«Yangi Toshkent». Madaniy hayot. Xalq maorifi (2-qism)


Post Views:
128

Toshkent “yangi” qismida kasb yo‘nalishidagi aloxida o‘quv yurtlari paydo bo‘ldi. 1871 yildayoq birinchi rus maktabi xalq kasb-hunar bilim yurtiga aylantirilgan. 80-yillarda kasb-hunarli kadrlarga ehtiyoj oshishi bilan bilim yurtlari qoshidagi kasb-hunar sinflariga ehtiyoj yanada ortdi. 1886 yilda maxsus hay’at tuzilib, unga kasb-hunar ta’limini yanada kengroq rivojlantirishga yo‘naltirilgan maxsus qoidani ishlab chiqish topshirildi. Biroq mablag‘ yo‘qligidan mustamlakachi hokimiyat hay’atning ko‘p moddiy harajatlar talab qiladi degan takliflarni rad etdi. Shu bois general-gubernator bolalarga torroq doirada kasb-hunar o‘rgatishni tavsiya etdi. U tajriba sifatida bilim yurti qoshida o‘qishni bitirishga ko‘zi yetmagan, ammo hunarga qobiliyati bor o‘quvchilardan hunar sinflari tashkil etishga ruxsat berdi. Bunday o‘quvchilar uchun mutaxassislikni egallashga muayyan muddatlar belgilandi: duradgorlikka – 3 yildan 5 yilgacha, muqavosozlik – 1,5 yildan 2 yilgacha. Bunda o‘quvchilar ustaxonada har kuni kamida yetti soatdan shug‘ullanishlari kerak bo‘lardi. Hunar sinfi o‘quvchilari uchun o‘quv fanlariga kuniga 1 soat yoki haftasiga 6 soatgina ajratilardi. Jumladan, bir soat dinga, bir soat – rus tiliga, bir soat – arifmetikaga va boshlang‘ich geometriyaga, uch soat – rasm va chizmachilikka. 1887 yilda hunar sinfida shahar bilim yurti qoshida 53 odam shug‘ullangan. Bular asosan davomati past bolalar bo‘lgan. Xunar sinfi o‘quvchilarining yoshi 7dan 19 yoshgacha bo‘lgan.

1973-83 yillarda shaharda Turkiston ipakchilik maktabi ishlagan va uning qoshida laboratoriya bo‘lgan. Bu maktabga entomolog olim V.F. Oshanin rahbarlik qilgan. O‘qishning 10 yillik faoliyatida ipak yigiruvning 2 italyancha usuli amalda tatbiq etishga muvaffaq bo‘ldi. Bitiruvchilar ichidan 4 tasi o‘zbek edi. Ular yevropacha dastgohlarda ipakni kalavalashni o‘rganishgan. 1882 yilda Turkiston general-gubernatori tomonidan kutilgan natija bermaganligi tufayli bu maktabni yopishga buyruq berildi. 1813 yil 1 yanvarda u yopildi va uning o‘rniga birinchi Grenaj stansiyasi tashkil etildi.

Texnika bilim yurti ochilishi to‘g‘risidagi masala 80-yillardayoq ko‘tarilgandi, ammo 1896 yildagina tasdiqlandi. Bu bilim yurtida sanoat korxonalari uchun chilangarlik, tokarlik, temirchilik, duradgorlik mutaxassislari tayyorlanardi. 1887 yildan irrigatsiya bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha kurslar ishlay boshladi.

XX asr boshida Turkiston o‘lkasida, jumladan Toshkentda ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarida jiddiy siljishlar sodir bo‘ldi. Keyinchalik paxtachilik, ichki va tashqi savdo rivojlandi, davlat va xususiy tijorat banklari tarmog‘i kengaydi. Sanoat korxonalari soni ortdi. Savdo-sanoat kompaniyalari faoliyati keng quloch yoydi. Toshkentning “yangi” qismi O‘rta Osiyo va Qozog‘istonning eng yirik sanoat va madaniy markazlaridan biriga aylandi. Shu munosabat bilan shaharda o‘quv yurtlari tarmog‘i va turi uzluksiz kengayib bordi. Ayniqsa, xususiy shaxslarga qarashli boshlang‘ich maktablar soni sezilarli ortdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra shaharda 11 ta xususiy maktab bor edi. Ulardan eng yiriklari ikki va uch sinfli Turgenev va Pushkin bilim yurtlari hisoblanardi. O‘quvchilar soni 1906 yildagi 740 dan 1911 yilda 1 724 tagacha o‘sdi, ya’ni ko‘rsatilgan vaqtda u ikki baravar ortgan. Maktablar o‘rta o‘quv yurtiga kirish uchun har ikki jinsdan o‘quvchilar tayyorlagan. Ammo boshlang‘ich maktablarning mavjud salmog‘i aholi talabini qondirolmadi. Shu bois 1908 yil dekabrida shahar dumasi ko‘rsatmasi bo‘yicha shahar “yangi” qismining boshlang‘ich ta’lim bilan ta’minlanishi haqidagi masalani oydinlashtirish maqsadida maktab yoshidagi barcha bolalar bir kunlik ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu tekshiruv harajatlari xalq ta’limi sohasidagi chorizm siyosatining mohiyatini yorqin namoyon etdi. Masalan, 8 dan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarning umumiy soni 3 605 nafarni tashkil etgan, shulardan 527 nafari (30,6 %) o‘g‘il, 575 (32,6 %) qiz bola, savodli va chalasovodlari – 711 nafar (ya’ni 19,7 %), shulardan 344 (20,7 %) maktabda o‘qiydiganlari – 1792, ya’ni 49,7 % (o‘g‘il bolalar – 968 yoki 52,4 % va qiz bolalar – 824 yoki 46,7 %). Shunday qilib, badavlat xonadonlarning deyarli barcha bolalari maktabda o‘qigan. Kamxarj ota-onalarning bolalari ahvoli bundan ham yomon bo‘lgan, ular 1 828 nafar bo‘lib, shulardan 43 % i savodsiz bo‘lgan. Badavlat xonadon bolalari ichida savodsizlari 17,37 % ni tashkil etgan. Ro‘yxatdan o‘tish vaqtida 1 300 – 1 350 bola maktabdan tashqarida bo‘lgan.

