Libosingizda nima yozilgan?!

Yoki kiyinish odobi haqida

 

Shunisi qiziqki, tarixga eʼtibor bersak, barcha zamonlarda ham yoshlarning kiyinishi kattalarga yoqmaganini kuzatamiz. Chunki ikkala avlod oʻrtasida qarashlarda katta farq mavjud. Bu barcha millatlarda birday uchraydigan holat. Oʻzbekiston qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidovning “Hozirgi yoshlar” deb nomlangan sheʼrida bu holat juda chiroyli tarzda ifodalangan:

 

Kiyimlar-chi…

Qiziq bularning didi.

Ola-chipor koʻylak…

Nimasi koʻrkam?

Rost aytsam, unchalik yoqmagan edi

Otalarga bizning charm kamzul ham…

 

Oʻzbekning qadriyati shunday, insonning kiyinishiga emas, balki uning qalbiga nazar tashlab, maʼnaviy dunyosiga baho beradi. “Yaxshini jandaning ichida tani”, degan xalq maqoli ham shundan kelib chiqqandir ehtimol. Ammo XXI asrga kelib bu qarashlar batamom oʻzgardi. Farovonlikning oshib borishi bilan insonlarda yaratuvchanlik ishtiyoqi rivojlanib boradi, biroq bu hissiyot uchun aniq maqsad boʻlmaganda xatoga yoʻl qoʻyish hech gapmas. Masalan, bugungi kun zamondoshlarimizga nazar solsak, chiroyli, bejirim, qulay, qimmatbaho brendlar, chet elda ishlab chiqarilgan kiyimlarni kiyishga boʻlgan harakatning kuchayganligini koʻramiz. Mutaxassislarning fikricha, turli yozuvli kiyimlarni kiyish betakror koʻrinishga ega boʻlish yoki qimmatbaho brendni koʻrsatish, ommadan ajralib turish, sevimli filmlaridagi kahramonlar bilan oʻz xarakteri oʻrtasidagi oʻxshashlikni namoyish etishga urinish kabi maqsadlarni oʻzida jamlaydi. Ommadan ajralib turish xususiyatiga eʼtibor qaratsak, bu kiyinish madaniyatida sirlilikka intilishdan kelib chiqishini anglaymiz. Sirli boʻlishning asosini esa koʻpincha tushunarsiz urflarga berilish, hech kim, hatto oʻzi ham tushunmaydigan yozuvlar bilan bejalgan kiyimlarni kiyish tashkil etmoqda. Koʻpincha, yozuvli kiyimni xarid qilayotganlar undagi yozuvning maʼnosini toʻliq tushunib yetmaydi.

Yozuvli kiyimlar haqida soʻz yuritar ekanmiz, bu tariqa kiyimlarning paydo boʻlish tarixiga ham nazar solishimiz lozim. Ilk yozuvli kiyimlar bundan bir necha asrlar oldin Yunonistonda paydo boʻlgan. Dastlabki bezakli yozuvlar badavlat xonadon yoki tarixiy naslni bildiruvchi naqshlar – ism-shariflar sifatida kiyimlar, aksessuar, suratlar, uy jihozlariga bitilgan. Badavlat xonadon egalaridagina oʻz ismini kashta bilan kiyim va boshqa jihozlarga yozish urf-odati boʻlgan. Bu yozuv uning qaysi nasldan ekanligini bildirib turgan. Yozuvlarni mohirona yozish, bezatish hunari esa kalligrafiya sanʼati deb atalgan.

Keyinroq ishchilar kiyimlarida korxona yozuvlari, xususiy firmalar brendlari va xaridorni jalb etishga qaratilgan, shuningdek, maʼnaviy targʻibot sifatidagi yozuvlar paydo boʻlgan.

