning izdoshlari deb eʼtirof qilishgan.

XIX asr AQSH adabiyotida roman ikki yoʻnalishda rivojlandi. Jeyms Fenimor Kuper (1789–1851), Nataniyel Gotorn (1804–1864), German Melvill (1819–1891) kabi yozuvchilar ijodini tashkil etgan birinchi yoʻnalishda voqealar tasviri Shimoliy Amerika qitʼasining dashtu sahrolari, qorli togʻlari, odam oyogʻi yetmagan oʻrmon va koʻllari, bepoyon kengliklari oʻziga xos tarzda aks ettirildi.

AQSH adabiyotida xalqning ijtimoiy hayoti va urf-odatlarini batafsil oʻrganishga undovchi realizm qolipidagi romanlarni U. D. Xouells (1837–1920), G. Jeyms (1843–1916) va Edit Uorton (1862–1937) ijodida kuzatishimiz mumkin. Mashhur yozuvchi, realizm va romantizm janri mohir ustasi Mark Tven (1835–1910) “Geklberri Finn sarguzashtlari” (1884) romanida adabiyotdagi har ikkala yoʻnalishni mujassamlashtirdi…

Xullas, XX asr boshiga kelib roman uslubini sayqallashtirish maqsadida olib borilgan tajribalar oʻz natijasini bermasdan qolmadi. 1900 yil Teodor Drayzer (1871–1945) qalamiga mansub “Baxtiqaro Kerri” romanining nashr etilishi AQSH adabiyoti tarixida keskin burilish yasadi. Katta shahar hayoti tuzogʻiga tushib qolgan yosh ayol qismati haqida hikoya qiluvchi ushbu roman kitobxon va adabiyot ahli orasida katta shov-shuvga ega boʻldi va adabiy jarayonga oʻz taʼsirini oʻtkazmasdan qolmadi. Oʻzga yozuvchilardan farqli oʻlaroq, Drayzer uslub va shakl xususida koʻp oʻylamadi. Insonning hayotda oʻz oʻrnini topishga, oʻz mavqeini aniqlashga boʻlgan intilishi va jamiyatning qonun hamda rasm-rusumlari oʻrtasidagi ixtilof Drayzer romanining fojiaviy manbasini tashkil qildi. Bu murosasiz kurashda kuchlilar gʻalaba qozonadi, kuchsizlarga esa magʻlubiyatni tan olishdan boshqa chora qolmaydi. “Baxtiqaro Kerri” va “Jenni Gerxardt” (1911) romanlari qahramonlarining taqdiri haqqoniy, hech bir mubolagʻasiz tasvirlanganligi bilan kitobxonlarda rahm-shafqat hissini uygʻotdi. Mashhur “Amerika fojiasi” (1925) romanida muallif keskin ijtimoiy muammolarni hal etishga oʻzgacha yondashdi. Haqiqat zamirida qurilgan voqealar tasviridan iborat ushbu romanda jamiyatning eng xunuk va beshafqat qiyofasi namoyon boʻldi.

XX asr boshida ingliz yozuvchisi Jozef Konrad (1857–1924)ning “shaʼnini yoʻqotgan insonni anglash” mushohadasiga bagʻishlangan “Lord Jim” (1900), “Toʻfon” (1902), “Fursat” (1914), “Gʻalaba” (1915) kabi romanlari tanqidchilarning yuqori bahosiga sazovor boʻlgandi.

Eng muhimi, Angliya adabiyotida modernizm romani paydo boʻlishiga bevosita Konrad ijodi turtki boʻlganini adabiyotshunoslar tan olishadi. Xilma-xil shakl va rang-barang mazmunga ega boʻlgan modernistik romanning realizm tamaddunidagi syujet tuzilishi umumeʼtirof etilgan anʼnaviy qoidalarni inkor qilish va xarakterlar yaratish tamoyillaridan voz kechish dasturulamali shakllandi.

