Badiiyat koʻzgusida millat taqdiri

Keyingi ikki asr davomida roman jahon adabiyotida yetakchi janr boʻlib keldi, XXI asrga oʻtib ham, u oʻsha mavqeini aslo boy bergani yoʻq. Har bir millat adabiyotining boʻy-basti, darajasi, avvalo, shu janr kamolotiga qarab belgilanadi desam, buni hech kim mubolagʻaga yoʻymaydi. Buning boisi shundaki, bashariyat dahosi yaratgan adabiy janrlar orasida eng universali, kanonlarni, milliy chegaralarni tan olmaydigani, betinim yangilanib, oʻzgarib borishga moyili, hamma davrlarga, oqimlarga moslasha oladigani ayni shu janr boʻlib chiqdi. Romantizm deysizmi, realizm, sotsrealizm, neorealizm, syurealizm, magik realizm, postrealizm deysizmi, modernizm, postmodernizm deysizmi – barcha adabiy oqimlarda uning yetuk namunalarini topish mumkin. Bugina emas, hamma adabiy tur – epik, lirik, dramatik shakllar, mif-asotir, rivoyat, hikoyatlardan tortib, ogʻzaki va yozma ijodning deyarli barcha koʻrinishlari, jumladan, yondosh janrlar – hikoya, novella, qissa-povest tajribalarini, hatto namunalarini oʻz bagʻriga bemalol sigʻdiraverdi. Unda vaqt qamrovi, hajmi, personajlar son-sanogʻining chek-chegarasi yoʻq. Bir kunlik, hatto bir necha soat, daqiqalik voqea asosiga qurilgan, ayni paytda bir asrlik voqealarni qamrab olgan, bir-ikki yoki oʻnlab, yuzlab personajlari bor yaxshi romanlarni oʻqigansiz. Bir, ikki, uch, toʻrt va undan ortiq kitoblardan iborat xillari borligini ham yaxshi bilamiz. Uning hududiga publitsistika, esse, tarix, xronika, falsafa bemalol bostirib kiraveradi. Roman sathi hozir urf boʻlgan plyuralizm – fikrlar xilma-xilligini badiiy ifodalash, koʻp ovozli – polifoniya uchun beqiyos maydondir.

U yogʻini surishtirsangiz, bugungi kunda jahonning turli mintaqalarida milliardlab tomoshabinlarni kechayu kunduz teleekran qarshisida ushlab turgan teleseriallar ayni shu roman tajribalari, romanga xos tafakkur, tasavvur hosilasidir, teleseriallar tomoshasi eng ommaviy vizual romanxonlikning oʻzginasidir.

Qisqasi, bu janrning imkoniyatlari cheksiz, shunga yarasha romannavis boʻlish masʼuliyati ham benihoya katta. Romanning ana shunday beqiyos imkoniyatlaridan foydalana olish layoqatiga ega boʻlgan, uning zahmatlariga dosh bera oladigan, roman yukini yelkasida koʻtarishga qodir shijoatli, chin isteʼdod sohibigina bu janrda muvaffaqiyat qozona oladi.

Shuning uchun boʻlsa kerak, ikki asrdan oshdiki, hech kim, hatto mana men degan nazariyachi olimlar ham bu janrning hamma birdek tan oladigan taʼrifini bera olgani yoʻq, berolmaydi ham. Qarangki, keyingi ikki yuz yil davomida jahon adabiyoti, adabiy tanqidchiligidagi eng qizgʻin bahs-munozaralar ayni shu janr, uning namunalari, ijodkorlari tevaragida kechgan.

Muayyan sabablarga koʻra, bizda roman keyinroq paydo boʻldi, bundan roppa-rosa 90 yil burun – 1920 yil dekabrida yozib tugatilgan “Oʻtkan kunlar” bilan oʻzbek milliy romanchilik maktabiga asos solindi. Xomchoʻt hisob-kitoblarga qaraganda, oʻshandan beri bizda “roman” nomi ostida 500 ga yaqin asar yaratildi. Tabiiyki, ularning saviya-darajasi turlicha. Milliy romanchiligimizning tugʻilish, shakllanish va taraqqiyot yoʻlining 70 yili gʻoyat murakkab, tahlikali vaziyatlarda, shoʻro istibdodi adabiy siyosati taʼqibu tahdidlari sharoitida kechgan boʻlishiga, mashʼum siyosat ijodkorlar taqdirida muayyan noxush asoratlar qoldirganiga qaramay, moʻjizani qarangki, oʻsha kezlarda ham, Abdulla Qahhor iborasi bilan aytganda, bizda Yevropa adabiyoti gazi bilan oʻlchanganda ham toʻlaqonli, yangi jahon adabiyotining nodir namunalari bilan boʻylasha oladigan asarlar yaratildi.

