Yangi ertak

“Bir bor ekan, bir yoʻq ekan…”

Uf-f… buncha qiyin ish ekan bu!..

Ertak toʻqish va uni qogʻozga tushirish bu qadar ogʻir, bu qadar mushkul yumush ekanligini xayoliga keltirmagan Oydin qizaloq, mana, necha kundirki, “bir bor ekan, bir yoʻq ekan”dan nariga oʻtolmay juda xunob edi. Boshda yozilishi oʻta joʻndek tuyulgan ertak qizchaning ongu shuurida allaqachon pishib yetilgan esa-da, biroq qoʻliga qalam oldi degancha, soʻz degani sira tutqich bermas, misli tariqday sochilib ketmoqda edi.

Qizcha oʻychan nigohini oldidagi daftar sahifasidan uzib, avvaliga, xuddi najot qidirganday, marhuma onasining devordagi suratiga tikiladi. Bir muddatdan soʻng chuqur xoʻrsinib, tevarakka maʼyus koʻz yugurtiradi. Shu tarzda u shiftdagi chiroqqa, devordagi soʻzanalarga, burchakdagi temir pechkaga, tokchalardan biriga batartib terilgan kitoblarga, deraza ortidagi qorongʻi tunga birma-bir loqayd nazar tashlarkan, oxirida, xona oʻrtasiga solingan qoʻsh oʻrinning birida bahuzur uyquni urayotgan oʻgay opasi – Xadichaga havaslanib boqadi va ich-ichidan, qoʻlidagi ruchkasini nimqorongʻi kunjakka uloqtirib, opasi qatorida koʻrpa tagiga shoʻngʻish istagini tuyadi. Biroq qanday boʻlmasin ertagini tezroq yakunlashi lozimligi tagʻin esiga tushib, bu fikridan qaytadi. Axir oʻgay onasi – Sadoqatning tugʻilgan kuni juda yaqin qolgan, agar ertagini tezroq tugallamasa, boldan totli, shakardan shirin orzusi – bayram dasturxoni ustida hammadan bekitiqcha yozgan ertagini oʻqib, uydagilarni, asosan, oʻgay onasini quvontirish niyati butunlay puchga chiqadi-da.

U zimdan qovoqlariga toʻr tashlay boshlagan uyquni quvlab, stol chetida yotgan qalin kitobni qayta qoʻliga oladi, oʻzicha tagʻin ertaklarning yozilish sir-asrorlarini oʻrganmoqchi boʻladi. Shu oʻyda kitobni hushsizlik bilan bir-bir varaqlarkan, koʻzi bot “Zumrad va Qimmat” ertagiga tushgach, qoshlari norozi chimirilib, uni shartta yopadi-da, zarda ila nari surib qoʻyadi. Boisi, qizcha yaratajak ertak mazmuni bu ertakka tamomila zid boʻlib, uni toʻla inkor etardi. Vaholanki, yaqin-yaqingacha, yaʼni esini tanib, kitob hamda ertaklar dunyosiga oshno tutinganidan beri ayni shu ertak uning eng sevimli, eng qadrli ertaklaridan biri edi.

Endi esa…

Qizcha ushbu ertak tufayli chekkan ruhiy iztiroblari – Zumradning taqdiri endi oʻz boshiga tushajagini oʻylab, qoʻrquv va tahlika ogʻushida kechgan kunlari va tunlarini hali unutmagandi.

Esida, oʻshanda oʻgay onasining hovliga kirib kelish onlarini dahshat bilan kutgan. Darvoza ortida mashina ovozi tinib, eshiklarning taraq-turuq qilib ochilib-yopilishi qulogʻiga chalinishi bilan yelday uchib borib, somonxonaga bekingan, qoʻrquvdan yaproqday titrab, eshik tirqishidan darvozaga koʻz tikkan. Ana, hozir oʻgay onasi aynan Qimmatga oʻxshash labi doʻrdoq, sochlari patila, haddan ziyod injiq va oʻjar qizini boshlab darvozadan kirib keladi, shunchaki emas, ogʻzidan oʻt purkab kirib keladi. Va hovliga qadam qoʻyishi hamonoq tevarakka alang-jalang qaranib, oʻgay qiz – Oydinni qidirishga tushadi, soʻng uni boʻgʻzigacha yumushga koʻmib tashlaydi. Mabodo boʻyin tovlar boʻlsa, uradi, soʻkadi va oqibat, kunlardan birida, “oʻrmonga adashtirib kel buni”, deya otasining qoʻliga tutqazadi. Otasi oʻgay onaga lom-mim demoqqa jurʼati yetmay, suyukli qizini oʻrmonda adashtirib keladi. U oʻrmonda uloqib yurib, toʻsatdan daraxtga osilgan va shamolda tebranib, “taq-tuq” qilayotgan boltaga duch keladi.

