Erika yoxud hayotning sirli maʼnosi

Elke HAYDENRAYX

 

Butun yil boʻyi itdek tinim bilmadim, kunu tun ishladim va mana Rojdestvo bayrami arafasida endi boʻlarim boʻlib, kaltaklangan odamdek shalvirab oʻtiribman. Toʻgʻri, yaxshigina pul topdim, lekin… hayotim butkul izdan chiqib ketdi… Doʻstlarimni ham unutdim, taʼtilga ham chiqmadim, yoʻl-yoʻlakay ovqatlanadigan odat chiqardim, salat, pitssa yoki uydaligimda bir-ikkita tuxum qovurib televizor oldida naridan beri yeb olardim. Baʼzida kun boʻyi tuz totmasdan, faqatgina vino, kofe yoki choy ichib, xuddi suvga tushgan mushukdek shalpayib qolardim. Nomimga kelgan xatlarni hatto ochib qaramasdim, telefon qoʻngʻiroqlariga javob bermasdim: hammasi malol kelardi.

Navbatdagi oʻn olti soatlik ish kunidan keyin uyga qaytib, ust-boshimni yechib-yechmay karavotimga choʻzilarkanman toʻsatdan telefon jiringladi. Bu xuddi tiriklikning tashqaridan menga anglatishi mumkin boʻlgan eng soʻnggi ishorasidek edi. Yotgan yerimda goʻshakni koʻtarib, “eshitaman” dedim malollanib.

Bu Frans edi, u menga Lugano shahridan qoʻngʻiroq qilayotgandi. Frans bilan oʻn yillar burun qanchadir muddat birga yashagandik, keyin esa xuddi hech narsa boʻlmagandek ajralishib, ikkalamiz ham boshqa oila qurdik. Lekin ikkimizning ham turmushimiz boʻlmadi, u Luganoda, men esa Berlinda yashab qoldim.

Frans Luganoda muhandis boʻlib ishlay boshladi, biz bir-birimizga otkritkalar joʻnatib turdik.

– Salom, Betti, – dedi Frans quvnoq ohangda. Meni “Betti” deb chaqiradigan yagona odam ham u edi. Ismim Elizabet, ammo asl ismim bilan faqat onam chaqiradi. Otam Liza deb, maktabdagilar Elli, erim esa Lilli deb atardi. Baʼzida oʻzim ham asl ismim nima ekanligini bilmay chalkashib qolaman va oʻzimni oʻzim ikkinchi ismim Veronika deb atayman. Faqat Frans uchungina men Betti boʻlib qolgandim… Oʻrnimga turib oʻtirdim-da, bir qoʻllab etigimni yecharkanman, “Eh, Frans” dedim.

– Ovozing yaxshi emas, – dedi u. – Tinchlikmi?

– Oʻlganman, deb oʻylagan edim. Chimchilab koʻr-chi?!

– Buning uchun yaqinroq kelishing kerak, – dedi Frans, – aynan shuning uchun qoʻngʻiroq qilayapman aslida…

Koʻzlarimni yumdim-da, ikkalamiz birga yashagan boloxonadagi uyimizni esladim. U yerda Frans sahna uchun rasmlar chizar, men esa maqolalar yozardim. Donna Anna ariyasi yozilgan plastinka qoʻyigʻliq turar va bu bizga ilhom berardi. Va yana… ish davomida shunchalik koʻp turli xildagi spirtli ichimliklarni, masalan archa urugʻi solingan aroq, vino, tekilla ichar edikki, hozir oʻylab hayratga tushaman.

– Rojdestvo bayramiga menikiga – Luganoga kelsangchi, – dedi Frans.

– Nega endi borishim kerak ekan? – dedimu, ichimdan xursand boʻldim, ammo buni sezdirmaslikka harakat qildim. – Nima, mensiz kuning oʻtmay qoldimi?

– Sensizam yashay olaman, – dedi Frans, – qaytib ketganingdan keyin qanchalik xursand boʻlishimni bilsang edi…

– Men hali biror marta Luganoda boʻlmadim-ku? Lugano qanaqa joy oʻzi? – soʻradim undan.

– Qoʻrqinchli, – javob berdi Frans. – Pechakgullar chirmashib yotgan, oldida palmalar bor eski uylar, sirenlarning, sambitgullarning bad boʻyi anqib yotadi! Dahshatli koʻl oʻrtasida qoʻrqinchli tepaliklar… Lekin baribir koʻrib qoʻysang yomon boʻlmaydi.

– Boʻpti. Borganim boʻlsin, faqat men bilan oldingidek tortishishga vaʼda berishing kerak.

– Chin soʻzim, shunday qilaman.

– Ajoyib, – dedim men, – ammo men allaqachon oʻlganimni unutma. Luganogacha yetib borishimga ishonmayman, oʻz uyimning oshxonasigacha yetib borolmayapman-ku.

– Milangacha samolyotda kelasan, keyin bir soat poyezdda Luganogacha. Men seni kutib olaman.

– Yoʻq, meni kutib olma. Baxtimga samolyot qulab tushsa… kutganing zoye ketadi.

– Yaxshi fikr, – dedi Frans. – Men poyezd relslari ustiga katta bir daraxtni qulataman, sen oʻtirgan poyezd yoʻlidan chiqib ketadi, bunga nima deysan?