Milliy uygʻonish deb atalgan ulkan tarixiy-maʼnaviy jarayonning hosilasi sifatida paydo boʻlgan oʻzbek romani koʻzgusida ayni shu jarayon – millat taqdiri – qismati, uning ongi, ruhiyatidagi dolgʻali silsilalar, xalqning orzu-armonlari, intilishlari, dardu dunyosi, ohu zorlari bor boʻyicha oʻz aksini topdi, bu moʻtabar anʼana mustaqillik yillarida ham oʻzgacha koʻrinishda davom etib kelyapti.

“Oʻtkan kunlar”ning asosiy maʼno-mundarijasi, pafosi haqida hozirga qadar gʻoyat xilma-xil fikr-mulohazalar aytildi, aytilmoqda. Ular orasida roman asosida ishqiy-oilaviy mojarolar ifodasi-talqini turadi, degan qarash keng tarqalgan. Hatto romanning nemis tilidagi tarjimasi “Toshkentlik oshiqlar” deb atalishi bejiz emas. Kamina esa, bunday qarashni butunlay inkor etmagan holda, “Oʻtkan kunlar” romanining maʼno-mundarijasi gʻoyat keng, unda xilma-xil ijtimoiy, maʼnaviy, boringki, ishqiy-oilaviy muammolar koʻtarilgan degan fikrdadir. Ular ichida, meningcha, eng muhimi, yurtning, millatning taqdiri, mustaqilligi masalasidir. “Oʻtkan kunlar” romaniga qadar ham, asar yozilgan paytda va undan keyin ham XIX asrda millat taqdiri uchun hayot-mamot ahamiyatiga molik tarixiy hodisalarni, oʻlkaning mustaqillikdan mahrum boʻlib, mustamlakachilar oldida taslim boʻlishiga olib kelgan omillarni Qodiriychalik chuqur, taʼsirchan badiiy tahlil etgan asar yaratilmagan. Adib bu romani orqali tariximizning eng kir, “qora kunlari” – yurtni mustamlaka balosiga giriftor etgan keyingi “xon zamonlari” haqida soʻz ochib, bu ayanchli haqiqatdan xalqqa saboq bermoqchi boʻlgan. Asar markazida turgan Otabek, Yusufbek hoji qismati, ruhiyatidagi eng keskin, dramatik kechinma-holatlar ifodasi ayni shu muammolar bilan bogʻliqdir. Yozuvchi qalbini oʻrtagan, uni qoʻliga qalam olishga undagan omillar, menimcha, ana shunda. Bunday daʼvoning tafsilotlari “Qodiriy moʻjizasi” kitobimda batafsil yoritilgan.

“Oʻtkan kunlar”dan soʻng paydo boʻlgan “Kecha va kunduz”, “Qutlugʻ qon”, “Sarob”, “Obid ketmon”, “Qoʻshchinor”larni eslang. Bu romanlarning har biri asar bitilgan kezlardagi mualliflar koʻnglida kechgan ogʻriq toʻla oʻy-kechinmalar – asarlar qahramonlarining dramatik, fojiaviy qismati, dardu dunyosi, ohu zorini ayni koʻzgudagidek gavdalantirib berganligi bilan qimmatlidir. Bu romanlar orasida xronologik jihatdan ajib mantiqiy silsila, uygʻunlik bor. Chunonchi, “Kecha va kunduz” “Oʻtkan kunlar”ning davomidek tuyuladi. Chorizm mustamlakasi xalq hayotini aslo yengillashtirmadi, bu davrda jaholat va zulm battar avj oldi. Oilaviy va ijtimoiy munosabatlardagi qoloqlik, qabohat yoniga fahsh, yangi koʻrinishdagi qallobliklar kelib qoʻshildi. Bunday illatlar vahshati romanda shafqatsiz bir tarzda koʻrsatildi.