XX asr boshidayoq modernizm adabiyotining yetakchisi sifatida britaniyalik adiba Virjiniya Vulf (1882–1941) adabiy jamoatchilik eʼtiboriga tushdi. Uning qalamiga mansub “Missis Dellouey” (1925), “Mayoqqa qarab” (1927), “Orlando” (1928) kabi romanlar, haqli ravishda, “ong oqimi” badiiy uslubida yozilgan klassik asarlar boʻlib qoldi. Qalbning nozik harakatlarini tasvirlash yoʻlida syujet tuzilishidan voz kechgan Vulf modernizmning asosiy dasturlaridan biri boʻlmish “Zamonaviy roman” (1929) essesida inson ongini muhrlay olgan hikoya uslubi orqali “simmetriya tarzida qurilgan” anʼanaviy roman qolipini inkor qildi. Aynan shu holat uning zamondoshlari, XX asr modern yozuvchilari M. Prust, F. Kafka, J. Joys, T. Mann, A. Jid kabi adiblar ijodida ham namoyon boʻldi.

XX asr realizmiga, modernizmdan farqli oʻlaroq, optimizm ruhidagi pafos, “insonning bardosh berishi” (U. Folkner)ga, “insonni yengish mumkin emas” (E. Xeminguey)ligiga ishonch juda ham xosdir. Bu yerda modernizm va realizm oʻrtasida aniq va ravshan koʻrinib turadigan “ayirish belgi”sini yoki “ajratuvchi chegara”ni oʻtkazish qiyin, buning maqsadga muvofiqligi ham shubhali. XX asr realizmi modernizm ruhida dunyoni his etish bilan (masalan, Uilyam Folkner, Tomas Mann, Herman Hesse kabi yozuvchilar asarlarida) va naturalizm ruhidagi unsurlar bilan (Teodor Drayzer va Jon Steynbek ijodida aks etgani kabi) murakkablashtirilishi ham mumkin. Taʼkidlab oʻtish joizki, aynan modernizmga xos boʻlgan qator uslublardan, masalan, “ong oqimi” badiiy uslubidan foydalanish realizmga ham yot emas. Umuman olganda, modernizm va realizm oʻrtasidagi “chegara”ni shakl, badiiy uslublar nuqtai nazaridan emas, garchand ular nihoyatda muhim va ahamiyatli, mazmunning ajralmas qismi boʻlsa-da, boshlangʻich falsafiy tafakkur, yaʼni inson konsepsiyasi nuqtai nazaridan oʻtkazish maqsadga muvofiqdir. Muammoni biroz soddalashtirib, umumiy tarzda bayon qilgudek boʻlsak: modernizm ruhi bilan sugʻorilgan adabiyotning qatʼiyatsiz, halokatga mahkum etilgan notavon qahramoniga realizm ruhidagi adabiyotning faol, kurash olib borishga shay qahramoni qarshi turdi. Modernizm tarafdorlarining obʼyektiv borliqning majhul universal qonunlarini badiiy jihatdan asoslab berishga boʻlgan intilishiga realizm tarafdorlarining tarixiylik tamoyilini, yaʼni har bir narsa yoki hodisaga tarix nuqtai nazaridan yondashishni, muayyan ijtimoiy tahlilni qarshi qoʻyadilar.