– Zoʻr… – dedim-da, xoʻrligim kelib, ovozim boʻgʻildi. Biz u bilan nomigagina birga yashagandik. Bir-birimizga beadablik qilardik, piching bilan gaplashardik. Albatta bundan ikkimiz ham qiynalardik, lekin boshqacha boʻlishga qurbimiz yetmasdi…

– Borsam, sen meni tanimaysan, – dedim men bir oz oʻzimga kelib. – Juda qarib qolganman sochlarim oqarib ketgan.

Karavotdan arang turdim-da, muvozanatimni yoʻqotmaslik uchun darhol kresloga choʻkdim.

– Oʻzi ilgaritdan xunuk eding, faqat senga aytgim kelmas edi. Men boʻlsam, hamon oʻsha sen bilgan kelishgan yigitman.

– Yaxshi. Rojdestvodan bir kun oldin borsam kerak. Agar biror nima uchsa.

U xursand boʻlgandek tuyuldi va men ham oʻzimni bir ogʻir yukdan xalos boʻlgandek sezdim.

24 dekabr kuni erta tongdanoq bir-ikkita issiq kiyimlarimni, koʻzoynagimni oldim. Bir juft mustahkam poyafzal, rangi uniqqanroq atirgul nusxali eski qora koʻylagimni, bir-ikkita kitob va har gal sayohatga chiqsam menga hamrohlik qiluvchi budilnigimni sumkamga joylab, Frans uchun Elzas xantalini xarid qilish istagida eng yaxshi doʻkonlardan biriga yoʻl oldim. U yerdagi bir boʻlimda xantallarning yuzdan ortiq turlari mavjud: shisha idishlarda ham, kichikroq plastik idishlarda ham, oʻtkirlari, nordonlari, shirinroq taʼmlilari, och sariq rangdan toʻq jigar ranglilarigacha, kremli hamda qumoqlanganlari… Gʻarbning jami illatlarini oʻzida jamlagan shaharliklar xantalning yuzlab turi sotiladigan shu savdo markaziga oqib kirayotgan edi. Dunyo olov ichida qolgan bir paytda, zaminning qaysidir joylarida urush avjga mingan, odamlar och va bir-birlarining qonini toʻkayotgan, millionlab odamlar qochoqlikda, boshpanasiz yurganlarida, qanchadan-qancha bolalar koʻchalarda oʻlib ketishayotgan bir paytda Berlin yuzlab xantal turlari ichidan oʻziga maʼqulini tanlash bilan ovora edi…

Men xantal tanlash uchun liftdan yuqoriga koʻtarilib, nuqul beadab kesatiq bilan gapiradigan, umrimning bemazmun kunlariyu, tunlarini birga oʻtkazgan odam uchun Elzasning kichik idishlarda sotiladigan xantalini tanlab-tanlab sotib olgan boʻlar edim, agarda birinchi qavatda turgan choʻchqachaga nogoh koʻzim tushib qolmaganida. Koʻzim tushdiyu, yonidan jilolmay qoldim. Yana qizigʻi, negadir uni “Erika” deb atagim keldi, miyamga kelgan dastlabki fikr shu boʻldi: Erika. Qoʻgʻirchoq choʻchqacha kattagina, och pushti yungli, toʻq pushti oyoqlari, bir oz ochilgan ogʻzi, yumshoq quloqlari… va tasavvur qilib boʻlmaydigan darajada ishonch toʻla koʻzlarida saxiylik, qiziquvchanlik, ayni chogʻda bir oz quvlik balqib turardi. Goʻyoki u menga, koʻp siqilma, tashvish qilma, mendan oʻrnak ol. Men bor-yoʻgʻi bir pushti yungli choʻchqachaman, biroq aminmanki, Hayotning sirli maʼnosi menda, deyotgandek tangadekkina moviy koʻzlarini tikib turardi. Keyin nima boʻldi, deng: hech ikkilanmasdan kredit karta orqali qoʻgʻirchoq uchun 678 marka toʻladim. Sumkamni orqamga osib, Erikani esa ikki qoʻllab ushlab, qornimga tirab koʻtarib olishimga toʻgʻri keldi. U hayron qolarli darajada yengil, biroq behad semiz va yumshoq edi. Erikaning old oyoqlarini yelkamga osiltirib, orqa oyoqlarini belimning oʻng va chap tomonlariga oʻtkazib oldim. Uning boshi koʻm-koʻk koʻzlari bilan chap yelkam osha boqib turardi, sotuvchi ayol menga yaqinlashib: “Yana bitta silasam maylimi?” dedi-da, Erikaning quloqlarini avaylab silab qoʻydi.

Koʻchada odamlar bizni koʻrishgan zahoti bir tekis boʻlib, yoʻl berishar, ortimizdan havaslanib qarab qolishardi. Rojdestvodan oldin xarid qilishning soʻnggi soatlari boʻlgani bois, odamlar xariddan toʻygan, charchagan, shu bilan birga koʻpchiligini bayramdan keyingi boʻladigan oilaviy byudjet inqirozi xavfidan qoʻrquv chulgʻab olgani sezilib turardi. Shunga qaramay kim Erikani koʻrsa tabassum qilardi. Savdo markazi eshigi oldida turib, ichkaridan esib turgan hovurda isinayotgan gadoy bir qoʻli bilan yashirincha Erikaning orqasini silab qoʻydi.