Ayni shu shafqatsiz hodisalarning davomi va vahshati “Qutlugʻ qon” romanida muayyan darajada intihosini topgan. Asar bosh qahramoni Yoʻlchi qishloqdan najot istab shaharga keladi-yu, qadam-baqadam haqsizlik, adolatsizlik qaʼriga kira boradi, nihoyat, koʻzi ochilib, oʻz shaʼni, qadri yoʻlida, qolaversa, sabr kosasi toʻlib-toshgan jabrdiyda olomon himoyasi, aniqrogʻi, milliy ozodlik harakati yoʻlida qurbon boʻladi.

Millatlarga erk, ozodlik vaʼda qilgan Oktyabr toʻntarishidan keyingi davr aks etgan “Sarob”da millatning har jihatdan yetuk, toʻkis baxtga munosib ikki koʻrkam farzandi – Saidiy bilan Munisxon inqilobiy algʻov-davlgʻovlar – ikki toʻlqin kurashi girdobida halok boʻladilar. Adib arosatda qolgan ikki yoshning maʼnaviy-ruhiy iztiroblarini oʻquvchini larzaga soladigan tarzda ifoda etadi.

Oʻtgan asr 20-yillari oxiri, 30-yillar boshlarida kolxozlashtirish deb atalgan mamlakat tarixida, koʻp sonli dehqonlar qismatida ogʻir asorat qoldirgan hodisalar haqida davr siyosatiga mos “sinfiy kurash” aqidasi asosida haybarakallachilik ruhida bitilgan asarlardan tubdan farq qilaroq, “Obid ketmon” va “Qoʻshchinor” (“Qoʻshchinor chiroqlari” emas) milliy adabiyotimizda yangilik boʻldi. Mazkur mavzudagi rasmiy qarashlarga mos tushadigan asarlardan farqli oʻlaroq, bu ikki asar oʻsha mudhish hodisalarga oʻzgacha tarzda, kutilmagan tomonlaridan yondashilganligi, oddiy odamlar qismati xolis, haqqoniy ifoda etilganligi bilan qimmatlidir.

Afsus, bu ikki asardan soʻng muayyan muddat romanchilikdagi millat qismatidan bahs etish anʼanasi toʻxtab qoldi. Nihoyat, 50-yillar oxiriga kelib, “Sinchalak” orqali oʻsha anʼana qayta qad rostladi. “Sinchalak” bilan izma-iz yaratilgan “Uch ildiz”, soʻng birin-ketin paydo boʻlgan “Qora koʻzlar”, “Ufq”, “Chinor”, “Oltin zanglamas”, “Diyonat” singari millat taqdiridagi murakkab, chigal hodisalar qalamga olingan romanlar el orasida shuhrat topdi. Bora-bora millat qismati bilan bogʻliq hodisalar tasviri-talqinidagi tanqidiy ruh keskinlashib, Said Ahmadning “Jimjitlik”, Murod Muhammad Doʻstning “Lolazor”, Oʻtkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi”, “Tushda kechgan umrlar”, Togʻay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanlarida jamiyat hayotining fojiali inqirozi ifodasi oʻz intihosiga yetdi. Jamiyat va shaxs qismati talqinida tanqidiy pafos, inkor ruhining kuchayishi oqibatida milliy romanchiligimizda modernistik adabiyotga xos absurd tuygʻusi va gʻoyasi, shaxs ruhiyati tahlilida esa yangicha tamoyillar, “polifoniya” va “ong oqimi” unsurlari paydo boʻla boshladi. Bu hol tanqidchilikda qizgʻin bahslarga asos boʻldi. Dadil aytish mumkinki, oʻzbek romani istiqloldan ancha burun mavjud tuzumning antigumanistik mohiyati, inqirozi, halokatga mahkum ekani xususida oʻz badiiy hukm-xulosasini chiqardi. Va bu bilan oʻzbek milliy romanchiligi millat oldidagi tarixiy missiyasini ado etish sharafiga muyassar boʻldi.

Yana bir muhim jihat, mustabid tuzum taʼqibu tazyiqlari sharoitida, tarixiy oʻtmishimizni nuqul gina zulmatdan iborat deb atash urf tusini olgan, har kuni “Kim edik tarixda bizlar, nomi yoʻq, qashshoq, gado” degan boʻhton va haqoratdan iborat qoʻshiq satrlari yangrab turgan kezlari jahon tan olgan buyuk siymolarimiz haqidagi “Navoiy”, “Ulugʻbek xazinasi”, “Koʻhna dunyo”, “Yulduzli tunlar”, “Avlodlar dovoni” singari yetuk romanlarning yaratilishi mislsiz jasorat va hayratomuz hodisadir.