Bugungi kunda bozorlarimizda turli uslublarda bezak yoki geometrik shakllarga moslab, shuningdek, oddiy satrda yozilgan kiyimlarni koʻplab uchratish mumkin. Chet ellarda ishlab chiqarilgan mahsulotlar ichida ham futbolka va bosh kiyimlaridagi koʻplab yozuvlarga koʻzimiz tushadi. Ulardan ayrimlari shu kiyimni ishlab chiqargan firma nomini anglatsa, yana baʼzilari uzundan-uzoq jumlalardan tashkil topadi yoki yorqin rangda bitilgan bir, ikki soʻzdan iborat boʻladi va albatta, oʻz maʼnosi hamda maqsadiga ega. Hozirgi kunda maʼnaviyatimiz kushandasiga aylanayotgan “olomoncha madaniyat” unsurlarining koʻpchiligini ayni shu kiyimlardagi yozuvlarda koʻrishimiz mumkinligi esa tashvishlanarli holdir.

Toʻgʻri, hamma oʻziga yoqqan kiyimni xarid qiladi, qanday kiyim kiyish har kimning oʻz ixtiyorida. Biroq bilib-bilmay, milliy maʼnaviyatimizga mos kelmaydigan yozuvli liboslarni egnimizga kiyar ekanmiz, bu liboslar milliy mentalitetimizga, anʼana va qadriyatlarimizga toʻgʻri keladimi, yoʻqmi, bu haqida jiddiy oʻylab koʻrganimiz maʼqulroq. Bir tanishim bu haqida qiziq voqeani soʻzlab berdi:

– Qish fasli edi. 8-sinfda oʻqiydigan qizimga bosh kiyimi xarid qilish uchun bozorga bordik. Bir chetida chiroyli yozuvi bor, koʻk rangdagi sharfli shapkani olmoqchi boʻldik. Sotuvchi qizdan “Shapkada nima deb yozilgan?” deb soʻrasam, u “Men goʻzalman”, deb yozilgan”, dedi. Qizim ingliz tilidan qoʻshimcha darslarga qatnayotgan edi. Sharfni olib, yaxshilab oʻqib koʻrdi va unda “men yolgʻizman”, degan jumla yozilganini aytdi. Sotuvchi qizga savol nazari bilan qarasam, “bilmasam, bir oʻrtogʻim shunaqa degan edi-da”, dedi uzr soʻraganday boʻlib. Xullas, oʻsha bosh kiyimini olmadik. Izlab-izlab, yozuvi boʻlmaganini xarid qildik…

Bu voqeani eshitganimdan keyin menda qiziqish uygʻondi va qayerda yozuvli kiyimlarni koʻrsam, ularning maʼnosini soʻraydigan boʻldim, baʼzan lugʻatlardan qidirib topib, tarjimasini aniqlashga harakat qilib koʻrdim. Kichkinagina “tadqiqot”im natijasida shunga amin boʻldimki, bu yozuvlarning asosiy qismi gʻarb madaniyatini targʻib qiluvchi soʻzlar boʻlib, insonni yengil yashash, faqat oʻzini sevishga undar ekan, baʼzan esa bu yozuvlar kishiga zoʻravonlik kayfiyatini ham beradi. Bir kiyimda, masalan, “Sen biz bilan oʻtirolmaysan” deb yozilgan, yana birida esa “Boshliq hamisha haq” degan gap zarb qilingan. Hatto “Ikkinchi ismim shokolad” va “qidirilmoqda” degan maʼnoni bildiruvchi yozuvlarni ham koʻrishga muvaffaq boʻldim. Yana shunday yozuvli kiyimlar ham borki, ular anglatadigan maʼno bizning oʻzbekona anʼanalarimizga umuman toʻgʻri kelmaydi.

Albatta, libos insonni goʻzal qiladi, biroq agar biz chiroyli, hurmatga loyiq koʻrinish istagida boʻlsak, albatta, kiyinishimiz milliy maʼnaviyatimiz, milliy eʼtiqodimizga mos boʻlsagina yarashiqli boʻladi. Nima boʻlganda ham turli yozuvli kiyimlarni kiyish, libos bilan nimagadir erishishga harakat qilish oʻzbekning hayot tarziga mos emas. Qolaversa, Mavlono Rumiyning “Yo asling kabi koʻrin, yo koʻringaning kabi boʻl” degan naqli bugunga kelib ham oʻz mohiyatini yoʻqotmagan.

 

Gulchehra ALIQULOVA,

jurnalist

 

“Qashqadaryo” gazetasi saytidan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/libosingizda-nima-yozilgan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x