Biroq shu yerga kelganda qizchaning boshi qotadi: xoʻsh, otasi uni qaysi oʻrmonga adashtirib keladi? Biydek dasht kindigida joylashgan doʻppidek ovuli tevaragida oʻrmon tugul, kaftdek chakalakzor ham yoʻq-ku. Ana, u yogʻi qoʻshni ovulgacha, bu yogʻi esa olisdagi koʻkish togʻlar etagida yastangan qirga qadar yaydoq dashtlik – odam tugul, ushoq chumolini ham adashtirib boʻlmaydi bu kenglikda. Ha-a, qiyin-qiyin, otasiga qiyin, qizini chalgʻitib ketmoqqa oʻrmon, boltasini osmoqqa daraxt topolmay toza sarsoni chiqadi endi. Axir, oʻrmon boʻlmagach, oʻgay ona amrini qanday qilib ado etmogʻi mumkin? Bundan qizchaning koʻngli andak taskin topgandek esa-da, biroq daraxtga osilgan boltadan keyingi voqea rivoji – oʻzi duch kelishi lozim boʻlgan mehribon buvi hamda u kishi tomonidan tortiq etiladigan “qizil sandiq”ni oʻylab, bu atrofda oʻrmon yoʻqligidan juda achinib ketadi. Buvi hadya qiladigan “qizil sandiq”ni oʻz uylariga emas, Xolbuvi xolasinikiga olib borishni koʻngliga tugadi, oʻzicha sandiq toʻla qimmatbaho sovgʻa-salomdan oʻgay onani bebahra qoldirgan kishi boʻladi. Xolasi zoʻr – oʻgay onaga sandiq tugul, yerda yotgan choʻpniyam ravo koʻrmaydi.

Faqat bu yaqin-atrofda oʻrmon yoʻqligi chatoq-da.

Aslida qizchaning koʻngliga “oʻgay ona” qoʻrquvini solgan oʻsha Xolbuvi xolasi boʻladi. “Shoʻrlik yetimcha, deya boshini silagan, oʻgay ena boshingga it kunini soladi endi, deya bagʻriga bosgan. “Qoʻrqma, bu yoqda men, itga itday tashlanadigan xolang bor”, deya yupanch bergan. Qizcha xolasining besoʻnaqay jussasiga, tabassumdan yiroq badqovoq aftiga taajjub-la boqadi, uni, qoziq tishlarini irjaytirib, irillayotgan it oʻrnida tasavvur etib, beixtiyor kulgusi qistaydi. Soʻng erkalanib, qoʻying, xola, itday tishlashguncha, “yaxshisi, bizga bir tandirgina non yopib bera qoling”, degisi keladi. Biroq bunday demoqqa haddi sigʻmaydi.

Enasi oʻlganidan beri ota-bolaning kuni doʻkon noniga qolgan. Tuman markazida ishlaydigan otasi har kech doʻkondan olib qaytadigan buxanka non qizchaning taʼbiga oʻtirishmaydi, tandirda singib pishgan nonni xush koʻradi u. Xolasi, har borganida, tandirda yopilgan non bilan qornini, shu kunlarda kelishi kutilayotgan oʻgay ona haqidagi gap-soʻzlari bilan ongini toʻydiradi.