Romanchiligimizning istiqlol davridagi yigirma yillik taraqqiyoti, ming afsus, hozirga qadar atroflicha oʻrganilgani, munosib bahosini olgani yoʻq. Nazarimda, adabiy tanqid zimmadagi bosh vazifasi – mavjud roman xirmonini saralashda xiyla sustkashlik qilyapti.

Istiqlol tufayli ijod ahli ham, adabiy tanqid ham mustabid tuzum sharoitida shakllangan barcha cheklov, tushovlardan xalos boʻldi, ijodiy izlanishlar uchun keng yoʻl ochildi. Boshqa barcha adabiy tur, janrlar kabi romanning mavzu-mundarija, shakl, ifoda, poetik koʻlami xiyla kengaydi; turli-tuman adabiy-gʻoyaviy oqim, xilma-xil mafkuraviy yoʻnalishga mansub asarlar paydo boʻla boshladi; bir vaqtlar mensimay qaralgan oilaviy-maishiy hayot muammosiga bagʻishlangan son-sanoqsiz asarlar bitildi; nisbatan sust rivojlangan hajviy, fantastik va sarguzasht-detektiv romanlar bugun kitob javonlarimizni toʻldirib turibdi. Ular orasida Xudoyberdi Toʻxtaboyev, Neʼmat Aminov, Tohir Malik, Hojiakbar Shayxov kabi el tan olgan adablarimizning yetuk asarlari ham bor. Tarixiy romanchilik anʼanalarini Muhammad Ali, Erkin Samandar, Asad Dilmuroddek tajribali adiblarimiz izchil davom ettirayotirlar.

Bevosita bahs mavzumizga daxldor – mamlakat, millat tarixidagi eng buyuk hodisa – istiqlol yillarida odamlar hayoti, taqdiri, ruhiyatida kechgan jarayonlarning roman koʻzgusidagi ifodasi masalasiga kelsak, bu borada ham muayyan yutuqlarimiz bor, azizlar.

Bir tizimdan ikkinchi bir tizimga oʻtish oson kechadigan jarayon emasligini hammadan koʻra ijod ahli yaxshi biladi, teran his etadi. Shaxsan oʻzim guvoh boʻlgan hodisalarga, qolaversa, oʻz tajribamga tayanib ayta olamanki, bu jarayon shavqi va ogʻriqlarini, avvalo, ijodkorlarning oʻzlari tatib koʻrganlar. Chunonchi, Shukur Xolmirzayevning 90-yillari yozgan esselari, jumladan, “Adabiyot oʻladimi?” maqolasi, ustoz Ozod Sharafiddinovning “Eʼtiqodimni nega oʻzgartirdim?” badiasi, shuningdek, kaminaning ustozga ergashib yozgan “Oʻtilgan yoʻlning baʼzi saboqlari” mutolaasi chogʻi bunga ishonch hosil qilish mumkin.

Oʻz boshidan kechgan, oʻzi yurakdan his etgan hodisalarni, ruhiy jarayonlarni oʻzgalar, aniqrogʻi, asar timsollariga koʻchirish – badiiy ijodning gʻaroyib, sirli-sehrli xilqati. Shukur Xolmirzayevning istiqlolimizning dastlabki yillarida zamondoshlari haqida bitilgan “Arosat”, “Ozodlik” “Quyosh-ku falakda suzib yuribdi…”, “Bulut toʻsgan oy” hikoyalari, nihoyat, “Dinozavr” romani birinchi kitobining dunyoga kelish tarixidan qisman xabardorman, ularning ayrimlarini muallif roziligiga koʻra qoʻlyozma holda oʻqiganman, ehtimolki, birinchilardan boʻlib ular haqida soʻz aytganman, yozganman.

