DO`STLARGA ULASHING:
BAYRAM MUSHOIRASI
Erkin VOHIDOV
YANGI YIL SHE’RI
Inson fe’li ajabdan ajab,
Yo‘qdir unga mezonsiz olam.
Yulduzlarni o‘lchar botmonlab,
Qarichlaydi cheksizlikni ham.
O‘zi ega, o‘zi qul mangu
O‘zi topgan aqidalarga,
Ne dey, hatto mangulikni u
Bo‘lib chiqqan daqiqalarga.
Daqiqadan soatlar yig‘ib,
Kunlar tuzib oy jam qiladi.
Yig‘lamaydi umr o‘tdi deb,
Yil o‘tdi deb bayram qiladi.
Ko‘paysa-da ajinlar harchand,
Oqarsa-da yillardan boshi,
Quvonadi — ko‘paydi farzand,
Sevinadi — ulg‘aydi yoshi.
Bu tuganmas orzu-havasda
Bor umidbaxsh imonga asos:
Inson o‘lmas.
Asta va asta
Boqiylikka o‘tadi, xolos.
Abdulla Oripov
SALOMNOMA
Bahor chog‘i chuldiragan irmoqlardan,
So‘qmoklardan va zangori o‘tloqlardan,
Adirlarda kechgan shodon, xush chog‘lardan,
Salom bo‘lsin saxovatli yil boshiga,
Salom bo‘lsin yashil ko‘klam naqqoshiga.
Saratonning quyoshidan bo‘lsin salom,
Qor so‘ragan tog‘-toshidan bo‘lsin salom,
Tanti dehqon bardoshidan bo‘lsin salom,
Salom bo‘lsin oylarning eng ezgusiga,
Salom bo‘lsin uning oppoq injusiga.
Yaqin qo‘shni — salom degan kuz chog‘i bu,
Noz-ne’matga to‘lib turgan quchog‘i bu,
To‘y chog‘i bu, rejalarning yuz chog‘i bu,
Salom bo‘lsin to‘yni birga to‘ylashganga,
Salom bo‘lsin bir devordan bo‘ylashganga.
Odamlar bor — bir umrlik tolega yor
Va istaydi do‘stlariga tole bisyor.
Ezgu yilda ezgu o‘ylar topsin qaror,
Salom bo‘lsin xush saodat ayyomiga,
Salom bo‘lsin zafarning ilk payomiga.
Salomlarning barchasidan shuldir ma’no:
Bo‘y taratsin olam bo‘ylab yashil ma’vo,
Gurkurasin, kuchga to‘lgan yurt doimo,
Salom bo‘lsin o‘n ikki oy sarvariga,
Salom bo‘lsin yilning to‘ng‘ich Yanvariga!
Muhammad Yusuf
YANGI YIL KЕCHASI
Ko‘ngil ma’yus tortdi yilning so‘ngida,
Bilmam, nimang bilan sehrlading, qor.
Bugun kuppa-kunduz ko‘zim o‘ngida,
Yana bir yoshimni o‘g‘irlading, qor.
Qirqinchi qasrimga o‘taymi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?..
Bahorim yetgudek qo‘lim uzatsam,
Yetolmay dilimni ne deb yupatsam.
Laylakqor, azizim, g‘alat bayram bu —
Kulib kuzatsammi, yig‘lab kuzatsam…
Dardim jim ichimga yutaymi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?
So‘rsang, sevinchimdan o‘kinchim ko‘proq,
Sendan-da kumushroq sochimdagi oq.
Yilim kelmay turib, yilim ketmoqda,
Ko‘zda tabassum-u kiprikda titroq.
Men ham sal shoshdim-da, qaytaymi endi,
Kechagi yoshligim ertakmi endi?
Yangi yil,
Kelaver qanday kelsang ham,
Kimlar yetdi senga, kimlar yetmadi.
Sen yangi yo‘ldoshsan, sen yangi hamdam,
Yo‘qlab kelganingni o‘zi bir bayram.
Qulog‘ingga bir gap aytaymi, endi,
Kechagi yoshligim ertakmi, endi…
Nodira AFOQOVA
31 DЕKABR
Shaffof qadahlarda ko‘pirgan ne u?
Qo‘llarim, ne uchun titraysiz endi?
Oynada qahraton emas u, gul-ku,
Ertagacha hali bu tun uzundir.
So‘raymiz “Devonu lug‘otit turk”dan,
“Yil”, axir, ”yel» emas, titramang, ey dil.
“Yil”, axir, shunchaki guvranib yotgan
Poygadan shafqatsiz ezilgan yo‘ldir.