Realizmning badiiyan mukammalligi, ifoda vositalarning kengligi roman shakllarining, yaʼni ijtimoiy, siyosiy, falsafiy, intellektual, fantastik, detektiv, utopik kabi janrlarining xilma-xilligini va rang-barangligini yaqqol namoyish qildi. Bu yerda hayotning keng manzaralari ham (Roje Marten dyu Gar, Teodor Drayzer), afsona va rivoyatlardan foydalanish ham (Gabriyel Garsia Markes, Umberto Eko), ramziy ifoda va ramzli hikoya ham (Maks Frish, Uilyam Golding), fantastika ham (Rey Bredberi), falsafiy mushohada ham (Jan-Pol Sartr, Alber Kamyu), badiiy toʻqima va hujjat sintezi ham (Jon Dos Passos), belletristika va musiqa sintezi ham (Romen Rollan), uslublarning gʻalati va ajoyib aralashmasi ham (Kurt Vonnegut) mavjuddir. Roman janrini boyitishda “Doktor Faustus” (1947) romanida uslub “ohangdoshligi”dan, afsona va istehzodan foydalangan nemis yozuvchisi, Nobel mukofoti laureati (1929) Tomas Mann (1875–1955), oʻz uslubida ramziy ifodani, ong oqimini va groteskni bir butun yaxlit holga keltirgan boʻlsa, yana bir mashhur adib, Nobel mukofoti laureati (1949) Uilyam Folkner (1897–1962) ham bu jarayonga oʻzining hissasini qoʻshdi. Ikki jahon urushi oraligʻida oʻtgan vaqt ichida jahon adabiyotida “yoʻqotilgan avlod” (G. Stayn) namoyandalari, amerikalik adiblar Uilyam Folkner, Ernest Xeminguey (1899–1961), Frensis Skott Fitsdjerald (1896–1940), Jon Dos Passos (1896–1970), Tomas Vulf (1900–1938), Jon Steynbek (1902–1968), Sinkler Lyuis (1885–1951) yaratgan asarlar olamshumul ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, XX asr jahon adabiyotida Richard Oldington (1892–1962), Erix Mariya Remark (1898–1970), Anri Barbyus (1873–1935)larning urush mavzusiga bagʻishlangan, Bertold Brext (1898–1956), Iogannes Bexer (1891–1958), Anna Zegers (1900–1983) va Lion Feyxtvanger (1881–1958) larning fashizmni qoralovchi va nihoyat, Sinkler Lyuis (1885–1951), Jorj Oruel (1903–1950) larning totalitar tuzumlarni qattiq tanqid ostiga olgan antiutopiya romanlari roman janrini yanada takomillashtirdi, rang-barang mavzu va uslubiy jihatlarini kashf etdi.

Modernizm adabiyoti namoyandalaridan biri, fransuz yozuvchisi Marsel Prust (1871–1922)ning “Yoʻqotilgan vaqtni axtarib” (1927) nomli koʻp jildli turkumida hikoyaviy uslub yoʻlida olib borilgan tajribalar va turli maʼnoga ega timsollardan foydalanish roman janrini zamonaviy sivilizatsiya haqidagi solnomaga aylantirdi, ayni paytda irlandiyalik adib Jeyms Joys (1882–1941) tajribalariga ham keng yoʻl ochib berdi. U yangicha poetik uslub kashfiyotchisi sifatida maydonga chiqdi. Ushbu uslubda badiiy shakl oʻzida gʻoyaviy, psixologik va boshqa jihatlarni mujassam etib, mazmun oʻrnini bosa oladigan darajada namoyon boʻldi. Adibning “Dublinliklar” (1914) nomli hikoyalar toʻplami, “Musavvirning yoshlikdagi portreti” (1917), Uliss” (1921), “Finnegan janozasi” (1939) asarlarining mazmunini batafsil hikoya qilib berishning imkoni yoʻq, ularni izohlash ham katta qiyinchilik tugʻdiradi, negaki ularda murakkab “ong oqimi” badiiy uslubi hamma narsani boshqaradi, mazmunda hal etuvchi omilga aylanadi.

Sanʼat – sanʼat uchun deguvchi qalamkashlar murakkab uslublarni kashf qilarkan, faqat mutaxassislar, yozuvchilargina tushunishi mumkin boʻlgan gʻayritabiiy tajribalar orqali yozuvchilik sanʼatining mohiyati – soʻzni, uslublarni, badiiy vositalar majmuini tubdan yangilaydi. Joys oʻz ijodida aynan shunga amal qildi va oʻzidan keyingi avlodga katta taʼsir koʻrsatdi, adabiyot nazariyotchilarini mulohazali boʻlishga undadi. Joys novatorligi shundaki, u turli badiiy uslublar bilan tajribalar oʻtkazib, “Dublinliklar”, “Musavvirning yoshlikdagi portreti”, “Uliss”, “Finnegan janozasi” asarlarida “roman portret” janriga yangicha ruh bagʻishladi, bu janrning hali ochilmagan qirralarini, “ong oqimi” uslubining yorqin va bir vaqtning oʻzida tugal shaklini namoyon qildi.

