Zahiriddin Muhammad Bobur ijodida balqib turadigan umidbaxsh satrlar taʼsiri insonga kuch bagʻishlaydi. U doʻstlik, birodarlik, Vatanga sadoqat kabi sifatlarni olqishlaydi, inson kamolotidagi axloqiy va maʼnaviy masalalarni, qadr-qimmatni yuqori koʻtargan. Xasislik, xudbinlik, riyokorlik kabi yaramas illatlarni qoralaydi. Mansab va davlatga erishganda ortiqcha gʻururlanmaslik, kamtarin boʻlish kabi fazilatlar ham uning diqqat markazida turgan. Shoir sifatida ota-ona bilan farzand oʻrtasida mehr-muhabbat, ehtirom kabi xislatlar barqaror boʻlishini istaydi. Quyida uning bebaho hikmatlaridan ayrimlarini keltirdik.
***
Bu olam aro ajab alamlar koʻrdum,
Olam elidin turfa sitamlar koʻrdum,
Har kim bu “Vaqoyeʼ”ni oʻqur, bilgaykim,
Ne ranju ne mehnatu ne gʻamlar koʻrdum.
***
Bormu erkin hech nima olamda hijrondin yomon,
Har nekim ondin yomonroq yoʻq, budur ondin yomon.
***
Oʻzungni shod tutqil, gʻam yema dunyo uchun zinhor –
Ki, bir dam gʻam yemakka arzimas dunyoi farsuda,
***
Dushman soʻziga kirma, eshit doʻst soʻzin,
Eshitmasa soʻzni doʻst, dushman ne degay?
***
Otani chunki qibla debturlar,
Qibla yangligʻ anga nazar qilgʻil.
***
Davlat uchun koʻngulni zor etma!
Izzat uchun oʻzingni xor etma!
***
Har soʻzki eshitsa, desa boʻlmas,
Soʻz borki, aytsa – desa boʻlmas.
***
Umr gʻaflatda oʻtkarib borasen,
Ey yigit, voqif oʻl, qarib borasen.
***
Yomon ot bila tirilgandin,
Yaxshi ot bilan oʻlgan yaxshiroq.
***
Gʻurbat bu aziz umrni kam qiladur.
***
Olam bogʻida topmoq, guli bexor mushkuldur.
***
Taqdirdur ul yonu bu yon solgʻuchi…
***
Aysheki oʻtti – oʻzga ani zikr aylama,
Har nimaiki yitti – soʻroqigʻa arzimas.
***
Kimki, ondin yaxshi yoʻq,
Koʻz tutma ondin yaxshiligʻ!
***
Yotlarni, kerakki, oshno kam qilsang,
Har kimki vafo qilsa, jafo kam qilsang.
***
Hargiz rost kelmas ishq donoligʻ bila.
SOJIDA toʻpladi.
https://saviya.uz/ijod/nazm/yaxshilik-chun-qilmading-bori-yomonlig-qilmagil/