1906 yilda shahar “yangi” qismi aholisining 10,4 % ini o‘quvchilar tashkil etgan. Mavjud holatni yaxshilash uchun duma 1910-1911 yillarda o‘quvchilar uchun ikki xususiy uyni sotib oldi va uni ta’mirlab Koltsovskaya va Jukovskaya maktablarini ochdi. Pushkin, Turgenev, Gogol maktablari, shuningdek 3 va 4 sinfli ayollar bilim yurtlari ham qayta ta’mirlandi. Bu ishlarni bajarish uchun duma 203 164 rubl sarfladi, shundan 42 540 rubl Xalq maorifi vazirligi tomonidan assignatsiya qilingan edi.

Shunday qilib, xalq ta’limining rivojlantirilishiga asosiy mablag‘lar duma byudjetidan ajratilgan. Agar 1909 yilda bu maqsadlarga 68 566 rubl, 1913 yilda 120 776 rubl ajratilgan.

Duma qaramog‘ida: Toshkent 4 sinfli bilim yurti (352 o‘quvchi), Jukovskiy shahar erkaklar bilim yurti (90), Gogol shahar erkaklar bilim yurti (124), birinchi 2 sinfli shahar bilim yurti (130), 2 sinfli rus-tuzem bilim yurti (145), ikkinchi 2 sinfli shahar bilim yurti (153), Pushkin ayollar bilim yurti (186), 2-Toshkent ayollar bilim yurti (154) va 3-Toshkent ayollar bilim yurtlari (140) bor edi.

Bu vaqtda rus-tuzem va rus-yahudiy maktablari faoliyat ko‘rsatgan, ularda 1910 yil ma’lumotiga ko‘ra 131 ta o‘quvchi o‘qirdi. Duma yana tatar maktabi xarajatlarini ham moliyalashtirdi. 1902 yildan bir nemis maktabi faoliyat ko‘rsata boshladi.

1912 yilda duma umumiy o‘qishni ta’minlashga qaratilgan maktab tarmog‘ini tasdiqladi. Bu sohadagi birinchi tadbirlar aslida 1910 yildan o‘tkazila boshlangandi. O‘rta Osiyoda birinchi marta barcha uchun o‘qish kerakligi tamoyilini ilgari surgan shahar dumasi so‘nggi 8 yil ichida maktablardagi o‘quvchilar sonini 365 nafarga ko‘paydi. Ma’lum darajada kambag‘al oilalardan chiqqan bolalar miqdori o‘sdi. Avvaliga ularga shahar arboblari ma’lum doirasidan tushgan xususiy yig‘imlar hisobiga yordam ko‘rsatib turildi. 1912 yildan ular o‘quvchilarga yordam jamiyatini tuzdilar. Bu jamiyat Toshkent o‘quv yurtlariga muxtojlar o‘qishi uchun to‘lov to‘lab, ularga kitoblar va boshqa o‘quv qurollari berib, kiyim-kechak, oziq-ovqat va turar joy bilan ta’minlardi.

1913 yilgacha jamiyat xayr-ehsonlar evaziga eng kambag‘al bolalarni poyafzal, etik, palto, ko‘ylak bilan ta’minladi. 1913 yilda jamiyat yig‘imlari 6 079 rublgacha yetdi. Bundan tashqari shahar dumasi bu maqsadlarga jamiyatga 3 000 rubl ajratdi. 1912 yildan jamiyat maktablarda issiq ovqat tashkil etdi. Bundan tashqari bolalar o‘yinlari uchun maydonchalar yasalgandi. Chimyonda 3-sinf bolalari uchun yozgi koloniya ishlardi. Garchi ijobiy bo‘lsa-da, bu barcha tadbirlar g‘oyat cheklangan holatda edi. Kambag‘allar bolalarining juda ko‘pchiligi ta’lim olishdan bebahra edi.