Butun diqqat-eʼtiborni ongda kechuvchi (anglangan yoki anglanmagan holdami – buning ahamiyati yoʻq) jarayonlarga qaratish yana bir modernist yozuvchi Frans Kafka (1883–1924) ijodining oʻziga xos xususiyatlaridandir. Uning qahramonlariga doimo oʻzini-oʻzi kovlash, oʻzini-oʻzi tahlil qilish, oʻzidan qandaydir tushunib boʻlmas aybni topish xos odat ramziga aylanadi. Kafka qahramonlari XIX asr romani qahramonlaridan farqli oʻlaroq, ularni dahshatli tushdek, mudhish manzaradek taʼqib ostiga olgan taqdirni hiyla-nayranglar ishlatib boʻlsa-da, yengishga harakat qilishmaydi, aksincha, qismatga itoatkorona bosh egishadi. Kafkaning absurdga moyil, tashqi olam oldida gʻayrishuuriy qoʻrqinchga toʻla, oʻquvchida vahimali hissiyotni qoʻzgʻatishga qodir romanlari – jahon adabiyotida kamdan-kam uchraydigan hodisadir.

Xuddi M. Prust va J. Joysda boʻlgani kabi, Uilyam Folkner ijodining ahamiyati nafaqat tanlab olingan mavzular, balki pala-partish parchalardan iborat, bir chiziq boʻylab harakatlanmovchi hikoya uslubi ustida tajriba oʻtkazish orqali ularni mujassamlantirish, ochiqdan-ochiq bayon etish bilan bogʻliqdir. Modernizm ruhidagi adabiyot (J. Joys, V. Vulf) taʼsirida rivojlangan murakkab adabiy-uslubiy shakl Folkner ijodini zamondoshlaridan ajratib turadi, baʼzida bir-birini boʻlib turuvchi fikrlar oqimi, tasodifiy taassurotlar va chetdan turib, goʻyoki betaraf, ehtirossiz olib borilgan kuzatuvlarni qalashtirib yuborilganligi tufayli asl maʼnoni, asosiy mazmunni anglash mushkul. Folknerning polifonik (koʻp ovozli) prozasida syujet chiziqlari, xuddi oʻrmondagi tor soʻqmoqlardek, goh koʻrinmay ketadi, goh yana paydo boʻladi. Ular bir romandan boshqasiga koʻchib oʻtadi, kutilmagan bir paytda yozuvchining hikoyalarida uchrab qoladi.

Roman janrida timsollarning murakkab tizimidan foydalanish va ongda kechayotgan assotsiatsiyalarni qayd qilishga boʻlgan intilish XX asr oʻrtalarida ham soʻnmadi. Modernist yozuvchilar asarlarida matnning zichligi, soʻzlar bilan oʻynash, muayyan badiiy tasvir uslubiga taqlid qilish, jiddiy ijtimoiy va siyosiy muammolardan qochish kabi tendensiyalar yanada kuchaydi.

Irlandiyalik yozuvchi Semyuel Bekket (1906–1989) roman va dramalarida oʻz ongida qamalib olgan, atrofdagi odamlarni baholashga aqli ojiz, atrof muhitni oʻzgartirishga qurbi yetmaydigan qahramonlarni yaratdi. Adibning “Mollou” (1951), “Malon oʻlimi” (1951), “Nomsiz” (1953) romanlaridan tarkib topgan trilogiyasida “yangi roman” janrining ilk shakl-shamoyili koʻrindi, vaqt oʻtib Bekket bu janrning asoschisi deb eʼtirof etildi. Romanning bu shaklida makon va zamon kategoriyalarining maʼno-mazmuni oʻz ahamiyatini yoʻqotadi, voqea-hodisalarning xronologiyasi buziladi, butun borliq alohida onlarga parchalanib ketadi, gap qatorlarini muallif oʻzi xohlagan tartibda tizib chiqadi. Bir tildan boshqa tilga oʻtish roman strukturasi bilan olib borilgan tajribalarni leksika sathiga oʻtkazishga sabab boʻldi, aniqrogʻi, soʻzlardan iborat konstruksiyalar oʻz mantiqi va aniqligini, maʼno va mazmunini yoʻqotdi, gap tuzilishi tarkibiy qismlarga ajratilib, mutlaqo yangi, shu paytgacha boʻlmagan yaxlit holatda terilib chiqadigan boʻldi.