Baʼzi fikrlarim takror boʻlsa ham aytay: “Dinozavr” romani mavzu-materiali, mazmun-mundarijasi jihatidan oʻta zamonaviy asar, unda asar bitilgan davrning nafasi ufurib turadi, mamlakatdagi, jamiyatdagi tub burilish, bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida odamlar hayoti, tabiati, ruhiyati, taqdirida, oʻzaro munosabatlarida yuz bergan oʻzgarish, evrilishlar qalamga olinadi, odamlarning oʻsha kezlardagi hayoti-kayfiyati bamisoli koʻzguga solib koʻrsatiladi. Dadil aytish mumkinki, oʻsha tub burilish asnosida, avvalo, adib qalbidagi, qolaversa, odamlar ruhiyatidagi evrilishlar, ularning holat-kayfiyati milliy adabiyotimizda ilk bor “Dinozavr” orqali roman koʻzgusida oʻz aksini topdi.

“Dinozavr” muallifi dolzarb mavzuni qalamga olgan ekan, bu bilan oʻtmishda boʻlganidek, ijtimoiy jarayonlarga shunchaki munosabat bildirish, nimanidir tasdiqlash, ulugʻlash yoki nimanidir rad etish, qoralashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan emas, balki soʻz sanʼatining asl tabiati, vazifasidan kelib chiqqan holda, ana shu tub burilish pallasida yuzaga chiqayotgan inson jumbogʻi, aniqrogʻi, inson tabiati, ruhiyatining turfa jilvalari, yangi qirralari, turli nagʻmalari, sir-sinoati bilan qiziqadi. “Dinozavr” romani ayni shu jihati bilan sizu bizning eʼtiborimizni tortadi, bizni asar voqealari, personajlar davrasi gurunglarining ishtirokchisi, suhbatdoshiga aylantiradi. Roman qahramonlari – kecha mohir aktyor sanalgan Shahloning xorijiy mamlakatlarga qatnaydigan tijoratchiga, kuni kecha taniqli “sovet bolalar shoiri” boʻlgan Abzal akaning bugun mutaassib taqvodorga aylanishi, kuni kecha SSSR tarixi oʻqituvchisi sifatida yosh avlod ongiga kommunistik gʻoyalarni singdirgan, rahbar xodim sifatida dahriy ishlarga qoʻl urgan Toyirovning bugun katta firma ochib “bozor iqtisodi” odami, savdogar boʻlib olishi, Jamoliddinning oz fursatda avvallari hatto tasavvur etish ham mumkin boʻlmagan koʻlamli mulkdor, biznesmen boʻlib yetishishi – bu tur odamlar tabiati, ruhiyatidagi bu qadar keskin oʻzgarishlar gʻalati jumboq…

Biroq asardagi eng katta jumboq – bosh qahramon Mahkam obrazidir. Mahkam ham pok, soddadil, samimiy inson sifatida, ham isteʼdodli adib, mohir taraqqiyparvar kinorejissyor sifatida tub burilish, oʻzgarishlar jarayonida yangi sharoitga moslasholmay, yangi “sharoit mevalari”ni hazm qilolmay qiynaladi. Yoʻq, u istiqlol, yangicha ijtimoiy munosabatlar raqibi emas, ayni paytda unda eski tuzumni qoʻmsash kayfiyati ham yoʻq, aslida, mohiyat-eʼtibori bilan bu odam mustabid tuzum jabrdiydalari toifasiga mansub: otasi, togʻasi, yaqin odamlari el-yurt qaygʻusi bilan yashagan ziyoli odamlar boʻlgan; otasi qatagʻonga uchragan, Stalin oʻlimidan oldin qamoqda oʻzini osib qoʻygan; oʻzi esa ijodkor sifatida ogʻir sharoitlarda adolat, haqiqat uchun kurashganlar safida turgan. Istiqlol tufayli ajdodlari, oʻz koʻnglidagi orzu-niyatlari ushaladi. Shunday boʻla turib, nega endi bu odam yangi sharoitga darhol moslasha olmaydi, tub oʻzgarishlar mohiyatini anglashda qiynaladi. Butun gap hayotning murakkabligida, asarni asar, obrazni obraz qiladigan badiiy jumboq ana shunda! Axir, yangi ijtimoiy munosabatlarning qaror topishi osonlikcha kechmaydi, “bozor iqtisodiga oʻtish” davrida yuzaga chiqayotgan murakkab munosabatlarni, davr ziddiyatlarini Mahkam xilidagi odam darhol hazm qilishi qiyin; ayniqsa, odamlararo munosabatlarda hamma narsani hisob-kitob, pul, shaxsiy manfaat asosiga qurish tamoyili qaror topa borishi, bu hodisa hatto Mahkam oilasiga kirib kelishi uni qiynoqqa soladi. Hayot tarzining oʻzgarishi bilan ijodga munosabat, badiiy ijod, sanʼat mezonlari ham tubdan oʻzgardi. Bugun ijodkor kechagi mezonlar bilan ish koʻrishi mumkin emas. Mahkam siymosida biz mana shu murakkab ruhiy jarayonni yurakdan oʻtkazayotgan, oʻzi yangilanish mashaqqatini boshidan kechirayotgan ijodkor shaxsi dramasi, balkim fojiasini koʻramiz. Shu tariqa qahramonning iztirobli oʻylari, qalb dramasi Shukur Xolmirzayev uslubiga xos boʻlgan ikir-chikirlari, tafsilotlari bilan ifodalanadi. Mahkam oʻtish davri ziddiyatlarini ham sodda, samimiy inson, ham vijdonli, isteʼdodli sanʼatkor sifatida namoyon etganligi bilan jozibador. Qiziq, yangi zamon oʻzgarishlarini qiyinchilik bilan qabul qilayotgan Mahkam, romanda qalamga olingan sharoitga osonlik bilan moslashib “bozor davri” odamiga aylanib olgan kimsalarga qaraganda qalbimizga yaqin, mustaqil Vatanning chin, samimiy oʻgʻloni sifatida taassurot qoldiradi.