– Eshitdim! – deydi qoshida bolasi tengi hurkak bir qiz emas, oʻzi kabi qildan qiyiq axtaradigan, olam va tiriklik haqidagi tushuncha va qarashlari tomorqasining kemtik devoridan nariga oʻtmaydigan qoʻshni ayollardan biri turganday tuyqusdan tutaqib. – Topgan oʻsha megajini oʻzi bilan bir idorada ishlarkan! Er haydagan bir taviya ekan! Tagʻin sendan kattaroq bir qiziyam bor emish, u yashshamagurning! Ana endi… anovu… nimaydi-ya… anovu koʻhna matal bor-ku… telibizirdayam koʻrsatishadi… Qimmat… yoʻq, “Zumrad va Qimmat”. Ha-a, shu… Endi biring – Qimmat, biring – Zumrad boʻlib, eshakday tepishib, itday tishlashib yurasilar! Yoʻ-oʻq, sen yetimchaga kun berishmaydi ular! Qizi dodingni beradi, enasi esa, ogʻzidan oʻt purkab, sen yetimchani tiriklayin qovurib yeydi! Ana shuni aytadilar-da, enali yetim – gul yetim, otali yetim – shoʻr yetim deb! Sen manglayi qora, shoʻr yetimsan-da!

Uyiga qaytgach, qizcha, Zumradni oʻziga taqdirdosh bilib, ertakka takror koʻz tashlaydi. Shoʻrlik Zumradning qora qismatiga achinishdan ham koʻra, endilikda u tortgan barcha azobu uqubatlar hademay oʻzining chekiga tushishini oʻylab, pinhona yigʻlab, zimdan aziyat chekadi. Keyin, zora, otam u ayolni uyga olib kelish fikridan voz kechsa, degan umid va ilinjda hovli yumushlarini, qoʻlidan kelgancha, bekamu koʻst ado etishga tirishadi. Uydagi saranjom-sarishtalikni koʻrib, otasi uni alqaydi, erkalaydi, ammo qizcha kutgandek, fikridan qaytmaydi, kechki taom ustida yaqin joʻrasi va qoʻshnisi Salim muallimga deydi: “Bilsang, doʻstim, u oddiy ayollardan emas, farishtaning naq oʻzi! Xudo xohlasa, yoqamni oqartirib, uyimni nurga toʻldiradi u!” Shunda qizchaning xayoli farishtaga ketadi. Biroq harchand urinsa-da, harir libosli noaniq sharpadan oʻzgasini koʻz oldiga keltira olmagach, farishta haqida toʻla tasavvurga ega boʻlmoq niyatida ertasi tagʻin xolasi huzuriga zingʻillaydi.

– Farishta?! – oʻchoqboshida tutunga koʻmilib oʻtirgan xolasining zardasi qaynab, avval yelkasi osha, soʻng oʻgirilib qaraydi. – Voy, ordona qolsin, hali u kishim farishta boʻp qoptimi! Yoʻ-oʻq, otang koʻr, yaxshi-yomonni bir-biridan ajratolmaydigan, farishta ne, jodugar ne, sira farqiga bormaydigan basir u! – Keyin odatiga koʻra, birdan hovuridan tushib, oʻychan bir tarzda deydi: – Ha-a, ersiz ayollarning boʻlari shu, erga tegib olguncha bari oʻzini farishtaday tutib, soʻng koʻrsatadi hunarini…

– Unda… farishtaligi yolgʻonmi, xola? – deydi qizchaning hafsalasi pir boʻlib.

– Yolgʻon!

– “Farishta” degani nima oʻzi?

Bu savolni kutmagan xola bir osmonga, bir unga qaraydi. Aftiga tajanglik tepchib, farishta haqida eshitgan va bilganlarini xotirlashga urinadi. Soʻng zigʻirdek bir qizcha oldida bu tarzda bosh qotirib turishi oʻziga erish tuyulib, koʻkka ishora qilib, deydi:

– Nima boʻlardi, xudoning osmonda uchib yurgan bir maxluqi… yoʻq, jonzoti-da!

– Koʻrinmaydi-ku, – qizcha shishadek tiniq osmonga tikiladi.

– Yoʻq, u koʻzga koʻrinmaydi.

– Nega koʻrinmaydi?

– Chunki… u farishta-da…

– Farishtalar koʻzga koʻrinmaydimi?

– Yoʻq, koʻrinmaydi.

– Farishtaligi yolgʻon boʻlsa… – qizcha chuqur xoʻrsinib, xolasiga umidvor tikiladi, – otamga ayting, uyimizga doritmasin uni.

– I-i, mening gapimni korlarmidi, u xotinboz! – xolaning gʻazabi qoʻzib, oʻchoqdagi oʻtni titkilaydi. – Qachon bir ishni biz bilan hammaslahat qilgan u! Yaramas xotinboz!

