va Leonardo da Vinchining “Mona Liza” tabassumi ortiga yashirilgan sirli nomasi
Leonardo da Vinchi moʻyqalamiga mansub butun dunyoga mashhur “Mona Liza” kartinasi besh asrdan koʻproq vaqtdan beri oʻz yaratilish tarixini sir saqlab keladi. Rassom uni polotno ustida, hatto safar-sayohatlari paytida ham undan ajralmagan holda, rosa 15 yil ishlagan. Bu davr mobaynida Leonardo “sfumato” texnikasini takomillashtirgan boʻlib, mazkur texnika polotnoda yengillik, fazoviylik taʼsirini singdiruvchi minglab nozik chizgilarni tasvirlashni anglatadi.
Butun dunyo olimlari to hanuz “Jokonda” tabassumi ortida nima yashiringanini bilish ustida bosh qotiradilar. Soʻnggi paytlarda minglab farazlar ilgari surildi, ammo ulardan hech biri nima uchun “Mona Liza” kartinasi 500 yildan soʻng ham oʻz sirlarini ochishni istamayotganini tushuntirib berolmadi.
BUYUK DAHOMI YOKI ULKAN XAYOLPARAST?
Leonardo da Vinchi (1452-1519) – sirli musavvir va olimlardan biri. Shu bilan birga, “Mona Liza” jumbogʻini yechishni istovchilarning yangi-yangi topilmalari paydo boʻlgani sari asrlar mobaynida musavvir shaxsiga boʻlgan qiziqish olovi aslo soʻnmaydi, bilʼaks, yangicha kuch bilan yolqinlanaveradi.
Polotnoda aslida kim tasvirlangani haqidagi taxminlar ming-minglarcha, ammo bular kartinaning yaratilish tarixiga oid sirni oshkor qilolmaydi. Bu sir jozibasining umri boqiyga oʻxshaydi. Nima uchun? Bu xususda biz keyinroq soʻz yuritamiz, hozir esa Leonardo shaxsi haqida bir-ikki ogʻiz soʻzlashga toʻgʻri keladi.
Rassom atrofidagi reallikni, haqiqiy holatni kuzatishni xush koʻrardi. U diqqatga sazovor nimaiki koʻrsa, belgilab boradigan yon daftaridan sira ayrilmasdi. Yaxshi taraqqiy etgan ichki kuzatuvchanlik, ilmning turli-tuman sohalaridagi chuqur bilimi tufayli Leonardo shunday xulosaga keladi: bir butun boʻlib koʻrinayotgan har bir narsa-buyum aslida qismlardan, parchalardan iboratdir, bu parchalar esa mutanosiblik deb ataladigan maʼlum qonun asosida bir butunga aylanadi.
Goʻzallik, tabiat va uygʻunlik – bu Yaratganning ulugʻ qonuni bilan bogʻliq yaxlit tushuncha. Olamdagi barcha narsalar – gulbargdan tortib olis yulduzlarga qadar ayni shu qoidaga koʻra yaratilgan. Bu qonunni raqamlar tilida ifodalash ham mumkin, uni ishga solish esa goʻzallik va uygʻunlikka erishish kalitidir.
Leonardo da Vinchi oʻz izlanishlarida Qadimgi Misr, Yunonistonda maʼlum boʻlgan va sanʼatning turfa asarlarida keng qoʻllangan “Oltin kesim yoki ilohiy nisbat”ga juda-juda yaqinlashib qolgandi.
“JOKONDA”NING SIRI NIMADA?
Leonardo da Vinchi nafaqat musavvir, balki matematik ham edi. Butun umri davomida u sanʼatni raqamlar bilan bogʻlashga urindi. Oʻz asarlarida Fibonachchining raqamlar tadrijiyligi deb nomlangan belgilardan foydalandi.
Piza shahrida 1200 yillarda yashagan Fibonachchi koʻplab traktatlar yozgan va matematikada anchagina jiddiy kashfiyotlar qilgandi. Jumladan, u 0, 1, 1, 2, 3, 5, 8, 13, 21, 34, 55, 89… kabi sonlar tadrijiyligini ham tushuntirib bergan va bu qoida keyinchalik uning nomi bilan atalgan. Bu tadrijiylikda har bir yangi raqam oʻzidan avvalgi ikki sonning miqdori bilan teng. Ammo eng qizigʻi, boshidan boshlab chiqarib tashlanganida, oxirgi ikki sonning (55/34 yoki 89/55) boʻlinish miqdori oltin kesimga yaqin keladi: 1.618.