Koʻchaga chiqib taksi bekatiga keldim. “Ey xudoyim, buncha chiroyli, bolangiz xursand boʻladigan boʻpti!” dedi bir qari ayol va oʻta ehtiyotkorlik bilan Erikani “erkalab” silab qoʻydi. Men boʻlsam, oʻttiz sakkiz yoshli Frans ismli “bolakay” ning sovgʻalar stolidan Erikaning joy olishini koʻz oldimga keltirib kulib qoʻydim. Erikani haydovchining yoniga oʻtqazdim. U koʻk koʻzlari bilan Berlinning jonsarak koʻchalarida kim oʻzariga poyga qoʻyayotgan mashinalarni jimgina kuzatib borardi. Erikaning orqasida negadir oʻzimni xotirjam hamda himoyalangan seza boshladim.

Mashina chorraha qizil chiroqlarida toʻxtashi lozim boʻlganda, yonma-yon ketayotgan haydovchilar ustimizdan kulib, bizga qarab signal berishar, kulishar, qoʻl silkitishar, uzoqdan boʻsa hadya etishardi. Bu holat mening haydovchimga ham zavq bagʻishlar, hamkasblariga javoban signal berar, bosh irgʻab qoʻyar, odamlar diqqatini oʻziga tortayotganidan maroqlanardi. “Bu qancha turarkan?” dedi u taksidan tushayotganimda. “Bilmayman, bu menga bayram sovgʻasi”, deb aldab qoʻya qoldim, negadir narxini aytishga uyaldim.

Odatda sumkamni oʻzim bilan samolyot bortiga olardim, endi esa ikkovi – Erika va sumkam bilan bortga chiqishga ruxsat etilmaydi. Shuning uchun sumkamni samolyot yukxonasiga topshirdim. Erika samolyot bortidagi yukxonalarga sigʻmadi, shuning uchun birinchi marta ajralishimizga toʻgʻri keldi. Styuardessa uni 1-klassdagi boʻsh oʻringa oʻtqazib qoʻydi, kamarlarni taqdi va meni ogohlantirib ham qoʻydi: “Janob” oʻzini yaxshi his etayapti”. “U – janobmas, xonim. Ismi Erika”, dedim. Styuardessa qiz menga muloyim va maʼnosiz boqib qoʻydi va tez odimlab nari ketdi. Menga esa Erikaning yumshoq yungi, muloyim nigohi yetishmasdi. 1–va 2-klassni ajratib turuvchi pardalar tushirilganda, Erikani koʻra olmayotganimdan naq sarosimaga tushdim.

Koʻzlarimni yumib bolaligim, bolalar uyidagi dastlabki kunlarim haqida oʻyladim. Kasal oʻpka tufayli men Borkumga joʻnatilgandim. Oʻshanda toʻqqiz yoshda edim, poyezd oynasi oldida turib yigʻlayotganimda onamning oxirgi soʻzini eshitgandim: “Ahmoqlik qilmagin, boshqa bolalar baqirib yigʻlashmaydi, axir”.

Otam menga toʻq sariq yungli, jigarrang shisha koʻzli ayiq joʻnatgandi. Uni Frits deb atagandim hamda yuzlarimga mahkam bosib, toʻyib-toʻyib yigʻlar, uning yunglariga koʻz yoshlarim va mishigʻimni oqizardim.

Erika bilan ham xuddi shunday qilmoqchi boʻlgandim, biroq Erika 1-klassda oʻtirib ketayapti. Onam bilan biror marta boʻlsa-da xayrlashganimni, unga biror marta ham bayramlarda xush kayfiyat tilaganimni eslay olmayman. Shunday qilsam, onam bunga eʼtibor bermagan ham boʻlarmidi. Mayli, hali ham boʻlsa, onaizorimga Luganodan qoʻngʻiroq qilishim mumkin.

Frankfurtda Erikani yana oʻzim qabul qilib oldim, Milanga uchayotgan samolyotning chet elliklar roʻyxatdan oʻtadigan zaliga kirayotganimda uni mahkam bagʻrimga bosdim.

Charm qoplamali oʻrindiqlarda, xromli stullarda, jomadonlarda, pollarda, xullas hamma joyda navbatdagi uchish reysini kutayotgan charchagan odamlar joylashib olgan edilar: ular orasida sallali hindlar, yupqa, harir roʻmolli ayollar, oppoq kiyimli qora tanlilar, harbiy yaponlar, tekis boshli koreyaliklar, ozgʻin, moʻynali kamzul kiygan keksa hamda grotesk uslubida soch turmaklagan amerikalik ayollar, allanimalar yegulik tanovul qilib oʻtirgan, oʻqiyotgan, yigʻlayotgan, uxlayotgan, onalari tizzasidagi, otalari qoʻlidagi, qoʻgʻirchoq yoki kichkina jomadonlar bilan kuymalashayotgan bolalar, soqovdek jim va Rojdestvo ularga hech nima vaʼda qilmayotganidan gʻamgin bolalar ham bor.