Bu gapdan soʻng qizchaning otadan koʻngli qoladi. Kundalik yumushga unnab, kechgacha tumshayib yuradi. Alamini tovuqlardan olib, ularni eldan burun katakka qamaydi. Tizzasiga suykalgan mushugini jerkib, oqshom ishdan qaytgan otasiga chiroy ochmaslikka urinadi.

Biroq otasi erkalab, bagʻriga bosishi bilan barini unutadi.

Biri oʻchoqqa oʻtin qalab, biri qozon kovlashga tushadi.

Keyingi paytda kunda-shunda boʻlib qolgan Salim muallim eshikda qora bermaguncha, qizcha “oʻgay ona” tashvishini bir necha muddat unutadi, Zumradning qora qismati ortiq uni tashvishga solmaydi. Otasi kirib kelishi bilan yuzaga kelgan tarovatli bir iliqlikdan koʻngli yayrab, dimogʻi chogʻlanadi.

Ammo erkaklar gurungida oʻsha ayol nomi tilga olinishi bilan bu iliqlikdan asar ham qolmaydi, uy sovuq va fayzsiz tus oladi. Qizcha nimqorongʻi burchakka biqinib olib, tagʻin Zumradning ayanchli taqdirini oʻylashga tushadi. Oxiri buvi tomonidan inʼom etiladigan “qizil sandiq”ni koʻz oldiga keltirib, sandiq voqeasigacha roʻy berishi lozim boʻlgan barcha aziyatlarga bir amallab chidamoqqa qatʼiy ahd qiladi. Negaki, “qizil sandiq”dan keyin navbat “oq sandiq”qa keladi-da. Oʻgay ona qistovi bilan adashtirib kelingan oʻgay opasi uylariga ichiga ajdaho bekingan oʻsha “oq sandiq”ni sudrab qaytadi-yu, u oʻgay ona zulmidan butunlay xalos boʻladi.

Faqat bu yaqin atrofda oʻrmonning yoʻqligi chatoq-da!

Ana shunday oqshomlardan birida ayon boʻldiki, ertaga oʻgay ona qizi bilan tashrif buyurarkan, otasi Salim muallim hamrohligida ularni mashinada olib kelarkan. Shunda qizcha, chiqmagan jondan – umid, deganday beixtiyor qoʻshni erkakka iltijoli boqadi. Uning, i-i, qoʻy ularni, joʻra, nima qilasan boshingga balo orttirib, deyishini kutadi. Afsuski, soʻnggi umidini puchga chiqarib, Salim muallim bunday demaydi, qaytanga, nimhayajonda oʻtirgan otasiga pishang berganday, ertangi kun rejasini muhokama qilishda davom etadi, oʻzicha doʻstiga yoʻl-yoʻriqlar bergan kishi boʻladi. Nasib etsa, ertan oqshom oshni kelinning qoʻlidan yer ekanmiz-da, deya tamshanib ham qoʻyadi.

Oʻsha tunni qizcha aloq-chaloq tushlar ogʻushida oʻtkazdi.

Tongdan esa oʻgay ona tashrifini kuta boshladi.

Peshinga yaqin somonxonaga biqinib, qoʻrquv va hayajondan qalt-qalt titragancha, eshik tirqishidan darvozaga koʻz tikadi. Qizchaning nazarida, darvoza ortidagilarning hovliga tashrifi juda choʻzilib ketganday tuyuldi. Axir, mashina ovozi tinib, eshiklarning taraq-turuq yopilgani kim qachon edi. Nahotki, otasi oʻgay onasiz, yolgʻiz oʻzi qaytgan boʻlsa! Bu oʻydan qizcha oʻzida yoʻq sevinib ketadi. Biroq uning quvonchi uzoqqa choʻzilmadi. Bir payt darvoza qornidagi kichik eshik avval qiya, soʻng keng ochilib, qoʻgʻirchoq tutgan, oʻzidan xiyol tikroq, oqish yuzli, hurkak nigohli bir qiz tortinibgina hovliga qadam qoʻydi. Uning izidan esa shaharcha urfda kiyingan xushroʻygina ayol paydo boʻldi. Qizcha oʻzi bir necha kundan beri tahlika ogʻushida kutayotgan oʻgay ona oʻsha ekanini darrov idrok etdi va, oʻz navbatida, ogʻzidan oʻt purkamayotganiga hayron boʻldi. Ayoldan keyin katta-kichik sumka va tugun koʻtargan erkaklar kirib kelishdi. Otasi tevarakka alang-jalang qaranib, quvnoq kayfiyatda ovoz berdi:

– Oydinoy qizim, qaydasan!

