Yaproqlarni ilding devorga

Manzara

 

Olovning bagʻrida yongan bu yaproq,

Qachondir yam-yashil boʻlib yashnagan.

Bulbul nafasidan ajib bir titroq

Tuygancha, magʻruru masrur yashagan.

 

Shamol bilan lazzat oshlashgan ham shu,

Chaqmoqda vujudin toblagan talay.

Qoʻynida sel boʻlib oqqan ming tomchi,

Shu – quyosh qoʻlidan simirgan ham may.

 

Harqalay yashagan tuproqdan baland,

Harqalay uzoqni koʻra olgan u.

Biroq, nechun uni olov yamlagan,

Ne uchun siqim kul boʻlib qolgan u?!.

 

Choʻp odam

 

Bir odat bor Palandarada,

Balki rusumdir hammayoqda ham.

Miq etmaydi uzumzorlarda,

Hilpiratib yengin Choʻp odam.

 

Insonlar bor, ishonar unga,

Bogʻdan ketmas yogʻsa ham toshlar.

U qoʻrqadi kuz kelishidan,

Kuz. Doʻstlari ketadi tashlab.

 

Sevgi yaprogʻi

 

Sariq yaproqlarni ilding devorga,

Yulduzga oʻxshaydi deding, jilmayding.

Shu kuni jilmayib hayotimizga

Kuz olib kirganing, nahot, bilmading?

 

Tashlab yubor dedim, kulib-shivirlab,

Yoʻqot dedim, soʻngra… soʻngra hayqirdim!

Badjahl atading gulim bilmasdan,

Azobda koʻzingga yoshday qalqirdim.

 

Qalqirdim hayotning toʻfonlarida,

Gʻashlik yuragimga koʻtarib isyon.

Yomgʻirday koʻksingga urildim, soʻrdim,

Dunyo zulumotmi, dunyo nuriston?

 

Oʻrtamizdan oʻtdi rohatbaxsh yel,

Oʻrtamizdan oʻtdi jannatiy visol.

Tashqarida kimdir kutyapti seni,

Kutib qoldi, balki, baxt u, boraqol.

 

Jonim, sariq gulli roʻmoling oʻrab,

Shu-shu ketganingcha yoʻqsan, kelaqol.

Hijronda quridim, guvohsan, yo, rab,

Lek, sariq yaproqlar topmadi zavol.

 

Sen ketding, umrimni koʻmdim xazonga,

Tanimda muzlarning ayozi zohir.

Armon deb atalmish sovuq makonda,

Kimdir ismim aytdi, koʻkar Bahodir!

 

Koʻkardim armonning quchogʻida dast,

Orzuga qoʻl siltab, yaxshi bor, dedim.

Shu dam yangi tufli kiyib oʻtdi vaqt,

Eski tuflilarday teshildi etim.

 

Kuzak yomgʻirlari soʻrdi madorim,

Yetolmayman senga boʻlsa ham qanot.

Men ojiz, kuzlarga koʻmdim umrimni,

Seni bahorlarga berkitdi hayot!

 

Seni bahorlarga berkitdi hayot!

 

Qamishlar

 

Dunyodagi turfa xil ishlar,

Koʻylak qilib kiygan gardini.

Nayga aylanmagan qamishlar

Zovurlarga soʻylar dardini.

 

Yomgʻirli kecha

 

Yuragimda armon koʻtardi isyon,

Osmon saltanati ketdi yemrilib.

Seni qanday quchay, topib ber imkon,

Nechun yomgʻir boʻlib kelding sevgilim?

 

Yuragim sukutning bagʻriga otdim.

Sukut – armonimga tor kelgan tobut.

Hijron hovlisida daraxtday qotdim,

Soʻng, olovga doʻndim, chaqmoqlar shohid.

 

Tilim aylanmadi, kel, demoqlikka,

Derazam ochmoqqa yaramadi qoʻl.

Bizni boʻgʻizladi shafqatsiz taqdir,

Sen – tomchi suv boʻlding, men – bir siqim kul.

 

Qamarni qayd qildi ochofat bulut,

Chala qolgan tushday yoʻqolding, nogoh.

Yuraging oynamda holsiz jon berdi,

Nahotki, yuragim oʻldi gulimoh?

 

Taqdir

 

Oʻxshar, toʻnkarilgan kemaga bu qir,

Ming yilki, manzilga yetaolmaydi.

Ming yilki, bagʻrida yashirin ne sir,

Bariga qoʻl siltab ketaqolmaydi.

 

Uning ham manzili olis edi-ku,

Juda ulkan edi orzulari ham.

Kim bilsin, yoʻlidan adashgandir u,

Mayoq kerak joyda yoqishganda sham.

 

Bahodir BAHROM

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

https://saviya.uz/ijod/nazm/yaproqlarni-ilding-devorga/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x