Postmodernizm adabiyot va adabiy tanqidda ilk bor XX asrning 50-yillari oxirida maydonga chiqdi. U haqda birinchi boʻlib tanqidchi Irvin Xau (1920–1993) “Ommaviy jamiyat va postmodern adabiyoti” (1959) maqolasida gap ochgan edi. Ellik yil boʻlibdiki, postmodernizm xususida to bugunga qadar davom etayotgan keskin bahs-munozaralarga aynan u sababchi boʻlib qolmoqda. I. Xauning yangi adabiyotga boʻlgan munosabati, umuman olganda, salbiy va pessimizm ruhida edi. Munaqqid oʻz maqolasida E. Xeminguey va U. Folkner, A. Dyoblin va G. Grass, X. L. Borxes va G. G. Markes, T. S. Eliot va J. Joys kabi koʻplab yozuvchilarning modernizmidan farqli oʻlaroq, postmodern adabiyoti oʻzida loqaydlik, boʻshlik, ilgʻor salohiyat va zarbdor kuchning kamayganligi bilan ajralib turadi, deb taʼkidlaydi. Adabiyotdagi bu yoʻnalish ijodiy oʻziga xoslikni namoyon etish maqsadida bir muncha cheklangan imkoniyatlarni yuzaga keltirdi.

Postmodern adabiyotining maqtovga loyiq jihati shundaki, u sinfiy jamiyatda mavjud boʻlgan “bilimdon”lar sanʼati va “bilimsiz”larning “chala sanʼati” oʻrtasidagi avvalgi tabaqalanishni yoʻq qilganligidadir. Yangi adabiyot, shuningdek, sanʼat sohasida professionalizm va diletantizm oʻrtasidagi tafovutga barham berdi, sanʼatkor va muxlislar oʻrtasidagi aloqa uzilishlarini bartaraf etdi. U, oʻzida xilma-xil va rang-barang mavzular hamda badiiy dasturlarni mujassamlashtirib, faqat intellektual va elitar adabiyot boʻlmasdan, bir vaqtning oʻzida xayolparastli, hissiyotli va eng muhimi ommaviy boʻlib qoldi.

Postmodernizm ruhida ijod qilayotgan yozuvchi “ikki yoqlama yoʻl tutadigan munofiq vakil” sifatida gavdalandi. U oʻzini texnologiyalashtirilgan voqelikda ham, gʻaroyib moʻjizalar olamida ham birdek yaxshi his etadi. Uning uchun taʼqiqlab qoʻyilgan mavzular, kirishi maʼn etilgan hududlar yoʻq. Uning ijodiy mahsuli koʻp tilli va koʻp ovozli boʻlib, oʻzida eng sara va ommabop did va taʼbni mujassamlantirgan boʻladi. Uni oʻzgalardan tub va keskin farq qiluvchi plyuralizm falsafasi ajratib turadi. Postmodern uslubida yaratilgan “ideal roman” qanday qilib boʻlsa ham realizm va irrealizm, formalizm va “mazmun”, sof sanʼat va ijtimoiy-siyosiy vaziyatga qarab yoʻnaltirilgan sanʼat, elitar va ommaviy proza oʻrtasidagi toʻqnashuv ustida boʻlishi lozim.

Postmodernizm oqimining yirik namoyandalaridan biri, italiyalik yozuvchi Umberto Eko (1932)ning “Atirgul nomi” (1980) romani oʻz muallifiga jahonshumul shuhrat olib keldi. Asarning sehrli tarovati va jozibadorligiga adabiyotshunoslar ham, kitobxon ahli ham tan berdi. Roman erishgan muvaffaqiyat kutilgandan ham ortiq boʻlib, endilikda u xalqaro bestsellerga aylandi. “Atirgul nomi” romani postmodernizm ruhiga xos boʻlgan barcha xususiyatlarga, qolaversa, strukturaviy tuzilishga ega. Asar detektiv janrga xos mazmunda: qotillik voqeasidan boshlanadi. Boshidan maʼlum boʻlgan murakkab syujet chizigʻi, voqealarning chalkashib ketishi borgan sari sodir boʻlayotgan jinoyatlar zamirida bir maromda saqlanib turadi, voqealar rivojining susayishiga yoʻl qoʻymaydi. Romanda roʻy berayotgan voqealar yetti kun orasida rivojlanib boradi va shu oraliqda yettita qotillik sodir etiladi. Buning ustiga, har bir keyingi qotillik tobora ayovsiz beshafqat tus olib borarkan, kitobxonning butun diqqat-eʼtiborini bir joyga jamlab, ushlab turishga imkoniyat tugʻdiradi. Janr jihatidan “Atirgul nomi” nafaqat detektiv, balki oʻquvchilarda mehr va havas uygʻotuvchi tarixiy roman hamdir. Roman hammabop, barcha yoshdagi kitobxonlarga tushunarli mazmunda boʻlib, uni oʻqiganda chinakamiga zavq olasiz. Xullas, asar kitobxon didiga mos va javob beraoladigan darajada. Romanning olamshumul mohiyati aynan shu xislatlarida boʻlsa ajabmas.