Bu ovozdan qizchadagi qoʻrquv hissi andak chekinib, qalbida iymanish, tortinishga oʻxshash gʻalati bir tuygʻu uygʻondi. U kelishini mutlaqo istamagan bu “mehmonlar”ga koʻrinishni xohlamay, imi-jimida, astagina xolasinikiga juftak rostlab qolmoqchi boʻldi. Biroq bu rejasi amalga oshmadi – darvozada gohida ogʻir kirlarini yuvushga qarashib, vaqt-bevaqt tansiq taomlar bilan siylab turadigan qoʻshni ayolga toʻqnash keldi. Ayol uning niyatini fahmlab, shartta bilagidan tutdi-da, iziga qaytardi va hovli toʻridagi uy eshigiga yetib qolgan oʻgay onaga roʻparoʻ qildi:

– Tanishing, qizingiz…

Qizcha oʻgay onaning kulib turgan koʻzlariga, xiyolgina qizil surilgan lablariga qoʻrquv toʻla koʻzlarini tikarkan, hozir bu pushtirang lablar orasidan oʻt sachraydi, deb oʻyladi. Yoʻq, qimirlagan lablar orasidan oʻt emas, quyidagi mayin xitob sirgʻalib chiqdi:

– Voy, mening bolajonim!..

Qizcha, quloqlariga ishonmay, hang-mang turib qolarkan, zumda oʻzini uning quchogʻida koʻrdi. U hali oʻziga butunlay yot boʻlgan bu quchoqda, odatda, xolasining hissiz bagʻrida tuyadigan ter, chang va tutun isini emas, dimoqqa xush yoquvchi mayin atir boʻyini, chinakam mehr taftini his etdi. Ammo shunga qaramay, oʻzicha osonlik bilan boʻy bergisi kelmadi, ayolning qaynoq ogʻushida goʻyo qoqqan qoziqday qotib turaverdi va qachonki, xiyol narida hanuz malla sochli qoʻgʻirchogʻini bagʻriga bosgancha, xokisorona jilmayib turgan qizchaning yoqimtoy chehrasiga koʻzi tushgachgina, oʻzi qoʻrqib kutgan xavfdan asar ham yoʻqligini ichdan tuyib, beixtiyor ayolni mahkam quchdi. Ona bagʻrini sogʻingan emasmi, koʻzi tinib, boshi gir-gir aylanib ketdi.

Qizcha oʻziga kelguncha boʻlmay, “oʻgay opa”si bagʻridagi qoʻgʻirchoqni unga uzatdi. Toʻgʻridan-toʻgʻri emas, xuddi bergan sovgʻasi keskin tarzda rad etilishi mumkindek, andak hayiqib, qimtinib, choʻgʻdek qizarib, qizchaga butunlay yot boʻlgan nozik bir harakat-la uzatdi. Soʻng ohista dedi:

– Bu mendan sovgʻa!

– Rahmat demaysanmi, – qoʻshni ayol kutilmagan bu xil muomala-yu munosabatdan butunlay gangib qolgan qizchaning yelkasiga turtdi-da, soʻng unga dalda berish maqsadida dedi: – Xoʻsh, sen bu asal qizga, opangga nima sovgʻa qilasan, a, Oydinoy?

Bu gapdan qizcha darrov hushyor tortdi.

Nima sovgʻa qilsa ekan-a?

Shunda uning esiga oʻzi yaxshi koʻradigan sopol haykalcha tushdi. Oʻtgan yili kuzakda otasi bilan bozorga tushganida, uni yoymachi bir kampirdan sotib olgandi. U haykalchaga turli kiyimlar bichib-tikib, kiyintirishni yaxshi koʻrardi.

Qizcha qoʻgʻirchoqni bagʻriga mahkam bosgancha, uyga oshiqdi.