Havo iliq va boʻgʻiq edi, vagon yoʻlagi shovqin bilan toʻlib ketdi, hech kim xushchaqchaq yoki baxtiyor koʻrinmasdi. Ilohiy tun arafasida qalb tubidagi tuygʻular yuzaga chiqadi va ayni shu damda hayotimda Erika paydo boʻldi. Odamlar uning och pushti qornini koʻrishlari uchun men uni orqa tomonidan ushlab oldim, shu tariqa uning toʻrtta oyogʻi havoda muallaq qoldi. Uning quvnoq koʻm-koʻk shisha koʻzlari butun zalni bir necha daqiqa yoritib yuborganday boʻldi. Shivir-shivirlar, hiring-hiringlar tinchigandek boʻldi. Bolalar oʻrinlaridan turib olishdi, ota-onalari esa ularni turtardilar, bir necha bola men tomonga yugurib keldi. Goʻyo havoga jon kirdi, men tushunmaydigan dunyoning hamma tilida jajji bolakaylar, qizaloqlar: “Maylimi ushlab koʻrsam?” deyishardi chugʻurlab. Men bosh irgʻardim. Erikaning oyoqlari, yumaloq tumshugʻi, quloqlarini avaylab silab-siypay boshladilar. Bir qoʻngʻir sochli bola Erikaning shisha koʻzlaridan birini avaylab artib qoʻydi, qoʻngʻiroq sochli qora tanli qizaloq Erikani sekingina oʻpdi va yugurganicha ortiga qaytib, oʻzini onasining panasiga oldi.

Agar men bu yerdagi odamlarga nazokatla muhabbat, uygʻunlik hamda sogʻinch, erkinlik va totuvlik haqida gapirsam, hech kim meni eshitmasdi ham. Hattoki, ularga yoqmagan ham boʻlardim. Lekin, Erika… Uning bu yerda mavjudligi hammani sehrlab qoʻygandi goʻyo. Ulkan choʻchqacha oʻz nigohi va yumshoq paxmoqlari bilan odamlarga xush kayfiyat, iliqlik, bir-birlariga nisbatan xayrxohlik ulashayotgan edi.

Milanga uchadigan oxirgi samolyot kichik va qulay boʻlib, Erika havo kemasi kapitani va uning jamoasi tomonidan bortda qizgʻin kutib olindi, yoʻlovchilar chapak chalib yuborishdi. Erika yonimdaligi uchunmi, sekin-asta meni tushkun kayfiyat tark etib borardi. Bor-yoʻgʻi bir necha soat ichida u hayotimni butunlay oʻzgartirib yubordi, agar Erika boʻlmaganda, hech qachon butunlay notanish odamlar bilan, shuningdek, taksi haydovchisi bilan ham gaplashmagan boʻlardim. Endi esa notanish odamlar menga jon bagʻishlashmoqda, yuzlarimga tabassum qaytdi.

Men oʻzim va Erika uchun ham qizil vino keltirishlarini aytdim, hech qanday sharhsiz buyurtma keltirildi va xushkayfiyat ila xizmat koʻrsatildi. Alp togʻlari ustidan oʻtayotib boshimni Erikaning yelkasiga qoʻydim-u oʻzimni shunday yaxshi his etdimki, qani endi parvoz davom etaversa, etaversa… deb oʻyladim.

Milanda aeroport xizmatchilari ish tashlashibdi. Samolyotdan tushish uchun zinalar ham oʻrnatilmadi, avtobus ham yuborilmadi, samolyotdan sakrab tushishimizga toʻgʻri keldi. Navbatim kelganda oʻylanib qoldim: avval oʻzim sakrab, Erikani biror yoʻlovchiga ishonib qoldirsammikan yoki uni avval pastga tashlab, ketidan oʻzim sakrasammikan? Qarasam, pastda mendan oldin tushgan yoʻlovchilar qulochlarini keng ochib kutib turishibdi. Erika keng ochilgan qulochlarga borib tushdi, uni mahkam tutib olishdi, boz ustiga oʻpib ham qoʻyishdi va hatto maqtashdi ham. Bravo, bravo! Men ham sakradim-da, uni hammadan qizgʻanib tezda qaytarib oldim. Oʻzimni bolasi eʼtiborga tushganidan taltaygan onadek tutayotgandim. Yuklarimizni samolyot yukxonasidan oʻzimiz olib, bojxona binosigacha anchagina piyoda borishimiz shart edi. Yonimdagi barvasta habash yigit oʻzining kattakon jomadoni bilan birga mening sumkamni ham koʻtarib oldi. Kichkinagina sumkachasini esa qoʻlimga tutqazdi. Oʻrtamizda Erika, yigit uning chap qoʻlidan, men esa oʻngidan tutib olgandik. Shu tariqa biz qop-qora, hoʻl asfaltdan hammaning havasini keltirib yurib borardik. Axir Erika bilan yurishni har bir odam istayotgan edi-da, biroq bu barvasta yigit ularning ichidan eng dadili boʻldi. Shu payt negadir umrimning qolgan qismini shu qora tanli yigit bilan oʻtkazgim keldi. Erika oʻrtada boʻlardi hozirgidek… U menga ismi-sharifi janob Vilson ekanligini, Rojdestvoni opasinikida – Milanda oʻtkazishini aytib qoldi. “Zoʻr sovgʻa olibsiz!” – dedi u Erikani koʻrsatib, men boʻlsam uni kimgadir sovgʻa qilish haqida oʻylab, dahshatga tushdim.