Buning maʼnosi shundaki, toʻgʻriburchak ikki tomonining oʻzaro nisbati 1.618 ga teng, shuningdek, toʻgʻriburchakning bir tomoni ikkinchisidan 61.8 foizga uzunroq boʻlishi kerak. Darvoqe, Leonardoning “Sirli oqshomlar”, “Harakatdagi odam”, “Mona Liza” va boshqa mashhur asarlarida ayni shunday toʻgʻriburchak va uchburchaklardan foydalanilgan.
Shunisi hayratlanarliki, bu raqamlar tabiatda tez-tez uchrab turadi. Misol uchun, liliyaning tojbarglari soni 3 ga teng; tojbarglar ayiqtovon va yovvoyi atirgulda 5 tadan; ayiqtovondoshlar oilasida – 8 ta; sariqboshda – 13 ta; qoʻqongulda – 21 ta; zubturumda – 34 ta; dastorgulda – 55 ta. Va bunga oʻxshash misollar koʻplab topiladi. Bu raqamlar alohida maʼno-mazmunga molik, shuning uchun butun koinot ular bilan qoplangan. Shu bois ham Leonardo da Vinchining koʻplab kartinalari shu tamoyilga koʻra ishlangan.
“Mona Liza” – Leonardoning musavvir sifatidagi eng yuksak yutugʻi, uning karyerasida oʻziga xos choʻqqi. “Mona” nomi – “Madonna” soʻzining qisqartmasi, “my lady”, yaʼni “xonim afandim” maʼnosini anglatadi. Kartinaning yana bir nomi – “Jokonda” esa polotno qahramonining eri – Francesco Giosondo degan boy ipak savdogari familiyasidan olingan, bu rasmiy maʼlumot boʻlsa-da, biroq hech qanday isbotga ega emas. Ayrim tadqiqotchilar kartinada begunoh ayol qiyofasida tasvirlangan Leonardoning oʻzini koʻradilar.
Bu sirli tabassumli ayol kim boʻlmasin, ayni vaqtda uning shaxsiyati emas, balki kartinaning yaratilish texnikasi muhim. Sohibjamol Jokonda portreti va uning tabassumi oʻzida oltin kesmalarning butun boshli toʻplamini jamlagan. Bundan tashqari, yuz va qoʻllar shakli tengyonli uchburchakni hosil qiladi, ayolning yuzida oltin toʻgʻriburchak gʻoyatda ravshan chizilgan. Yana biri esa oʻng qoʻl barmoqlaridan chap qoʻl tirsagiga oʻtadi va ayolning boshigacha boradi.
Kartinada chizilgan toʻgʻri proporsiyalar va matematik figuralar uni noyob sanʼat asariga aylantirgan.
BOʻYOQ QATLAMI OSTIDA YASHIRINGAN NOMA
Ayrim tadqiqotchilarning taʼkidlashicha, kartinadagi boʻyoq qatlami tagida yana bir nechta tasvir yashiringan. Ehtimol, rassom shunchaki mashq qilgandir, ammo olimlarning aksariyatining ishonchi komilki, bu harakat maʼlum bir maqsad bilan amalga oshirilgan: Leonardo boʻyoq tagiga rasmiy fanga hali maʼlum boʻlmagan timsol va belgilarni yashirgan.
“Nyu-yorklik bir grafika dizayneri ulardan bir nechtasining tagiga yeta oldi”, deb yozadi “Daily Mail” nashri. Shunday qilib, ekspertning qayd etishicha, agar kartinani yonboshga burib qaralsa, uch jonivor – boʻyvol, sher va maymun tasviri koʻzga tashlanadi. Shuningdek, pastki burchakda qushni ham ilgʻash mumkin. Agar bu tasvirlarga Qadimiy Bilimlar nuqtai nazaridan yondashilsa, odamning 4 mohiyati haqidagi gʻaroyib maʼlumotlar kelib chiqadi.