Postmodernizm – nihoyatda murakkab adabiy jarayondir. Fransiyalik postmodern adabiyoti nazariyachisi Jan-Fransua Liotar (1924–1998) taʼbiri bilan aytganda, postmodernizmni “murakkablikning boshqarib boʻlmaydigan darajada ortib borishi” qabilida tushunmoq lozim. Bu taʼrif postmodernizmning muhim bir jihatini oʻzida aks ettirsa ham, aslida bu tushuncha oʻzida juda umumiy va keng maʼnoni anglatadi. Buni biz postmodernizmning ahamiyatliroq jihatlarini modernizm tamoyillari bilan taqqoslab koʻrganimizda ishonch hosil qilamiz. Nazarimizda amerikalik jamiyatshunos olim Zigmund Bauman (1925–2003)ning postmodernizmga bergan taʼrifi nazariy va amaliy jihatdan birmuncha adekvat va tushunarlidek koʻrinadi. Uning taʼrificha, “postmodernizm – bu oʻz magʻlubiyatining mumkin emasligini tan olgan modernizmdir”.

Modernizm oʻz oldiga ulkan va global maqsadlarni qoʻygan edi. Ilohiy kuchlarga qarshi chiqib, u insonni, jamiyatni, tabiatni, hattoki butun olam va koinotni oʻzgartirishga, qaytadan yaratishga azm qildi. Koʻzlangan maqsadlarga muvofiq tabiat tubdan oʻzgartirilgan va boʻysundirilgan boʻlishi lozim edi, jamiyatda esa chinakam adolatli millatlararo munosabatlar oʻrnatilishi, inson esa ong-shuur va oʻzini-oʻzi anglashga ega boʻlgan yuksak darajadagi mukammal shaxsga aylanishi talab etilardi. Bu aslida modernizm loyihasining tub mohiyati sanalardi. Adabiyotda bu loyihaning amalga oshishiga qariyb ikki asr kerak boʻldi. XX asr oʻrtalariga kelib adabiyotda ushbu loyihaning anchagina qismi bajarilmay qolganligi, undanda ahamiyatliroq tomoni esa – umuman bajarilmasligining ayon boʻlganida edi.

Bularning barchasi modernizmning tanglik holatini namoyon qildi. Natijada, uning oʻrniga postmodernizm maydonga keldi va insoniy qadriyatlar global inqirozga uchrayotganini yaqqol koʻrsatdi. Postmodernizm esa insoniyatning oʻtgan hayoti va taraqqiyot yoʻli maʼlum darajada xatoli boʻlib chiqqanini va unga jiddiy oʻzgartirishlar hamda toʻldirishlar kiritish talab etayotganligini yoqlab chiqdi. Bir jihatdan u XX asr soʻnggida oʻtish davrini oʻzida ifodalab, kelajak haqidagi masalani esa ochiq qoldirdi.

XX asrning 80-yillarida Lotin Amerikasi romannavislari ijodida “tajribaviy roman” janri jadal surʼatda rivojlandi. Natijada mahalliy afsona va rivoyatlar, fantastik toʻqimalar, siyosiy va ijtimoiy dolzarb muammolarni qorishtirib talqin etuvchi reportaj uslubidagi serhasham va antiqa obrazlilikdan iborat “sehrli realizm” prozasi maydonga keldi.

