Oq bugʻdoyi turib, suli sepkandan,
Toza sholi turib, kurmak ekkandan,
Joʻnsiz qirq kun qaygʻu-hasrat chekkandan,
Tan sogʻlikda bir kun shodlik yaxshiroq.
Dunyoga chiqqan soʻng, baxting ochilsa,
Dushmanlaring oyogʻingga bosh ursa,
Yov boʻysunib, ikki qoʻlin qovshirsa,
Koʻzni olaytgandan, izzat yaxshiroq.
Yumush ishla, tugʻilgan soʻng, el uchun,
Joningni ayama, elda er uchun,
Kindikdan qon tomib, tuqqan yer uchun,
Oʻlib ketguningcha xizmat yaxshiroq.
Hech qachon doʻstlaring boʻlmasin hayron,
Qoʻldan kelsa soling dushmanga vayron,
Elu xalq bir boʻlib aylangiz sayron,
Tugʻilgan yer uchun hurmat yaxshiroq.
Gʻayri birovlarni etib qurdoshing,
Oqizmagin dilbaringning koʻzyoshin,
Yomon boʻlsa ham umrlik yoʻldoshing,
Vaqtincha qoʻl bergan hurdan yaxshiroq.
Odam bolasinda boʻlsin or-nomus,
Eng kami yuz boʻlsin koʻz koʻrgan tanish,
Magar bilmay qoʻlni qiysa bir qamish,
Shul vaqt qonin tiygan ordan yaxshiroq.
Er yigitga nomus bilan or kerak,
Oqkoʻngil, qalamqosh sevar yor kerak,
Mehmon kelsa kutib olar hol kerak,
Soʻygani bir echki-moldan yaxshiroq.
Xush kelding, deb, otdan tushgan ul qoʻnoq,
Oʻtirgan boʻlmasin shu uyni sinab,
Koʻzli ham oyoqli, tilli bir choʻloq,
Hunarsiz, bilimsiz qoʻldan yaxshiroq.
Xiva xon qasd etib, poʻsdi qangʻib yurt,
Mulksiz nochorlarga tushdi koʻp solgʻirt,
Uzunasi tekis, yoʻgʻon bir argʻit,
Soni yuz, sifatsiz toldan yaxshiroq.
Uygʻonib, ertadan yumushga chiqib,
Qoʻlingni qabartib, belingni bukib,
Tizzangni sizlatib, mehnatin chekib,
Yegan bir zogʻorang boldan yaxshiroq.
Teran aql kerak soʻzni tizmoqqa,
Tiniq xayol kerak barin sezmoqqa,
Suv ichinda vahimasiz suzmoqqa,
Bir qayiq olti yuz soldan yaxshiroq…
… Oʻzga kam-koʻst kelib tushdi, oh-voyim,
Sababsiz tayoq yeb, nedur gunoyim,
Yerni, koʻkni xalq aylagan xudoyim,
Bu yurishdan ajal kelgan yaxshiroq.
Bir oqshom ayttirib urdi yoziqsiz,
Ne chora boylogʻsiz holda, qoziqsiz,
Qoraqalpoq kuning oʻtdi yorugʻsiz,
Bul oʻtgan umrdan zindon yaxshiroq.
Ne asl soʻz aytdim, oʻtdi ayonsiz,
Ne xizmatlar etdim, ketdi poyonsiz,
Men ham bir jon edim yurtga ziyonsiz,
Xoʻrlik koʻrdim, tek oʻlgandan yaxshiroq.
Berdimurod aytar, koʻrolmay yogʻdu,
Oʻlib ketar boʻldi, ochilmay baxti,
Berdimurod – xalqni, xalqi – Berdaqni,
Yolgʻizinday koʻrar jondan yaxshiroq.
Qoraqalpoqchadan Yangiboy QOʻChQOROV tarjimasi
“Sharq yulduzi”, 2012–3
https://saviya.uz/ijod/nazm/yaxshiroq/