Kiprigim torida titrama, ey yosh –
Kiprigim toriga osilgan dunyo…
Dunyo, bu ne asror, meni qil ogoh:
Poyimda – xazonlar o‘ynar beparvo,
Ortimda – qirq yillik yashin urgan bog‘,
Ko‘ksimda – manguday guvlagan daryo…
***
Qoraygan bog‘larga qalin qor tushdi,
Yodimiz yodiga tag‘in yor tushdi.
Dilga – ahli tarab ko‘ngillaridan
Quvg‘in aylamishlar – jam’i zor tushdi.
Bulbullar tindilar – oshiqlikmi shu?
Orom yo‘q – ishqimiz betakror tushdi.
Bori ishq zahrini bizga ber, falak,
Ko‘nglimiz ko‘tara xaridor tushdi.
Nigohimiz naqqosh yo‘lga termulib,
Darchangizga boqing – navbahor tushdi.
Laylidan so‘ylamang, afsonami ishq?
Devona baxshimiz – bizga or tushdi.
Yaldo tunlarida so‘yladik doston,
G‘uluvmas, holimiz rostu bor tushdi:
Oh urdik, ummonlar uchdi falakka –
Yo‘q esa, bog‘larga qaydin qor tushdi?
14.12.2015.
A’zam Obid
YANGI YIL SHE’RI
Vatandosh, hayot hidi hulvoga to‘lsin,
E’zozli, ehsonli va erkli bo‘lsin.
Panohida yuring Parvardigorning,
Ishqiga chulg‘aning vafoli yorning.
Niyat tongday toza, qalbingiz oppoq,
Yuzingiz to‘lin oy misoli porloq.
Yengilish neligin bilmang hech qachon,
Ruhu jon mustahkam, qaddingiz ravon.
Kulgu, tantanaga serob yil yaqin,
Orzular ushalur, dilga dil yaqin.
Lahzalar tenglashib yuz asrlarga
Iliqlik uzatur pok nasllarga.
Gul tutay, g‘amlarni ketkaz, YANGI YIL!
Zor etma, baxt sari yetkaz, YANGI YIL!
Gulnoz MO‘MINOVA
***
Dekabr buluti
Ukpardan yasalgan kemadek
Ohista suzadi samoda.
Unda farishtalar
Sayr qilishar
Zarra iz qoldirmay havoda.
Daryolar, dengizlar —
Zaminning lojuvard ko‘zlari
Tikilar teskari ummonga,
Kechib ildizidan,
Muqimligidan
Daraxtlar qo‘l cho‘zar osmonga.
25.12.2016
Shahodatbonu IMOMNAZAROVA
QORGA QASIDA
Yana osmoningdan yerga qularsan,
Yana ma’sumlikdan chekarsan ozor.
Uzun kechalarni tongga ularsan,
Yerning yuzin yorug‘ aylagaysan, qor.
Ne-ne yuraklarda muz qotdi ohim,
Sendek qaro yerni qucholmasman shod.
Ey qor, osmonlarga yetgan faryodim,
Ey qor, to‘kilarsan sokin, befaryod.
Istarang issiqdir, sochilgan zavqing
Yorug‘ kunlarimdan keltirar darak.
Boshimdan yog‘dirar, to‘zg‘itib rahmin,
Issiq-sovug‘imdan xabardor falak…
Harorat axtarib kezarsan, biroq,
Jahoniy borlig‘ing – bir tomchi ko‘z yosh.
Seni deb qon yutar namdiyda ofoq,
Seni deb zaminga qaytadi quyosh…
Muslimbek Musallam
YANGI YIL MUBORAK BO‘LSIN,ONAJON!
Archalar shoxida turar tillo zar ,
Yashil chiroqlarda bezandi shahar .
Munglig‘ darchalardan boqdingiz sahar ,
Yangi yil muborak bo‘lsin, onajon .
Yog‘yotgan qor kabi ko‘nglingiz oqda ,
Bu yerda hammasi yolg‘onu soxta .
Chakkangiz chetida ochilgan paxta ,
Yangi yil muborak bo‘lsin, onajon .
Men yo‘q, qurum bosib yotar mo‘rilar ,
Anori sochilib yotgan so‘rilar .
Bolam deb darvoza g‘amgin surilar,
Yangi yil muborak bo‘lsin, onajon.
“Ketdik” der yuragim, sira ko‘nmadi ,
To‘rt fasl dilimda rayhon unmadi .
Bu yerda bo‘ronlar hali tinmadi ,
Yangi yil muborak bo‘lsin, onajon .
Bahorni sog‘indim ,kuzni angladim ,
Mehrli, mehrsiz yuzni angladim .
Musofir kunlarda Sizni angladim ,
Yangi yil muborak bo‘lsin, onajon.
Deysiz, sen kelguncha sira o‘lmayman ,
Tangri der, har kimni har kun qo‘llayman .
Siz uchun xayrli duo yo‘llayman, ,
Yangi yil muborak bo‘lsin, onajon.