Vokzal binosi katta, baland va juda eski, shu bilan birga oʻta chiroyli, oʻymakor yogʻochli, mustahkam qadimiy oynavandlari zamonaviy uslub bilan uygʻunlashib ketgan edi. Barcha katta shaharlar singari bu yerda ham odamlar oqimi katta, har qadamda ularning birortasiga yo qoqilib yoki urilib ketish mumkin. Erika koʻm-koʻk koʻzlari bilan menga yoʻl ochib borar, bir oz yurib, ortimga qarasam odamlar oqimi yana qoʻshilib ketardi.

Poyezd tirband edi, ovqatlanish vagoni ham. U yoq-bu yoqqa oʻtishning ham hech iloji yoʻq edi. Turib ketishimga toʻgʻri keldi, sumkam esa oyoqlarim tagida qolib ketgandi. Olti kishilik kupedan kimdir menga imladi: “Choʻchqangizni bering, ushlab ketaman!” Erika keksa ayolning tizzasidan joy oldi, ayol Erikaga boshdan – oyoq razm solib boʻlgach, u tizzadan tizzaga, qoʻldan qoʻlga oʻta boshladi. Uni juda ham qizgʻanib, ishonmasdan kuzatib turardim.

Uylarning ayvonlarida rang-barang Rojdestvo chiroqlari osilib turibdi. Negadir ruhim tushib ketdi, goʻyo tashlandiq bechoradek, bu dunyoning iflosgarchiliklari va bedavoligi holdan toydirgandek his etdim oʻzimni. Erikani qoʻlimga tutqazishgach, uning yumshoq, doʻmboq gardaniga yuzimni bosdim.

Bolaligimda Rojdestvo bayramini nishonlamasdik, chunki onam cherkov va diniy bayramlarni xushlamas edi. Rojdestvo, archa daraxti, sovgʻalar biz uchun begona edi. Bularni tushunish bola uchun oson kechmaydi. Uyda, deraza oldida oʻtirib koʻchada daraxtlarga osilgan rang-barang chiroqlarni kuzatib xoʻrligim kelardi.

Frans bilan esa har doim archa yasatardik, archaga turli xil boʻlmagʻur ashqol-dashqollarni: oshxona anjomlarini, sanchqilar, shisha ochqichlarni osib tashlardik, biroq albatta shamlar yoqardik, sovgʻalar ham boʻlardi. Bugun kechqurun-chi?! Frans ikkimiz nima qilamiz? U balki nimadir pishirar, menda esa uning uchun Erika bor.

Hech boʻlmasa shu bugun kinoyali hazillarimizdan voz kechib turarmiz? Biz haqiqatdan ham hamma narsa haqida, oʻrtamizda nima chin, nima yolgʻon boʻlganini, kelajakdagi rejalarimiz hamda orzu-umidlarimiz haqida gaplasha olarmikanmiz? Men unga otam vafot etganini, oʻzimni oʻta gʻamgin va tashlandiqdek his etayotganimni ayta olsam edi. Kasal ekanligimni, jarrohlik stoliga yotishim lozimligini, bundan nihoyatda qoʻrqayotganligimni aytgim kelardi. U ham menga oʻz ishi haqida, nima uchun shunchalik uzoqlarga qochib ketganligi haqida aytganda edi.

Suyukli ayoli bormikin? Fransning hayotida ayollar hamisha boʻlgan, hatto men bilan birga yashagan kezlarida ham. Biroq men rashkchilar xilidan emasdim, urush-janjal qilmasdim. Besh kunlik hayotda turli mashmashalarning nima keragi bor? Shularni oʻylar ekanman, toʻsatdan Fransning yuzidagi ajinlar, meni tushunishi-yu, oʻtkir nigohini koʻz oldimga keltirib qoʻrqib ketdim.

Poyezd uzoqroq toʻxtab qoldi, demak, navbatdagi bojxona nazorati. Bu – Xiasso bekati ekan, keyingisi – Lugano, peshonamdan sovuq ter chiqib ketdi. Erika bilan vidolashuvimga toʻgʻri keladi, Frans uchun shunday qilishim kerak, ammo u Erikani qadrlarmikan? Bugun tunda u bilan boʻlishimni oʻylab dahshatga tushdim. Birga yashagan soʻnggi kunlardagi ishqiy munosabatlarimiz majburiy munosabatlar edi. Natijada bunday zoʻrma-zoʻrakilikdan charchadik va shu tariqa doʻstlarcha ajralishdik.

Fransni boshqa koʻrmadim. Buni xohlamadim ham, biz hatto doʻst ham boʻlib qololmadik. Ey Xudo, shuncha yoʻl bosib bu yerga kelmasligim kerak edi, yana ilohiy tunda, liq toʻla poyezdda. Oʻzim bilmagan shaharga, istehzoyu kinoyalari bilan jonimga tekkan bir odam oldiga ketayapman-a?

Hozirgi ahvolimda uning pichinglarini koʻtara olarmikanman? Erika-chi? Boʻyim baravar tilla bersa ham Erikani kelib-kelib Fransga berib qoʻya olmayman.