Adib romanning ikkinchi kitobidan ayrim boblarni eʼlon etdi, afsuski, u oxiriga yetmay qoldi. Ammo jurnalda eʼlon etilgan birinchi kitobning oʻziyoq “Dinozavr” milliy adabiyotimizda istiqlol davri odamlari taqdiri, qalb dramalarini roman koʻzgusida yorqin aks ettirgan ilk yetuk asar sifatida qimmatlidir, deb hukm chiqarishga toʻla asos beradi.

“Dinozavr” oldidan Shukur Xolmirzayev qalbida kechgan ruhiy jarayonga yaqin holatni keyingi avlod romannavisi Ulugʻbek Hamdamda ham kuzatish mumkin. Buni muallifning 1994–1997 yillar oraligʻida qogʻozga tushirgan avtobiografik xarakterdagi “Yolgʻizlik” qissasi misolida yaqqol koʻramiz. Anʼanaviy avtobiografik qissalardan farqli oʻlaroq “Yolgʻizlik” odatdagi sarguzasht asar emas, balki ayni qissa yozilgan kezlari muallifning qalbida kechgan oʻy-mushohadalar, iztiroblar, qolaversa, u muallif ijod psixologiyasi biografiyasidir. Darhaqiqat, qissa sinchiklab mutolaa qilinsa, keyinroq dunyoga kelgan “Muvozanat”ning reja, muammo, motiv, obrazlari ayni oʻsha kezlari muallif koʻnglida shakllanganini payqash mumkin. Qarangki, “Muvozanat” romani “Yolgʻizlik” bilan izma-iz ayni 1997 yili yozilgan.

Mohiyat-eʼtibori bilan roman epik janrga mansub ekanini his etgan muallif “Muvozanat”da “Yolgʻizlik”dagi subʼyektiv “dil izhori” usulini qoʻyib, oʻzini hodisalardan chetga olib, obʼyektiv, xolis ifoda yoʻlidan, yanada aniqroq qilib aytadigan boʻlsak, jarayonni roman koʻzgusida gavdalantirish yoʻlidan boradi.