Biroq u haykalchani joyidan topolmadi. Odatda, tokchadagi kitoblar qatorida turadigan haykalcha hech qayerda yoʻq edi. Bu orada qizchaning hayajoni bosilib, birdan burchakdagi yashil tugunchani eslab qoldi. Axir, Xolbuvi xolasining, mana uy, mana joy, agar biror gap boʻlsa, toʻgʻri bagʻrimga qayt, toʻrtta bolam siqqan yerga sen ham sigʻasan, degan gapiga amal qilib, kecha tundayoq kiyimlari va boshqa lash-lushlarini yigʻib, choqqina tugun qilib qoʻygandi-ku.

U tugunchani ochishi bilan kiyimlari ustida turgan onasining chogʻroq sargʻish ramkaga solingan surati pastga sirgʻalib tushdi. Bu narsa otasining taklif va qistovi bilan iymanibgina ostona hatlagan oʻgay ona nazaridan chetda qolmadi.

– Onajoningmi bu? – dedi u yengil egilib, suratni qoʻliga olarkan.

Qizcha, koʻzlari javdirab, “ha”, deya bosh irgʻarkan, goʻyo onasining surati shu zahotiyoq deraza osha tashqariga uloqtiriladigandek, beixtiyor jahdlanib, unga qoʻlini choʻzdi.

– Suratni tugunga bekitish kerak emas, jonqizim, – dedi allaqachon ne gapligini anglab yetgan oʻgay ona kulimsirab. – Uni chiroyli qilib, devorga osib qoʻyish kerak. Xoʻsh, qayerga osamiz buni?

Bu gapni sira kutmagan qizcha shoshib qoldi. U surat osiladigan joyga imo qildi-da, ildam borib oʻrindiqni olib keldi. Soʻng oʻgay ona koʻmagida suratni kecha tunda olingan joyiga avaylab osib qoʻydi.

Birozdan keyin tugunchadagi kiyimlari orasidan kiyintirilgan sopol haykalchani topib, uni “opa”siga chin dildan tortiq qilarkan, muhim bir sinoatga – taqdir oʻzini siylab, yaxshi odamlarga roʻparoʻ qilganini anglashga aqli va qurbi yetmasa-da, ammo qaynoq mehrni, tamkinlik va bu yorugʻ olamni qamrashga qodir insoniy bagʻrikenglikni his etmay qolmadi.

Biroq qizchaning bu baxtini xola idrok etolmadi.

– Boʻlishi mumkin emas…

Oradan bir-birini quvlab kunlar oʻtsa-da, xola koʻcha-koʻyda shod va baxtiyor chopqillashib yurgan opa-singilga necha-necha bor duch kelgan esa-da, ammo uning bu boradagi fikri baribir oʻzgarmadi.

– Yoʻq, sira boʻlishi mumkin emas…

Bu orada qizcha zulmkor oʻgay ona haqidagi ertakka qarshi ertak yozmoqqa jazm qildi…

 

***

Ona chiroq yoniq turganidan ajabsinib, astagina qizlar boʻlmasiga moʻralaganda, tun yarmidan oqqan, qizcha stolga bosh qoʻygancha uxlab qolgandi. U qizchani joyiga yotqizish oʻyida stolga yaqinlashar ekan, uzatilgan qoʻli qizchaning yagʻriniga yetib-yetmay, nigohi qoralangan daftar sahifasiga tushdi. Avvaliga shunchaki koʻz tashladi, soʻng, qaddini eggancha, qiziqsinib oʻqimoqqa tushdi: “Oydin va Xurshida”, “ertak”, “Bir bor ekan, bir yoʻq ekan, bu dunyoda Oydin va Xurshida degan judayam baxtli qizlar boʻlgan ekan…” Ona endigina boshlangan va hali yarim sahifadan nariga oʻtmagan ertakni oʻqirkan, beixtiyor mijjalari yoshlanib, baxtdan entikdi va shu entikishda qizchani avaylab koʻtarib oldi.

– Enajon… – dedi qizcha uyqusirab.

– Bolajonim! – dedi ona bot entikib.

Bu paytda tashqarida koʻklam yomgʻiri shivalar, xoʻrozlar, goʻyo bir-biriga gal bergisi kelmaganday, basma-bas qichqirishar, bu yoqda biz ham bormiz, deganday uzoq-yaqindan itlar ovozi quloqqa chalinardi.

 

Normurod NORQOBILOV

 

“Ijod olami”, 2017–1

https://saviya.uz/ijod/nasr/yangi-ertak/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x