Poyezd Luganoda toʻxtaganida, uni darrov koʻrdim. U lampa ostida, egnida bashang palto, chekib turardi. Koʻzlarini yumib olgan, yuzi oldingidan ham ingichka tuyuldi menga. Bir muddat unga talpindim, ammo uning qarshisiga borishimni, u meni bagʻriga olishini, uni oʻpishim haqida oʻylaganimda, nafasim siqdi, havo yetishmagandek boʻldi. Turgan joyimda qotib qoldim, yuzimni Erikaning moʻynasiga bosib olgandim, bekatda tushuvchilarga yoʻl berdim. Kupe deyarli boʻshab qoldi. Frans perronda u yoqdan bu yoqqa yurib meni izlardi. Men oʻtirgan kupe oynasi yoniga kelib, shunchaki qarab qoʻydi-da, yana perronni kuzata boshladi. Qoʻllari choʻntagida, tamaki chekib turibdi.

“Frans! – oʻyladim men, – esingdami? Ilgarilari biz suyukliging yoningdaligini sezish mumkin, derdik. Kichkinagina qahvaxonada tanishgandik, men oxirgi semestrga pul topish uchun dam olish kunlari oʻsha yerda yordamchi ofitsiant boʻlib ishlardim. Shunday kunlarning birida sen kelding va menyuga uzoq termulib qolding. Nihoyat, men yoninga kelib: “Men Lizaman, pishloqli pirog oʻtgan haftaniki, ammo olmalisini sizga tavsiya eta olaman”, dedim. Sen menga ajablanib qarading-da, kutilmaganda: “Yaxshi, men pishloqlisidan yeyman”, – deding. Ikkalamiz ham kulib yubordik, sen esa: “Bu oradagi gʻuborni yuvish uchun bir usul-da”, – deding. Men: “Pishloqli pirog haqidagi gapimni bir kinoda eshitgan edim, menga yoquvdi, shuning uchun shunday dedim”, – deb qoʻydim.

“Sen esa menga yoqding”, – degan eding oʻshanda. Oʻsha tundayoq ogʻushingda boʻldim – munosabatlarimiz juda tez va hech qanday qiyinchiliksiz boshlangandi.

Va hozir ham xuddi oʻsha paytdagidek keskin qaror qildim: poyezddan tushmayman. Fransni koʻrgim kelmayapti. Oʻtmishimizga qaytadan iliqlik kiritishdan maʼno yoʻqligini, bundan ikkalamiz ham faqatgina aziyat chekishimizni istamadim, shuningdek Erikadan judo boʻlishni ham… Poyezd yoʻlida davom etdi, Lugano vokzalidan qoʻzgʻolib qorongʻi tunnelga kirdi, oʻzimcha pichirladim: “Bayram muborak!”

Men Fransning jahli chiqib vokzal qahvaxonasida espresso ichib oʻtirganini tasavvur qildim. Keyin u balki Milanga qoʻngʻiroq qilib samolyotning oʻz vaqtida Milanga qoʻngan – qoʻnmaganini soʻrar, yana bir-ikkita poyezdni kutar, keyin esa dengiz boʻyidagi hashamatli uyiga qaytadi-da, qoʻngʻiroq boʻlishini yoki telegramma kelishini kutadi, rostbif qovurmasini yakka oʻzi yeyishiga toʻgʻri keladi, yolgʻiz oʻzi ichadi, soʻkinib derazadan tashqariga qaraydi va oʻylaydi: “Betti meni aldashi mumkin emas”.

Meni nima jin urganini bilmayman. Yana qancha yurishimni, qayerda tunab qolishimni ham bilmasdim, biroq menda Erika bor edi, men uni yonimda boʻsh qolgan oʻrindiqqa oʻtqazib qoʻygandim. Poyezd kichik-kichik bekatlardan toʻxtamasdan oʻtib borardi. Balki u moʻjizali biror oʻlkada toʻxtar, oʻsha yerda tushib oʻz baxtimni toparman. Frans endi mendan goʻyo asrlarchalik uzoqda edi.

Poyezd soat yettidan keyin Belinzona shahrida toʻxtadi. Bekatda tushib, Erika bilan deyarli odam yoʻq perronda turardim. Havo sovuq, koʻz oldimda bir kabutar yerdan uvoqni tumshugʻiga ilib olishga urinardi-yu, buning uddasidan chiqa olmasdi, chunki tumshugʻiga saqich yopishib qolgandi. Vokzalni tark etarkanman, vokzal roʻparasida joylashgan katta pushti rangli mehmonxonaga koʻzim tushdi, “Albergo internatsionale”. Derazalari yopilgan, eshigida esa: “ishlamaydi”, degan yozuv osigʻliq edi. Sumkamni yelkamdan olib, Erikani mahkam bagʻrimga bosib, vokzal koʻchasi boʻylab yura boshladim, xuddi boshqa vokzallar singari bu yerda ham butiklar, savdo uylari, jinsi sotadigan doʻkonlar, sayohat byurolari, qoʻl soatlari, tamaki va gazeta-jurnallar sotiladigan doʻkonlar koʻzga tashlanadi. Koʻchalarni birma-bir koʻzdan kechirib, tunash uchun joy axtarardim, uchinchi koʻchaga kirganimda baxtim kulib boqdi: “Montalbino pansioni”. Eshikda: “Ishlamaydi”, degani yozuv osigʻliq edi, biroq pardalar ortida chiroq miltillar edi. Eshikni taqillatdim, Erika tufayli menga eshikni ochishlariga ishonchim komil edi.