Kolumbiyalik yozuvchi Gabriyel Garsia Markes (1927) oʻz asarlarida asosiy eʼtiborni Lotin Amerikasining uzoq oʻtmishiga borib taqaluvchi siyosiy-ijtimoiy adolatsizlik tarixiga qaratdi. Xuddi Folkner kabi, Markes ham “Yolgʻizlikning yuz yili” (1967) romanida fantastik obrazlarni real shaxslar bilan bir vaqtda harakatga keltirgan dabdabaga yuz tutish va inqirozga uchrab, dom-daraksiz yoʻq boʻlib ketish voqeligini bir oila tarixida kuzatadi.

Roman syujeti shunchalik mazmunga boyki, uning fabulasini aniqlash qiyin, har bir sahifada roman uchun muhim boʻlgan voqea-hodisalar roʻy beradi. Markesning “sehrli realizm” deb ataluvchi badiiy uslubi koʻp jihatdan ommaviy kitobxonga qaratilganligi bilan bogʻliqdir. Bu uslub nafaqat Lotin Amerikasi, balki barcha oddiy kitobxonning mifologik va xurofiy tasavvuriga yoʻgʻrilgan ongiga mos keladi. Markes fikricha, dunyoni shu tariqa idrok qilish, shu tarzda anglash, tushunib yetish kitobxonga maʼqul va osondir.

M. Prust va J. Joysdan tortib to U. Folkner va E. Xemingueygacha boʻlgan tajribakor yozuvchilar boshi va oxiri aniq belgilanmagan roman shaklini yaratishga harakat qilgan bir paytda, tugal maʼno kasb etuvchi roman yaratuvchilar oʻz faoliyatini bir soniyaga ham toʻxtatishmadi. Anʼanaviy realizm, oʻzining syujet keskinligi bilan, aniq taʼriflangan obrazlari bilan, eng muhimi, ravon va tushunarli tili bilan XX asr adabiyotida yetakchilik maqomini mustahkamlab boraverdi. Shu oʻrinda ingliz romannavislari bir muncha ilgarilab ketdilar.

Oʻz ijodida gʻoya va urf-odatlarni tasvirlashga asosiy eʼtiborni qaratgan ingliz yozuvchisi Oldos Xaksli (1894–1963) romanlarida fikrning teranligini, Ivlin Vo (1903–1966) prozasida fojiaviylikning ustuvorligini kuzatamiz. Har ikkala adib jahon adabiyotida aynan anʼanaviy roman ustasidek namoyon boʻlishdi. Oʻz romanlarida detektiv syujetni diniy mavzular bilan qorishtirib tasvirlagan yana bir ingliz yozuvchisi Grem Grin (1904–1991) qahramonlarining ruhiy va maʼnaviy azoblari satrga tushiriladi. Adib romanlaridagi voqealar qayerda sodir boʻlishidan qatʼiy nazar, uning qahramonlari rahmsizlik va bagʻri toshlik iskanjasiga tushganida, magʻlubiyatga uchraganda – murosasiz hukm surgan dunyoda qanday qilib yashab qolish, insoniylik qiyofasini yoʻqotmaslik uchun kurash olib borishadi.

Xullas, XX asrning ikkinchi yarmida jahon adabiyotida ijtimoiy-siyosiy roman maydonga chiqdi va u odamlarning ijtimoiy tajribasini, azaliy orzu-umidlarini, dunyoni bilishga boʻlgan intilishlarini ifoda qilishga qodir adabiy shaklga aylandi.

XX asr soʻnggida sodir boʻlgan global oʻzgarishlar, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar badiiy adabiyotga ham oʻz taʼsirini oʻtkaza boshladi. Ilgari ilgʻor oqimlar sanalgan modernizm, sotsrealizm, postmodernizm oʻz umrini deyarli yashab boʻldi. Endilikda Garold Pinter, Orxan Pamuk, Le Klezio, Fredrik Begbeder, Kadzuo Isiguro, Amin Maaluf, Edvar Vadi Said, Maksan Fermin kabi adiblar roman janrining yangicha hikoya qilish uslublari orqali yangi oqimlarni kashf etishga intilmoqdalar.

 

Muhammadjon XOLBEKOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Sharq yulduzi”, 2011–3

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/etakchi-janrning-tadrijiy-tamoyillari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x