Post Views:
76
Toshkent viloyati Parkent tumani “Yangi Sanganak” qishloq fuqarolari yig‘inida yashovchi Imomali Boymaqov o‘z hovlisida issiqxona qurishga joy tayyorlash uchun qazish ishlarini olib borayotganida ichiga mis tangalar solingan sopol ko‘zaga duch kelgan va 2021 yilning 11 mart kuni Temuriylar tarixi davlat muzeyiga borib, xazinani davlatga topshirish niyatida ekanini bildirishi bilanoq, ishchi guruh tuzilib, topilma yeriga yetib boriladi.
Issiqxona qurish uchun tayyorlangan, tomonlari 20×10 metr, chuqurligi 1,8 metrgacha keladigan maydonning shimoli-g‘arbiy yonidagi 50-60 santimetr chuqurlikdan mis tanga solingan sopol ko‘za chiqqani, idish olinayotganda bo‘laklarga bo‘linib ketgani, maydonning boshqa joylaridagi tuproqlar orasidan sirli va sirsiz sopol buyumlarning siniqlari, ikki dona zang bosgan temir o‘roqning ish (o‘rish) qismi topilgani, ularning topilishida Sh. Do‘stov va M. Ubaydullayev ham bo‘lgani maʼlum bo‘ldi. Arxeolog olimlar tomonidan olib borilgan birlamchi qidirish ishlari natijasida tuproqlar orasidan yana bir qancha sirli va sirsiz sopol buyumlarning parchalari yig‘ib olindi.
Sanoqdan o‘tkazilgan tangalarning soni 1810 dona ekani aniq bo‘ldi.
Ushbu ashyolar shu kunning o‘zidayoq muzeyga keltirildi va zang bosib, ko‘kimtir tusga kirib qolgan, diametri 34-36 mm. bo‘lgan tangalardan biri tozalangandan so‘ng uning har ikkala tomoniga ham qavariq shaklida arab yozuvida bitilgan matn va bezaklar tushirilgani ko‘rindi.
Tanganing old tomoni: qavariq shakldagi ikki qatorli to‘rtta to‘rtburchaklarning bir – biriga tutashishi natijasida hosil bo‘lgan kvadratli bezak ichiga arab harflaridagi ضرب سمرقند – Samarqandda zarb qilingan so‘zlari tushirilgan.
Tanganing orqa tomoni: qavariq halqa ichidagi arabcha harflarning ustidan qayta zarb berilgan.
Tadqiqotlarda xuddi shunday tangalar davlatimizni qisqa vaqt (1495-1497 yillarda) boshqargan temuriy Boysung‘ir Mirzoning (1477-1499) hukmronlik davrida Samarqandda zarb qilingani isbotlangan. Sheʼrlar ham yozgan Boysung‘ir Mirzo Abu Saʼid Mirzoning nabirasi, Sulton Mahmud Mirzoning o‘g‘li bo‘lgan.
https://shosh.uz/uz/yangi-sanganak-xazinasi/