“Dinozavr”da boʻlgani kabi bosh qahramon Yusufning ham shahar, ham qishloq odami ekani “Muvozanat”ning ifoda doirasini kengaytiradi, qishloq va shahar hayotida, xilma-xil odamlar siyratida kechayotgan silsilalarni ifodalash imkonini beradi. Bugina emas, Yusufning yosh tarixchi olim, oliy oʻquv yurti muallimi, kursdosh doʻstlaridan biri Saidning masʼul rahbar xodim, Mirazimning esa savdo-tijorat, biznes odami sifatida olinishi hayotning turli qatlamlari qaʼriga kirib borish uchun yoʻl ochadi. Yangi sharoitida ham jamiyatda, ham oiladagi tabaqalanish, faqat talabalik kezlari bir mayizni boʻlib yegan qadrdon doʻstlar davrasidagina emas, bir oila odamlari: er-xotin, ota-bola, aka-uka orasida oʻta chigal, murakkab munosabatlarni keltirib chiqaradi. Shu tariqa jamiyatdagi jarayonlarning oqibat-asoratlari personajlarning shaxsiy, oilaviy-maishiy turmushida har qadamda baralla namoyon boʻla boradi. Oʻz navbatida asardagi har bir tirik jonni qiynagan dardu tashvishlarning ildizi jamiyat hayotida ulkan burilish pallasida sodir boʻlgan silsilalarga borib taqaladi. Ayni shu holat – shaxsiy-oilaviy-ijtimoiy munosabatlar dramasining uygʻunligidan romanga mos ulkan yaxlit drama, qolaversa, romanga xos tafakkur – yaxlit badiiy konsepsiya vujudga keladi. Yana bir muhim jihat, asarda qalamga olingan barcha personajlar taqdiri, xatti-harakati bilan bogʻliq hodisalar bosh qahramon qismati bilan qandaydir yoʻsinda tutashadi; bular Yusufning oʻz shaxsiy hayot dramalari, orzu-intilishlari yoʻlida chekkan zahmatlari, topgan va yoʻqotganlari bilan qoʻshilib-tutashib davrning tirik timsoli, romanga xos qahramon darajasiga koʻtaradi. Baralla aytish mumkinki, Yusuf romanchiligimizda oʻtish davri deb atalgan murakkab tarixiy jarayonning qahramonidir. Muhimi, u qiyin, chigal, ammo zaruriy hayotiy silsilalar toʻzoni orasidan eson-omon oʻtadi. Hayot sinovlarida toblanib, oʻzligiga, asl eʼtiqodiga sodiq qoladi.

“Muvozanat” “Jahon adabiyoti”da bosilish oldida ham, bosilgandan keyin ham qizgʻin bahs-munozaralarga asos boʻlib keldi, u haqida ham tanqidiy, ham iliq gaplar aytildi. Unga xorijda ham qiziqish katta. Chunonchi, AQSHdagi Michigan universiteti muallimasi Reychl Xarel 2007 yil Markaziy Yevroosiyo masalalariga bagʻishlangan 8-xalqaro anjumanning madaniyat shoʻbasida oʻqigan “Oʻtish davrida oʻzbek adabiy ovozlari. Ulugʻbek Hamdamning “Muvozanat” romani voqeasi” mavzusidagi maʼruzasida romanda “koʻngil ehtiyoji sifatida yetilgan mavzuning jasorat bilan aks ettirilganli”gi alohida taʼkidlanadi. Bugina emas, universitetda unga bagʻishlangan koʻlamli seminarlar tashkil etiladi.

“Dinozavr” va “Muvozanat” kabi Xurshid Doʻstmuhammadning “Bozor” romani ham ayni oʻsha millat tarixidagi ulkan burilish, bozor iqtisodi munosabatlariga oʻtish pallasidagi millat farzandlari hayoti, qismati, ong-shuuri, qalbida kechgan murakkab ziddiyatlar haqida bahs edi. Ammo yuqoridagi ikki asardan farqli oʻlaroq, “Bozor” butunlay oʻzgacha uslubiy yoʻnalishda bitilgan. Asar tili boshdan-oyoq ramzlar, metaforalar, imo-ishoralar asosiga qurilgan. Bu tilni oʻqimay, uqmay turib romanni tushunish, uning tub mohiyatini anglash mahol. Birgina asar nomi – “bozor” soʻzi tarkibidan “bozor” tushunchasidan tashqari “or”, “zor”, “ozor” maʼnolarini qidiradi muallif. Butun boshli romanda bunaqa ramziy ishoralar toʻlib-toshib yotibdi. Oddiy kitobxon ularning hammasi mohiyatini anglashga qurbi yetmas, ammo asar bagʻrida lovullab turgan yolqinni baralla koʻrib, his etib turadi. Bu romandagi ikki jozibador shaxs – Fozilbek bilan Qadriya qalbidagi mayoqdir. Asar voqealari, asosan, bir bozor va unga yondosh qiroatxonada kechadi. Romanda bozor – metafora, ramz, timsol, hayotning oʻziga xos badiiy modeli. Muallif iborasi bilan aytganda, “bozorning oʻzi dunyo”, odamlarning ichini koʻrish, tomosha qilish borasida bozordan qulayroq joy yoʻq dunyoda. Bozor odamlarning ich-ichini agʻdarib koʻz-koʻz qiladigan “ajoyibxona”, bunda har bir bandasining feʼlidagi zoʻravonlik, soddaligu mugʻambirlik, laqmaligu uyatchanlik – hammasi bozorda yo pinhona, yo oshkora koʻzga tashlanadi. Eng muhimi, bozor – romanda muallif uchun jamiyat maʼnaviyatidagi bugungi ogʻriqli jarayonlarni taftish etishning qulay vositasi.