Darpardalardan biri ehtiyotkorona koʻtarildi, deraza oldida bir erkakning semiz afti koʻrindi. Dumaloq koʻzlari bilan menga qaradi-da, koʻrsatkich barmogʻi bilan “Ishlamaydi” degan yozuvga ishora qildi. Men unga maʼnoli qarab, qoʻlimdagi Erikani baland koʻtardim. Erikaga oʻqrayib qarab qoʻydi-da, pardani tushirdi. Ichkaridan uning nimanidir xoʻrillab ichayotgani eshitilib turardi. Bir ozdan keyin eshik ochildi. Oldimda boʻyi menikidan unchalik baland boʻlmagan, lekin haddan ziyod semiz kishi turardi. Dumaloq kallasi bilan yelkalari oʻrtasida boʻyin shoʻrlik koʻrinmasdi ham, oyoqlarini esa bechora ancha yillardan buyon yumaloq qorni sababli koʻrmagan boʻlsa kerak, semiz qoʻllari esa tanasi yonida aylangandek goʻyo.

“Yopilgan”, – dedi u. Erikaga qarab “Bu nima oʻzi?” – deb soʻradi. “Erika, biz bir kunga xona va kechki ovqat izlayapmiz”, – dedim unga javoban. “Erika”, mingʻilladi u, silash uchun qoʻllarini uzatdi. “Uning ismi shunaqa”, – dedim dadillik bilan, semiz odam boshini irgʻab, xuddi dunyoda bundan boshqa narsa yoʻqdek, mehr bilan: “Erika” – dedi. “Iltimos, bizni ichkariga kiriting, – dedim. – Meni hamda Erikani. Qayerga borishni bilmaymiz”. Shunday dedim-u, xona uchun pul toʻlay olishimga ishora qildim. “Bunaqasi ketmaydi. Pansionat 15 yanvargacha yopilgan, men esa bor-yoʻgʻi oshpazman. Boshqa hech kim yoʻq”. “Iltimos!” Bu soʻzni shunchalik yalingannamo aytdimki, negaligini oʻzim ham bilmay qoldim. Vokzalga qaytib borib, u yerdan Syurixga joʻnab ketsam ham boʻlardi, ammo holdan toygandim, buning ustiga sovqotdim.

Kishi bir muddat termulib qoldi, bilaman ayni damda uning qalbida fikrlar tugʻyon urmoqda, buni uning yuzidan uqib olsa boʻlardi. Yuzining rangi pushtidan toʻq qizilga aylandi, quloqlari xuddi binafsharangdek edi. Nihoyat, qoʻllarini koʻtarib, boshini irgʻadi, oyoqlari bilan eshikni kengroq ochdi-da, ichkariga kirishga ijozat berdi. Eshik yopilishi bilan qorongʻi dahlizda qoʻlimda Erika bilan turib qoldim va bu yangi yilda yana nimalar sodir boʻlishini kuta boshladim.

Semiz odam “chiroyli” oyoqlari bilan yerni tepib raqsga tushdi-da, hayron qolarli darajada kattakon oshxonaning eshigini ochdi. Kaminga qalangan oʻt gurillab yonardi. Katta gaz plitasi, turli idish-tovoqlar, ashqol-dashqollar qoʻyilgan jovonlar – bir tomonda, boshqa tomonda – randalangan ulkan yogʻoch stol-skameykasi bilan va bir nechta stullar. Stol ustida Salyami pitssasi solingan likop, bir shisha vino hamda Rikardo Sosiante kuylayotgan koʻtarib yursa boʻladigan radio bor edi.

Semiz odam stol oldidan joy koʻrsatdi va taraddud bilan turib qoldi. Erikani yonimga qoʻyib, oʻtirdim. Oshpazning ham qorni toʻqqa oʻxshamasdi. “Erika”, dedi u yana va qoʻshib qoʻydi: “Bunaqasini umrimda koʻrmaganman”.

U deyarli boʻshab qolgan likobchasini olib, pitssaning oxirgi boʻlagini ogʻziga soldi. “Endi esa chindan ovqat pishiramiz”, – dedi u va fartugini taqdi. Qozonga suv solib, shkafdan makaron oldi. Tovaga sous quydi, taxtakachda koʻkatlarni mayda qilib toʻgʻradi, oq nonni boʻlakladi. Ishiga shunday berilib ketgan ediki, mening borligimni unutganday goʻyo. Faqat baʼzida Erikaga nigoh tashlab qoʻyar va uning ismini mingʻillab takrorlardi. Ishining oʻrtasida menga stakan tutqazdi va vino uzatdi. Oʻzimga vinodan quydim, unga ham. Stakanimni baland koʻtarib, “Salyut” dedim men. U oʻgirilib menga qaradi, jilmayib kichkina oppoq tishlarini koʻrsatdi. Stakanini qoʻliga olib, meniki bilan urishtirdi va “Franko” – dedi. “Veronika”, – dedim men, u esa qaytardi: “Veronika. E-Erika”.

Oyoqlarimni chalishtirib, issiqdan bahra olgancha, koʻzlarimni yumdim. Frankoning ustalik bilan ovqat suzayotganini eshitib turardim, radioda Franchesko De Gregoriy Amerikaga yoʻl olgan kemadagi italiyalik bolakay haqidagi qoʻshigʻini kuylayapti. Biroq u italiyalik Amerikani koʻrmaydi, chunki u oʻt qalovchi, vazifasi kemaning ichida boʻlishdir. Oʻzimni himoyalangan, xatarsiz va juda yaxshi his qildim. “Alvido Frans! Salom, Franko!”