Ammo bular “Mona Liza” portreti oʻzida yashirgan sirning hammasi emas. Tadqiqotchilar uning jumbogʻini yechishga qanchalik koʻp urinsalar, koʻz oʻngilarida shuncha koʻp sir namoyon boʻla boshlaydi. Masalan, I. Ladov (Lipatov) yechilmagan jumboq tubiga chuqurroq nazar tashlash yoʻlida amalga oshirgan navbatdagi urinishida quyidagilarni aniqladi:
“Bir kuni men Mona Liza ortidagi peyzaj tugagan joyida ikkinchi bir tarafda yana davom etadiganday tuyulishiga eʼtibor berdim. Agar suratning ikkita nusxasi yonma-yon qoʻyilsa, men avvaliga shunday ham qilib koʻrdim, bu xususiyat sezilmaydi. Toʻliq oʻxshashlik yoʻq edi, ammo bir nusxada tugagan manzara ikkinchi nusxada davom etayotganga oʻxshashi mening eʼtiborimni tortdi. Bunga men nusxalarni bir-biridan biroz uzoqlashtirganimda va bu gʻaroyib xususiyat darhol koʻzga ravshan tashlanganida yanada koʻproq amin boʻldim”.
Igor Ladovning ishonchi komilki, bunday yopiq, tutash manzarani aks ettirish orqali rassom olamning abadiy harakati, cheksizligi, spiralsimon tuzilishini ifodalashni koʻzda tutgan.
Yana bir qiziqarli jihat shundaki, Italiya madaniy meros milliy qoʻmitasi prezidenti Silvano Vincheti Mona Liza koʻzlarida mitti-mitti harf va raqamlarni aniqladi. Oʻng koʻz qorachigʻida “LV” harflari yoki shartli ravishda musavvirning oʻzini anglatuvchi “L2” belgisi joylashgan. Chap koʻz qorachigʻidagi alomatlarni anglash, tushunishning imkoni boʻlmagan. Aytgancha, bu bunday voqealarning birinchisi emas. Shunga oʻxshash belgi-alomatlar Gvadelupe Mariyasining bemisl tasvirida ham topilgandi.
MUQADDAS AYOLLIK IBTIDOSI TIMSOLI
Ehtimol, portretda muayyan bir xonim emas, muqaddas ayollik ibtidosining oʻziga xos timsoli – Allata tasvirlangandir? Balki shu sababli ham polotnoga boqqanda ayrimlar quvonch tabassumini, boshqa birovlar kiborona jilmayishni, uchinchi toifa kishilar esa istehzoli kulgini koʻrar? Yo boʻlmasa, Mona Lizani inson ichki dunyosini ifodalagan oʻziga xos timsol, deyish toʻgʻriroqdir?
Florensiyalik moʻyqalam ustasi butun umrini ideal mutanosiblikni izlashga sarfladi – u Xudoning tashqi dunyodagi aksi namoyonini koʻrishga intilib, Yaratgan haqidagi bor bilimga ega boʻldi. “Mona Liza” kartinasi shu yoʻldagi izlanishlarning oʻziga xos timsoli edi. Musavvir bu surat ustida 15 yil davomida ishladi, undan bir lahza ham ayrilmadi. Oʻz ustaxonasida u anglashga xalal beradigan barcha shart-sharoit va andazalarni bir chetga surib qoʻydi va butun qalbi bilan ishladi. Yana bir taxmin ham borki, Leonardo ruhiy takomilga yetgan va shuning sharofati bilan fizik moddiyat chegaralaridan chiqa olgan, kelajakni-da koʻra olgan. Keng tafakkur holatida turgan musavvir yashirin ruhiy bilimlar sohibiga ham aylandi.
Tarixchilar taʼkidlashadiki, Leonardo da Vinchi ayol ibtidosining maftuni, Ona Maʼbuda kultining targʻibotchisi edi. Balki shuning uchun ham uning “Jokonda”si shu qadar jozibali va sirli jilmayganicha, oʻz yaratilishining tarixini besh asrdan beri yashirib kelmoqdadir.
Muallif: Olga ChYORNAYa.
Rus tilidan Xurshida ABDULLAYEVA tarjimasi.
“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.
https://saviya.uz/turfa-olam/echilmagan-jumboq/