Shahar maktab tarmog‘ining butun o‘lka madaniyatidagi jonlanishi va keng rivoj topishida N.G. Mallitskiyning xissasi katta bo‘lgan. U: “Shahar hayotiga maktabning ta’siri g‘oyat katta, mehnatkash xalq har tomondan Toshkentga intilmoqda, bu yerda ularning bolalari oson ta’lim olar edilar. Zaruriy bilimlardan tashqari maktab bolalarga kiyim-kechakdan tortib hamma narsada did va madaniyatni o‘stirishdek oliy g‘oyalarni o‘rgatadi” yozgandi.

Darhaqiqat, Toshkent “yangi” qismi maktab tarmog‘i barcha sohalarda Turkiston o‘lkasining boshqa joylaridagi o‘quv yurtlariga nisbatan namunali edi. Lekin yaratilgan barcha sharoitlar va o‘quv bilim yurtlari mustamlakachilarning manfaatlari uchun barpo etilgan edi. Bu holatni o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgshan o‘quvchilarning ijtimoliy tarkibidan yaqqol ko‘rinib turibdi.

Savdo rivojlanishi munosabati bilan bu sohadagi yuksak malakali mutaxassislarga talab tobora ortib borgan. 1913 yilda duma Savdo va sanoat vazirligi qoshida shahar savdo maktabini ochadi. Maktabda o‘qish muddati uch yil edi. O‘qish dasturiga quyidagi fanlar kirar edi: din aqidalari, rus tili, hisob, tijorat, tijorat hisobi, geometriya asoslari, vatan tarixi (Rossiya), jo‘g‘rofiya, mo‘g‘ul va xitoy tili, rasm va gimnastika. Ko‘rinib turibdiki, ushbu o‘quv yurti o‘quvchilari keng ma’lumot olishlari kerak bo‘lgan. Maktabga har ikki jins, barcha tabaqa, millat va dindagi bolalar qabul qilingan. Tayyorlov sinfiga 10 dan 13 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilingan. Bu maktab nafaqat o‘lkada, balki Mo‘g‘uliston va Xitoy bilan savdo munosabatlarini rivojlantirishga imkoniyat yaratib berishi kerak edi.

XX asr boshida qishloq xo‘jaligi gidrotexnika maktabi (1902 y.), Temir yo‘l texnika bilim yurti (1904 y.), tijorat bilim yurti (1907 y.), Toshkent temir yo‘l bilim yurti (1903 y.), O‘rta Osiyo temir yo‘l bilim yurti (1903 y.) kabi bir qancha bilim yurtlari paydo bo‘ldi. Shu bilan bir vaqtda oldin tashkil etilgan hunar bilim yurti ham ishlab turardi. Eng yirigi tijorat bilim yurti bo‘lib, unda 1911 yilda 383 o‘quvchi o‘qirdi. 1912 yilda savdo va sanoat vaziriligi bilim yurti o‘qish dasturiga mahalliy tillarni o‘rganishni ham kiritdi va bunga 9 450 rubl ajratdi.

1909 yilda tijorat bilim yurtlarini rivojlantirish maqsadida “Tijorat bilimlari fidoyilarining Toshkent jamiyati” tuzilgan bo‘lib, unda ma’ruzalar, o‘qishlar, tijorat masalalari bo‘yicha kurslar tashkil qilinardi.

A.M. Malinovskaya-Simonova rahbarlik qilgan xususiy ayollar kasb-hunar texnikasi maktabida ayollarga tikish-bichish, kashtachilik, qalpoqdo‘zlik, gullar yasash ishlari o‘rgatilardi. Maktab qoshida hisob bo‘limi va tibbiy bo‘lim bor edi. Bilim yurti shunchalik samarali ishladiki, kichik gimnaziya xuquqini ham oldi. Shaharda yangi bezak va umumiy rang tasvir bo‘yicha va musiqa maktablari ham ishlab turgan.

Shunday qilib, shahar “yangi” qismida 1911 yildan boshlab xalq ta’limi tarmog‘i ayniqsa kuchaydi. Shu munosabat bilan Sirdaryo viloyati sharxida ta’kidlanadiki, 1911 yilda xalq ta’limi “o‘quvchilar soni ko‘payishi hisobiga ancha rivojlandi”, barcha o‘quv yurtlarida, xususan Toshkent shahrida joylashgan o‘rta o‘quv yurtlarida sezilarli edi. Masalan, agar 1910 yilda o‘quvchilar soni 4 991 nafar bo‘lsa, 1911 yilda 6 155 nafar, 1913 yilda esa 7 794 nafar bo‘lib, bunga yangi xususiy maktablar tashkil etilishi va mavjudlarining kengaytirilishi tufayli erishilgan.

Jannat Ismoilova

O‘zR FA Tarix instituti
O‘zR FA O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi
Toshkent – “Fan va texnologiya” — 2004

Ushbu qimmatli manbaning elektron variantini taqdim etgani uchun monografiya muallifi J.Ismoilovaga o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz.

https://shosh.uz/uz/yangi-toshkent-madaniy-hayot-xalq-maorifi-2-qism/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x