Romanda bozor bilan yondosh holda qiroatxona tasviri ham bor. Bozor hamisha gavjum, jamiki tumonot bozorda. Bozordagilarning barchasi nafs ilinjida. Nafs balosi tufayli bozor yonmoqda, choʻkmoqda. Bozor yonidagi qiroatxona esa kimsasiz, xarob, huvillab yotibdi… Hayot hech qachon aqli rasolardan, fidoyilardan holi qolgan emas. Hamma oʻzini bozorga urayotgan, balki nafs koʻyiga mubtalo boʻlib qolgan zamonda, qarangki, qoq bozorning ichidan, bozor odamlari orasidan bir maʼnaviyat, maʼrifat fidoyisi Fozilbek otilib chiqadi, ilohiy taqdir uni kimsasiz huvillab yotgan maskandagi yana bir maʼnaviyat fidoyisi Qadriyaga roʻbaroʻ qiladi… Bu ikki yosh nafs balosi tufayli bozor yonayotgan, choʻkayotgan, nafs bandalarini olov qaʼriga tortib ketayotgan bir zamonda najot yoʻlini qidiradilar. Ular bozorni halokatdan qutqarish yoʻli maʼnaviyatda deb biladilar. Fozilbek maslakdosh sevgilisi bilan birga bozor oʻzgarishlarini tushunish, uning tilini, hikmatini oʻrganish, zulmat qaʼriga choʻkayotgan bozorni maʼnaviyat, maʼrifat yogʻdusi bilan nurlantirish ustida astoydil oʻy suradi, amaliy harakatga oʻtadi. Yozuvchining diqqat-eʼtibori bozor manzaralari va mojarolarining bevosita oʻzini emas, personaj ongi, ruhiyatidagi aks-sadosini ifodalash, badiiy tahlil etishga qaratiladi, bunda “ong oqimi” tajribalaridan ijodiy foydalanadi.

Qisqasi, “Bozor” ham “Dinozavr” va “Muvozanat” kabi oʻtish davrining roman koʻzgusidagi oʻziga xos, betakror aksi, oqil odamlar orasida, ongida kechayotgan bahsu munozaralarning aks-sadosidir. Asar oʻzining asosiy pafosi bilan mamlakatimizda qaror topgan iqtisodiyot bilan maʼnaviyatni uygʻunlikda olib borishdan iborat ustuvor gʻoya-konsepsiyaga hamohangdir.

Biz soʻz yuritgan romanlar istiqlolning dastlabki yillari, oʻtish davri jarayonlari haqida bahs etadi. Oʻtish davri allaqachon ortda qoldi. Keyingi yigirma yil davomida mamlakatimiz qiyofasi tubdan oʻzgardi. Bugungi oʻzbek bundan hatto oʻn yil burungi oʻzbek emas. Mamlakatimizda jahonni larzaga solayotgan inqirozga dosh bera oladigan jamiyat, barqaror oʻsishni taʼminlayotgan, jahon miqyosida fikrlaydigan yangi avlod shakllandi. Bunday oʻzgarishlar oʻz-oʻzidan osonlikcha sodir boʻlayotgani yoʻq. Bularning barchasi zamondoshlarning betinim oʻy-mushohada, aql-zakovat, ijodiy mehnat va shijoati samarasidir. Mana shu mislsiz jarayonning ichida yashayotgan, qolaversa, shu jarayonni yaratayotgan odamlar hayoti, ularning yaratish zahmati va shavqi, kechinmalari, orzu-intilishlari, armon-oʻkinchlari endi yaratilajak romanlarimiz koʻzgusida munosib aksini topishiga ishonamiz.

 

Umarali NORMATOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

“Sharq yulduzi”, 2011–3

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/badiiyat-kozgusida-millat-taqdiri/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x