Franko oldimga sanchqi bilan likopni qoʻydi. Bugʻ chiqib turgan idishni olib kelib, soʻradi: “Erika ovqat yemaydimi?” Yoʻq, dedim men. Itdek och qolgan odamdek ovqatga oʻzimizni urdik. “Rahmat, Franko”, – dedim. Xuddi eski doʻstlardek qoʻlimni bir lahza uning qoʻliga qoʻydim. U bunga eʼtibor bermadi ham. Erika men bilan Frankoning oʻrtasida oʻtirardi. Vino butilkasini Erikaning u yoq-bu yogʻidan olishimizga toʻgʻri kelardi. Ikkinchi shishaga ham navbat keldi. U bir oz nemischa gapirar, men esa italyancha, biz bir-birimizga bayram tunida nega shu oshxonagacha kelib qolganimizni tushuntirishga urinardik. Men samolyotdan qolib ketganim haqida aytib uni aldadim, u esa pansionat egalari taʼtilga ketishganini, uyiga borishni xohlamasligi bois shu yerga qarab turishga rozi boʻlganini aytdi. Buning sababini soʻradim, oilasi bormi, qayerda yashaydi oʻzi? Bir oz tanaffusdan soʻng Franko qaygʻuli oʻtmishini boshladi. U asli qishloqdan boʻlib, shveysariyalik emasligini, Kuzinodan kelgani, bu Italiyaning chekka bir qishlogʻi ekanligi, har kuni bu yerga qatnab ishlagani, keyin uylanib rafiqasi hamda qizi bilan birga yashaganini, xotini uni tashlab ketganini, yangi yil oqshomidan bir necha kun oldin xotini bir sartaroshnikiga bolasi bilan koʻchib oʻtganini, uyda yolgʻiz qolgisi kelmaganidan shu yerda ekanligini gapirib berdi. U Erikaga ikkilanib tikilar ekan: “Xotinim ham xuddi shunday doʻmboq, rangi ham shu kabi pushti, shunday goʻzal, muloyim edi!” deb Erikani silab qoʻydi. Koʻzlaridan tirqirab yosh oqardi. Men esa turmushimdan ajrashganimni, butunlay yolgʻiz yashashimni, Luganoda hech kimim yoʻqligini, agar bu yerda qolishga izn bermaganida, uyimga qaytib ketishimni gapirardim.

“Sisi, – deya baqirdi u va yana bir shisha ichimlik bilan stakan keltirdi. – U osongina ketib qoldi-ya. Hatto unga ovqat pishirib bera olmaydigan sartarosh bilan ketib qoldi-ya!”

U keyin kapuchino tayyorladi. Men radioni burab, yaxshi bir qoʻshiq topdim. Franko qoʻshiqdan taʼsirlanib ketdi, fartugi bilan koʻzyoshlarini artib, Erikani tizzasiga oldi.

“Xuddi shunday yumshoq edi u! – baqirdi oshpaz, – qandoq yumshoq edi-ya… U bilan yaxshi munosabatda edim-ku. Kelib-kelib sartarosh bilan-a!” Semiz oshpaz yana yigʻini boshladi, yuzini Erikaning quloqlariga bosdi. Juda charchaganimdan stulimni kaminga yaqinroq surdim. Vino toʻldirilgan ryumkamni oʻzim bilan oldim va gulxan uchqunlariga tikildim, oʻsha paytda jon deb archaning shox-shabbalaridan olovga tashlagan boʻlardim, shunda Rojdestvoning hidi kelgan boʻlarmidi.

“Dahshatli bayram boʻldi-da”, – dedim va bir boʻlak yogʻochni olovga otdim, Franko esa: “Erika” – dedi-da, boshini uning qorniga qoʻyib yonboshladi…

Koʻzimni ochsam, tongga yaqinlashib qolgan, kamindagi gulxan ham oʻchib boʻlgan edi. Ryumka chil-chil sinib yerda yotar, oʻzim esa stulga osilib qolgan ekanman. Kun yorugʻi derazalardan moʻralay boshlabdi, semiz odam esa stol ustiga uzala tushib yotib olgan, boshini Erikaga qoʻyib uxlab yotardi.

Sekin, sassiz oʻrnimdan turib, sumkamni oldim. Kalitni eshik ogʻzida qoldirdim. Koʻcha osuda ham boʻm-boʻsh edi, pansionatga nigoh tashlar ekanman, “Xayr, Erika, sen uni ovut, buni eplay olasan!” – dedim-da, vokzal tomonga yoʻl oldim.

Uyga, Berlinga yetib keldim. Fransdan telegramma kelgan ekan: “Nima boʻldi?” Men ham unga telegramma joʻnatdim: “Hech narsa. Xayr”. Onamga qoʻngʻiroq qildim, u hatto uyda boʻlmaganimni ham va bugun bayram ekanligini ham bilmabdi.

 

Olmon tilidan Hafiza QOʻChQOROVA tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2012–3

https://saviya.uz/ijod/nasr/erika-yoxud-hayotning-sirli-manosi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x