Yayrab oʻynang qoʻshigʻimga, kuyimga

Soʻroq

 

Shu yoʻl azim togʻlarga eltadimi, bilmayman,

Pokiza tuproqlarga eltadimi, bilmayman,

Yo mevazor bogʻlarga eltadimi, bilmayman,

Umrim oʻtib boryapti,

Men senga boryapmanmi?!

 

Bu daryoning sollanib oqishini bir koʻrgin,

Yerboboga oymomo boqishini bir koʻrgin,

Yuragimni bir armon yoqishini bir koʻrgin,

Umrim oʻtib boryapti,

Men senga boryapmanmi?!

 

Sen tanhosan, dil ichra manam yolgʻizman, toqman,

Bittagina xushxabar, bir mujdaga mushtoqman,

Eng soʻlim manzillarni orzulagan uchoqman,

Umrim oʻtib boryapti,

Men senga boryapmanmi?!

 

Gul nafasin keltirgan shamolning habibiman,

Oyga saboq bergan oyjamolning habibiman,

Javobin izlaganim savolning habibiman,

Umrim oʻtib boryapti,

Men senga boryapmanmi?!

 

Lola istab togʻ borsam, toshlar yoʻlimni toʻsdi,

Yana chimrilgan qaboq, qoshlar yoʻlimni toʻsdi,

Yuragimda zoʻr hadik loladek yashnab oʻsdi,

Umrim oʻtib boryapti,

Men senga boryapmanmi?!

 

Metin erur bardoshim singani yoʻq, sinmaydi,

Koʻnglimning tuprogʻida umidsizlik unmaydi,

Maqsudga yetmaguncha yurak urar, tinmaydi,

Umrim oʻtib boryapti,

Men senga boryapmanmi?!

 

Shu yoʻl azim togʻlarga eltadimi, bilmayman,

Pokiza tuproqlarga eltadimi, bilmayman,

Yo mevazor bogʻlarga eltadimi, bilmayman,

Umrim oʻtib boryapti,

Men senga boryapmanmi?!

 

Yayrab oʻynang

 

Shalolalar oʻynab oqar togʻlardan,

Gullolalar oʻynab oqar togʻlardan,

Sizga aytsam dilni oʻrtar chogʻlardan,

Parvo qilmang gʻamlarimga, oʻyimga,

Yayrab oʻynang qoʻshigʻimga, kuyimga.

 

Goho dilni gʻanimlarim shonalar,

Toqat bilan toʻlmishdir dil – xonalar,

Tugamasa koʻnglimdagi nolalar

Parvo qilmang gʻamlarimga, oʻyimga,

Yayrab oʻynang qoʻshigʻimga, kuyimga.

 

Qayda boʻlmay, yerdamanmi oydaman,

Koʻnglim ichra anduhlarga boy-da man.

Bilganim shu, ishq birla bir joydaman,

Parvo qilmang gʻamlarimga, oʻyimga,

Yayrab oʻynang qoʻshigʻimga, kuyimga.

 

Maysa

 

Tongda ajib kuladi maysa,

Tovonimni tiladi maysa.

Qancha azob bersa ham dunyo,

Meni yolgʻiz biladi maysa.

 

Shivirlaring ohingmi, maysa,

Sargʻayibsan, dogʻingmi, maysa.

Hu, koʻklarga uzangan yashil

Qoʻling – ilhaq shoxingmi, maysa.

 

Sadoqatli yorimsan, maysa,

Ham pokiza orimsan, maysa.

Senga juda oʻxshagim kelar,

Mening tanho zorimsan, maysa.

 

Yurakda bir oʻy sodir, maysa

Men ham adir, men ham qir, maysa.

Dunyosidan ketarman bir kun,

Ham bolishim, koʻrpamdir maysa.

 

Toʻrtliklar

 

Koʻnglimga hamisha koʻz ber, Xudoyim,

Pok, halol nasiba, tuz ber, Xudoyim.

Dillarni ziyoga eltmogʻi uchun

Faqat dargohingdan soʻz ber, Xudoyim.

 

***

Dillar malhamidir pokiza bir un,

Unga ehtiyojing bormi, ayt, ochun?

Hazrat olisda deb chekma iztirob,

Navoiy oʻtmishmas, Navoiy – bugun.

 

***

Ey yor, manim sarvarim, habibimga salomlar,

Dardli dilimga malham, tabibimga salomlar.

Yuragimga muhabbat urugʻlarini sochgan,

Koʻzlarimning ziyosi – mahbubimga salomlar.

 

***

Poklar huzuriga uchgil, deb aytdim,

Koʻkkamas, tuproqqa tushgil, deb aytdim.

Rahmat nazari-la boqmasa Xoliq,

Ahvolimiz juda mushkul, deb aytdim.

 

***

Zamon ne, sen dilning zamonida boʻl,

Zabon ne, sen dilning zabonida boʻl.

Boshingga qismatning toshi yogʻsa ham,

Hamisha yaxshilik tomonida boʻl.

 

***

Deysan, qachon aqli raso topilgay,

Egilgan qad uchun aso topilgay.

Bir pok qudrat bilan yaralganki charx,

Har bir Firʼavn uchun Muso topilgay.

 

***

Umring uzoq boʻlsin, ey opajonim,

Qalbing oppoq boʻlsin, ey opajonim.

Gʻamu kulfatlari koʻp bu olamda

Baxting koʻproq boʻlsin, ey opajonim.

 

Gʻayrat MAJID

 

Yoshlik”, 2017–6

https://saviya.uz/ijod/nazm/yayrab-oynang-qoshigimga-kuyimga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x